Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.01.2018 18:07 Chop etish versiyasi

Ushbu filmlar tomoshabin e’tiboriga tusha oladimi?

«O‘zbekkino» milliy agentligining buyurtmasiga asosan 6 kartina bo‘yicha suratga olish ishlari boshlandi.

Xususan, “Elparvar” nomli badiiy film. Mazkur filmda O‘spirin yigitning buyuk ajdodlarimiz Jaloliddin Manguberdi kabi jasur bobokalonlarimiz jasoratidan faxrlanishi, uning qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularining uyg‘onishi va bu yo‘lda ko‘rsatgan ezgu ishlari tasvirlangan. Ssenariy muallifi – Abdulla A’zamov, postanovkachi rejissyor Abduvohid G‘aniyevlar tomonidan yaratilayotgan mazkur filmda Ubaydulla Omon, Yoqub Ahmedov, Yodgor Sa’diyev, Doniyor Xo‘jayev, Bunyod Rahmatullayev, Yigitali Mamajonov hamda Feruza Yusupova kabi taniqli aktyorlarni jalb etish mo‘ljallangan.

“Imom Iso at Termiziy” nomli badiiy filmi. Mazkur film muhaddis-olim Abu Iso at-Termiziyning faoliyati, hayoti va ijodi bilan bog‘liq voqealar xususida hikoya qiladi. Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor – Abduhalil Mengnorov, Maslahatchi – Shayx Abdulaziz Mansur.

Ssenariy mualliflari – Abduqayum Yo‘ldoshev, Sardor Hamroyev, postanovkachi rejissyor – Akbar Bekturdiyev tomonidan yaratilayotgan “Osmon og‘ushi” nomli badiiy filmda uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan yigitning o‘z maqsadiga yetishish yo‘lidagi jonbozliklari, muhabbati, armoni haqidagi voqealar Jizzax aviatsiya bilim yurti faoliyati fonida aks etadi. Hozirda filmning rejissyorlik ssenariysi yakunlanib, loyihani ishga tushirishga ruxsat berilgan.

“Islomxo‘ja” nomli badiiy-publitsistik film XX asr boshlarida Xiva xonining bosh vaziri, islohotchi Islomxo‘ja Ibrohimxo‘ja o‘g‘lining bunyodkorlik ishlari va uning murakkab hayot tarzi haqida hikoya qiladi. Postanovkachi rejissyor – Jahongir Ahmedov va ijodiy guruh a’zolari filmining rejissyorlik ssenariysini yozish jarayonida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida xizmat safarida bo‘lib, qahramonning Rossiya bilan bog‘liq faoliyatini o‘rganib qaytdi. Badiiy kengashning 11 yanvarda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Sankt-Peterburg shahrida tanlangan manzillar va liboslar asosida film uchun tayyorlangan eskizlar ham muhokama etildi.

Yana bir shovshuvlarga sabab bo‘lishi kutilayotgan rejissyor Zulfiqor Musoqovning “Berlin-Oqqo‘rg‘on” badiiy filmidir. Mazkur filmning suratga olish ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, unda Hasan Shuhratov, Mahliyo Asqarova hamda Nigora Karimboyeva kabi mahoratli aktrisa va aktiyorlar suratga tushmoqda. Ssenariyda ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga hos siyosiy o‘yinlar fonida ikki o‘zbek va yahudiy oilalarida kechayotgan voqealar o‘rin olgan.

“Yovqurlar” badiiy filmi. Tomoshabinni chuqur hayajonga solishi kutilayotgan ushbu filmning csenariy mualliflari – Zebo Yunusova, Iqbol Mirzo, postanovkachi rejissyor Hilol Nasimovdir. Film 2002-yili Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarida yuzaga kelgan tahlikali vaziyat va harbiylarimizning ko‘rsatgan jasorati bilan bog‘liq voqealar haqida. Filmning “Vatan” kinostudiyasi tomonidan ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Hozirda uning rejissyorlik ssenariysi tayyorlanmoqda.

Eng qizig‘i va asosiysi puxta g‘oyalar asosida tayyorlanayotgan mazkur badiiy filmlar tomoshabin mehri va e’tirofiga sazovor bo‘lishidadir. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlaganidek «...Agar biz ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lamoqchi, shu asosda o‘zbek nomini, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino san’ati orqali amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san’ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yo‘l bilan dunyo ahlining diqqat-e’tiborini qozonishimiz mumkin...»

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
5 708