O‘zA O`zbek

08.05.2018 19:51 Chop etish versiyasi

Uning fotosuratlari oddiy, samimiy, hayotiy

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida tashkil etilgan“O‘zbekiston – mening qalbim” nomli fotoko‘rgazma ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirgan har bir muxlis shu fikrga kelishi shubhasiz.

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada fotomusavvir Viktor Svarichevskiyning suratlari bilan tanishish mumkin.

V.Svarichevskiy 1941-yili Toshkent shahrida shifokorlar oilasida dunyoga kelgan. Ko‘p yillar mobaynida yetakchi ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatgan Viktor Vladimirovich tezkor va mohir fotojurnalist sifatida media soha xodimlari e’tiborini qozongan edi. Uning ijodiy ishlari ommaviyligi hamda hujjatli xarakterga ega ekani bilan qadrlanardi.

V.Svarichevskiyning ijodida ishchi va dehqonlar, ziyolilar, Ikkinchi jahon urushi faxriylarining mehnati va hayoti haqqoniy aks ettirilgan. Badiiy fotografiya ustasi sifatida u turli mavzu, janr va syujetlarni murakkab kompozitsion va rakurs yechimlarida berar edi. Ayniqsa, oq-qora rangdagi fototasvirlarda haqiqiy ijodkorga xos jihatlar –nur va soya, rakurs va yuz ifodasi, plastika va chiziqlar o‘yinidan, ularning biri-biriga munosabatidan mohirlik bilan foydalana olgan edi.

Umrining so‘nggi nafasigacha kasbiga sodiq qolgan fotoijodkor o‘z burchini sidqidildan bajarishga astoydil intildi. Bu jihatlar muallifningmazkur ko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin olgan “Ota”, “Usta yonida”, “Qiz”, “Bog‘bon”, “Hordiq”, “Uchrashuv”, “Kayfiyat”, “Dalada tushlik”, “Do‘stlar davrasida” kabi ko‘plab hayotiy, mehrga yo‘g‘rilgan fotoreportajlarida, portretsuratlarida aks etgan.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 693