O‘zA O`zbek

10.10.2018 Chop etish versiyasi

Umri qoʻshiqlaridek boqiy

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Oʻzbekiston xalq artisti Otajon Xudoyshukurov ijodiga bagʻishlangan “Umri qoʻshiqlaridek boqiy” deb nomlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taniqli sanʼatkorlar, xonandaning muxlislari va shogirdlari, oila aʼzolari, Oʻzbekiston sanʼat va madaniyat instituti va Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi talabalari ishtirok etdi.

Kechada soʻzga chiqqanlar xalqimizning sevimli xonandasi, oʻzbek milliy qoʻshiqchilik sanʼati rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan ulkan sanʼatkor Otajon Xudoyshukurovning ibratli hayoti va fidokorona mehnati hamda oʻzbek milliy musiqa sanʼati tarixida egallagan munosib oʻrnini alohida eʼtirof etdi.

– Uning shirali, jarangdor ovozi kishi qalbini toʻlqinlantirar edi, – deydi Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon. – U kuylagan qoʻshiqlardagi ehtiros, joʻshqinlik, mung va teran mazmun tinglovchilarni hamisha oʻziga chorlab turadi. Shuning uchun ham Otajon Xudoyshukurov qoʻshiqlari kabi barhayotdir.

Tadbirda Otajon Xudoyshukurov hayoti va ijodiy faoliyatini yorituvchi fotosuratlar koʻrgazmasi namoyish etildi. Ijodiy kecha sanʼatkorning shogirdlari ijrosida oʻzbek mumtoz va lirik qoʻshiqlarini tinglash imkoniga ega boʻldi.



4 093
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA