O‘zA O`zbek

16.03.2019 Chop etish versiyasi

Umr koshonasi

Umr koshonasi

Osmonga, tinch, musaffo osmonga uzoq termulib xayol ummoniga gʻarq boʻlaman: yoshligim, baxt-iqbolga oshufta begʻubor onlar kechgan olis qishloq manzaralari bir-bir koʻz oldimdan oʻtadi.

Bolacha tasavvur-la navqiron kelajakka tikilgan nigohlar nimalarni havas qilmagan, hayotning qay bir goʻshalarida tentiramagan deysiz!? Bunday shirin oʻylar mahobatli orzular sari yelka tutadi.

Maroqli yillar sekin hayotning ulkan ostonasidan boshlangan talotoʻpli, goh gʻalvali, goho sokin, jilvali poʻrtanalari tomon yetaklaydi. Hayotni, yashashni, kindik qoni tomgan ona tuproqni suyishga, eʼzozlashga, yanada pokiza tuygʻular ogʻushida yashashga undaydi.

Mana, yorqin taassurotlarga boy ortda qolgan bolalik, oʻsmirlik, yoshlik...

Saboqlari bilan qalbga orom berar, tagʻin shu aziz tuproqni qadrlashga, koʻzga toʻtiyo qilishga chogʻlaydi. Uyqusiz tunlarda mutolaa qilingan koʻplab badiiy asarlar shu el, shu xalq gʻamida yashashga, xizmatiga kamarbasta boʻlishga oʻrgatadi, tarbiyalab yoʻl koʻrsatadi. Ey ona-Vatan, men seni jonimdan ham yaxshi koʻraman, degan soʻzga aylanadi.

Soʻz esa umidga doʻnib, yurakka ishonch-istak beradi. Mahobatli manzillarga shaxdam qadam bilan borishga chogʻlaydi, taraddudlaydi.

Vatanparvar – oʻz vatani kamoloti yoʻlida, oʻz xalqiga muhabbati tufayli ezguliklari tugul, jonini ham ayamaydigan insondir, xalqqa va vatani ozodligi, farovonligi uchun oʻzini qurbon qiluvchi insondir. Bunday insonlar oʻz eli uchun, baxtu saodati uchun kurashadi. Mana shu kurash uni ulgʻaytiradi. Sevimli bir shoirimizning Vatan madhiga bagʻishlangan goʻzal misralari yurakka xush yoqadi. Undagi tashbehlangan tuygʻular tasviri esa, quyidagicha poyoniga yetkaziladi:

...Javzo. Bir erka shamol
Bugʻdoyzorga urar toʻsh.
Ot yelar. Chavandozning
Bir yengi hilpirar – boʻsh.
Opa, oʻshandan buyon
Vatan haqida suhbat
Qoʻzgʻalsa kirib kelar
Koʻzingizga bir surat:
Javzo. Bir erka shamol
Bugʻdoyzorga urar toʻsh.
Ot yelar. Chavandozning
Bir yengi hilpirar – boʻsh...
Opa, Vatan – ulugʻ dard,
Opa, Vatan bogʻ boʻlsin!
Sheʼrda suratin chizsam,
Toʻrt muchasi sogʻ boʻlsin.

Bunday ulugʻ dard oʻquvchiga yuqadi. Uni oʻzgacha gʻayritabiiy kuch, Vatan, tinchlik, farovonlik taraddudiga chorlayveradi.

Bahor, yoz, kuz, qish: umrning goʻzal onlarini taqsimlab olgan bu fasllar tantilik qiladi, zamin farzandiga madad beradi. Oʻtkinchi dunyoda olamjahon ezguliklarga boshlaydi. Qaygʻu-gʻamni bir chetga surib, oʻqib-izlanib yurt ravnaqiga munosib ulush, mazmundor hissa qoʻshishga daʼvat etadi.

Ulkan togʻlar qoyasida oq-oppoq boʻlib nur sochib turgan serjilva qor har koʻngilga ravshanlik baxsh etadi. Har qanday yuksaklikda ham qalbni turli vasvasalardan pok tutishga oʻrgatadi. Koʻngil oynasiga darz yetkazmasdan, qadni tik tutibgina umrguzaronlik safariga yoʻl olmoq joizligini bot-bot uqtiradi. Shunda uzoq va olis manzillar birma-bir zabt etilishini koʻz-koʻz qiladi.

Yoʻllar va yillar hamisha qilayotgan ishlarimizdan sarhisob soʻraydi. Qalbimizni taftish etadi: tanish savollar soʻroqlaydi; “Nima qilding?”, “Nelarga ulgurding?”, “Qay matlabda hayotdan tasalli izlading?” va “Ortda qanday iz qoldirding?” Soʻroqlardan baʼzan qaroqlarga yosh qalqishi, qalb tugʻyonlarini qirgʻogʻidan toshirishi mumkin. Lekin ona tuproqqa boʻlgan mehr-muhabbat, vobastalik taskin beradi. Shoirning ushbu misralari koʻngilga koʻchadi...

Ozodlikdan boshqa najot yoʻq,
Ozodlikdan boshqa yoʻl ham yoʻq,
Ozodlikdan boshqa Vatan yoʻq...

...Samoga boqar ekanmiz, tunlarda ham nur ulashguvchi osmon fonuslariga koʻzimiz tushadi. Bu hisobsiz yulduzlar qorongʻulik koʻksini oʻz ziyosi ila yorib, yoʻlimizni mayoq singari yoritadilar. Undan oʻzgalar yoʻlini yoritish naqadar faraxbaxsh ekanligini anglaymiz, shunga intilib yashaymiz: asl hayotdan ham maqsad-muddao – shu.

Bu kabi ezgu yoʻlda jon fido qilgan ajdodlarimiz tarix sahifalarini oʻzlarining ibratli hayotlari bilan bezagan. Bunday siymolarimizni sanasak adogʻiga, tavsiflasak poyoniga yetmoq mushkul. Ularga ergashmoq, har tomonlama munosib avlod boʻlmoq esa shu el, shu Vatan farzandining insoniy burchi. Zero, ilmu maʼrifatga vorislik kelajakka qoʻyilgan mustahkam poydevordir.

4 957
Gʻayrat SHIRINOV, OʻzA