Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 19:10 Chop etish versiyasi

Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534-yilligi keng nishonlandi

Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534-yilligi keng nishonlandi Andijonda o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, olim va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534-yilligi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda va xorijda faoliyat olib borayotgan boburshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda buyuk alloma va mutafakkirlarimizning ijodiy merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Zahiriddin Muhammad Boburning betakror she’riyati, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal ma’lumot beruvchi, insonni komillikka undovchi asarlari yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda shoir nomi bilan ataluvchi viloyat musiqali drama va komediya teatri jamoasi tomonidan Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi, yosh ijodkorlar shoir g‘azallaridan namunalar o‘qidi. Bobur haykali poyiga gullar qo‘yildi.

– Bobur ijodi insonni komillikka yetaklovchi ulkan ma’naviy merosdir, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov. – Ayniqsa, adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari bizga tariximiz haqida juda ko‘p ma’lumotlar berish bilan birga, o‘sha davr yozma manbaalarini o‘rganishimizda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bobur lirikasi o‘zbek mumtoz adabiyotining eng go‘zal sahifalaridan biridir.

Tadbir doirasida Bobur bog‘idagi «Bobur va jahon madaniyati» muzeyida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan Bobur va boburiylar hayoti, ijodiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish, “Bobur bibliografiyasi”ning to‘ldirilgan ikkinchi nashrini chop etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’ruzalar tinglandi.

– O‘zbekistonda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar hayoti va ijodini o‘rganish, keng targ‘ib qilish borasidagi ishlar yuksak darajada olib borilayotgani diqqatga sazovor, – deydi afg‘onistonlik boburshunos olim Ziyovuddin Qaysariy. – Bobur umri davomida Vatanga muhabbat va uni sevish haqida yozgan. Olimlarning izlanishi, ilmu ma’rifat ahli ijod qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratgan. Boburga ko‘rsatilayotgan e’tibor xalqingizning ulug‘ ajdodlariga bo‘lgan hurmat-ehtiromining yorqin namunasidir.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
1 190






Все о погоде - Pogoda.uz