Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 12:41 Chop etish versiyasi

Ul parivashkim, bo‘lubmen zoru sargardon anga

Adabiyot gulshani

Navoiy.jpg
Alisher Navoiy

Ul parivashkim, bo‘lubmen zoru sargardon anga,
Ishqidin olam menga hayronu men hayron anga.
O‘qlaringdin dambadam taskin topar ko‘nglum o‘ti,
Bordurur bir qatra su go‘yoki har paykon anga.
Bir dilovardur ko‘ngulkim, g‘am sipohi qalbida,
Ohi novak, toza dog‘idur qizil qalqon anga.
Novakining parru paykonida rangin tus erur
Yoki ko‘nglumdin chu parron o‘tti yuqmish qon anga.
Nomai shavqum ne nav’ ul oyg‘a yetkay, chunki men
El otin o‘qur hasaddin yozmadim unvon anga.
Xizri xattingning ajab yo‘q sabzu xurram bo‘lmog‘i,
Labbalab chunkim berur su chashmayi hayvon anga.
Ey xusho, mug‘ ko‘yikim, rif’at bila ziynatda bor
Mehr anga bir shamsavu ko‘k toqidur ayvon anga.
Istamish bulbul vafo guldin magarkim, joladin
Bag‘ri qotmish g‘unchaning, baskim erur xandon anga.
Qilmamish jonin fido jonong‘a yetmas der emish,
Ey Navoiy, ushbu so‘z birla fido yuz jon anga.


Lug‘at:
Paykon – o‘q.
Sipoh – qo‘shin.
Novak – kichik o‘q.
Unvon – adresat.
Rif’at – yuksaklik.
Mehr – quyosh.
Shamsa – ayvonlar peshtoqiga naqsh etilgan quyosh surati.
Ko‘k toqi – osmon gumbazi.


Baytlarning nasriy bayoni:
Bir parivash ishqida shunday zoru sargardon bo‘ldimki, bu ishqdan olam mening holimga hayratga tushibdi, men esa parivashimga hayronman.

Ko‘nglim o‘ti tinimsiz yog‘ilayotgan o‘qlaringdan taskin topmoqda. Go‘yoki har bir paykoningda bir tomchi suv bordek tuyuladi.

Ko‘ngil g‘am qo‘shinining qurshovida yakka o‘zi jang qilayotgan bir jasur jangovarga o‘xshaydi. Uning quroli – oh, qalqoni esa yangi hosil bo‘lgan qip-qizil dog‘dir.

Otayotgan o‘qining uchi va pati qizil rangga bo‘yalganmi yoki ko‘nglimni teshib o‘tganida qonim yuqdimikan?!

Shavqim izhori bo‘lmish maktub ul oyga qaydan borsinki, men boshqalar uning ismiga nazari tushishidan rashk qilib, maktubning unvonida ismini yozmadim.

Labing ustida maysa urgan xatting yashnab xurram bo‘lishi ajablanarli emas, chunki bu xat Xizr kabi obihayot chashmasi – og‘zingdan serob bo‘lgan.

Mug‘ ko‘yi qanday yuksak maqomki, uning ulug‘vorligi va ziynati oldida Quyosh shamsa – ayvonning peshtoqida chizilgan naqsh, osmon esa, qasrning kirishidagi ayvonchaga o‘xshaydi.

Bulbul guldan vafo istabdi magarkim, ochilgan g‘uncha bag‘ri jala yog‘ilganidan toshdek qotib, o‘zi xandon bo‘lib qolibdi.

Jonni fido qilmaguncha jononga yetib bo‘lmas, dermish yor, ey Navoiy, shu so‘zining o‘ziga yuzta jonni fido etsa arziydi.



G‘azalning umumiy ma’no-mohiyati:
Mazkur g‘azal oshiq ruhiyasining badiiy ifodasi o‘laroq yuzaga kelgan. Birinchi misrada ma’shuqa “parivash” – g‘ayb olamiga tegishli go‘zal xilqat ekanligi tavsiflanadi. Lekin bu go‘zallikni hamma ham anglab, qadriga yetolmaydi. Bu husnu jamolning benazirligini kashf qilgan lirik qahramon yor ishqida shu darajada hayrat olamiga g‘arq bo‘libdiki, boshqalar uning hayratidan hayratda qolmishlar. Faxriddin Roziyga ko‘ra, hayrat ikki navdir: aql hayrati va qalb hayrati. Aql hayrati inson tafakkuri anglashga ojiz qolgan narsalar va voqea-hodisalarga nisbatan paydo bo‘ladi. Deylik, texnikaning so‘nggi yutuqlari ilk marta namoyish etilganda ko‘pchilikni hayratga soladi. Ammo ishlash tarzi haqida ma’lumot hosil qilingach, hayratdan nishon qolmaydi. Qalb hayratida esa, tuyg‘ularning mohiyati ochilavergach, hayrat yanada quvvatlanib boraveradi.

Hayratning oshishiga sabab bo‘lgan omillar yorning oshiq ko‘ngliga qarata otgan o‘qlari kabi badiiy timsol va obrazlar yordamida ifodalangan. Navoiy tasvirida oshiqning ko‘ngli – Ishq olamida g‘am sipohiga qarshi yakka o‘zi kurash olib borayotgan bir qahramon. Bu jasur jangovarning asosiy quroli – Ishq o‘tidan falakka o‘rlagan “oh”lar, qalqoni esa – zaxmlar nishonidan paydo bo‘lgan dog‘. Ishq dardiga mubtalo bo‘lgan kishi kundalik tashvishlar, g‘am-g‘ussalar, beqarorlik va tahlikalarni jigarlarni o‘rtovchi bir oh bilan yengadi, bunday odamning ko‘nglida boshqa narsaga joy qolmaydi. Oshiq ko‘nglidan chiqqan bir oh dunyoviy tashvishlar xirmonini alangalatib yuboradi. Shu sababli, g‘am qo‘shini qurshovida qolgan oshiq ko‘nglini shoir yengilmas va jasur bahodirlardek ta’riflaydi:

Bir dilovardur ko‘ngulkim, g‘am sipohi qalbida,
Ohi novak, toza dog‘idur qizil qalqon anga.

Keyingi baytda yana ikkinchi va uchinchi baytlarda qo‘llanilgan obrazlar – yorning otgan o‘qlari haqida so‘z yuritiladi. She’riyat tilida yor bir nigohi, ko‘z qiri bilan qiyo boqishi oshiq ko‘nglini o‘ziga sayd qilishi bois, uning nazarini o‘qqa o‘xshatishadi. Mubolag‘aning avji a’losini qo‘llagan Navoiy bu o‘qlarning rangin patlarini ko‘ngil qoniga bo‘yalgan, degan tasavvurni jonlantiradi:

Novakining parru paykonida rangin tus erur
Yoki ko‘nglumdin chu parron o‘tti yuqmish qon anga.

Keyingi baytda Ishq zo‘rligidan rashk va g‘ayurlik o‘ti qanchalik alanga olganini mushohada etish mumkin: oshiq ma’shuqaga xat yozarkan, yorining ismi odamlar tiliga tushmaslik uchun maktub unvoniga yozmaganini aytadi.

Shibliy degan avliyo ilohiy ishq jozibasidan dastlab Bag‘dod ko‘chalarini devonavor kezib, kimki “Alloh” desa, shirinlik ulashib yurarkan. Keyinchalik holi o‘zgarib, kimki “Alloh” desa, boshini chopib tashlayman, deb qilich ko‘tarib chiqibdi. Bu holni piri – Junayd Bag‘dodiyga borib yetkazishibdi. Junayd aytibdi:

– Uni o‘z holiga qo‘yinglar. Ishq g‘alayoni va rashk o‘tining alangasi tufayli bu holga tushibdi.

Navoiy tasvirlagan holat ham ayni shu maqomga mos tushadi. Yorining jamolini boshqalardan pinhon tutmoqni istagan oshiq dildorning sabza urgan murti – xattini Xizrga qiyoslaydi va bunga ikki narsani sabab qilib ko‘rsatadi: birinchidan, yashnab turgan xat Xizrdek Husn va Ishq vodiysida sargardon bo‘lganlarga rahnamolik qilsa, ikkinchidan, bu xat jon bag‘ishlovchi kalom va fayz manbai – Yorning og‘zi ustidadir. Husni ta’lil san’atining ajoyib namunasi bo‘lgan bu bayt talmih, istiora va tashbih san’atlari bilan qorishiq holda kelib, ajoyib san’atkorona baytni vujudga keltirgan.

Keyingi bayt mug‘ dayri vasfiga bag‘ishlangan. Navoiy ta’rifiga ko‘ra, mug‘ning ostonasi shunchalik balandki, to‘rtinchi falakda joylashgan quyosh uning ayvonida naqshlangan bir aks kabidir. Mug‘ so‘zi mag‘upat – Quyoshga sig‘inuvchilarning ruhoniysiga nisbatan qo‘llaniladigan atama ekanligini bilamiz. Ammo Navoiy vasf etgan mug‘ – Quyoshparast majusiy emas, balki Quyosh uning ulug‘lik ayvonida bor-yo‘g‘i bir ziynat bo‘lgan oliymaqom bir zot. Ana shunday tavsiflar bizni majoz olamidagi haqiqatlar asrorini ochishga undaydi.

Keyingi baytlarda ham an’anaviy obrazlar qo‘llanilgan. Tabiatning chiroyli manzarasi – jala yog‘ilishi sabab, g‘unchaning ochilishi hamda bu holatni (g‘uncha ochilishini) kutib yashagan bulbul ko‘rolmay armonda qolganini bebaqo go‘zallik sohiblaridan vafo kutib bo‘lmasligi haqidagi fikrga bog‘lab shunday mahorat bilan tasvirlanganki, hatto ana shu bebaqolik va bevafolik talqini kishini tushkunlikka tushirmaydi, balki Vafo va Baqo sohibi tomon talpinishlarni yanada kuchaytiradi.

Maqta’da esa Navoiy vafo tushunchasiga esh bo‘lgan fidoyilik haqida so‘z yuritib, yorga jonfido bo‘lish muhabbatning isboti ekanligini ta’kidlaydi hamda o‘zi ham shu yo‘lda ming joni bo‘lsa ham qurbon qilishga tayyor ekanligini bildiradi.

Olimjon Davlatov,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

O‘zA
3 091