Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.08.2017 19:25 Chop etish versiyasi

Turkmanistonlik xonanda Lala Begnazarova: «Sharq taronalari» xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlaydi

Samarqandda “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivaliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Musiqa forumi madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Festivalning o‘ziga xos muhiti va xalqaro nufuzi san’atkorlarni yangi ijodiy izlanishlarga ruhlantirmoqda.

O‘zA muxbiri 2009-yilgi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining Gran-pri sohibasi, turkmanistonlik xonanda Lala Begnazarova bilan ushbu musiqa bayrami haqidagi fikrlarini bilish maqsadida internet orqali bog‘landi:

– Avvalambor shuni ta’kidlashni istardimki, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida qatnashish – katta sharaf va ulkan mas’uliyat. Mazkur festival xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda, har bir ishtirokchiga o‘z iste’dodini namoyish etish hamda tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

O‘zbekistonga bir necha bor kelish, birgalikda tashkil etilgan konsertlarda ishtirok etib, turkman xalq qo‘shiqlarini ijro etish baxti menga nasib etdi. O‘zbekistonlik san’at shinavandalari bizni hamisha iliq kutib oladi. O‘zbekiston, ayniqsa, Samarqand o‘zining betakror sharqona tarovati, boy tarixi va me’moriy yodgorliklari bilan meni maftun etgan. Har safar kelganimda o‘zim uchun O‘zbekistonning yangi qirralarini kashf etaman.

Hay’at a’zolari mening chiqishimni oliy mukofot – Gran-priga loyiq topganidan juda xursandman. Ushbu nufuzli festivalda o‘z mamlakatimni munosib tanishtirganimdan benihoya baxtli ekanim, bundan naqadar faxrlanishimni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Bu menga qanot bag‘ishladi, yanada ko‘proq ishlashga undadi. Festivaldan so‘ng menga Turkmaniston xalq artisti faxriy unvoni berildi. Bunga “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalidagi g‘alabam ham sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bizni iliq kutib olgan festival tashkilotchilari, O‘zbekiston xalqiga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

“Sharq taronalari” festivalida ishtirok etganim, bosh sovrinni qo‘lga kiritganimni turkman va o‘zbek xalqlarining qardoshlik aloqalari mustahkamligidan dalolat, deb bilaman. Bu voqea ijodim va hayotimda o‘chmas iz qoldirdi. Festivaldan so‘ng men dunyoning ko‘plab davlatlarida o‘z ijodimni namoyish etdim.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanib, gullab-yashnasin!

Yaqinlashib kelayotgan festival ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilayman!

Nodira Manzurova, O‘zA
1 964






Все о погоде - Pogoda.uz