O‘zA O`zbek

15.10.2018 Chop etish versiyasi

Turkiyalik rejissyor “Jaloliddin Manguberdi” haqida film olmoqchi

Turkiyalik rejissyor “Jaloliddin Manguberdi” haqida film olmoqchi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida Turkiyaning taniqli kino namoyandasi, “Ertugrul” teleserialining rejissyori Mehmet Boʻzdagʻ boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.

“Jaloliddin Manguberdi” filmini suratga olishda hamkorlik masalalariga bagʻishlangan tadbirda yurtimizning taniqli sanʼat va madaniyat vakillari, kinorejissyor va aktyorlar ishtirok etdi.

Xalqaro press-klub tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari O.Nazarbekov, “Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov va boshqalar mamlakatimiz kinosanoatini har tomonlama rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu sohani ravnaq toptirish uchun chet mamlakatlar, xususan, Turkiya davlati bilan ham keng qamrovli madaniy aloqalar yoʻlga qoʻyilayotganini taʼkidladi.

Soʻnggi paytlarda turk kinoijodkorlari tomonidan taqdim etib kelinayotgan kino mahsulotlari xalqimizning katta qiziqishiga sabab boʻlmoqda. Joriy yilda efirga uzatilgan seriallar nafaqat kino ixlosmandlari, balki oʻzbek kino ijodkorlarining ham eʼtiroflariga sazovor boʻldi. Shu jihatdan ham “Ertugrul” teleserialining rejissyori yurtimizga taklif etildi.

Xorazmshohlar davlatining soʻnggi hukmdori, mohir sarkarda bobomiz Jaloliddin Manguberdi Chingizxon boshchiligidagi moʻgʻul qoʻshinlariga qarshi mardonavor jang qilgan, ona Vatan tuprogʻini asrashga jon fido qilgan buyuk siymo sifatida tarixga kirgan shaxsdir. U jasurligi, mardligi bilan birga adolatli hukmdor boʻlgani haqida ham tarixiy manbalarda keltirilgan. Shuning uchun ham turk rejissyorida u haqida tarixiy film olish gʻoyasi tugʻildi.

13.JPG

31.JPG

– Men jahon tarixi, xususan, sizning buyuk bobolaringiz Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek kabi siymolarning shonli oʻtmishini chuqur oʻrganib chiqqanman, – dedi Mehmet Boʻzdagʻ. – Ularning adolatliligi meni doimo oʻziga jalb qilgan va, albatta, ularning birortasi haqida tarixiy film olishni rejalashtirgan edim. Ertugrul ham aynan adolat bilan xalqni boshqargani uchun u haqida film suratga oldik. Bu teleserialdan keyin bizga dunyoning koʻplab mamlakatlaridan oʻzlarining tarixi haqida kino suratga olish taklifi tushdi. Lekin ularni rad etdim. Chunki men buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi haqida kino olishni maqsad qilganman va agar bu borada hamkorlik kelishuviga erishsak, ajoyib film suratga olish niyatidaman.

Anjumanda kinoijodkorlarimiz yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni istiqlol gʻoyalari ruhida tarbiyalashga koʻmaklashadigan, boy tariximiz, buyuk ajdodlarimizning betimsol jasorati, zamondoshlarimizning fidokorona mehnatini aks ettiradigan filmlar yaratish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan ekani qayd etildi.



8 334
Davron Sunnatov, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA