O‘zA O`zbek

03.10.2019 Chop etish versiyasi

Turkiy xalqlarning bobokalon shoiri va mutafakkiri

Turkiy xalqlarning bobokalon shoiri va mutafakkiri


Markaziy Osiyoda yashovchi qondosh-jondosh va yondosh turkiy xalqlarning ilk shoiri va donishmandi Yusuf Xos Hojibning tugʻilganiga bu yil yoxud kelgusi yili 1000-yil toʻladi. Uning Magʻribu Mashriqqa mashhur “Qutadgʻu bilig” dostoni yaratilganiga 950-yil toʻlishi munosabati bilan YUNESKOdek nufuzli xalqaro tashkilot tomonidan joriy 2019-yil – “Qutadgʻu bilig” yili deb eʼlon qilingani butun turkiy xalqlar uchunbirday sharafli va iftixorli voqea boʻldi.

Zahmatkash, zabardast tilshunos olim Qayum Karimov (oxiratlari obod boʻlsin!) bundan yarim asr muqaddam hozirgi qarindosh turkiy xalqlar uchun bir xilda mushtarak boʻlgan ushbu nodir yodnomadan barcha oʻzbek kitobxonlarini baxramand etish maqsadida asarni arab yozuvidagi Namangan nusxasi matni asosida transkripsiya va hozirgi oʻzbek tiliga tavsif qildi (q.:Yusuf Xos Hojib. “Qutadgʻu bilig” – “Saodatga yoʻllovchi bilim”.“Fan”, T.,1971:961 sahifa –40,8 bosma taboq). 1976-yilda esa olim shu yodgorlik yuzasidan “Ilk badiiy doston” nomli ilmiy tadqiqotini nashr ettirdi. Ana shu ikki nashr bilan yaqindan tanishib chiqqan oʻzbek oʻquvchisi “Qutadgʻu bilig” va uning muallifi haqidagi gʻaroyib maʼlumotlar bilan oshno boʻladi.

Dostonda bayon etilishicha, muallifning asl ismi –Yusuf, u Qoraxoniylar davlatining Balasogʻun shahrida tugʻilib, yoshlikdan oʻz davridagi barcha sohaga oid bilimlarni, turkiy, arab, tojik tillarini zoʻr ishtiyoq va qunt bilan oʻrgangan. Ushbu kitobni hijriy 462-yili (milodiy hisobda 1069-70 yilda) 18 oy ichida yozib tugallagani va oʻsha paytda uning yoshi 50dan oʻtib 60 sari borayotganini shunday ifodalagan:

Yil altmish eki erdi toʻrt yuz bila,
Bu soʻz soʻzladim man tutub jan sura,
Tugal oʻn sakiz ayda aydim bu soʻz,
Oʻzurdim, azirdim soʻz evdib tera.
Ellik yoshim menga qoʻlini tegizdi,
Endi oltmish menga, kel, deya chorlayotur.

Turkiyshunos olimlar ana shu maʼlumotlarning tahlili asosida Yusuf Xos Hojibni taxminan milodiy 1019-20 yillar atrofida tavallud topgan deb hisoblashadi.

Bu davrda Qashgʻardan tortib Kaspiygacha boʻlgan keng hudud Boʻgʻraxonning tasarrufida boʻlgan. Oʻsha davrda Qoraxoniylar davlati yuksalib, ilm-maʼrifat, madaniyat ancha rivojlangan, arab, fors tillarida turli sohaga oid koʻplab asarlar yaratilgan edi. Beadad yirik davlatni mustahkamlash, idora qilish, xon va beklar orasidagi nizolarga barham berish uchun shu hududda yashovchi barcha turkiy qabila, elat va qavmlarga birday tushunarli tilda yozilgan nizomnomaga ehtiyoj katta edi. Butun mazmun-mundarijasi bilan toʻligʻincha taʼlim-tarbiya, axloq-odob, maʼnaviyat va ilm-maʼrifat yoʻl-yoʻriqlarini qamrab oluvchi qomusiy “Qutadgʻu bilig” asari ana shunday talab va zarurat taqozosi bilan maydonga kelgan.

Yusuf dostonga oʻquvchining baxt-saodatga erishuvini niyat qilib, “Qutadgʻu bilig” deb nom bergani haqida shunday yozadi:

Kitab ati urdum “Qutadgʻu bilig”
Qutadsu oʻqugʻliqa tusu elik.

Asarda mazkur xududdagi barcha elatlar tili umumiy nom bilan “Boʻgʻraxon tili” deb atalgan. Muallif dostonning uygʻur yozuvi bilan koʻchirilgan bir nusxasini qoraxoniy hukmdor Tavgʻach Boʻgʻraxonga taqdim qiladi. Kitob xonga manzur boʻlgani bois Yusufga “Xos Hojiblik” (“Eshik ogʻasi” – xonning bosh xizmatkori) lavozimini beradi. Shundan boshlab shoir Yusuf Xos Hojib taxallusi bilan shuhrat qozonadi.

“Qutadgʻu bilig” oʻz davrida koʻplab mamlakatlar donishmandlari tarafidan eng yaxshi asar sifatida eʼtirof etiladi hamda quyidagi kabi zarif atamalar bilan sharaflanadi: chinliklar uni “Adab-ul-muluk”(“Hukmdorlar odobi”),mochinliklar “Oyin-ul-mamlakat” (“Mamlakatning tartib-usuli”), mashriqliklar “Ziynat-ul-umaro” (“Amirlar ziynati”), eronliklar “Shohnomai turkiy”, turonliklar “Qutadgʻu bilig” va baʼzilar “Pandnomai muluk” (“Hukmdorlar pandnomasi”), deb ataydilar.

Yusuf Xos Hojibning fan va turmushning deyarli barcha soxalariga oid koʻpdan-koʻp gʻaroyib fikrlari, orzu-umidlari va qarashlari bundan rosa 950-yil muqaddam bayon etilganiga qaramay, hozirgi globallashuv zamonida ham hayotiyligi va dolzarbligini yoʻqotmay kelayotgani diqqatga sazovordir.

Baʼzi dalillarga nazar tashlaylik. Avvalo, Yusuf Xos Hojib oʻz zamonasining yirik donishmandi, ilm-maʼrifat jarchisi va homiysi sifatida bilimni baxt-saodatga erishishning bosh kaliti deb hisoblaydi. Asarning koʻplab boblarida ilmni, olimlarni yuksak darajada ulugʻlaydi. Uning fikricha, ilm – nur, olimlar – mashʼal:

Ular ilmi xalqqa boʻladi chiroq,

Chiroq yonsa, tunda adashmas oyoq.

Yoki:

Yoʻq esa jahonda gar olim, dono,

Ekib unmagay erdi yerda dona.

Adib odam dunyoda bilishi mumkin boʻlmagan narsa, bilim bilan yechilmaydigan jumboq yoʻq. Bilim tufayli hattoki koʻkka ham yoʻl ochiladi deb hisoblaydi:

Hamma ezguliklar bilim nafidur,

Bilim hatto osmon sari yoʻl ochur!

Yusuf odamlarni dunyo ishlarining barchasidan ogoh boʻlish uchun bilim va zakovat sohibi boʻlishiga chaqiradi:

Zakovat qayda boʻlsa, ulugʻlik boʻlur,

Bilim kimda boʻlsa, buyuklik olur.

Hayotda yuz beradigan barcha yaramas ishlar johillik, nodonlik, bilimsizlik oqibati ekanini alohida uqtiradi. Bilimsiz kishi misoli bir xasta, uni oʻz dardini davolashga – bilim oʻrganishga undaydi:

Bilimsiz kishilar boʻlar koʻr misol,

Bilimsiz, bilimdin kelib hissa ol.

Davlat rahbari, bek va amaldorlarni olimlarni, ularning ilmini astoydil sevishga, qadrlashga, ilm-maʼrifat ahlini himoya qilishga, oʻz atrofiga fozil kishilarni toʻplash va ularning maslahatlari asosida ish yuritishga daʼvat etadi.

Qomusiy bilimlar sohibi Yusufhar jihatdan yetuk, komil inson boʻlish uchun oʻz davridagi tabobat va ilmi nujumdan tortib barcha tabiiy va aniq fanlarni chuqur oʻrganish va puxta oʻzlashtirish zarurligini kayd etadi.

“Qutadgʻu bilig”ning “Til odobi” (“Til ardami”) deb nomlangan 7-bobida muallif tilning jamiyat va madaniy hayotdagi oʻrni, dunyoni, uning sir-sinoatlarini bilish va oʻrganishdagi ahamiyati, til ilmi, nutq odobi va notiqlik sanʼati kabi masalalar haqida fikr yuritadi.

Yusuf Xos Hojibning fikricha, til bilimli va zakovatli boʻlishning asosiy vositasidir. Odam tilning sharofati bilan oʻz bilimi, aql-idrokiga sayqal beradi, fikrini oydinlashtiradi. Kishining qadr-qimmatini oshiradigan ham, tushiradigan ham tildir:

Zakovat, bilimga kalitdir bu til,

Yoritguvchi erni ravon tilni bil.

Kishin til ulugʻlar, topar qut kishi,

Kishin til tubanlar, yorilar boshi.

Zehn koʻrki soʻzdir, bu til koʻrki soʻz,

Kishi koʻrki yuzdir, bu yuz koʻrki koʻz.

Olim odamlarni, ayniqsa ijodkorlarni, elchilarni, tilga alohida eʼtibor, masʼuliyat va ehtiyotkor boʻlishga, uni ardoqlashga, aytmoqchi boʻlgan fikrini obdon oʻylab, bilib, toʻgʻri va tushunarli ifodalashga daʼvat etadi. Fikrni mumkin kadar ixcham, qisqa, hatto oʻn ming soʻz mazmunini bir soʻz bilan bayon etishga say-harakat qilish lozimligini alohida uqtirib oʻtgani diqqatga sazovordir:

Talay soʻzlama soʻz, biroz soʻzla oz,

Talay soʻz chigalin shu oz soʻzda yoz.

Soʻzni koʻpni soʻzlama, biroz ozroq soʻzla

Tuman soʻz tugunin shu bir soʻzda yoz.

“Qutadgʻu bilig” qoʻlyozmasining har uchala nusxasini (Hirot-Vena, Qohira, Namangan) uzoq yillar davomida sinchiklab tadqiq etgan atoqli rus turkiyshunos olimi S.Ye.Malovning xulosasiga koʻra, mazkur yodnoma, garchi arab va uygʻur yozuvida saqlangan boʻlsa-da, aslida hozirgi turkiy tillar uchun bir xilda mushtarak manba hisoblanadi. Matnning lugʻat tarkibi va grammatik xususiyati jihatidan esa u nisbatan eski oʻzbek adabiy tili manbalariga yaqinroqdir.

Davomi bor.

Yusuf Eshonqulov,

Filologiya fanlar nomzodi, dotsent.


1 404
O'zA