O‘zA O`zbek

13.03.2019 Chop etish versiyasi

Travel Trade Journal: “Toshkent - Sharqning zamonaviy megapolisi”

Travel Trade Journal: “Toshkent - Sharqning zamonaviy megapolisi”

Hindistonning mashhur sayyohlik nashri Travel Trade Journal “Toshkent – sevimli poytaxt va megapolis” sarlavhali maqola eʼlon qildi.

Nashr Toshkent shahrini 3 milliondan ziyod aholiga ega zamonaviy va gullab-yashnayotgan megapolis sifatida eʼtirof etgan.

“Oʻzbekiston poytaxti – ajoyib shahar, bu yerda Sharqning qadimiy anʼanalari jilosi va zamonaviy meʼmorlik yutuqlariga guvoh boʻlasiz”, deyiladi maqolada.

Muallifning qayd etishicha, Toshkent yildan-yilga chiroy ochib, zamonaviylashib bormoqda. Poytaxt koʻchalarini sayr qilganda favvorali koʻplab yashil xiyobon va saylgohlarni uchratish mumkin.

Maqolada Toshkent teleminorasi haqida ham soʻz boradi. “Uning kuzatish maydonchasida turib, shahar manzarasidan lol qolasiz”, degan muallif.

Maqolada Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Mustaqillik maydoni, Motamsaro ona yodgorligi kabi diqqatga sazovor joylari tilga olingan.

Muallif sayyohlarga poytaxtimizdagi boshqa madaniy, sanʼat maskanlari, koʻrgazmalarga borishni ham tavsiya qilgan. Uning yana bir tavsiyasi Toshkent metropoliteniga aloqador. “Bu yerdagi har bir bekat mahoratli meʼmorlar tomonidan yaratilgan oʻziga xos sanʼat asaridir”, deya Toshkent metropoliteniga taʼrif bergan muallif.

Maʼlumot oʻrnida, “Travel Trade Journal” Hindistonning yirik sayyohlik nashrlaridan biridir. Jurnal mamlakatdagi sayyohlik kompaniyalari va operatorlari, biznes, madaniy va ilmiy doiralariga tarqatiladi.

3 265
OʻzA