O‘zA O`zbek

10.09.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent xalqaro aeroportida yana bitta namozxona tashkil qilindi

Toshkent xalqaro aeroportida yana bitta namozxona tashkil qilindi

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining qo‘nish zalida ibodat qilish uchun sharoit yo‘qligiga doir ma’lumotlar tarqalgan edi.

Aeroport ma’muriyati ko‘p sonli murojaatlar hamda sayyohlarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, operativ ravishda qo‘nish zali hududida ibodat qilish uchun namozxona tashkil qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.

Xabarda keltirilishicha, o‘tgan yilning noyabr oyida Toshkent xalqaro aeroporti hududida namozxona ochilgan edi. Ibodat xonasi aeroportning xalqaro yo‘nalishlarni kutib olish zalining B8 yo‘lagi oldida joylashgan bo‘lib, undan musulmon yo‘lovchilar hozirga qadar foydalanmoqda.

Ta’kidlash joizki, bu kabi sharoitlarning yaratilishi yurtimizga ziyorat turizmi maqsadida tashrif buyuruvchi musulmon sayyohlar hamda O‘zbekiston fuqarolariga qo‘shimcha qulaylik tug‘diradi. Shuningdek, aeroport ma’muriyatining bu kabi murojaatlarga operativ munosabat bildirishi xalqning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi hamda mamlakatimizda jamoatchilik nazoratining kuchayib borayotganidan dalolat beradi – deyiladi qo‘mita tarqatgan xabarda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

6 836
O‘zA