O‘zA O`zbek

14.03.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyati hokimi: Tor doiradagi tibbiyot mutaxassislari uy-joy bilan taʼminlanadi

Toshkent viloyati hokimi: Tor doiradagi tibbiyot mutaxassislari uy-joy bilan taʼminlanadi

Toshkent viloyatida ishlash istagini bildirgan tor doiradagi 100 nafar tibbiyot xodimi uy-joy bilan taʼminlanadi.

Xususan, oliy toifali mutaxassis oʻz yoʻnalishi boʻyicha viloyatning ehtiyoj mavjud boʻlgan hududiga yuborilib, unga oʻsha hududda qurilayotgan arzon uy-joydan ajratiladi va uyning boshlangʻich toʻlovi mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladi.

Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sanitariya epidemiologik barqarorlikni taʼminlash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi va ovqatlanish madaniyatini targʻib qilish, malakali kadrlarni jalb etish masalalariga bagʻishlangan navbatdagi sessiyasida maʼlum qilindi.

Xususan, viloyat hokimi Gʻulomjon Ibragimov aholi sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishga toʻla haqli ekaniga eʼtibor qaratib, bu borada viloyatda tor doiradagi tibbiyot mutaxassislariga ehtiyoj borligini qayd etdi.

– Tibbiyot yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari bilan muzokaralar olib boryapmiz, – dedi viloyat hokimi. – Agar mazkur taʼlim muassasalari bitiruvchilari viloyatga ishga kelsa, 100 nafariga uy-joyining boshlangʻich toʻlovini toʻlab beramiz. Ayni paytda viloyatning tor doiradagi tibbiyot mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, xorijda mazkur yoʻnalishda tahsil olayotgan 10 nafar talabaning shartnoma puli toʻlab berilmoqda. Maqsad – ularni viloyatga olib kelish va aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish.

Maʼlumotlarga koʻra, viloyat tibbiyot muassasalarida qariyb 4 ming 700 shtat birligi mavjud boʻlib, ayni paytda 860 dan ortiq ish oʻrinlari boʻsh. Mavjud vakansiyaning 60 foizini tor doiradagi mutaxassislik tashkil etadi.

Sessiyada maʼlum qilinishicha, viloyatning har bir hududiga tibbiyotni rivojlantirish uchun ajratilishi rejalashtirilgan mablagʻga qoʻshimcha ravishda, oʻsha hudud mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan 10 foizi ajratiladi.

2 796
A.Xudoyqulov, OʻzA