Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.12.2017 18:48 Chop etish versiyasi

Toshkent shahrida Prezidentimiz tashabbusi bilan Adiblar xiyoboni barpo etilmoqda

Tarix guvoh: qaysiki millat, xalq ilm-fanga, adabiyotga, madaniyatga, ma’naviyatga e’tibor bersa, uning nomi abadiyatga, mangulikka muhrlanadi.

Buyuk ajdodimiz – Sohibqiron Amir Temurning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlarini, Samarqandni har tomonlama ravnaq toptirgani, saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar qurdirgani, shahar tashqarisida bog‘-rog‘lar va bo‘stonlar barpo ettirgani, fan, madaniyat va san’at ahlini o‘z homiyligiga olib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatgani necha asrlardan buyon avlodlarga buyuk ma’rifatparvarlik namunasi bo‘lib kelayotgan bo‘lsa, o‘tgan asrning 30-yillarida ulug‘ ijodkorlarimiz, ziyolilarimizning qatag‘on qurbonlariga aylangani millatimiz ildiziga, kelajagiga berilgan og‘ir zarba bo‘ldi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tarixiy adolat tiklanishi, ajdodlarimizning nomi oqlanishi, ularning ma’naviy merosi chuqur o‘rganilishi barobarida ilm-fan, adabiyot, madaniyat, san’at sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ijodkor ziyolilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, yoshlarning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish borasida misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu boradagi ishlar yangi, yuksak bosqichga ko‘tarildi. Sohalar rivojiga oid qator hujjatlar qabul qilinib, hayotga izchillik bilan tatbiq etilmoqda. Zero, bugungi globallashuv, madaniyatlarning ommaviylashuvi davri shuni taqozo etmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: "Biz mana shu o‘ta muhim yo‘nalishdagi ishlarimizni bundan keyin ham qat’iyat va izchillik bilan davom ettiramiz... Nega deganda, adabiyot va san’atga, madaniyatga e’tibor – bu avvalo xalqimizga e’tibor, kelajagimizga e’tibor ekanini, buyuk shoirimiz Cho‘lpon aytganidek, adabiyot, madaniyat yashasa, millat yashashi mumkinligini unutishga bizning aslo haqqimiz yo‘q".

Davlatimiz rahbarining shu yil 18-apreldagi “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilingani adabiyotimizga, bu degani xalqimizga, kelajagimizga e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Qarorga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ini xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan, nafaqat yurtimiz, balki jahonning turli mamlakatlaridan mehmonlar va sayyohlar tashrif buyuradigan har tomonlama go‘zal va betakror maskanga aylantirish, ma’naviy hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan atoqli so‘z san’atkorlarining tarixiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida bog‘ hududida Adiblar xiyoboni barpo etilmoqda.

...Bog‘ sokin qish og‘ushida yanayam jozibali va mahobatli ko‘rinadi. Boqqa kiraverishda buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning muazzam haykali poyida beixtiyor bir muddat to‘xtab qolamiz. U bilan xayolan suhbat qurib, benazir hikmatlarini takrorlaymiz:

“Yigitlikda yig‘ ilmning maxzani,

Qarilik chog‘i sarf qilg‘il ani”.

“Xaloyiqqa ko‘rma qilib benavo,

O‘zingga ravo ko‘rmaganni ravo”.

“So‘zda, Navoiy, ne desang chin degil,

Rost navo nag‘maga tahsin degil”.

Bog‘ hududida qurilish va obodonlashtirish ishlari avjida. Bu yerda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun zamonaviy, yangi bino barpo etilgan, hududda joylashgan O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi binosi ta’mirlanib, adabiy markaz tashkil etilmoqda. Xiyobondagi ulug‘ adiblarimiz – Abdulla Qahhor, Oybek, Said Ahmad va Saida Zunnunova xotiralariga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorlik majmualari yonida O‘zbekiston Qahramoni, atoqli olim va jamoat arbobi Ozod Sharafiddinov, O‘zbekiston Qahramonlari, xalq shoirlari Erkin Vohidov va Abdulla Oripov, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualarini barpo etish, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom va Zulfiya haykallarini xiyobonga ko‘chirish bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

– Adiblar xiyobonini barpo etish uchun 250 ishchi mehnat qilmoqda, ko‘plab texnikalar yordamidan foydalanyapmiz, – deydi “Qurilish birlashmasi” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli ta’mirlash-qurilish boshqarmasi ish boshqaruvchisi O‘rozboy Azizov. – Yozuvchilar uyushmasi binosining qurilish-pardozlash ishlari deyarli yakunlandi, gaz, elektr, suv tarmoqlari, isitgich va sovutgich tizimlarini o‘rnatish, bino ichini jihozlash, xiyobonni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirayapmiz. Biz mana shunday xayrli ishga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz va Adiblar xiyobonini ijodkorlarimiz uchun Yangi yilga sovg‘a qilish niyatidamiz.

Tasavvurga erk beramiz: Adiblar xiyoboni foydalanishga topshirilgan, bahorning ilhombaxsh, yozning serzavq, kuzning farahli, qishning sokin kunlarida bir guruh yosh ijodkorlar, iste’dodli yigit-qizlar shahdam qadamlar bilan qaysidir bir anjumangami, taqdimotgami kelmoqda. Xushmanzara bog‘ning go‘zalligi – xiyobondagi turli rangdagi gulu manzarali daraxtlar ko‘zni quvnatadi, tarovati ko‘ngilga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi. Yo‘lak bo‘ylab ketar ekan bu jo‘shqin qalbli yosh ijodkorlar ustoz adiblarimizning haykallari poyiga gullar qo‘yadi. Yoshlar ustoz adiblarning o‘ychan, sinovchan, umidli nigohlariga qarashga jazm etib-etmay, ming bir istihola bilan yana xayoliy suhbatga beriladi.

– Bu ulug‘ insonlarday ijodkor bo‘lish uchun, adabiyotda nomim qolishi uchun nima qilsam bo‘ladi? Xalq, millat, Vatan haqida kelajak avlodga o‘lmas asarlarni yozish uchun nima qilmoq kerak? – o‘ylaydi yoshlar va ustoz adiblarning sermashaqqat va shonli, quvonchu hasratli umr yo‘llarini bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazib, bugungi ozod va erkin, dorilomon kunlarga shukrona aytadi. Va “Buning uchun ijodkor o‘z xalqini, millatini, Vatanini chin yurakdan sevishi, bu muqaddas tushunchalarni qalbida asrab-avaylashi, tinimsiz izlanishi, o‘zini ayamasligi kerak” degan xulosaga keladi...

Ha, Prezidentimiz tashabbusi bilan Adiblar xiyobonining barpo etilayotgani adabiyotimiz rivoji yo‘lida qo‘yilgan salmoqli qadam sifatida yozuvchi va shoirlarimiz, yuzlab, minglab iqtidorli yoshlarimiz uchun tom ma’noda ilhom va ijod maskani bo‘lishi, adabiyotga, millatga, butun insoniyatga xizmat qiladigan hali ko‘plab asarlarning dunyoga kelishiga zamin yaratishi shubhasiz.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
6 245