O‘zA O`zbek

28.10.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent moda haftaligi – kuzning oʻziga xos hodisasi

Toshkent moda haftaligi – kuzning oʻziga xos hodisasi

Goʻzallik va nafosatga tashna qalblar uchun kuz faslining betakror ziynati, ajib tarovati bor. Ayniqsa, yaratuvchanlikka ishtiyoqmand isteʼdodlarga bu fasl zoʻr ilhom va ijodiy yangilanish, ruhan yuksalish baxsh etadi. Shu bois, mamlakatimizda har yili kuz faslida Toshkent moda haftaligi oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylanmoqda. Bu yil ham 19-24-noyabr oʻtkaziladigan moda haftaligi namoyishlari koʻpchilik uchun unutilmas va jozibali lahzalarni tuhfa etishi shubhasiz.

Tadbirning asosiy tashkilotchisi “Osiyo ramzi“ dizaynerlar uyushmasi sanaladi. Haftalikda bir qator davlatlardan taniqli mutaxassislar, yetakchi dizayner va ekspertlar, mehmonlar kelishi kutilmoqda.

Moda haftaligi doirasida milliy liboslar festivali, yosh dizaynerlar tanlovi, mahalliy va xorijiy dizaynerlarning mualliflik namoyishlari, mahorat darslari, oʻzbek matolari va anʼanaviy liboslar koʻrgazmasi oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

“Osiyo ramzi“ dizaynerlar uyushmasi raisi Xolida Komilova haftalikni oʻtkazishning ustuvor yoʻnalishlari haqida gapirib berdi.

– Toshkent moda haftaligi zamonaviy liboslar olamida oʻzbek moda brendini targʻib qilish, ragʻbatlantirish, yosh dizaynerlarimizga oʻz kolleksiyalarini namoyish etish imkonini berish bilan ham ahamiyatlidir, – dedi X.Komilova. – Shu maʼnoda haftalik tadbirlari dizaynerlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirishga, yangi nomlarni kashf etishga, yosh dizaynerlar uchun keng istiqbollarni ochishga xizmat qiladi.

Toshkent moda haftaligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi, Toshkent shahar hokimligi koʻmagida Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda oʻtkaziladi.

1 780
Ozoda BEKMURODOVA, OʻzA