Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

30.10.2017 14:23 Chop etish versiyasi

Toshkent islom universitetida fotoko‘rgazma

Toshkent islom universitetida fotoko‘rgazma Tinchlik, xotirjamlik, farovon va baxtiyor hayot – eng oliy ne’mat. Toshkent islom universitetida o‘tkazilayotgan fotoko‘rgazma har bir tomoshabinni osoyishta va yorug‘ kunlarimiz, istiqlolimiz, ona O‘zbekistonimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga chorlashi bilan diqqatga sazovordir.

Mazkur oliy ta’lim dargohining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Badiiy akademiya, "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etgan fotoko‘rgazmaning ochilishiga mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, turli diniy konfessiyalar vakillari, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar taklif etildi.

Universitet rektori R.Abdullayev, "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, Musulmonlar idorasi raisi, muftiy U.Alimov va boshqalar mamlakatimizda tinchlik, ijtimoiy barqarorlik, turli millat va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlikni mustahkamlashga ustuvor masala sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida bayon qilingan islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishga doir qimmatli fikrlari xalqaro miqyosda katta e’tibor va qiziqish uyg‘otdi.

9.JPG

"Jaholatga qarshi ma’rifat" tamoyili dunyoda din niqobi ostida ziddiyatlarni avj oldirayotgan g‘arazli kuchlarning axborot xurujiga nisbatan kurashishda har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. "Diniy ekstremizm va terrorizmning mudhish qiyofasi" deb nomlangan ushbu ko‘rgazmadan joy olgan fotoasarlar ham biz uchun eng mo‘tabar qadriyat va tushunchalarning qimmatini yanada teranroq idrok etishga undaydi.

Ko‘rgazmaga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari, yosh ijodkor rassomlar, "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasining mutaxassis va dizaynerlari tomonidan 200 ga yaqin ijodiy ish kelib tushgan bo‘lsa, ularning eng mukammal deb topilgan 50 tasi ekspozitsiya uchun saralab olindi. Endilikda mazkur ko‘rgazmani yurtimizning turli hududlarida namoyish etish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Movarounnahr" nashriyotining diniy-ma’rifiy adabiyotlardan iborat kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Nazokat Usmonova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
13 632