O‘zA O`zbek

19.02.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent hayvonot bogʻida yangi park va akvanarium binosi quriladi

Toshkent hayvonot bogʻida yangi park va akvanarium binosi quriladi

Joriy yilda Toshkent hayvonot bogʻiga Moskva hayvonot bogʻidan oʻn turdagi hayvonlar olib kelinishi rejalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining “2016 – 2020 yillar davomida Toshkent hayvonot bogʻini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Toshkent hayvonot bogʻi hududi kengaytirilib, Safari parki ochiladi. Yangi akvanarium binosi qurilib, bu yerda dengiz hayvonlarining turlari koʻpaytiriladi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Toshkent hayvonot bogʻiga uyushtirilgan press-turda maʼlum qilindi.

– Toshkent hayvonot bogʻi 21,5 gektar maydonni egallagan, – deydi bogʻ direktori Bahodir Musayev. – Mazkur hayvonot bogʻi 13 boʻlimdan iborat. Bu yerda 346 turdagi 10 mingdan ortiq hayvon mavjud. Bir yilda ushbu hayvonot bogʻiga 650 mingga yaqin fuqaro tashrif buyuradi.

Taʼkidlanishicha, Toshkent hayvonot bogʻi 2000 yildan boshlab nufuzli “YEARAZA” – Yevropa-Osiyo hayvonot bogʻlari akvariumlarining hududiy assotsiatsiyasi aʼzosi hisoblanadi. Mazkur hayvonot bogʻi “YEARAZA” orqali koʻplab xorijiy davlatlar hayvonot bogʻlari bilan yaqin aloqa oʻrnatib, hayvonlarni bepul manfaatli ayirboshlash hamda qimmatbaho maʼlumotlar olib turish imkoniga ega.

Bogʻ mutasaddilarining maʼlum qilishicha, 2016 yil 20 mayda Vazirlar Mahkamasining “2016 – 2020 yillar davomida Toshkent hayvonot bogʻini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Qarorga koʻra, Toshkent hayvonot bogʻini zamonaviy madaniy-tomosha va ilmiy-maʼrifiy davlat muassasasi sifatida rivojlantirish, hayvonot bogʻi kolleksiyasini noyob hamda ekzotik hayvonlar bilan toʻldirilishi taʼminlanadi.

Hayvonlarni saqlash uchun qulay shart-sharoit yaratiladi. Shuningdek, hayvonot bogʻi obyektlari qurish, ularni rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash hamda yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash boʻyicha xalqaro talablarga muvofiq jihozlash yoʻli bilan hayvonot bogʻi infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish choralari koʻriladi.

Zoologik izlanishlar, laboratoriyalar, zoomuhandislikni rivojlantirish uchun zamonaviy ilmiy majmua tashkil etish yoʻli bilan ilmiy-tadqiqot va seleksiya faoliyatini rivojlantirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, hayvonlarni tutqunlikda sunʼiy koʻpaytirish, boshqa hayvonot bogʻlari bilan hayvonlarni ayirboshlash, hayvonot bogʻi genofondini saqlash, toʻldirish hamda yanada boyitish ishlari olib boriladi.

2 979
Xurshid Qodirov, OʻzA