O‘zA O`zbek

10.10.2018 Chop etish versiyasi

Toshkent biyennalesi yangi ijodiy gʻoyalar manbai

Toshkent biyennalesi yangi ijodiy gʻoyalar manbai Poytaxtimizdagi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy koʻrgazmalar zalida VIII xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi ish boshladi.

Badiiy akademiya tomonidan Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yiliga bagʻishlab tashkil etilgan mazkur yirik xalqaro maʼrifiy loyihaning ochilishiga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar, yurtimizdagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, sanʼat ixlosmandlari, talaba-yoshlar taklif etildi.

Biyennalening ochilishida taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy madaniyat va sanʼatimizni qoʻllab-quvvatlash va ravnaq toptirish, ijodiy tashkilotlar faoliyatiga yelkadosh boʻlish, ularning ogʻirini yengil qilish, ziyolilar mehnatini qadrlash, yoshlar isteʼdodini yuzaga chiqarish, ularga koʻmaklashish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi maʼnaviy hayotimizni yanada yuksaltirishda, Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi obroʻsi va nufuzi ortishida, madaniy muloqotlar qamrovining kengayishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

25.JPG

VIII xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi mazkur yoʻnalishdagi ezgu saʼy-harakatlar qamrovini xorijlik ijodkorlarga yana bir karra namoyon etishda, oʻzbekistonlik moʻyqalam sohiblarining jahondagi badiiy-ijodiy jarayonlarga tobora koʻproq integratsiyalashuvida, muxlislarni isteʼdodli yoshlarimiz, usta musavvirlar, chet ellik ijodkorlari asarlaridan boxabar etish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Bu yilgi zamonaviy sanʼat biyennalesi “Sanʼat va texnologiya. Tasdiq va inkor“ degan ramziy shior ostida tashkil etilgani bejiz emas. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinovning taʼkidlashicha, mazkur maʼrifiy loyiha bugungi shiddatli texnik taraqqiyot davrida musavvirlarning ijodkor sifatida jamiyatdagi oʻrni, vazifasi, burchi va masʼuliyati nimalardan iborat ekaniga oydinlik kiritishga qaratilgandir.

– Bu kabi tadbirlarning Oʻzbekistonda doimiy tashkil etilayotgani ajoyib gʻoya, – deydi rossiyalik rassom, VIII xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi hakamlar hayʼati raisi Dmitiriy Bulatov. – Loyiha musavvir va dizaynerlar, haykaltaroshlaru sanʼatshunoslar bilan birga madaniyat va sanʼatga oid tashkilotlarni birlashtiradi. Uning samarasi darrov koʻrinmasligi mumkindir, lekin vaqt oʻtgan sari oʻz natijasini, albatta, beradi. Toshkent biyennalesini yoqimli shabadaga qiyoslash mumkin. U yangi fikrlar, gʻoyalar, yangi asarlarning yaralishi uchun zoʻr imkoniyatdir.

30.JPG

39.JPG

– Toshkent biyennalesida birinchi marta ishtirok etayapman, – deydi italiyalik sanʼatshunos Valeria Romanini. – Biz jahonning turli davlatlarida ijod qilayotgan rassomlarning ijodiy loyihalari, koʻrgazmalarini tashkil etamiz. Mazkur biyennale oʻzbekistonlik moʻyqalam sohiblarining zamonaviy sanʼat yoʻnalishidagi izlanishlari bilan atroflicha tanishish, oʻrganish, tahlil etishda juda katta maʼrifiy manbadir.

– Ijodiy loyihaning ilk kunidanoq Oʻzbekistonda tasviriy sanʼat rivojiga, rassomlarning erkin faoliyat koʻrsatishiga, ijodkor yoshlar safini kengaytirishga, ular uchun kerakli boʻlgan hamma imkoniyatlar eshiklari ochish yoʻlidagi amaliy eʼtiborga oʻzimiz guvoh boʻldik, – deydi makedoniyalik rassom Igor Yosifov. – Ushbu xalqaro koʻrgazmada inson har qanday globallashuv sharoitida ham oʻz maʼnaviy qiyofasini, insoniyligini saqlab qolishi zarurligiga oid ishim bilan qatnashmoqdaman. Uni oʻzbekistonlik sanʼat muxlislari qanday qabul qilishi men uchun juda muhim.

VIII xalqaro Toshkent biyennalesi zamonaviy sanʼatning rivojlanishi masalalari boʻyicha anjuman hamda yurtimiz va chet ellik ijodkorlar ishlaridan iborat koʻrgazma bilan boshlandi.


4 129
Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA