O‘zA O`zbek

08.10.2019 Chop etish versiyasi

Toʻy – bir kunlik, “jarohati” bir umr tuzalmayapti

Toʻy – bir kunlik, “jarohati” bir umr tuzalmayapti

Dolzarb mavzu

Bir holatni barchamiz kuzatganmiz: qoʻngʻiz oʻzidan bir necha barobar katta guvalakni tepalikka olib chiqishga chiranadi. Ming bir mashaqqat bilan surib ketilayotgan guvalak oxir-oqibat ortga yumalab, qoʻngʻizni bosib qoladi. Jonivor halok boʻlmasa-da, oyogʻidan, “qoʻli”dan ayrilishi yoki nogiron boʻlib qolishi mumkin.

Bu biroz qoʻpolroq oʻxshatish boʻlsada, ammo bugun toʻylarda urchiyotgan dabdababozlikka, isrofgarchilikka aynan mos tushadi. Yillar davomida misqollab yigʻgan mablagʻini yoki “otdan qolma, eshagim” qabilida ish tutib, qulogʻigacha qarzga botib toʻy qilayotgan oila boshliqlari, ming afsuski, aqlga ham, mantiqga ham, shariatga ham sigʻmaydigan bir kunlik “orzu-havaslar”ning qurboniga aylanishib, bir umrlik azob-uqubatga giriftor boʻlishyapti.

Jamiyatda ildiz otayotgan bu illatlar qachon paydo boʻldi, bunga kimlar va qaysi omillar sabab boʻlyapti?

Bizni kemirguvchi illatlar

Odamzod har doim ezgu niyatlar, ulkan maqsadlar ogʻushida yashab, xayrli tilaklarining roʻyobga chiqishini Yaratgandan soʻrab yashagan... “Ezgu niyat”, “ulkan maqsad” faqat oʻgʻil uylantirib, qiz uzatishdangina (!) iborat emas. Afsuski, bugun dabdaba bilan toʻy qilish, asʼasa bilan aza marosimlarini oʻtkazish aksariyatimizning umrimiz mazmuniga aylanib ketdi. Bu yoʻlda chekilgan zahmatlar, mehnatu mashaqqatlar, saʼy-harakatlar farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasiga sarflansa edi, ishoning, bugun safimizga yana buxoriylar, termiziylar, ibnsinolar, beruniylar, xorazmiylar, navoiylar, ulugʻbeklar qaytgan boʻlardi...

Dinimiz taʼlimotlariga mutlaqo zid, taraqqiyotimizga tushov, kelajagimizga gʻov boʻlayotgan toʻy-maʼrakalardagi, taʼziyalardagi dabdabalar, isrofgarchiliklarning haddi-hisobi, chek-chegarasi yoʻq...

Behisob shukrki, yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ortimizda! Lekin ayrimlarning toʻqlikka shoʻxlik qilib, dabdabaga berilayotgani yuz xil jilva bilan hayotimizni izdan chiqarib, faqatgina muammolarni chiqarmoqda.

Ilohiy qonunni buzishga hech kimning haqqi yoʻq!

Mutaxassislar Yangi Zelandiyada koʻngilli olti ming oila oʻrtasida sinov-tajriba (eksperiment) oʻtkazishibdi. Uch mingta oilaga erkaklarni, qolgan yarmiga esa ayollarni oila boshligʻi qilib tayinlashibdi. Oila rahbarlarining aytgani – aytgan, degani – degan boʻlish sharti ostida. Oradan 12 kuncha vaqt oʻtgach, tekshirib koʻrishsa, erkaklar boshliq boʻlgan xonadonlarda oila aʼzolarining bir-biriga mehr-oqibati kuchayib, farzandlarning taʼlim-tarbiyasi sezilarli darajada ijobiy tomonga oʻzgarib, farogʻat qasrining mustahkam poydevori oʻrnatilibdi. Ayollar boshliq boʻlgan oilalar esa inqirozga uchrab, xonadon aʼzolari oʻrtasida asab kasalliklari, infarkt (yurak xurujlari), insult (miyaga qon quyilish) holatlari koʻpayib ketibdi. Taʼlim-tarbiya izdan chiqibdi.

Xoʻsh, nega shunday boʻlgan? Sababi – ilohiy qonun buzildi. Bejiz Alloh taolo “Niso” (Ayollar) surasida: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshligʻi sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (baʼzi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar oʻz oilasiga) oʻz mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir”(34-oyat), deb marhamat qilmagan.

Erkak zotining ayoldan baʼzi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar mujassam. Tafsirlarda, jumladan, quyida sharʼiy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlar qayd etilgan: paygʻambarlik, rahbarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga masʼullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imomlik, muazzinlik, jamoat bilan namoz oʻqish, juma namozining vojib boʻlishi, tashriq takbirini aytish, Vatan himoyasi, toʻliq guvohlik, taloq berish huquqiga ega boʻlish, oila nomini unga nisbat berilishi, namoz va roʻzani uzrsiz ado etish va boshqalar. Shu va boshqa jihatlarini hisobga olib, ayol kishining eriga nisbatan itoatli, himoyatli va iffatli boʻlib, oila totuvligi yoʻlida doimiy harakatda boʻlishi diyonat jihatidan talab etilgan.

Demak, Alloh taolo joriy qilib qoʻygan ilohiy qonun – oilada erkakning rahbar boʻlishiga monelik qilishga hech kimning haqqi yoʻq ekan!

“Hayot formulasi”

Oddiygina, hamma biladigan bir formula bor. Buni anglab yetish uchun katta iqtidor yoki noyob isteʼdod talab etilmaydi. Buni, taʼbir joiz koʻrilsa, “hayot formulasi” deyish ham mumkin. Dono xalqimiz nafaqat har bir iborasida, hatto har bir soʻzida ham hamma narsani oʻz joyiga, oʻz oʻrniga munosib (!) qoʻyib kelgan:

  • yigitqiz yoki aksincha: qizyigit (til qoidasiga koʻra, tire (–) bilan berilyapti. Chunki bu ikkalasi juft soʻz emas);
  • kelin-kuyov (kelinga ehtirom bor);
  • er-xotin (oila qurilgandan keyin);
  • ota-ona (farzandli boʻlgandan keyin);
  • chol-kampir yoki bobo-buvi(nabirali boʻlgandan keyin).

Agar diqqat bilan eʼtibor bersak, turmush qurilguncha xalqimizning hatto talaffuzida hamayol bilan erkakni ifoda etuvchi soʻzlarini oʻrinlari ahamiyatsiz, xar xil. Lekin oila tuzilgandan keyin esa birinchilik fakat erkak(!) kishini zimmasida! Shuning uchun ham dono xalqimiz erkak kishini ifodalaydigan soʻzini ayol ni ifoda etuvchi soʻzdan oldin (!)aytadi – ER-xotin, OTA-ona, CHOL-kampir yoki BOBO-buvi deb. Oqimga qarshi suzgan kishi choʻkkanidek, qonun-qoidalarga zid ish qilgan kishi, albatta, pand yeydi. “Hayot formulasi”ni buzgan, yaʼni ayol erkakdan oldinga oʻtib ketsa yoki ikkalasining oʻrni almashsa ham, oilalar barbod boʻladi. Bir dona gugurt butun boshli oʻrmonni kulga aylantirganidek, oilalarning inqirozga uchrashi – jamiyatga, jamiyatning tanazzulga yuz tutishi – davlatga juda katta zarar keltirishi turgan gap.

Dinimiz nima deydi?

Odamlarimizning oʻzlarining aytishlariga, Idoramizga xatlar orqali kelayotgan nolalarga, fuqarolarimizdan boʻlayotgan turli mavzudagi arz-dodlarga qaraganda, toʻylardagi dabdabalar asosan oilada “rahbar” boʻlgan ayollarning “tashabbuslari” bilan amalga oshmoqda.Toʻy va marosimlar dabdabasi, soxta maqtovlar, mahallalardagi duv-duv gaplar har qancha chiroyli koʻrinmasin bu – avvalo katta isrof, dinimizga yot tushunchalardir. Qurʼoni karimda: “Isrofgarchilikka mutlaqo yoʻl qoʻymang!Chunki isrofgarlar – shaytonlarning birodarlaridir”(Isro surasi, 26–27-oyatlar), deb marhamat qilingan.

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Kim tejamli boʻlsa, qashshoqlik koʻrmaydi”, – deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Toʻylar, maʼraka-marosimlarda “besh xil, baʼzan yetti xil taom tortilishi kerak” degan tushunchalar koʻpchiligimizning qorin gʻamiga mukkasidan ketganimizdan darak emasmikan? Aslida ortiqcha ovqat yegan yoki ichimlik ichgan odamning tanasi ogʻirlashadi, toat-ibodatida halovat yoʻqoladi, mehnat qilishga malollanib qoladi.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Odamzod qorindan koʻra yomon biror idishni toʻldirmagan. Odam bolasiga gavdasini tik tutishga bir-ikki luqma ozuqa yetadi. Agar koʻproq yegisi kelsa, unda oshqozonining uchdan biri ovqatga, uchdan biri ichimlikka, uchdan biri havoga toʻldirilishi kerak” – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bobolarimiz oilasi ehtiyojidan ortsa, qoʻni-qoʻshnisi, yordamga muhtoj kishilar bilan baham koʻrishgan. Mashoyixlar: “Yaxshilik qancha koʻp qilinsa ham, isrof boʻlmaydi. Ammo isrofning zarrasi ham – haromdir” deb taʼkidlaganlar.

Epli kelin – sepli kelin!

Inson baxtli hayot kechirishi uchun ikki narsa: maʼnaviy va moddiy taʼminoti yetarli boʻlishi kerak. Moddiy tomonini oʻta “oliy” darajada taklab qoʻyapmiz – kelin-kuyovlar uchun “orzu-havas” deb, millionlab mablagʻ sarflab, 5-6ta KamAZga sigʻadigan mebellar, 7 uxlab emas, 77 uxlab ham tushimizga kirmagan uy jihozlarini olib beryapmiz... Lekin baxtli hayot uchun kerakli boʻlgan ikkinchi narsa-chi? Sharqona odob, oiladagi munosabatlar odobi, kelin-kuyovlarning burch va vazifalari, din-diyonat masalalari, ibo, xayo, soʻzlashish odoblari, salom berish odoblari, ota-ona, qaynota-qaynonaga munosabat odoblari, milliy qadriyatlar – bular baxtli hayot uchun kerakli boʻladigan ikkinchi narsa. Lekin, ming afsuslar boʻlsinkim, shu narsalardan kelin-kuyovlarimizga taqdim etayoganimizni hisoblab koʻrsak, yosh bolachalarning uch gʻildirakli velosipedini yuk qoʻyadigan joyiga qoʻysak, yana ancha joy ortib ham qoladi.

Mebellar, uy jihozlari, boshqa moddiy narsalar har qancha zoʻr va koʻrkam boʻlmasin, vaqt oʻtib eskirishi, boringki, modadan qolib ketishi mumkin. Lekin bebaho va betakror maʼnaviy merosimiz – milliy va diniy qadriyatlarimizni oʻz ichida saqlab kelayotgan kitoblar har doim zarur va hech qachon modadan qolmaydi.

“Moʻmin-musulmon odam, – Soʻfi Olloyor hazratlari aytganlaridek, – biror ulugʻ kishining emas, balki Paygʻambarimizning koʻrsatmalariga rioya qilishi shart. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham ota boʻlganlar, U Zot ham qiz chiqarganlar. U Zot ham qizlarining sepiga roʻzgʻor uchun zarur narsalarni qoʻshganlar. Xazrati Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Fotimaga bir chiyduxoba, bir mesh va ichiga izxir (xushboʻy oʻsimlik)solingan bolishni jihoz(sep)qilib berdilar” (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Tasavvur qilyapsizmi, butun koinot, butun borliq hurmati uchun yaratilgan Zot – Muhammad sallallohu alayhi va sallam jannatiy ayollarning sayyidasi, qizlari Fotima raziyallohu anhoning sepiga nimalar qoʻshganlarini?!

Qayoqqa ketyapmiz, kimga taqlid qilyapmiz?

Yaqinda “Oʻzbekiston” telekanalida toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilgan “Munosabat” koʻrsatuvini oynai jahon orqali barchamiz tomosha qildik. Bu yil birinchi sinfga borgan farzandini karnay-surnay sadolari ostida maktabga kuzatib qoʻygan oila boshliqlarini, toʻylarda muqaddas dinimizga mutlaqo zid, oʻzbekona odatlarimizga umuman toʻgʻri kelmaydigan qiliqlar qilayotgan yoshlarni, kimoʻzarga marosim qilayotgan kishilarni koʻrib, ochigʻi, uyalib ketdim. Negaki, bu koʻrsatuvni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki sunʼiy yoʻldosh orqali butun dunyo koʻrdi... Toʻy qilaman, deb oilasidan olisda, musofir yurtlarda duch kelgan qora mehnatni bajarayotgan yurtdoshlarimizga rahmim keldi.

Nafsilamrni aytganda, asʼasayu dabdabalar, uzundan-uzun mashinalar karvoni, shovqin-suronlar, gʻat-gʻutlar, “sevgi tarixi”, “kuyovning qaynona ogʻziga tort tutishi”, ersiragan qizlardey kelin otgan gullarni talashib tutishlar, hisobsiz togʻoralar, hech qachon hech kim egniga ilmaydigan sarpo-suruqlar, madaniyatining asli yoʻqlarga aqlsiz taqlidlar... hammaning joniga tegdi. Chunki bular hammasi Xudo uchun emas, balki riyo (!) uchun, xoʻjakoʻrsin (!) uchun boʻlgani sababli odamlar bezor boʻlishdi!

Xoʻsh, bu bachkana odatlar qayerdan kirib kelyapti? Qanday urf boʻlyapti? Menimcha, bunday bemaʼni qiliqlar telekanallar orqali namoyish etilayotgan bemaʼno chet el seriallari orqali yoshlar ongiga singdirilyapti. Bunga qatʼiy chora koʻrilmasa, milliy anʼanalarimizdan ajralib, yoshlarni ham boy berib qoʻyamiz. Yoshlar boy berildimi, demak, kelajagimizni qoʻsh qoʻllab birovlarga topshirgan boʻlamiz.

Iloho oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizni ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari


1 181
OʻzA