O‘zA O`zbek

01.10.2019 Chop etish versiyasi

Tiriklay koʻmilgan koʻzlar

Tiriklay koʻmilgan koʻzlar


Maktablarda bolalarga qoida emas, soʻz oʻrgataylik, degan fikri meni qogʻoz qoralashga undadi.

Haqrost, ziyolilarimizning maktab, litsey, kollej, hatto oliy oʻquv yurtini tamomlayotgan yoshlar savodsiz, degan taʼnasi toʻgʻri. Bir nechta xorijiy tilda biyron farzandlarimiz ona tilida erkin fikr yuritolmaydi, lugʻat boyligi juda ham gʻarib. Ularning bir hovuchgina soʻzga andarmonligi kitob va asl milliy adabiyotdan begonalashuviga sabab boʻldi. Toʻgʻri, har bir millatning tamaddun tufayli unutilgan, isteʼmoldan chiqqan soʻzlari boʻladi. Ona tilimiz ham bundan xoli emas. Ammo, nazarimda, tarix qatida qolgan, biz unutgan soʻzlar yerdami yo koʻkda qandaydir gʻazabnok porlayotgan koʻzga oʻxshaydi. Soʻzning joni boʻlmaganda odamni goh oʻldirib, goh tiriltirarmidi? Atrof-javonibga munday ser solib qarang: kimningdir ogʻzidan chiqqan, siz allaqachon aytmay qoʻygan birgina shirin kalom vujudingizga nurday singib, beqiyos ruhiy quvvat baxsh etganini payqaysiz. Ana oʻshanda xotiraning qaysidir bir puchmogʻida bolalikmi tirilib roʻbaroʻ keladi. Sizga qamti turgan oʻtmish bobo-momongizning ovozi.

Ha-ha, unutilgan soʻz – duotalab ruh.

Mulohazalarimiz sirli maʼvo – soʻz saltanati haqida.

Turkistonda sovet hokimiyati zoʻrlik bilan oʻrnatilgandan soʻng turkiy urugʻlarning urf-odat va shevalarini oʻrganishga jiddu jahd bilan kirishiladi. Oʻzak-magʻzida mustabidlik mafkurasi yotgan bu intilishning xayrli tomoni ham boʻldi. Salkam bir asr mobaynida oʻzbek shevalari boʻyicha oʻnlab nomzodlik va doktorlik ishi qilindi, minglab maqolalar yozildi, kitoblar chop etildi. F.Abdullayevning “Xorazm shevalari”, M.Mirzayevning “Oʻzbek tilining Buxoro gruppa shevalari”, I.Shamsiddinovning “Oʻzbek tilining Qorakoʻl shevasi”, Sh.Nosirovning “Oʻzbek tilining Qoʻqon shevasi”, Q.Muhammadjonovning “Janubiy Qozogʻistondagi oʻzbek shevalari morfologiyasi”, T.Yoʻldoshevning “Tojikistondagi oʻzbek shevalari morfologiyasi”, A.Ishayevning “Qoraqalpogʻistondagi oʻzbek shevalari”, S.Ibrohimovning “Fargʻona shevalarining kasb-hunar leksikasi”, “Oʻzbek tilining Andijon shevasi”, V.Egamovning “Samarqand oblastining Gʻallaorol shevasi”, N.Rajabovning “Oʻzbek tilining Gʻarbiy Samarqand shevalari”, S.Rahimovning “Oʻzbek tili Surxondaryo shevalari”, B.Joʻrayevning “Yuqori Qashqadaryo oʻzbek shevalari”, A.Shermatovning “Quyi Qashqadaryo oʻzbek shevalari”, Bosim Toʻychiboyev va Qozoqboy Qashqirlining “Zominning til qomusi” kitoblari ilm-ilm uchun degan niyatda qilinmagandir? Oʻtgan asrning 30-40-yillaridan boshlangan izlanishlar natijasi oʻlaroq “Oʻzbek xalq shevalari lugʻati” degan salmoqli toʻplam 1971-yilda ikki ming nusxada bosilib chiqadi. Yaratilganiga salkam ellik yil boʻlgan kitob oʻsha davrda ham, bugun ham oʻz bahosini olgani yoʻq. Lugʻatni varaqlab oʻzimcha xomchoʻt qildim: olti mingdan ziyod soʻz va ibora bor. Toʻplamda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻizistonning janubiy tumanlari hamda Qoraqalpogʻistonda yashovchi oʻzbeklarning qorluq, qipchoq, oʻgʻuz lahjalarida ishlatiladigan ayrim soʻzlar jamlangan. Tanlab olingan hudud juda katta, soʻzlovchilar ham milliondan kam emas. Ammo, olimlarimiz tergilab tizimga solgan aksariyat soʻzlarning Izohli lugʻatga kirishiga, adabiy til bilan elakishib ketishiga ellik yil ham kamlik qilibdi. Deylik, zamonaviy yigit-qizlardan bamaʼnisi oʻrtaga chiqib “Bu hol qorongʻidir biz yoshlar uchun” deb qolsa, tilchilarimizning javobi qanday boʻladi? Qadimgi Xitoy va yapon adabiyoti boʻyicha jiddiy tadqiqotlar olib borgan akademik Nikolay Konrad oʻtgan asrning 60-yillarida yozgan maqolalaridan birida xitoy va yapon adabiy tili xalqning jonli soʻzlashuvi asosida shaklanganini aytib oʻtgan edi.

“Oʻzbek xalq shevalari lugʻati”da ruh bor, hayot nafasi ufurib turadi. Lekin Izohli lugʻatdan joy tegmagan, manbalardan jamlab taqdim etilayotgan quyidagi tirik soʻzlarni yana necha yil tirsaklab, “shevasan” deya peshonasiga nuqiymiz?! Balki ularni bugun oʻz hududlarida ham tanimaydiganlar, nomini tutmaydiganlar koʻpayib borayotgandir? Biz ularga vaqtida oʻz oʻrnini, martaba va mavqeini koʻrsatib qoʻyganimizda edi, tili kalimaga kelmaydiganlar adadi kamroq boʻlarmidi. Mana oʻsha kamsitilgan soʻzlar.

Varsaqi (Xorazm, Surxondaryo) – sergap, vaysaqi. Oygʻogʻ (Tojikiston, Surxondaryo) – chaqimchi. Boʻja (Surxondaryo) – archa bargi. Ezuv (Surxondaryo, Gurlan) – ikki labning tutashgan joyi. Zambariq (Xorazm, Surxondaryo) – zamburugʻ. Jizziq (Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm) – jizza. Zoʻm (Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo) – qoʻrs. Iyarmak (Xorazm, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo) – ergashmoq. Ila-chila (Qashqadaryo, Surxondaryo) – darhol, darrov. Ingirsimoq (Qoraqalpogʻistonning Beruniy va Surxondaryoning aksar tumani) – yigʻlamoq. Yangilmoq (Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo) – yanglishmoq, yoʻldan ozmoq. Yemizik (Qozogʻistonning Qorakissa qishlogʻi) – soʻrgʻich, soska. Yermoy (Jizzax, Surxondaryo) – kerosin. Yulun (Xorazm, Qozogʻistondagi Chimkent, Qarnoq, Iqon tuman va qishloqlari. “J”lovchi hududlarda “julun” ) – harommagʻz. Galpang (Xorazm) – anqov. Kangshirik (Qozogʻistondagi Mitan, Barlos qishlogʻi, Surxondaryo) – qanshar, burunning yuqori qismi. Koʻkmak (Fargʻona, Surxondaryo, Qashqadaryo) – koʻkish. Qanquv (Urganch, Xiva, Boysun, Qumqoʻrgʻon, Sherobod, Dehqonobod) – kinoya, piching. Qashamsham – (Qashqadaryo) – oʻjar, qaysar. Qayirma (Surxondaryo, Qashqadaryo) – sut qoʻshilmay pishiriladigan patir. Qidirmoq (Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo) – mehmonga bormoq. Qiliy (Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati, Surxondaryo) – gʻilay. Qurdim (Qozogʻistonning Qoramurt qishlogʻi) – suv singib yoʻq boʻlib ketgan joy. Qurdumqoq (Qashqadaryo, Surxondaryo) – xasis. Lang (Surxondaryo, Qarshi, Urganch, Xiva) – oʻlat. Lozimada (Toshkent), lozimat (Namangan) – marosim. Mondimoq (Xorazm, Surxondaryo) – yolchimoq. Misol: “Hech mondimading sen, topqaning nera getadi?” Mardaymak (Oʻsh) – kerilmoq. Misol: “Mardayib oʻtiribdi”. Tiramboqi (Toshkent) – oriq (molga nisbatan). Tirramak (Surxondaryo, Qashqadaryo) – juvonmarg. Misol: “Tirramakka ketkur, mushtday boʻlib odamni aldaydi-ya!” Toʻlarsogʻ (Toshkent) – katta ustuxon, suyak. Tusoq (Qashqadaryo, Surxondaryo) – ikki yoshar urgʻochi qoʻy. Uv (Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo) – zahar, ogʻu. Urt (Urganch, Surxondaryo, Qashqadaryo) – lunj. Ungilmoq (Gurlan, Surxondaryo) – tikilmoq. Xomishak (Qashqadaryo, Surxondaryo), xomoʻshak (Buxoro) – chivin, iskabtopar. Ximich (Buxoro, Surxondaryo) – xivich. Xoʻrazak (Xorazm, Surxondaryo) – boʻgʻma. Hashshakallo, hashsha – (Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro) – baribir, har qanday holatda, sharoitda ham. Havon (Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax) – ixtiyor, erk, xohish. Misol: “Hech kim bilan ishi boʻlmaydi, oʻz havoniga oʻynab yuradi”. Mayak (Fargʻona, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo) – tuxum. Mondiramoq (Forish, Surxondaryo) – aljimoq. Montimoq (Andijon), moltimoq (Jizzax, Surxondaryo) – quloch otmasdan suzish. Mulgimak (Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo) – mudramoq. “Yurgandayam mulgiydi”. (Beruniy). Nozboʻy (Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo) – rayhon. Pang (Zomin, Surxondaryo) – mogʻor. Samsam (Xorazm, Surxondaryo) – sergap, ezma. Ser solmoq (Jizzax, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo) – kuzatmoq, eʼtibor qilmoq. Sergimoq (Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax) – nami qochmoq, qurimoq. Tel (Gurlan, Surxondaryo) – dalda. Tel-tel bermoq – gij-gijlamoq (Qashqadaryo). Chaspak (Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo) – oshiq-moshiq. Chiyqonday (Toshkent, Surxondaryo) – olcha suviday. Misol: “Yuzlari chiyqonday qizil”. Chirkay (Fargʻona, Surxondaryo) – chivin. Chix (Xorazm, Surxondaryo) – shudring. Shamataloq (Jizzax, Surxondaryo) – hech nima, hech narsa. Shangraymoq (Xorazm) – gerdaymoq, magʻrurlanmoq. Shildinglamoq (Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati, Surxondaryo) – yupqa kiyinmoq.

Misollarimiz dengizdan tomchi. Bu soʻzlar nafaqat viloyatlarimizda, balki mamlakatimizga chegaradosh oʻzbek tumanlarida ham birday ishlatiladi. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “lang” soʻzining ikki xil maʼnosi – “choʻloq, oqsoq” hamda “keng ochiq” maʼnolari berilgan, lekin “oʻlat” maʼnosi yoʻq. Lugʻatda “havon” soʻzi “kelisop; tiragich” deya izohlangan. Shuningdek, “pang” soʻzi “oʻzagi qurib boʻsh boʻlib qolgan” va “noaniq, yoqimsiz, poʻngʻillagan” deya berilgan. Eh-he, yana qancha-qancha soʻzlarning jonli tildagi goʻzal maʼnolari ochilmasdan yotibdi.

Fattoh Abdullayevning 1961-yilda nashr etilgan ikki qismdan iborat “Xorazm shevalari” kitobi tilshunoslikdagi jiddiy tadqiqotlardan. Olim tarixi va tili nihoyatda boy qadimiy oʻlkaning qasabayu kentlarini, qishloq va ovullarini kezib ne bir hasratda yuzlab soʻzlarni, ertak va maqollarni yiqqan. Kitobda soʻzlar qaysi tumanda uchrashigacha bitilgan. Masalan, Mangʻitda darxon – ozod, erkin, Gurlan, Mangʻit, Yangibozorda qaban – qobon, qongshi Urganch, Xiva, Xonqa, Hazoraspda qoʻshni degan maʼnoni bildirishini, gurlan, yangibozorliklar aylana, davra, koʻpchilikni qur soʻzi bilan ifodalashini, Xiva, Urganch, Qoʻshkoʻpir lukche deganda yaxlitlikni, bir butunlikni tushunishini, xivaliklar burishgan, tirishganni murrik, Urganch, Xiva, Xonqa, Gurlanda saqichni saqqiz deyishini bilib olasiz. Tilchi olim Hazorasp, Xonqa, Bogʻotda sambirdamoq valdiramoq, aljiramoqni anglatishini, gurlanliklar eshikni boʻsagʻaga band qilib turadigan yogʻochni turum desa, Urganch, Gurlan, Xivada yosh bolalarning ogʻziga chiqqan yarani uvulmoq, Urganch va Mangʻitda qatiq ivitishni uyutmoq, Urganch, Xivada toʻyda hissa berishni ulush, urganch, xiva, xonqaliklar ip yoki arqonning chigal boʻlishini chiyilmoq, Urganch, Xiva, Hazorasp, Mangʻitda chuqurlikni chuqaloq, chuqanoq deyishini yozadi.

Fidoyi olimning xizmati tufayli biz urganchliklar qilov deganda pichoqning qirovini tushunishini, Xivada hayvon tiliga chiqadigan yarani ham qilov deyilishini bilib olamiz. Xorazmliklarning shoshib qolgan, esankiragan odamni angi qochdi, molning ogʻziga chiqadigan yarani ovsil, xunuk, badburushni ebesh, ustunni baqan, boʻlinmagan, bir butunlikni butov, mastlardek tutilib gapiradigan odamni gʻiljaydi, ishchan, chayirni esa dayov deyishi soʻz bobida janublik eldoshlari bilan yakdil ekanini koʻrsatadi. F.Abdullayev xivaliklar tilidagi qandim soʻzi qumda oʻsadigan oʻsimlik nomi ekanini yozadi. Qandim Buxoro choʻllarida ham bitadi. Buxoroda Qandim degan joy ham bor. Bu nomni uch-toʻrt yil burun ochilgan gaz koni dunyoga mashhur qilib yubordi.

Taassufki, bor-yoʻgʻi ming donagina chiqqan “Xorazm shevalari” toʻplami mutaxassislar doirasida qolib ketdi. Bunday oʻta muhim va hayotiy tadqiqotlarning ming, ikki ming, uch ming nusxada bosilishi noshirlikni siyosat, mafkura deb bilgan shoʻro hukumatining nayrangi boʻlganini, oʻzbekning qadimiy tarixi va tilini oʻziga qayta taqdim etish emas, aksincha, jilovlab turish uchungina oʻrganganini tushunamiz. Ammo, ajablanarlisi, bu tosh-metin qarashning shu kunlarda ham barham topmagani. Axir, lugʻatda yoʻq soʻzlarni sheva deb hisoblay-hisoblay koʻp narsani boy berdik-ku!

QOʻSHBULOGʻU QOʻSHRABOTNI BOGʻLAGAN SHARDOZ

Oʻtgan asrning saksoninchi yillari oxirida “Yoshlik” jurnali “Til sandigʻi” degan rukn tashkil etgan va kuyunchak jurnalxonlar koʻmagida lugʻatlarda yoʻq yuzlab soʻz bilan soʻzlashgan edik. Savobning tagi teshik, deganlari rostmi, bilmadim, shunday ulugʻ ish nima uchundir yakuniga yetmay toʻxtadi. Bugun, yigirma birinchi asrning beshdan birini ortda qoldirib anglayotirmizki, til sandigʻimizning keti koʻrinib qolibdi. Toʻgʻri, taraqqiyot talabi bilan soʻnggi yigirma besh-oʻttiz yil ichida yuzlab soʻz isteʼmolga kirdi va lugʻatimiz boyidi. Ammo, oʻtgan mana shu qisqa davrda biz necha yuz qadimiy soʻzlarimizdan ayrilganimizni ham aytmasak vijdonga xilof boʻladi.

Bilsangiz ayting, sheva va adabiy til oʻrtasiga oʻtib boʻlmas devorni kim, qachon tiklagan?!

Oʻzbek shevalari adabiy tilning bitmas-tuganmas bulogʻi ekani amalda isbotlanganida edi, jamiyatdagi juda koʻp ijtimoiy-maʼnaviy illatlar, eng muhimi, mahalliychilik chuqur ildiz otmagan boʻlar edi. Millat sifatida uyushmaganimizning asosiy sabablaridan biri ham soʻzlarimizning umumiy mulkka aylanmaganida.

Farzandlarimiz chet tillarga chechan, xorijiy soʻzlarning asliniyam biladi, ammo ona tilining jozibasini, uning tirikligini taʼminlab turgan xalqona soʻzlarni bilmaydi. Dashtda yashovchi, hayoti dehqonchilik va chorvachilik boʻlganaksariyat oʻzbeklar jonli tilidagi quyidagi soʻzlarga bir eʼtibor qiling.

Sirdaryoning Yangiyerida istiqomat qiluvchilar gʻururni gurda, boshqorongʻilikni jerik, iflosni palaz, dimni buk deydi. Qoʻshrabotliklar tilida mortuv – xunuk, savmal – injiq, shardoz – qoʻy junidan tayyorlangan ip, qashqatayoq – gap uqmas bola, qovurchin – yosh bola degan maʼno anglatadi. Qamashiliklarning ombirni charnovuq, qorakoʻllik yerdoshlarimiz esa kaftni oya, baquvvat odamni dayov, gapdan qolmaydigan oʻrni zoʻm, tepsa tebranmasni mula, soʻligan, bujmaygan narsani murrik, foydali, xush yoqadigan narsani forimoq, iskabtoparni chirkay, tovonni oʻkcha, qoʻy junini qirqadigan qaychini qilliq deganini eshitgan chiqarsiz? Yoki gʻallaorolliklar tilidagi “Koʻngli noza boʻldi” – xafa boʻldi, dili ogʻridi, chinaqay – jimjiloq, chirich – qirda oʻsadigan oʻsimlik, shardoz – junday yigirilgan ip, elovrash – bosinqirash, qanquv – kesatiq gap, qoʻqim – chiqindi, axlat, ushullak – hushtak, ushmak – uchli temir, sugʻanoq – ochkoʻz, qochov – iskana kabi soʻzlar sizga erish tuyulyaptimi? Surxondaryoliklar Tojikistonning Yovonida chipqonni doʻmbol, kashta turini joʻrma, kashtani chiroz, oʻrik turshagini gʻoʻling, pista daraxti yaprogʻidagi jigarrang oʻsimtani buzgʻunch, ayollarning boshqorongʻi boʻlishini jerik, chimkentliklarning odam va molning yoʻldoshini chuv deyishini bilsa yoxud kattaqoʻrgʻonliklardan kaldirchi (tasqara qush), gʻorgʻonaq (yovvoyi togʻ bodomi) soʻzlarini eshitsa hayajonga tushishi aniq. Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yashovchi yurtdoshlarimiz ham qalbni koʻkay, kelin boʻlib tushgan qizning ota uyiga borishini toʻrkun, toʻgʻri, haqlikni oʻral der ekan. “Uka, sizniki oʻral” degani inining haqligini anglatadi.

Samarqand davlat universiteti oʻqituvchisi Mardonqul Boltayev bundan oʻttiz yil burun yozgan bir maqolasida tilimizninng takrorlanmas soʻz va iboralarini tezkorlik, ziyraklik va donolik bilan yigʻmasak ertaga kech boʻlishini uqtirgan edi. Fidoyi domla Samarqandning Narpayida ham yoshida kam farqi bor aka-uka, opa-singillarga basalqi, boʻyinsa, boshqorongʻini jiyrik, yurak-bagʻri ezilganni koʻkayi kesildi, qatiq ivitish uchun sutga qoʻyiladigan achigan qatiqni uyutqi, vaqti oʻtgan odamga nisbatan qadasi qaridi, jahli chiqqan kishini orqasi tutdi degan iboralar bilan atalishini yozadi. Yana bir kuyunchak ustoz Yormat Tojiyev Fargʻonaning Rapqon qishlogʻida boʻzdan tayyorlangan matolar alak, qalami, kalta, dumaloqni doʻlta deyilishini taʼkidlaydi. Samarqandning Poyariq tumani xalqi tilidagi soʻzlar xususida ham shunday deyish mumkin. Masalan, buyri – biqin, gayak – qaysar odam yoki hayvon, joʻymoq – pulni aroq joʻyib ketadi, irga – uy burchaklari va gir aylanasi, taytuv – tantiq, kamfahm ayol, qutaytmaydi – oʻngdirmaydi, sogʻ qoldirmaydi, quntuyup – oʻrindiq yoki egarda haykalday qotib oʻtirish...

Ipni kurmak bogʻlab yurgan chorvador el bu soʻzni Namanganning Chortogʻida ham eshitsa albatta suyunadi. Turkmanistonning Toshovuz viloyati va Buxoroning chegara tumanlarida qum zarrasini chega deyishini bilib, oʻzlari kunda-kunora ishlatadigan “Chegaday bola”, “Chegaday joni bilan...” degan iboralar mohiyatini yanada chuqurroq anglaydi.

Zomindagi yuz (juz)larning tirtaymoq, koʻkay, gʻidirish, jomrash, tirjiq, koʻgan, napramach, sochbov, yermoy, tuyatoʻpon, chtir, kurmak, soʻlpi, katik, emchi, chagana, arna, koʻklash, paxtachiliklar kustili, chobra, qovzonmoq, gʻidirish, qoʻshrabotliklarning bejogʻim, iq, kapsan, gapchinoz, gartak, oʻshak, oya, gurtik, oracha qilmoq, minaz, savmal, qoruvli, guppimoq kabi soʻzlari respublikamizdagi oʻnlab tumanlar uchun ham enasoʻzdir. Xudorahmati adib va olim Gʻulom Karim olotliklar qulupnayni yertut, koʻrshapalakni yerqanot deyishini yozib, koʻngillarni xushnud etgan edi. Qanday chiroyli soʻzlar. Olotda ham iskabtopar chirkay, qoʻziqorin zamariq, balo domana ekan. Tilimizdagi “Domanayam yoʻq...” degan ibora mazmuni endi tushunarli boʻlgandir? Gʻulom aka maktubida yurtdoshlari selofan paketni shiqirqogʻoz, plastinkani qarta deyishini aytib oʻtgan.

Yuqorida keltirilgan soʻzlardan toʻqol, qovzanmoq, sochbov, qoruvli, guppimoq, baloq, koʻkay, biy, yezna, koʻkladi, qotmoq, bosmoq, irgʻalmoq, domana, gurda, qoʻl, qirchin, gʻujur, choʻqlamoq, oʻkcha, cher Izohli lugʻatga kirish baxtiga muyassar boʻlgan, xolos.

Qosim Muhammadjonov “Janubiy Qozogʻistondagi oʻzbek shevalari” kitobini 1967-1975-yillar mobaynida Chimkent, Turkiston, Soʻzoq hududidagi shahar, tuman, qishloqlarga qilgan safarlari asosida yozgan. Toʻplamdagi aqquva – oqroq, oqish rangli;bulk etmoq –qimirlamoq, pisand qilmoq, taʼsir qilmoq; iygilik – ezgu niyat, yaxshilik; imirsiq – yalqov, ishni sekin bajaradigan odam; ishqir – hushtak chalmoq; yavrin – yelka; yadra – yayramoq, erkin boʻlmoq; kiyit – toʻyda qarindosh va qudalarga beriladigan sarpo; kurmak, qoziqbogʻi – arqonni bogʻlash usullari; mardash – chordana qurib oʻtirmoq; siyroq – oyoq; soyloq – novcha, baland boʻyli; tixmaloq – toʻla, semiz odam; tomor – toʻnkaning ildizi; toʻngmoy – mol yogʻi; tush-tush – har tomon, har taraf; chem – belgi kabi soʻzlarni ham “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”dan topolmaysiz.

Mullatoy Begaliyevning “Oʻzbek tilining Qorabuloq shevasi leksikasi” kitobiga kirgan oʻnlab soʻz mamlakatimizning koʻpgina hududlari uchun begona emas. Qorluq va qipchoq lahjasida soʻzlovchi yurtdoshlarimiz tili oʻgʻuz lahjasiga tortadigan qorabuloqliklarning iskanani qochov, angishvonani oʻymoq, don saqlaydigan maxsus joyni xampa, jigarni bovur, lablarning birlashgan joyini ezuv, harommagʻzni yulun, qiziloʻngachni koʻmakay, toʻyda qarindosh va qudalarga beriladigan sarponi kiyit, marosim, biror tadbir yoki voqea munosabati bilan boriladigan joyni lozimada, lozimat, teshani chot, koʻrpa jildini koʻrpabeti, boshqa ariqqa suv olinadigan joyni quloq deyishini bilsa oʻrtadagi salkam ming chaqirim masofa ham bir qadamday tuyuladi.

Anvar Boʻronovning “Oltoylar” kitobida yozilishicha, Rossiya Federatsiyasining Oltoy respublikasida yashayotgan qardoshlarimiz nikoh orqali bogʻlangan erkak qarindoshlarni quda, ayol qarindoshlarni esa qudagʻay, xolaning farzandlarini boʻla, toʻyonani soun, jonliqni sogʻum, kurashda toʻy egasi qoʻygan sovrinni tabaq, jigarni bovur, boʻgʻirsoqni bovursoq, toʻnni ton, paxta va jun savashda ishlatiladigan savagʻichni sobov, ogʻizni ovuz, pastlikni tyomen, ertaga soʻzini erten deyishar ekan. Oltoylar nasroniylikka oʻtkazilgan boʻlsa ham, ularning bugungacha yashab kelayotgan ayrim urf-odat va marosimlari, shuningdek, tadqiqotchi keltirgan qisqacha oltoycha-oʻzbekcha lugʻatdagi soʻzlar Oʻzbekistondagi qoʻngʻirot, qatagʻon, saroy, yuz, doʻrmon, qirq, ming, nayman va boshqa urugʻlar urf-marosimlari va lahjasiga juda oʻxshashligiga guvoh boʻlasiz.

Boboyurt chirogʻini yoqib, turkiy soʻzlarni asrlardan-asrlarga sof olib oʻtayotgan qondoshlarga qulluq.

Surxondaryo shevalarini tadqiq qilgan Saidmuso Rahimov kitobida kasb-kor, hayot tarzining oʻzgarishi bilan gʻoyib boʻlgan soʻzlar koʻplab uchraydi. Usti loysuvoq qilinadigan uyning bomi, maydalangan qoqiga qatiqqa aralashtirilsa qoqosh, holvaytarning hay-hay, shilpildoqning toʻppa deyilishi voha yoshlariga ham erish tuyulsa kerak. Lekin afsuski, xirmon yanchishning galagov, xirmon yanchayotganda hoʻkizlarni haydash uchun ishlatiladigan tayoq gavron, hoʻkiz qoʻshib gʻalla tashiladigan gʻildiraksiz arava chigʻana, bugʻdoy poyasi sovara, hosili yigʻib olingan maydon angara, bugʻdoy elaydigan gʻalvir chigʻil ekani deyarli unut boʻldi. Nikoh toʻyi bilan bogʻliq marosimlar va ularning nomlari haqida ham shunday deyish mumkin. Masalan, idish – unashishdan keyin yuboriladigan toʻyona, qanjigʻa – nikoh toʻyiga olib boriladigan uloq shoxiga bogʻlanadigan roʻmol, shovuloq – toʻyga olib boriladigan uloq, jolaqqizartar – toʻydan oldin qoʻy soʻyib qon chiqarish, toʻqqiztoboq – kuyov yigitning oʻrtoqlariga beriladigan ziyofat, qaynata taboq – kuyovga maxsus atalgan ziyofat, qarijilik – nikoh kechasi kuyov oldiga qoʻyiladigan ilik, it irillatar, oyna koʻrsatar, kampir oʻldi, oyoqbosar, chochsiypatar – nikoh kechasi qilinadigan udumlar, jipakiluv – kelinning otasi uyiga ipak ilib kirish odati, yelakboshi – nikoh kechasi kelinning un elab koʻrsatishini zamonaviy tartib-taomillar egallab boʻldi hisob.

Men yana qiziqsinib “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni varaqladim. Xayriyat, yuqoridagi xatboshidagi soʻzlardan galagov bilan gavron bor ekan. Izohli lugʻatda toshkent toʻylarida xotinlarga patnisda ulashiladigan toʻqqiz xil narsadan iborat “toʻqqiz-toʻqqiz” va qiz unashtirishda kuyov tomondan yuborilgan dasturxonga qaytarilgan dasturxon va uni kutib olish marosimi – “idishqaytdi” haqida maʼlumot berilgan, “idish” haqida lom-mim deyilmagan. Yoki boʻlmasa, “qanjigʻa” soʻzi “Yuk va boshqa narsa bogʻlash uchun egar orqasiga mahkamlangan tasma, bogʻich yoki ilgak” deya taʼriflangan. S.Rahimov keltirgan soʻzlar izohi lugʻatimizdan muqim joy olganda edi...

Nachora, kitoblarda darj etilgan, necha ming yillik tariximiz, qadriyat va anʼanalarimiz guvohi boʻlgan soʻz va iboralarning oʻrni hozircha poygakda.

Nafsilamrini aytganda, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ga kirmagan nechta soʻz boʻlsa, ongu tafakkurimizda oʻshancha yoriq, kemtiklik bor. 80 000 dan ortiq soʻz va soʻz birikmalarini jamlagan besh jilddan iborat lugʻat shubhasiz katta boyligimiz. Lekin yuzlab qishloq, ovul, kentlar qiyofasi, urugʻ-aymoqlarning oʻziga xosligi boʻlgan yana qancha minglab soʻz oʻttiz uch million qora koʻzning yalpi mehrini kutib yashayapti.

KOSHGʻARIYDAN QOLGAN MEROS KIMNIKI?!

Mahmud Koshgʻariyning 30 dan ortiq turkiy xalqlar va urugʻlarning lahjalarini oʻzida jamlagan “Devonu lugʻoti-t-turk” kitobi 1070-yilda yozilgan. Koshgʻariy devoni turkiy soʻzlar “metrka”si. Buyuk tilchi tilga olgan “Yetiken” – yetti qaroqchi haqidagi maʼlumotni oʻqib, bolaligimizda uxlamay osmonga termulib yotgan kechalarda Bibisuluv momom oʻrgatgan tez aytish yodimga tushdi:

“Jetagan jeti yulduz,

Temir qoziq bir yulduz.

Oq, boʻz ot ikki yulduz,

Yetti aytmoq savobmish”.

“Devon”da “qoq” soʻzi “yomgʻir va sel suvidan paydo boʻlgan koʻlmak” deyilgan. Dashtliklar tilidagi bu qadimiy soʻz ustoz nosirlarimiz tufayli adabiy asarlarga koʻchdi, ammo Izohli lugʻatga koʻchmadi. Bu mijgʻovlikni Koshgʻariy bobo koʻrganda, “E-e, suf senlarga qoqvoshlar!..” deya yuz oʻgirgan boʻlardi.

“Devonu lugʻoti-t-turk”da “yulun” soʻzi boʻyin soʻngagi ichidagi oq ilik, harom magʻiz deb tushuntirilgan. “Toriqdi” soʻziga esa toraydi, deb taʼrif berilgan. Haqrost, bugun ayrim joylarda saqlanib qolgan bu soʻz yurakning bezovtaligi, ichi torlikni bildiradi. Mahmud Koshgʻariy tilimizda keng ishlatiladigan bunda, shu yerda soʻzlarining muqobili “munda”ni aytib oʻtadi. Ming yillik bu soʻz ayrim viloyatlarda hamon isteʼmolda ekani koʻngilga surur bagʻishlaydi. “Devon”da “ushaq” – chaqimchilik, “ushaq soʻz” – mayda va tuhmat soʻz deya taʼriflangan. Xalqimiz gʻiybat gapni “oʻshak”, uni tarqatuvchini “oʻshakchi” deydi. Bugun tilimizdagi tagcharm maʼnosini bildiruvchi “ulton” soʻzini Koshgʻariy “uldang” deydi va quyidagi maqolni keltiradi: “Itga uvut yetsa ulton yemas – Itga uyat kelsa tagcharm gʻajimaydi”.

Darvoqe, “uvut” – uyat haqida. Bolaligimizda bobo-momolar nojoʻya ish qilsak “He, uvutsiz!..” deganini koʻp eshitganman. “Devon”da kelgan “olqindi”, “angdidi” soʻzlari bugun ham asl – tamom boʻldi, tugadi; poyladi, kuzatdi maʼnosida ishlatilmoqda. Yoki boʻlmasa, “inek buzagʻuladi” – sigir tugʻdi degan gap. Ming yil burun qanday aytilgan boʻlsa aslo oʻzgargan emas. “Devon”dagi “yamrashdi” – aralashdi soʻzini oling. “Qoʻzi yamrashdi – qoʻzilar onalari bilan aralashishdi” deya misol keltiradi muallif. “Yamrashmoq” – jomrab qolmoq, yaʼni “jam boʻlish, xursand boʻlish” maʼnosida ishlatiladigan bu soʻz bugun ham nutqimizni bezab turibdi. Yana bir misol. Momolarimiz suvga “choptirgan” itni koʻrsa “He-ye, ado boʻlgur. Suvga soridi...” der edi. “Devonu lugʻoti-t-turk”ni oʻqib momolarim tilini tushundim. “Devon”da “seredi” soʻzining birinchi maʼnosi bulgʻash, siyish, ikkinchi maʼnosi esa namatni zich qilib, pishiqlab tikish deyilgan. Soʻzning har ikki maʼnosini ham bugungi yoshlar bilsa, demak xavotirga oʻrin yoʻq. Aks holda...

“Devonu lugʻoti-t-turk”da “oʻgrimlandi” soʻziga “gir aylandi, oʻralib oqdi” degan taʼrif berilgan. “Devon” tarjimoni va nashrga tayyorlovchi Solihqori Mutallibovning yozishicha, Alisher Navoiy ham bu soʻzni “egrim” shaklida qoʻllagan ekan. Biz tomonda girdobni haliyam “iyrim” deyishadi.

Mahmud Koshgʻariy “qoʻl” soʻzining maʼnolarini aytib, togʻdan pastga tushgan qiyalik deb yozadi. Demak, “qoʻl” soʻzi “soylik”, “soy”, “dara” maʼnolarini ham anglatar ekan. Shundan soʻng qishlogʻimiz ustidagi “Bozorqoʻl”, Tizinakotaning pastidagi “Qorongʻiqoʻl” qishlogʻining maʼnosini bildim. Keksalarning aytishicha, Takati qirlaridan pastda joylashgan Bozorqoʻlda bundan bir asr burun bozor boʻlgan ekan. Bu manzilning qadimiyligiga yana bir dalil, u yerda koʻplab koʻhna qabrlarning izi bor.

Koshgʻariydan buyon necha davrlar oʻtdi, saltanatlar sovurildi. Xon-hoqonlar xoki turobga aylandi. Qasrlardan qilcha ham nishon qolmadi, ammo qorakoʻz, koʻngli oq xalqning boʻgʻzidan choʻgʻday otilgan kalom shu kunlarda ham yashnab turibdi. “Devonu lugʻoti-t-turk” yaratilganidan toʻrt yuz oʻttiz yil oʻtib nufuzini boy bergan turkiy til istiqboli Alisher Navoiyni qaygʻuga soladi. “Muhokamatul lugʻatayn” ana shu dard hosilasi oʻlaroq dunyoga kelgan. Hazrat “... turk shuarosikim, forsiy til bila rangin ashʼor va shirin guftor zohir qilurlar. Ammo sort ulusining arzolidin ashrofigʻacha va omiysidin donishmandigʻacha hech qaysi turk tili bila takallum qila olmaslar va takallum qilgʻonning maʼnisin ham bilmaslar” deya mutaassir boʻladi. Navoiy turkiyda soʻzlarning koʻpmaʼnoli ekanini oʻnlab kalima misolida koʻrsatib oʻtgan. Navoiydan toʻrt yuz yigirma yil keyin Abdurauf Fitrat ichki bir dard bilan tilimizni asraylik, deya qator maqola va tadqiqotlar bitdi. Professor Fitrat ham tilning boyligi u tildagi soʻzning koʻpligi, soʻz yasalishi va til grammatik qoidalarining mukammaligida deb taʼkidlaydi. “Muhokamatul lugʻatayn” haqida gapirib, “Navoyining kitobi turkchaning boyligʻini ochibgʻina bildira olmasa ham, turkchada soʻz koʻbligini u yaxshi biladir” deydi.

Navoiy va Fitrat soʻzi koʻp tilni boy va goʻzal degan ekan, xoʻsh, biz-chi? Tilga munosabat bobida mezonlarimiz oʻsha-oʻshami yoki...

Endi shu haqda gaplashsak.

Biz katta bir xalq oʻlaroq yuz yilda Izohli lugʻatimizni ikki marta – 1981, 2006-yillarda nashr etdik. “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalining 1972-yil 6-sonida Zokir Maʼrufov, Gennadiy Mixaylovning “Oʻzbek sovet leksikografiyasi” degan maqolasi chop etilgan. Unda shunday bir xatboshi bor.

Koʻchirma:

“Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining lugʻat sektori xodimlari SSSR tashkil etilgan kunning 50 yilligi nishonlanayotgan shonli yubiley kunlarida oʻzining 10 yildan ortiq qilgan samarali mehnatini yakunladi – oʻzbek xalqi tarixida birinchi “Oʻzbek tili izohli lugʻati” ustida olib borayotgan ishini nihoyasiga yetkazdi. Hayot oʻzbek tili leksik boyligin jamlab koʻrsatadigan, oʻzbek tilidagi soʻzlarning maʼno nozikliklarini ochib beradigan, tilimizning boy frazeologiyasini, maqol, matal va idiomatik iboralarini keng namoyish qiladigan, oʻzbek adabiy tili normalarini belgilab beradigan tilimizning izohli lugʻati boʻlishligini taqozo qilar edi. Ana shunday lugʻat yaratildi”.

“Oʻzbek tili izohli lugʻati”ining tayyor boʻlgandan keyin ham salkam oʻn yil nashr etilmasdan qolib ketganiyu, yuqoridagi xatboshining tahrirtalabligiga toʻxtalsak, fikrdan chalgʻiymiz. Izohli lugʻatimizning ilkinchi bosmasida 60 ming soʻz boʻlsa, ikkinchi nashrda bu miqdor 80 ming deb koʻrsatilgan. Dastlabki nashr soʻzboshisida ushbu izohli lugʻat qirq ming soʻzlik “Oʻzbekcha-ruscha lugʻat” asosida shakllantirilgani taʼkidlanadi. Nazarimda, adashish xuddi mana shu nuqtadan boshlangan. Yaʼni lugʻatning chegaralari va manbalari xato tanlangan. Tuzuvchilar shu kabi mulohazalarga oldindan javob tayyorlab qoʻygan. Soʻzboshida oʻqiymiz.

Koʻchirma:

“Biroq bu tipdagi lugʻatlarni tuzish juda katta kollektivning yoki bir necha avlodning mehnatini talab qiladigan uzoq yillik ogʻir ishdir. Bunga rus tilining thesaurus (xazina) gʻoyasiga asoslangan va nihoyasiga yetkazilmay qolgan “Slovar russkogo yazыka” nomli akademik lugʻati (1891-1907) tajribasi misol boʻla oladi”.

Xullas, oʻzbek tili shu tariqa turli tarixiy davrlarga boʻlib yuboriladi. Bir xato ikkinchi bir xatoni yetaklab keladi.

Koʻchirma:

“Oʻzbek tilining ushbu Izohli lugʻati keng xronologik doirada oʻzbek tilining barcha soʻz boyligini emas, balki Ulugʻ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasidan keyingi davrda chinakam rivoj topgan hozirgi zamon oʻzbek tilining keng isteʼmoldagi soʻz boyligini toʻplash va tavsiflash vazifasini qoʻyadi”.

Lugʻatning 2006-yildagi nashriga yozilgan soʻzboshida “Oʻzbek tilining ushbu izohli lugʻati keng xronologik doirada oʻzbek tilining butun soʻz boyligini emas, balki hozirgi zamon oʻzbek tilining keng isteʼmoldagi soʻz boyligini toʻplash va tavsiflashni oʻziga maqsad qilib qoʻyadi” deyilgan. Menimcha, maqsadning notoʻgʻriligi eski uslubni tanlashga majbur qilgan. Toʻgʻri, bitta farq bor – “Ulugʻ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasi” degan soʻzlar tushirib qoldirilgan.

Ming-ming yillik tariximiz bor, tilimiz va madaniyatimiz boy deb koʻkrakka uramiz, ammo “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning “Ye” harfida 122 ta soʻz berilgan. “Yo”, “J”, “Z” “Ya”, “Oʻ”, “Gʻ” harfiga topilgan soʻzlarning bori shumi? “F” harfi asosan xorijiy soʻzlar hisobiga shakllanganini qanday izohlash mumkin?!

Muhtaram tilchilarimiz muqovasi qon rangida ishlangan ilk Izohli lugʻatni Hamza Hakimzoda Niyoziydan boshlamasdan, koʻzday qoʻshni – Tojikiston tilshunoslari tayyorlagan, 1969-yilda Moskvada bosilgan “Farhangi zaboni tojiki” kitobidan andaza olsa boʻlmasmi edi? Bizda ona tilimiz lugʻati ham “1917-yilgi buyuk inqilob” beshigidan tushgan.

Men bir jurnalist sifatida tojik tilining X asrdan XX asrning boshigacha boʻlgan davrini qamrab olgan 45.000 soʻzlik “Farhang”ni bir qur varaqladim. Hamsoya tilchilarga tan. Adabiyot, sanʼat, maʼnaviyat va madaniyatni saqlab qolish va kelajak avlodlarga oʻtkazishning toʻgʻri va oqilona yechimini topgan. Yashil tusli “Farhang” muqovasidan tortib har bir soʻz kirill va arab imlosida berilgan. Tojik tilchilari bir oʻq bilan ikki quyonni urgan. Oʻquvchi koʻzini soʻzning asl yozilishi – nastaʼliqqa, demakki, katta bir maʼnaviy xazina bitilgan arab alifbosiga oʻrgatgan. Ana shuning taʼsiri boʻlsa kerak, tojik ziyolilari orasida fors adabiyoti namunalarini yaxshi biladigan, tahlil qila oladiganlar koʻp. Shu haqda gap ketsa, hamkasbim, shoir Alisher Narzullaning “Xoʻjand oʻzbek va tojik filologiyasi fakultetida oʻqib yurganimizda biz oʻzbekcha saboq oladigan talabalar Rauf Parfi, Shavkat Rahmondan sheʼr oʻqisak, tojik filologiyasidagi doʻstlarimiz Saʼdiy, Hofizdan baytlar aytib, aruz va sheʼriy sanʼatlardan bahs qilib ketardi...” degan gapi yodimga tushadi.

Mana sizga lugʻatning chin maʼnoda oltin koʻprikligi!

Bu anʼana bizda ham bor edi. P.Shamsiyev, S.Ibrohimov tayyorlagan, akademik shoir Gʻafur Gʻulom tahriri ostida 1953-yilda chop qilingan “Oʻzbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lugʻat”da har bir soʻz asl holati – arabiy bitik ila koʻrsatib oʻtilgan edi. Bu usul Alisher Navoiy asarlarining oʻn besh tomligiga ilova sifatida 1972-yilda nashr etilgan “Navoiy asarlari lugʻati”da ham qoʻllanilgan. Taassufki, 1983-yilda chop qilingan toʻrt jildlik “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati”da voz kechilgan. Shu oʻrinda bir gap: “Navoiy asarlari lugʻati”ning 1972-yildagi nashri muqaddimasida Navoiy tavalludining 500-yilligi munosabati bilan shoir ijodining til xususiyatlari oʻrganila boshlagani, mukammal izohli lugʻat tuzishga kirishilgani aytiladi. Ilmiy guruh boshliqlaridan Sobirjon Ibrohimovning (Alloh rahmat qilsin!) taʼkidicha, ishchi guruh “Chil hadis”, “Nazmul javohir” va “Devoni Foniy”dan boshqa hamma asarlarini qarab chiqib, tanlab olish yoʻli bilan 200.000 ga yaqin soʻzni va shu soʻz ishlatilgan baytlarni kartochkalarga koʻchirib chiqadi. Ushbu bemisl xazina soʻz mulkining sultoni salaflari – Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy tilidan yiroq ketmaganini, Movarounnahr va Xurosondagi oʻnlab turkiy urugʻlar lahjalaridagi soʻzlardan keng istifoda etganini tasdiqlaydi. “Devon ul lugʻoti-t-turk”ni nashrga tayyorlagan S.Mutallibov Koshgʻariy keltirgan soʻzlarni Navoiy qanday ishlatganini qayd etib oʻtadi. Adabiyotshunos Ergash Umarov “Guliston” jurnalining 1991-yil 12 sonida chop etilgan “Dashtlardadur Majnun izlari” maqolasida “Layli va Majnun” dostonida Surxondaryo, Qashqadaryo tabiati, urf-odati, soʻzlari aks etganini dalillaydi.

Ulugʻ mutafakkir asarlarining nisbatan mukammal lugʻati 2013-yilda Ergash Fozilov tomonidan nashr etildi. Noshirlarning eʼtiborsizligidan kitobni oʻqish bir mashaqqat boʻlsa, juda kam nusxada chiqqanini koʻrib, “E, rostdanam bu lugʻat degani olimdan boshqa hech kimga kerak emas ekan-da”, deyishingiz aniq. Xulosa chiqarishga shoshilmang. Lugʻat qadrlangan davlatlar va davrlar hamisha boʻlgan. 1945-yil Turkiyada 15.000 soʻzdan iborat “Turkcha soʻzlik” ilk bor nashr etiladi va bu anʼana tusini olib, har besh-oʻn yilda toʻldirilgan holda bosilmoqda. Soʻzlikning 1998-yildagi toʻqqizinchi nashri 75.000 ga yaqin soʻzni oʻzida jamlagan boʻlsa, “Turk Til Kurumi” shafeligidagi 2011-yilgi oʻn birinchi nashrida esa 111 mingdan ziyod soʻzga izoh berilgan. Rus tilchilari ham muntazam yangilanib, boyib boradigan jarayonga aslo befarq qarayotgani yoʻq. 2004-yilda nashr etilgan koʻp jildli “Bolshoy akademicheskiy slovar russkogo yazыka” kitobiningsoʻzboshisida lugʻat 150.000dan ziyod soʻzni qamrab olgani taʼkidlangan. Lugʻat tuzuvchilar bugungi rus oʻquvchisi Pushkin ijodidan boxabar boʻlishi uchun soʻzlarni buyuk shoir davridan boshlab tergan. Yana bir dalil. Mumtoz adabiyot muhiblari qoʻldan qoʻymaydigan bir manba bor. Bu – “Gʻiyos-ul-lugʻot”. Navoiydan uch yuz yil keyin yashab oʻtgan Muhammad Gʻiyosuddin oʻn toʻrt yil zahmat chekib, nihoyat 1827-yilda yakunlagan mazkur lugʻatda oʻn yetti yarim mingdan ziyodroq soʻz bor. Dushanbedagi “Adib” nashriyoti ushbu uch jildlik lugʻatni 1987-yilda 15.000 nusxada chop etgan.

1991-yilda Anqarada nashr etilgan ikki jildlik “Turk lahjalari soʻzligi”da turkiya turkchasida eng koʻp qoʻllaniladigan 7000 ta soʻzning ozarbayjon, boshqird, qozoq, qirgʻiz, oʻzbek, tatar, turkman, uygʻur, turkcha va ruschada aytilishi solishtirilgan. Tavba, nega bizda shunday lugʻat yoʻq. Axir bu kabi soʻzliklar yaqin-yiroq turkiylarni jipslashtirishdan tashqari, unutilgan tarixni tiklaydi-ku!

Xulosa shu: Hukumat rahbarligida “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni mutlaqo yangicha mezonlar asosida tuzish lozim. U haqiqiy maʼnoda ona tilimizning boyligini namoyon etolsin. Yangi lugʻat Mahmud Koshgʻariy zamonidan bizning kunlargacha boʻlgan davrni toʻla qamrab olishi shart. U uch manbaga – “Devonu lugʻoti-t-turk”, E.Fozilov tuzgan “Alisher Navoiy asarlari lugʻati” va tamomila qayta tayyorlanadigan “Oʻzbek xalq shevalari lugʻati”ga asoslanishi kerak. Bu ulkan va murakkab ishni birgina Til va adabiyot instituti zimmasiga yuklash toʻgʻri emas. Respublikamizda salkam oʻn mingta maktab, har bir maktabda ikki-uch nafardan ona tili va adabiyot muallimi bor. Xalq taʼlimi vazirligi juda koʻp tashabbus koʻrsatib kelayotganini bilamiz. Vazirlik bu gal “Har bir oʻzbek maktabidagi tilchilar oʻz qishlogʻi, mahalla va ovuliga xos soʻzlarni yigʻsin” deya tashabbus bilan chiqsa. Bu tashabbusni respublikamizning deyarli har bir viloyatida ochilgan ijod maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilari ham qoʻllab-quvvatlasa...

Bugungi olatasir zamonda – globallashuv dunyoni oʻrgimchak toʻriday oʻrab olgan bir davrda qudratli maʼnaviy qalqon va yarogʻimiz shu boʻladi.

Mazkur maqolaning toʻliq qismini

“Maʼnaviy hayot” jurnalining 3-sonida oʻqishingiz mumkin.

Olim TOSHBOYEV,

filologiya fanlari nomzodi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist


1 722
O'zA