O‘zA O`zbek

21.02.2019 Chop etish versiyasi

Til – inson tirikligi ifodasi

Til – inson tirikligi ifodasi

21 fevral – Xalqaro ona tili kuni

Mazkur sana YUNЕSKO tomonidan 2000 yildan buyon xalqaro miqyosda keng nishonlanib kelinmoqda.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.

Unda mamlakatimizda akkreditatsiya qilingan qator davlatlar elchixonalarining rahbarlari, yurtimizda faoliyat olib borayotgan turli madaniy markazlar raislari va faollari, vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida milliy madaniy markazlar tomonidan xalq amaliy sanʼati, milliy liboslar, turli millat tillarida chop etilgan kitoblar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

21 fevral – Xalqaro ona tili bayrami sifatida nishonlanar ekan, bu bayram munosabati bilan har bir insonning oʻz Vatani va oʻz tiliga boʻlgan muhabbati, unga boʻlgan ehtiromi, qadrlash tuygʻulari yangilanadi. 

Adabiy-badiiy kechada yurtimizdagi bir nechta davlatlar elchixonalari rahbarlari soʻzga chiqdi.

Maʼlumki, tillar insoniyatning moddiy va maʼnaviy merosini asrashning eng kuchli vositasi hisoblanadi. YUNЕSKOning maʼlumotlariga koʻra, dunyoda mavjud boʻlgan qariyb 6 mingta tilning yarmi batamom yoʻq boʻlib ketish xavfi bor. Shuning uchun ham tillarning keng tarqalishiga qaratilgan barcha saʼy-harakatlar nafaqat tillarning turli xilligi va koʻp tillilikning shakllanishi, butun dunyo boʻylab til hamda madaniy anʼanalar bilan toʻlaroq tanishishga, balki oʻzaro tushunishga, chidamlilik va muloqotga asoslangan birdamlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tillar insoniyat ijodiyotini, uning barcha xilma-xilligini ifoda etadi. Oʻzaro muloqot, tushunish va fikrlash vositasi sifatida oʻtmish, bugungi kun va kelajak oʻrtasidagi bogʻliqlikni aks ettiradi.

Adabiy-badiiy kechada milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan dastur havola etildi. Unda oʻzbek, ozarbayjon, boshqird, rus, ukrain, polyak va boshqa tillarda sheʼrlar oʻqildi, qoʻshiqlar ijro etildi.

2 550
Xurshid Qodirov, OʻzA