O‘zA O`zbek

16.04.2019 11:01 Chop etish versiyasi

Til – el – fe’l

Til – el – fe’l


“Davlat tili haqida” qonuni kuchga kirgan sanani o‘tkazib olganimizga ham yarim yil to‘lmoqda. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunlarni ham bayram qilib bo‘ldik. To‘g‘ri, ilgarigi “til o‘n kunliklar”iga solishtirganda, endigisi nisbatan tanqidiy, bor holatdan qoniqmaslik kayfiyatida o‘tdi. O‘n beshinchi asrda (!) o‘zbek tili va adabiyoti uchun kurashgan, umrini bergan buyuk va jonkuyar bobomiz, o‘n oltinchi asrda (!) tarix, til, adabiyot, urf-odatlar, geografiya, zoologiya, botanikaga oid qimmatli ma’lumotlarni qamrab olgan “Boburnoma”ni o‘zbek tilida yaratgan ulug‘ va jafokash ajdodimizning hurmatiyu xizmatlari odatdagidek o‘z o‘rniga qo‘yildi. Eng asosiysi – o‘tdi-ketdi. Kelasi – o‘ttiz va besh yuz yetmish to‘qqiz, besh yuz o‘ttiz yetti yilliklargacha xudo poshsho...

Vaqt cheksiz, umr esa yeldek ekan: o‘zbek tiliga davlat maqomini berish bilan bog‘liq qaynoq va o‘ynoq jarayon kechgan paytlar xuddi o‘tgan kuni yuz bergandek. Umuman mustaqillik uchun kurash, xususan, o‘zbek tilining qadr-qimmatini tiklash yo‘lidagi siyosiy jo‘shqinlik va ijtimoiy ko‘tarinkilik bosqichiga biz ham ilinib qolganimizdan g‘ururlanamiz. Ota va o‘z kasbimiz – tarixchi olimligimizni ko‘zda tutsak, baxtiyormiz, desak ham arziydi. Negaki mutaxassis sifatida davlat mustaqilligimizni tiklash uchun olishuv tarixini o‘rganish, tekshirish, tegishli to‘xtamlarga kelish uchun jonli guvoh bo‘lganing, keyinchalik o‘zing yashamagan va bilmagan davr haqida arxiv va boshqa hujjatlar, xotiralar, o‘zgalar yozgani orqali tasavvur orttirgandan qimmatli va totliroqdir, albatta.

Esda turganlari ko‘p, biroq biriga, o‘ylashimizcha, eng bosh to‘xtamimiz uchun negiz bo‘loladiganiga urg‘u bersak. Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida bilik dengiziga sho‘ng‘ib yurgan kezlarimiz. Barchaning sinchkov ko‘zlari, ziyrak quloqlarini o‘ziga tortib turgan, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish mavzusi ushbu dargoh katta o‘tog‘ida ham qizg‘in muhokama etildi. So‘z olib, to‘planganlarni quyidagilarga ishontirishga chog‘landik: hammamiz kundalik ish yuritishda o‘zbek tilini qo‘llashni istab kelganmiz, kelinglar, ertadan boshlab har birimiz o‘z ish yerimizda shu xohishimizni bajarishga kirishaylik, qonun bu majburlov degani-ku, bu bilan biz o‘zimizning kuchsizligimizni ko‘rsatib qo‘ymayapmizmi, niyatimizni ro‘yobga chiqarish uchun bizga albatta qonun lozimmi?

Mazkur chiqish e’tirozlar uyg‘otgani ham, biz o‘z fikrimizda qolganimiz ham tabiiy. Yig‘ilish tugagach, o‘rta yoshlardagi bir adib oldimizga kelib, Azamatjon, uka, siz ming bora haqsiz, aslida shunday bo‘lishi kerak, biroq til bilan bog‘liq muammolar shu qadar maddalab ketganki, ularni yechish uchun biz avvalo til kemamizni u uzoq yillar bog‘lanib qolgan bandargohdan olib chiqib ketishimiz darkor, buning uchun esa qonun kerak, so‘zlari xotirimizga tamg‘alanib qolgan...Necha yillar o‘tdi, til bilan bog‘liq nelarni ko‘rmadik, eshitmadik, lekin har gal, ismlari hozir esimizda yo‘q, ammo yuz ko‘rinishlari hanuz ko‘z o‘ngimizda o‘sha ziyolining mazkur so‘zlari yodga tushaveradi (ul zotni keyinchalik bir-ikki marta 1993 yil boshlarida “Ipak yo‘li” gazetasi tahririyatida ko‘rdik: o‘zbek davlatchiligi tarixi bo‘yicha yozilgan, “Adabiyot va san’at”da chiqolmagan birinchi katta maqolamizni ayni shu gazeta bosgan, avval taxallus, so‘ng rasmiy ot va familiyaga aylangan “Azamat Ziyo” ularning taklifi, aniqrog‘i, mualliflarimiz familiyasini sho‘rodan qolgan -ov, -yev, -yov “bosmachi” qo‘shimchalarsiz beramiz talabi bilan tug‘ilgan).

O‘shanda qanchalar go‘l bo‘lganimizdan bugun kulgimiz qistaydi. Vaqt o‘tgan sayin adibning haqligiga imon keltiraverish barobarida masala mohiyatini yanada chuqurroq anglagandek bo‘laveramiz. Maddalab emas, chirib ketgan ekan, degan xulosagacha boramiz. O‘zi o‘shanda bandargohdan sal bo‘lsa-da siljidikmi yoki bir oz bo‘shashtirilgan temir zanjirdan tug‘ilgan “erkin suzish” yasama tuyg‘usi bilan yashay boshladikmi, savollari ham qiynaydi. Ba’zan “qo‘rqinchli” o‘yga ham boramiz: “Davlat tili haqida”gi qonun bilan bog‘liq hamma mashmashalar va uning “kuchga kirishi” shunchaki bir siyosat bo‘lmaganmikan? Hokimiyat uchun kurashayotgan tomonlar qo‘lida bir ol bayroq vazifasini o‘taganmikan-qo‘yganmikan? Imperiya kaltaklaridan yuragini oldirib qo‘ygan ziyolilarning esa bundan boshqasiga tishi o‘tmaganidanmikan? O‘zi shu qonun chindan ham kerak bo‘lganmi, davlat va jamiyatda unga tabiiy yoki aqliy ehtiyoj bormidi o‘zi?

Bu kabi ikkilanishlarimiz bejiz emas. Ularga turtki oradagi deyarli o‘ttiz yil – bir yigit umrilik bosqich kuzatuvi va anglovidir...

Til shaxs va jamiyat salohiyati hamda madaniyati saviyasining o‘ziga xos belgisidir. Uning vositasida mazkur daraja sifatini bilib olish mumkin. Chunki shaxs va jamiyat aynan til orqali axborot yaratadi, uni hazm qiladi, uzatadi, qabul qiladi. Ushbu jarayon uzluksiz qaytarilib, aylanib turaveradi. Biz tilga so‘zlashish narsasi sifatidagina munosabatda bo‘lib qolganimiz uchun bunga e’tibor bermaymiz. Holbuki, hayvonot olamida ham tovushlar orqali axborot almashish bor: sayrash, irillash, o‘kirish, uvillash, qichqirish va boshqalar. Bu ularning yashash uchun kurash qonuniyati doirasidagi tug‘ma urinishlaridir. Mazkur xususiyat insonda ham bor: kuchsizlik va kuchlilik, tushkunlik va quvonch, rozilik va e’tirozning barcha ko‘rinishlaridagi ifodalar: yig‘lash, ingillash, dodlash, baqirish, o‘kirish, chiyillash, xo‘rsinish, uh tortish, kulish, qah-qah urish, hayqirish, hushtak chalish, tomoq qirish, yasama yo‘talish, himmlash, eylash va boshqalar. Qizig‘i, ko‘rish va eshitishdek hodisalarni ilmiy jihatdan tushuntirib berishga qodir zamonaviy fan tilning kelib chiqishini haligacha asoslab berolgani yo‘q. Demak, tilda qandaydir sir bor va bu insonning o‘zi bilan bog‘liq, deb o‘ylaymiz.

Eng eski zamonlar tarixchisi yunonlik Herodotning hikoya qilishicha, Doroning taslim bo‘lish haqidagi talabiga javoban skiflar hukmdori unga qush, sichqon, qurbaqa va beshta o‘q yuborganida, bosqinchi buni o‘z foydasiga yo‘ygan ekan: qush osmonda uchishi, sichqon yerda, qurbaqa esa suvda yashashidan kelib chiqilsa, ular gapimga kirib, o‘z yer-suv va osmonlari – yurtlarini qurol-aslahalari bilan menga topshirishga rozi bo‘libdilar-da. Biroq uning dono maslahatchisi mazkur belgilarni o‘zgacha talqin qilgan: agar qush osmon uzra, sichqon yer ostida, qurbaqa botqoq-suv ichra jon saqlaganlaridek ish tutmasangiz, bizning o‘qlarimizdan qutila olmaysizlar. Bir oz mulohazadan so‘ng nadimi haqligini anglagan forslik zo‘ravon chekinishga buyruq bergan va shu tariqa o‘zi hamda qo‘shinini fojiadan asrab qolgan ekan.

Bu qissadan ilmiy hissa quyidagicha: jonli moddaning bosh xususiyati bo‘lmish irsiyat axboroti negizida yashaydigan vujudlarning eng sarasi – aqllisi insonning o‘ziga o‘xshaganlar bilan muomalada ham axborot almashuvi omili bor (so‘nggi ilmiy izlanishlar tilning tug‘ilishini 7-xromosomadagi FOXP2 irsiyat birligida yuz bergan ikki izchil o‘zgarishga taqayotgani ham bejiz emas). Ya’ni, nima bo‘lganda ham, mohiyat ichki va tashqi axborot tashilishi bilan bog‘liqligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Besh-olti ming yil burun Misrda qo‘llangan ilk yozuv rasmli deb ta’riflangani ham bejiz emas. Zero u tabiat va jamiyat hayotiga doir borliqlarni (kishilar, hayvonlar, qushlar, mehnat qurollari va boshqalarni) ifodalagan. Bir so‘z bilan aytganda esa, belgilari rasmli yozuv!

Herodot rivoyatidagi qush, sichqon, qurbaqa va beshta o‘q ham aslida ma’no-muddaoni belgilar orqali yetkazish bo‘lgani shubhasizdir. Keyingi mingyilliklar ichida bu boradagi belgilar tizimi rivojlanib-takomillashib borib hozirgi alifbo darajasigacha yetib kelgan. Demak, belgi-yozuv tilning asosiy ko‘rinishlaridan biri, xolos. Eng muhimi esa, tilning kishilar o‘rtasidagi muomala jarayonida bir-birovini tushunish, anglash layoqati ekanligidadir. Mazkur haqiqat necha ming yillar burungi turmushda ham ahamiyatli bo‘lganini Doro va uning maslahatchisi misolida ko‘rdik: skiflarning maqsadi va rejasini ular yuborgan belgilar orqali aniq anglagan maslahatchisi bo‘lmaganida, skiflarning belgilar ortidagi rejasi mazmunini uqolmagan hukmdorning holi voy bo‘lishi turgan gap edi. Bundan chiqdi, til shunchaki bir ko‘rish (yozuv) yoki eshitish (og‘zaki so‘zlashuv) vositasi emas, balki anglash jarayoni ekan. Anglash esa bilim, tafakkur, tajribadan oziqlanadi va ularni oziqlantiradi. O‘rtada bog‘lovchilik layoqatini esa til bajarib beradi. Ya’ni – ko‘prik! Uning mustahkamligi o‘ziga emas, bir-birisiz yasholmaydigan va bilim, tafakkur, tajribadan iborat ikki qirg‘oqning sifati hamda salohiyatiga uzviydir. Binobarin, til, xususan, o‘zbek tili haqidagi o‘ylar, izlanishlar mohiyat e’tibori bilan milliy bilim, tafakkur va tajribamizning sifat hamda salohiyati to‘g‘risidadir!

O‘zbek tiliga davlat maqomining berilishi chindan ham ulug‘ va tarixiy voqea bo‘lgandi. Aniqrog‘i, bo‘lishi kerak edi. Zero, 2700 yilllik milliy davlatchilik taraqqiyotimiz ichida millat va davlat tili masalasini uyg‘unlikda ko‘rib chiqib, bir to‘xtamga kelishga hech qachon shunday tarzda –ommaviy jo‘shqinlik va siyosiy iroda bilan kirishilmagandi. O‘tmishimizda o‘zbek tili ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy turmushning barcha yo‘nalishlarini tegishli, yozilgan va yozilmagan qoidalar asosida qamrab olgan rosmana davlat tili sifatida tan olingan, shu tariqa uzluksiz yashab va rivojlanib kelgan bosqich yo‘q, bo‘lmagan! Davlatimizga Temurbek va avlodlari – temuriylar yetakchilik qilgan, chindan ham g‘ururlanishga arzigulik ilg‘or davrda ham o‘zbek tili to‘laqonli davlat tili maqomiga ega emasdi. Keyingi asrlarda ham ahvol o‘zgarmadi hisob. Abdulla Qodiriyning mana bu tarixiy-adabiy guvohligi o‘zbek tilining so‘nggi xonliklar misolidagi rasmiy taraqqiyot yo‘lidagi ayrim jonlanishlarining sifatiga yaxshigina ishora bo‘loladi, deb ishonamiz: “Xudoyor muhr bosish asnosi yozilg‘an yorlig‘ va nomalarni o‘qutib eshitar, munshiylarning eshitilmagan arab va fors so‘zlari orqaliq to‘qug‘an yarim turkiy jumlalariga aksar vaqt tushunmas: “Enalaring arapqa tekkanmi?” deb mirzo, muftilarni koyir edi. Ammo, Anvarning yozg‘an har bir jumlasini musiqiy kabi rohatlanib, tushunib tinglar va “shu bala barilaring‘dan ham o‘qug‘anraq chiqar!” deb, boshqa mirzolarning yuragiga o‘t yoqar edi”.

Rossiya imperiyasi iskanjasiga tushgandan keyingi har tomonlama zulm hukmronligi sharoitida esa davlat tili u yoqda tursin, adabiy tilni saqlab qolishning o‘zi jasoratdan ko‘ra omadga bog‘liq bo‘lib qolgani ham sir emas.

Demak, 1989 yili o‘zbek tiliga davlat maqomini berish, xususan, uning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy turmushimizning barcha asosiy yo‘nalishlarida qo‘llash yo‘sinlarining qonuniylashtirilgani tarixiy nuqtai nazardan chindan ham ulug‘lash va tan olishga arzigulik voqea bo‘lgandi. Biroq, doim bo‘lganidek, salkam o‘ttiz yillik katta muddatni, bo‘ldi, qonun qabul qilindi, ish bitdi qabilida behuda o‘tkazib keldik. To‘g‘ri, solishtirganda, ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tili chindan ham rasmiy til bo‘ldi, lekin jonli jarayon sifatida qaddini tiklay ololgani, rivojlanayotgani yo‘q.

Til qaddini tiklashi, joni uzilmasligi uchun nima darkor? Bunga javobni milliy yetakchimizning chet yurtlardagi elchilarimiz bilan uchrashuvdagi mana bu savollariga javobdan topish mumkinligiga qattiq ishonamiz: “O‘zingiz ayting, elchi degan odam o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati, milliy qadriyatlari, vatandoshlarining dardu tashvishlarini yaqindan bilmasa, ularni yuragidan o‘tkazmasa, qanday qilib O‘zbekistonni dunyoga tanitishi mumkin... Deylik, Alisher Navoiydan, Boburdan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovdan ikki qator she’r ayta olmasa, eng yomoni, ona tilimizni mukammal bilmasa, qanday qilib haqiqiy elchi bo‘lishi mumkin?”.

Elchilarga bu kabi yuqori talablar bizda uzoq o‘tmishdan shakllanib kelgani ham sir emas. Bundan deyarli ming yil burun Yusuf Xos Hojib elchi turli-tuman fan asoslarini o‘rganishi, ayniqsa, badiiy so‘z sirlarini yaxshi o‘zlashtirishi, agar she’riyatni his etsa, tushunsa nur ustiga a’lo nur bo‘lishi, astronomiya, matematika, geometriya ilmlarini mukammal bilmog‘i, shohmot o‘yini uning fazilatini oshirishiga urg‘u bergandi.

Yuqoridagilardan xulosa yasash qiyinmas: bir tomondan, o‘zga davlat va xalqlar elchining aqliy, madaniy darajasiga qarab u mansub el-yurt haqida tegishli xulosalar yasaydilar, ikkinchi tomondan, vakili shunday salohiyatga ega davlat uchun tegishli mamlakatda ko‘zlangan muddaolarni unumli bajarish imkoni kuchayadi, kafolatlanadi. Umuman olganda esa, elchigina emas, har qanday davlat xizmatchisi keng bilim egasi, o‘z tarixi, madaniyati, xususan, tili va adabiyotining ustasi bo‘lsa, bundan yaxshisi bormi?! Bizning sharoitda esa, Prezidentimiz topib aytganlaridek, vatandoshlarining dardu tashvishlarini yaqindan bilmog‘i va ularni yuragidan o‘tkazmog‘i ham darkor! Bugun bunday tashvish – muammolarimiz yetarli ekani ham sir emas. Ikki yarim yil oldin boshlangan sifat o‘zgarishlaridan muddao ham aslida ularni bartaraf etib borishdan iboratdir. Ana shunday masalalardan biri tilimizga aloqali bo‘lib, uning ildizlari, yuqorida ishora berganimizdek, uzoq o‘tmishimizga borib taqaladi. Ya’ni bu bir yoki o‘n yillik chigal emasligi aniq, biroq aynan mustaqillik yillarida bayirlashayotganlari ham yetarlidir.

Har qanday til tizimi tovushlar, so‘zlar (so‘z boyligi), so‘z birikmalari, gaplarning tuzilish qoidalarini o‘z ichiga olishini ko‘zda tutgan holda, oldiniga tilimizning endigi borlig‘iga ko‘z tashlasak.

Teleradiokanallarimizda Urgenj, Shahrisyabz, Bahreyn, Belujiston singari talaffuzlar, yozuvlar, kundalik turmushimizda Darhon, Shohruh kabi yondashuvlar sezilarli darajada uchramoqda. Ya’ni ayrim so‘zlarda an’anaviy tovushlar, ularning orqasidan belgi-harflar yo‘qolib bormoqda. Yana bir – kishi bilmas kirib kelayotgan odat g‘arbcha atamalarni o‘sha tillar yoki rus tilidagi tovushlarga xos aytish bilan bog‘liqdir: Vàshingto‘n, Bènfika. Grizmann, pley-off misoli esa so‘z oxirida qo‘sh undoshlarni qo‘llash bilan yozishning o‘ziga xos qoidalari paydo bo‘layotganidan darakdir. Ayrim telekanallarimizda ob-havo ma’lumotlari “O !” mahsulot belgisi ostida uzatilayotganida, bir necha o‘zbekning “o‘”lashi tovush va uning belgisi – harf mutanosibligidagi aynishga yaqqol dalildir.

“TASS”ga suyanib Venesueladagi voqealar munosabati bilan xabar bergan “Kun.uz” Karabobo shtatini tilga oladi. Ispanchada Carabobo yozilib, Karabo‘bo‘ (uning so‘nggi ikki bo‘g‘ini bolalarni qo‘rqitish uchun “ana, bo‘bo‘ kelyapdi”dagi kabi jaranglaydi) o‘qiladi. Biroq ko‘pchilik uni qorbobo so‘ziga o‘xshash o‘qishdan tashqari, birinchi harfi q bo‘lsa kerak, ikkinchi a qo‘shilib qolganov, deb o‘ylashi aniq.

APL (angliyskaya premer liga), AGMK (almalыkskiy gorno-metallurgicheskiy kombinat), NGMK (navoiyskiy gorno-metallurgicheskiy kombinat) kabi qisqartmalar o‘zbek ommaviy axborot vositalaridan tashqari davlat tilidagi hujjatlarda ham qo‘llanmoqda. Olmaliq tog‘-kon kombinati qoshidagi futbol jamoasi OTKK emas, AGMK atalishining o‘zi tushunarsizligini urg‘ulagan holda, erta-indin bironta jamoa nomlanishida yunayted (united), boys (boys) aniqliklari paydo bo‘lishini bashorat qilish qiyinmas.

, Ы belgilarini qo‘llash. Mustamlaka zamonida rus va boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlarni hukmron til qoidalari nuqtai nazaridan yozishga majbur edik, deya o‘zimizni oqlashimiz mumkin. Ammo bugun-chi? Kunuzchilar avtomobilsozlik, Chunin, Fyuri, xabaruzchilar Vallabhai Patel, orinyak, «Posыltorg»ga o‘xshashlarni hech bir xijolatsiz , ы bilan beraveradilar (chunki manbalari ruscha, fikrlashlari eskicha, ammo nimagadir rigel ni rigel tarzida yozishga “jazm qilolganlar”). Abu-Dabi, Bandar-Abbos, Yil ayoli – 2018 kabilar o‘zbek tili qoidalariga teskariligiga hech kim diqqat qilmay qo‘ydi (to‘g‘risi – Abu Dabi, Bandar Abbos, 2018 yil ayoli). Qaratgich va tushum kelishiklarini qo‘llashdagi aji-bujiliklar to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Birlik va ko‘plik son shakllarini qo‘llashda bo‘y ko‘rsatayotgan muammmo ham tilga olish darajasida tez “ulg‘aymoqda”: tashqi ishlar vazirlari...muhokama qiladi, 16 ming nafar yoshlar, 2482 dona televizorlar, 100 ta maktablar, 1167 ta xonadonlar, 10 ta ko‘p qavatli uylar, 260 ta tijorat inshootlari, 200.000 so‘m pullarni, pul mablag‘lari, 100 mln dollarlik investitsiyalar, ko‘proq hujumlar uyushtirish kerak, ikki kuchlar, kichik bir majlischa va boshqalar. Vaholanki, masalan, “100 ta maktab” shundoq ham ko‘p degani-ku. “Pul mablag‘lari” odatdagidek “denejnыe sredstva”ni ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirishdandir, albatta. “Sizlar bilan afrikalik akrobatlar bo‘ldi”, “samarqandliklar...saksovul urug‘ini ekdi” kabilarga nima deysiz? “1167 ta xonadonlar” da Pushkin “tili”ni “ayblash” mumkindir (1167 kvartir), ammo “futbolchining oilasi uni qidirishni o‘z qo‘llariga oldi”, “150 ming nafar oila” uchun o‘zimizdan chiqqan “balo” – sharhlovchi, jurnalchi va ta’lim tizimimizdan o‘pkalashimiz kerak (o‘zbekchadagi “o‘z qo‘liga olmoq”ni to‘g‘ri qo‘llashni, nafar dona soni shaxsga nisbatan ishlatilishini miyasiga singdirolmaganimiz uchun).

Har qanday millat tili imkoniyatlari haqida so‘z ketganda, odatda uning so‘z boyligiga urg‘u beriladi. Har qanday boylik qo‘riqlashga muhtoj bo‘lganidek, til boyligining ham tegrasi, to‘sig‘i, qopqasiyu qo‘riqchilari bo‘lishi lozim. Teskari tarzda, u talanadi, shahar darvozasiz qolganidek holat avj oladi – nima kirib, nima chiqayotganini tekshirib, bilib, sezib bo‘lmay qoladi. O‘zbek tili bilan kechayotgan bugungi jarayonni xuddi shunday ifodalash mumkin. Uning to‘rida esa hozirda davlat va jamiyat, kishilar turmushiga ta’siri jihatidan boshqalaridan o‘zib ketgan elektron ommaviy axborot vositalaridir. Shu ma’noda, o‘zimiz kunda tanishib boradigan saytlardan biri – “Kun.uz” tarqatayotgan xabarlarda ko‘zimiz tushganlarga e’tibor beraylik: prototip, protest, sensatsiya, sindrom, bolt, platforma, schotchik, inflyatsiya, kosmos, tara, blister, anshlag, datchik, metsenat, interer, demontaj, tabel, direksiya, effekt, effektiv, teleeffekt, videoshuting, fotofiksatsiya, zayavka, estakada, eskalator, lift, shosse, tunnel, liniya, svetofor, taymer, fon, kommersiya, okkupatsiya, identifikatsiya, assotsiatsiya, optimizm, shar, shou, infrastruktura, disbalans, navigatsiya, doza, kreativ, donor, rels, boykot, anomal, anomaliya, vodoprovod, kanalizatsiya, kanalizatsion, format, tatami, pritsep, kambek, pley-off, terakt, kran, sutka, yacheyka, porsiya, defitsit, korrektor, sunami, uik-yend, postament, delegatsiya, dezinformatsiya, fond, kontingent, tendensiya, insayder, uzel (avto), layner, avialayner, kruiz, dose, posilka, psixologik, psixika, samosval, trotuar, greyder, spliter, pas, pozitsiya, mini, bunker, konditsioner, ventilator, arxitektura, arxitektor, anonim, pirojka, prichal, parom, terminal, karera, bankir, analog, monolit, elita, butik, azart, summa, pech, uchastka, massa, risk, setka, gonorar, shassi, zapravka, modifikatsiya, vizualizatsiya, reys, minimal, potensial, yenot, eksperiment, grafa, butik, prognoz, velopatrul, sektor, superkambek, intriga, marsh, doklad, debyut, snayper, sanksiya, jilet, reyting, inauguratsiya, evolyusiya, pod’ezd, anklav, meriya, mer, provinsiya, gorelka, narkotrafik, narkotik, transfer, posyolka, plitka, shayba, metallolom, makulatura, radikal, reys, gegemon, krest, pusk, keramik, transportirovka, Rojdestvo, alyans, kollektiv, epataj, tip, ofis, plyus, bum, bort, fyuzelaj, sharklet, reabilitatsiya, oborot, butsa, reaksiya, antik, zond, parkovka, illyuziya, arena, funikulyor, limit, manevr, vint, tranzit, fara, mediator, komplektatsiya, syurpriz, koalitsiya, votum, puls, pult, kvota, respekt, kupe, fiskal, xor, shok, motiv, tunel, total, rezidensiya, premium-klass, start, vizit, futbolka, kepka, atributika, evakuatsiya, agent (josus), operatsion, operatsiya, petitsiya, monetizatsiya, realizator, realizatsiya, kamin, duel, model, gastronomik, prolyot, gashish, dinamika, tonirovka, kletchatka, provakatsiya, kontekst, tormoz, gedonizm, formalizm, stajirovka, koma, shou rum, servis, kriminogen, izolyatsionizm, merkantalizm, generatsiya, raund, auksion, registratsiya, ekspluatatsiya, paradoks, filtr, unitaz, nakleyka, bazis, short-list, shabash, samosud, yaxta, ideal, monax, dizayn, trassa, kurort, veranda, balkon, terassa (to‘g‘risi – terrasa), personal, avtorizatsiya, lokal, empatiya, manyovr, etika, estetika, poker, struktura, kort, sxema, sostav, pozitiv, stress, sekund, favorit, auditoriya, rotatsiya, fakt, turnir, nominatsiya, sertifikat, aysberg, bak, forvard, turnir, massaj, shalter, kollegiya, epizod, panorama, passiv, leksikon, kotlovan, aksessuar, parfyumeriya, kolonna (qator, saf), absurd, etap, indeksatsiya, sterjen, stereotip, priyut, orientir, restavratsiya, anons, kotel (to‘g‘risi – kotyol), oktagon, tranzaksiya, kulachok, porshen, podshipnik, plyonka, dvigatel, braslet, gabarid (to‘g‘risi – gabarit), operativ, gid, nerv, landshaft, shpal, vibratsiya, semester, revansh, fenomen, xit, shlyager, proyom, shar, smena, koloniya, garaj, antikvariat, modeler, model, figurant, pavilon, shtab-kvartira, antisiklon, segment, koridor, organizm, emotsional, blok, dekorativ, xaos, konseptual, konsepsiya, prays-list, rekord, populyatsiya, brakoner, signal, signalizatsiya, bonus, sabotaj, kurator, snaryad, zaryad, trenajyor, klapan, kontur, drifting, kvartet, lider, menshn, richag, machta, konstruksiya, ryaska, kampus, kompensatsiya, kalibr, ob’ektiv, sobor, plyaj, akvamarin, aksent, aristokrat, instrument, grand, informatsion, suvenir, glushitel, normativ, izolyatsiya, konsultant, menejer, pensionerka, dekoratsiya, shablon, gibrid, ekonomika, driblyor, post (internet), order, apostil, kurtka, manyak, individual, ruletka, smog, kolonka, lezvie, uzurpator, rakurs, protokol, negativ, komponovka, bolboy, opsiya, kartina, prezentatsiya, grafik, rolik, karkas, arsenal, ekipaj, stakan, proezd, shvartovka, ajiotaj, konvoy, flagshtok, revolyusion, kilometraj, faza, profil, menyu, otsinkovka, titul, jungli, probel, metodika, ekipirovka, rigel, naves, avariya, tupik, marodyor, lava, emigratsiya, talon, ratsional, velikan, sanuzel, ultimatum, yubiley, master...

To‘rt yuz ellikdan ortiq begona so‘z! Bular ataylab emas, kutilmaganda, ko‘pincha sarlavhalarda va yo‘l-yo‘lakay ilg‘anganlaridir. Yeng shimarib kirishsak, bu ko‘rsatkich bir necha karraga oshishiga shubha yo‘q! “Kun.uz” bo‘yicha keltirilganlarni qaytarmagan holda “Xabar.uz” (karies, mistika, uniforma, pattern, sensatsion, simulyatsiya, shoping, bilet, transformatsiya, preferensiya, eksklyuziv, mentalitet, trening, basseyn, tizer, otel, xastel, kapsula, polosa, eskiz, konferensiya, parallel, lot, monolit, donor, aktrisa, Skver, styuardessa, invoys, piknik, gradus, minut, pachka) va “Turon 24” (degustatsiya, aspekt, kriteriya, briket, zemsnaryad, nachinka, eksponat, konditsioner, karer) saytlarida yozilganlar, Oʹzbekiston 24 (ratsion, plantatsiya, tematik, reyd, gigant, komponent, minimum, modernizatsiya, epos, motivatsiya, rekonstruksiya, reportaj, rezyume, psixologik, debat, investor, magazin, litografik, spektr, aksiya, dizayner, mediatur, piar, kampaniya, imij, media, virtual, monitoring, funksiya, konsultatsiya, vrach, zadvijka, kollektor, inert, brend, kategoriya, tender, framuga, fasad, koziryok, shaxta, dialog, fortichka, pogona metr, balans, poligon, optimal, unitar, konteyner, real, stavka, statistik, preferensiya, parametr, utilizatsiya, magistral, global, lotok, infokiosk, mobil, maksimal, polosa, analitik, kompleks, stend, pragmatik, flora, fauna, salyut, komandir, shrot, ekspozitsiya, forum, sammit, pilot, trening, janr, detal, rezerv, front, shtab, assortiment, progressiv, novatsiya, konyuktura, vinodel, vinologiya, faktura, sessiya, faktor, xarakter, versiya, katalizator, flagman, resepshn, internet banking, mobil banking, situatsion, koperatsion, folklor) telekanalida aytilayotganlar, “Bekajon”da (gubka, kontur, strelka, obraz, element, makiyaj, blesk, salfetka, ton, trend, xvost) uchragan, esda qolganlarni ham qo‘shib sanasak – olti yuzdan ortiq so‘z!

Keltirilganlar til dalamiz, xirmonu omborimiz, uyimizga tushgan qurt, kuyalardir! Ko‘sakka qurt tushsa, dehqon tinchini yo‘qotadi. Bo‘lmasa, hosilidan ayriladi, keyin qanday kun kechiradi? Bitta kuyani ko‘rib qolsak, quvlab o‘ldirmaguncha tinmaymiz. Chunki kuya yegan kiyim-bosh bilan ko‘chaga chiqish, odamlar ko‘ziga tushishga uyalamiz. Ammo til...Tili yo‘q til! Til hech narsa yo‘qotmaydi go‘yo! Cheksiz, bitmas-tuganmasdek. Bir qarasang, til hammaniki va har birimizniki, bir qarasang, u hech kimniki emas, egasi yo‘qdek.

Metro, televizor, radio, avtomobil, internet, feysbuk, tvitter, telegram, nano, megabit, piksel, startap, smartfon, noutbuk, planshet, aypad, elektr, tok, elektr, onlayn, atom, transport, texnologiya, innovatsiya, tomograf...singarilar til lug‘atimizni boyitganligi va boyitishi tabiiy. Aslida esa, mazkur atamalar bilan bog‘liq yangi hodisalarning voqeligimizga kirib kelishi bilan tegishli yo‘nalishlardagi tasavvur, bilim va rivojimiz boyidi va boyimoqda. Tubiga qarasak, tilga olingan atamalar ana shu hodisalarning nomlanishidir, xolos. Masalan, smartphone, telephone aqlli, uzoq (uzoqqa) aniqliklarining tovush so‘zi bilan birikishidan yasalgani ma’lum. Ya’ni aqlli tovush, uzoqqa yetadigan tovush. Garchi ularning o‘zbekchasini topsa, yasasa bo‘lsa ham, o‘zimizda bo‘lmagani sharoitida chetnikini oqilona qabul qilishimiz tabiiy (shu bilan birga, “aqlli tovush”dan ko‘ra “smartfon”ni afzal biladigan “Kun.uz”ning smart watch ni aqlli soat deya yozganiga qaraganda, demak, boshqalarini ham o‘zbekchalashtirish mumkin ekan!). Shu bilan birga, bu borada ham aniq qoidalarga suyanishimiz lozim. Ya’ni bundan buyon ham chet atamalarni rus tilida yozilishi va o‘qilishiga qarab o‘zlashtiramizmi yoki asli va o‘z tilimiz ilmiy qoidalaridan kelib chiqibmi? Nima bo‘lganda ham, bu jarayon o‘zimizda bo‘lgan, bor hodisa va ularning atalishi evaziga kechishi kerakmas. Agar ming yillar ichida urinib-surinib, urushib-kurashib, chertilib-sayqallanib eson-omon shu kunlargacha yetib kelgan so‘zlarimizdan arzon-garovga voz kechaversak, bilingki, ertaga boshqalari, bo‘rttiribroq aytsak, tildan-da kattaroq va toshliroqlarini ham kishi bilmas qo‘ldan berib qo‘yishimiz turgan gap, xudo ko‘rsatmasin!

To‘g‘ri, ayrim holatlarni chet so‘zlar yordamida ifodalashga majburmiz. Buning sababi kamida ikkita: ularning birlari bizda umuman bo‘lmagan va, demak, atalishi ham yo‘q, birlarining atamasi qachonlardir bo‘lgani holda so‘nggi o‘n yilliklar ichida o‘ta singib ketganlari uchun ham chidashdan o‘zga iloj yo‘q. Biroq ularni ham oqilona qo‘llash zarur. Masalan, telekanallarda tez-tez uchrab turadigan “falonchining texnik ko‘magi” ta’kidi ruschadagi “texnicheskaya pomoщ”dan savodsizlarcha o‘zlashtirilgani aniq. Ruschadagi texnik so‘zi kasb egasini bildiradi, ya’ni ot, bizda sifat vazifasini bajarmoqda. Texnika (techne) hodisasi mahorat, san’at, ustalik, qo‘li gullikni anglatishidan kelib chiqilsa, ajdodlarimiz uni fan so‘zi orqali ifodalaganlar, masalan, Alisher Navoiy. Biz qo‘p qo‘llaydigan va ko‘zimiz o‘rganib ketgan “ilm-fan” ham aslida ilm va mahorat, ya’ni ilmiy yo‘l bilan olingan bilimni qo‘llash mahorati, san’ati – texnika, texnologiyani anglatgan. Biroq mazkurlarni tiklashga hozircha milliy irodamiz yetishmas ekan, hech bo‘lmasa, texnikaviy, taktikaviy, innovatsiyaviy desak, importyor, eksportyor emas, importchi, eksportchi deb yozsak, bir nima bo‘ladimi?

Mustaqillikkacha chet so‘zlarni rus tilidan olishga majbur edik va ular ruschada qanday bo‘lsa, shunday o‘zlashtirilgan. Masalan, ota-bobolarimiz, xususan, Abu Rayhon Beruniy bobomiz naft deb aytgan, yozgan suyuqlik atamasining turkchalashgan neft ko‘rinishi rus tilida neft tusini olib, bizning lug‘atimizda ham shu tarzda o‘rnashib olgan. Ya’ni o‘z so‘zimizga yumshatish belgisini qo‘shib yozamiz. Holbuki, o‘zbek tilida bunday belgi hech qachon bo‘lmagan va yuqoridagi sabab kiril alifboimizda o‘rnashib qolgan. Ammo lug‘atimizga so‘nggi chorak asrda kirib kelgan tvitter, nano, smartfon, noutbuk, tomograf singarilarni yana ruscha shaklda emas, balki ularning aslidan kelib chiqib va o‘zi tilimizga moslab tviter, nano‘, smartfo‘n, noitbuk, to‘magraf deb bitmaymiz (lekin shunday talaffuz qilamiz).

“Qurtli, kuyali” so‘zlar bo‘yicha ular «Davlat tili haqida»gi qonunning 7-moddasidagi «yangi ilmiy asoslangan atamalar jamoatchilik muhokamasidan keyin va Oliy Majlis palatalari tegishli qo‘mitalarining roziligi bilan o‘zbek tiliga joriy etiladi» talabiga qarshiligi, ya’ni qonun buzilayotgani, demak, tahririyat javobgarlikka tortilishi lozimligi va tabiiyligi to‘g‘risidagi gaplar bilan cheklansak bo‘lardi. Biroq muammo chuqurroq o‘rganilsa, ish ancha chatoqligi, qonungina emas, aslida o‘zbek tilining necha ming yillik tanasiyu a’zolari – ichki tuzilishi yemirilayotgani, go‘zalligi xira tortib, tatimi ketayotgani ayonlashadi.

“Kun.uz” misolida davom etsak, chet so‘zlarni lug‘atimizga bemalol olib kirishdan tashqari, o‘zbekcha qo‘shimchalar yordamida ulardan so‘zlar, so‘zlar ko‘magida so‘z birikmalari, gaplar ham yasalmoqda: xaosi, profili, menyusi, richagi, kontekstida, effekti, ob’ektivida, nakleykalar, aristokratlar, atributlar, signallar, grandlari, vip-lojalar, gegemonlik, sabotajchi, grafigi, elastikligi, zaryadlash, tipidagi, kuratorlik, krestcha, kreativlik, kulachokli, aksessuarlar, relsosti, vannaxona, presslangan, tormozlaydi, o‘z gigantiga, yer uchastkasi, shaffof platforma, to‘g‘ridan-to‘g‘ri liniya, nizolar fonida, anomal issiq, qaynoq liniya, yadroviy pusk, keramik plitka, spliter bloklar, transportirovka qilish, transfer oynasi, Rojdestvo bali, Oval xona, ikki konturli, parom terminali, butik do‘kon, azart o‘yin, tana massasi, inauguratsiya evolyusiyasi, epataj chiqishlar, shvartovka qilish, intellektual elita, turistik ofis, eng katta plyus, qurilish «bum»i, seriyali qotil, bort kuzatuvchisi, interaktiv test, start zonasi, raketa startidan, bloklab qo‘yilgan, viza ta’minoti punkti, global platformadagi modellar, alyans a’zolarining kollektiv, temir yo‘llar reabilitatsiyasi, ko‘proq oborot qiladi, ijobiy reaksiyani ko‘rgan, reaksiya berdi, menshn qildi, sovuq havo massalari, sovuq front o‘tishi, «Osvejit» maxsus bug‘ rejimi va boshqalar.

Bu borada qolgan ikki sayt, telekanal va “Bekajan” ham orqada qolayotganlari yo‘q: garderobi, strelkalar, balanslab, kontrastli, analitik, konutrlari, obrazingiz, obraz elementlari, yettita lotda, monolit qoplamalar, shokolod rangi, asosiy tonini, klassik yondashish, ijobiy tendensiya, strategik sessiya, salbiy faktor, progressiv fikrlash, chinakam dialog, tavsiyaviy xarakter, yakuniy versiya, dunyo stilistlarining, eksponatlari namoyishga qo‘yilgan, kanallarni qazadigan zemsnaryadlar, qandolat fabrikasida pechene, vafli, marmelad, marshmellou, karamel va konfetlarning boshqa turlari...

Chet tilida har holda gaplasha olish uchun yuztadan to‘rt-besh yuztagacha so‘zni bilish yetarli sanaldi. Keltirilgan begona so‘zlarga o‘zimizdan bog‘lovchi, qo‘shimcha va fe’lni qo‘llab kattagina gap, gaplar tuzish holatlarining oldi olinmasa, butun bir xabar, badiiy asarlar ham shu yo‘sinda yaratilib, borib-borib o‘zbekcha so‘z anqoning urug‘iga aylanib qolmasa, deb qo‘rqadi kishi. Masalan, “Pravinsiyamiz meri inagurasiyasiga pasyo‘lkamizdan arxitektir, vrach, psixo‘lig delegasiya bo‘lib borganlari fakt, surpriz va sensasiyadir. Analitik versiyamcha, bu aksiya pasyolkamiz kantingentining imiji, mentaliteti uchun fantastik transfer bo‘ladi. Mer bilan kantakt, dialo‘g o‘rnatildi. Summalasak, endi pasyolkamizga investitsiya, preferensiyalar yog‘iladi. Mativatsiya bor, zaryad oldik, bu yog‘iga inertlik yarashmaydi, steriyo‘tiplarlarni autlab, maksimal tempda glabal va pragmatik bizneslar qilaylik”ni kim tushunmaydi deysiz. Yo bo‘lmasa, quyidagini ertakchadek o‘qisa bo‘ladi: “Rajdestvo‘ning final raundini rezidensiyasida o‘tkazgan manax sabo‘rdan autlanib, ideal magistral trassa oqali sutka finishida aristo‘kratlar kuro‘rtiga yetib keldi. Atel fayesidagi anshlag, servis kantingentining minimalligi nervini buzdi, qanday absurd?! Zayavka bo‘yicha preferensiya so‘rab o‘tirmadi, xarakteri epatajli bo‘lmagani va aptimizmi defitsizlashmasligi, muhimi, reytingi minimallashmasligi uchun registratsiyadan mima o‘tib, eskalato‘rda verandaga chiqdi, ko‘rnerdagi kreslo‘ga cho‘kdiyu, vau, fantastika, deb yubordi: ko‘zi antik terrasasimon landshaft fo‘nidagi glo‘bal akeanda dizayni eksklyuziv, alternativasi yo‘q oynalari taniro‘vkali, unikal madeldagi yaxtaga tushgandi. Vizualizatsiya yoki sho‘u emas, tabiatning kreativi bo‘lmish, analigsiz reallikka reaksiyasidan mentaliteti platformasining bo‘ltlari bo‘shashib, arganizmining nano‘ yacheykalarida qandaydir gigant transfarmatsiya boshlandi. Bu nimaning sindro‘mi, lazzatlanish datchiklari sustlashdimikan yoki do‘zasi maksimallashib, hissiyot yacheykalalari teraktlandimikan. Anamallik to‘xtamasdi, individualligi yo‘qolib, ananim sababdan qo‘l-oyog‘i bayko‘t qilar, tana massasizlanar, fikrlash manalitsizlanar, navigatsiyasini yo‘qotar, identifikatsiyalash qiyinlashar, xayolini akkupatsiyalagan turli negativliklar dinamiklashib, hatto kriminagen asasasiyalar radikallashaverardi, bumlashayotgan joni og‘zidan pleyo‘flashadigandek risk tug‘ilgandi. Ko‘masimon hayoti autlashadigandek shu etapda ventilyatir startladiyu pechdek atmasfera po‘rsiyalab freshlana boshladi. Manaxning psixalagik paro‘mi o‘z prichaliga kambekladi, fo‘rmasi relslana boshladi. Sho‘k aut bo‘lgach, debyutiga kurtkasi osti jiletidagi valido‘l listidan tabletka olib shimdi, so‘ng, prinsiplarim Do‘niriga respekt, dediyu tizerlangancha dialog yo‘sin pragno‘z va analitikaga pusk berdi: bu qanday syurpriz yoki sekret, yohud vikendagi shabashmi, intrigayu pravakasiyami, azartmi, yo bo‘lmasa, patensial gunohlarim sanksiyasimi, ammo gedanizm, farmalizm, izalyasianizm, merkantilizm, karerizm, ekspluatatsiya menga yot-ku? Balki testdir. Yez, yez – test...”.

Til qo‘rg‘onimizga begona so‘zlarni bemalol olib kirish, ulardan yangi so‘z, so‘z birikmasi, gap tuzish holatlariga befarqlik qanchalar og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini so‘nggi paytlarda ko‘zga tashlanayotgan “yangiliklar” misolida ko‘rish mumkin. Gap o‘zbekcha so‘zlarni chet til qoidalariga asosan bitila boshlangani haqida: o‘zgasayyoraliklar, yarimhimoyachi, ekzosayyora, betonnasos, betonaralashtiruvchi, aqlbovar (“Kun.uz”). Ruschada inoplanetyanы, poluzaщitnik, ekzoplaneta, betononasos, betonomeshalka, umopomrachitelnыy to‘g‘ri, biroq o‘zbek tilida o‘zga sayyoraliklar, yarim himoyachi, o‘zga sayyora, beton so‘rg‘ich, beton qorg‘ich, aql bovar-ku! Mazkur sayt AQSh maxsus xizmati Federal Bureau of Investigation – FBI ni goh FQB (Federal qidiruv byurosi), goh FTB (Federal tergov byurosi) tarzida beradi, Central Intelligence Agency – CIA ni MRA (Markaziy razvedka agentligi) emas, ruschadagi sRU (Sentralnoe razved.upravlenie) asosida MRB (Markaziy razvedka boshqarmasi) qabilida yozadi. GRU (Glavnoe razved.upravlenie), OMON (Otryad mobilnыy osobogo naznacheniya) ni esa shundayligicha taqdim etaveradi. “Hokimlik kafilligi ostida” “pod poruchitelstva”dan olingan-qo‘yilgan. O‘zbekchada “kafilligi bilan”-ku! “Kraxmalo-patochnыy zavod»dagi patochnыy sifati patoka (shinni, qiyom) otidan yasalishini bilmaganlari sabab, “Kraxmal-patok zavodi”, tibbiy atama kolostoma (colostoma)ni sun’iy teshik deb emas, kolostom qabilida yozib qo‘ya qolganlar. “Juda katta mega-loyiha”dagi mega aynan juda kattani anglatishi kundek ravshan-ku. Ammo “yo‘lovchi aylanmasi 3,8%ga o‘sdi”, “oshxona qoshig‘i”ga kulishingni ham, yig‘lashingni ham bilmaysan (“Nurekskoy GESni tiklash loyihasi”ga qaraganda, go‘yoki ularning o‘rniga “Gugl tarjimon” passajirooborot, stolovaya lojka ni o‘zbekchaga aylantirgan-qo‘ygandek).

Mazkurlarning sababi nimada? O‘z tilini bilmaslikda! Teskari holda, “182 ta chiqindilar tashuvchi avtomobillar”, “ikkita valyuta ayirboshlash shahobchasi”, “Tramp shimoliy koreyalik generalni qo‘lini chakkasiga qo‘yib qarshilagani”, “Samarqandning Yevropa qismi”, “eng yirik dengiz mahsulotlari bozori”, “o‘ta qo‘pol qonun buzilishi holatlari aniqlandi”, “Litvada qahrabodan qurilgan dunyodagi ilk hammom”, “Toshkentda 2008-2009 yillarda chiqarilgan Mercedes-Benz avtobuslaridan foydalanish”, 12 tadan yuqori aniqlikdagi «Tomagavk», “bir guruh Osiyo o‘yinlari g‘oliblari”, “bir guruh ichki ishlar idoralari xodimlari”, «NASA»da Marsga birinchi ayol qadam qo‘yishini istashmoqda”, “London aeroportida boqish uchun olib kelinayotgan 50 ta timsoh ushlab qolindi”, “Kievda «DXR» tomonida jang qilgan Braziliya fuqarosi ushlandi”, “Artel bilan yaqinlaringizga quvonch baxsh eting”, “ilk boshqaruvchisiz parom”, “ilk suzib yuruvchi supermarket”, “Toshkentda ilk konditsionerli jamoat avtobuslari”,oltin tangalardan tayyorlangan Yevropadagi eng qimmat archa”, “iste’dodli otlar o‘rgatuvchisi”, “Nobel sovrindori irqchilik uchun unvonlaridan mahrum etildi”, “Samarqandda birinchi vazirlar uchrashuvi”, “9 ta tajriba o‘tkazish uchun texnika”, “biznes to‘laydigan oldindan to‘lov”, “qo‘shimcha qayrilib olish joyi”, “eng oliy jazo umrbod qamoq jazosi”, “tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan”, “100 yil ortga moziyga qaytgandek”, “yirik miqdordagi sifati kafolatlanmagan mahsulotlar”, “yangi lavozim tayinlovi”, “eng yirik ayollar go‘zallik majmuasi”, “ulkan ayollar majmuasi”, “badiiy qisqa metrajli film”, “5400 ta qonuniy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi taksi”, “...loyihasiga qo‘shilgan mintaqaning birinchi davlati” (“Kun.uz”), “200 nafardan ortiq og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qiz”, “Shanxay yaqinida tashlandiq karerda joylashgan dunyodagi birinchi mehmonxona ochildi” (Turon 24), “MDH a’zo davlatlarida yagona yapon tilidan test imtihonlarini qabul qiluvchi”, “o‘zbekcha fransuz konstitutsiyasi”, “22% yillik (qarz)”, “yangi adliya boshqarmasi binosi”, “14 ta metro bekati”, “yirik kitob xayriya aksiyasi” (“Xabar.uz”), “taqdim etilayotgan taqdimotlarda”, “islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida chuqur amaliy ishlar olib borilmoqda”, “servis va xizmat turlarining rivojlanishiga xizmat qiladi” (Oʹzbekiston 24) singari g‘alati gaplar dunyoga kelmasdi. Boshqacha aytganda, o‘z tilini puxta egallamagan o‘zga tilni ham yaxshi o‘zlashtira olmaydi, uning tabiatini tuyolmaydi. Shu ishni eplaganida edi, hech qachon ruschadagi tegishli so‘zlarni “ochiq osmon ostida konsert”, “baland ovozdagi signallar”, “siqilgan tabiiy gaz”, “pichoqli hujum” (“Xabar.uz”) qabilida o‘girmagan bo‘lardi. Chunki, masalan, sjijennыy siqilgan emas, suyultirilgan degani bo‘lsa, nojevoe napadanie pichoq (nayza, bolta, tayoq) bilan tashlanishni bildiradi. Aks holda pichoqsiz hujum, yopiq osmon, ochiq osmon usti, shuningdek Samarqandning Osiyo, Afrika, Amerika qismlari ham bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha savollar tug‘iladi. “Kun.uz”dagi “Andijonda paxtaga jalb etilgan tahririyat bosh muharririning o‘g‘lini yuk mashinasi urib ketdi” sarlavhasini o‘qiganimizda, otasi dalada bo‘lgan bola falokatga uchragan, deb tushundik. Biroq to‘liq matnga ko‘ra, o‘g‘il paxtaga chiqqan, otasi emas. “Sevilya” “Latsio”ni musobaqadan tushirib yubordi”da chiqarib yubordi, demoqchiligini anglab tursak-da, “salohiyatli maydonlar”dan muddaoni esa hech qanaqasiga tushunolmadik. Maydonning qobiliyatli va iqtidorli bo‘lishini endi eshitishimiz.

Oqibatda ruscha gaplarni qanday bo‘lsa, shundayligicha, ko‘r-ko‘rona o‘zbekchalashtirib qo‘yish avjiga chiqmoqda: nitratlar meva va sabzavotlarda bir xil tekislikda (ravnomerno) tarqalmagan; bodringdan tayyorlangan salat qabul qilsangiz (prinimat salat); Ona Tereza (Mat Teraza; Tereza momo desa bo‘ladi-ku); meva-chevalar oqar suv ostida (pod stochnoy vodoy) yuvilishi lozim (“Bekajon”), yer-yer (zemlya-zemlya), havo-havo (vozdux-vozdux), yer-havo (zemlya-vozdux), muvozanatlashgan dieta (umerennaya dieta), ular kimga ishlashgan (na kogo oni rabotali), O‘zbekiston kuch tuzilmalari (silovыe strukturы Uzbekistana), guruhli zaharlanish (gruppovoe otravlenie), tergovning o‘rnatishicha (kak ustanovilo sledstvie), yolg‘on iz (lojnыy sled), “Real”ning g‘alabali qaytishi (pobedonosnoe vozvraщenie “Reala”), ko‘p ehtimolki (s bolshoy veroyatnostyu), eng yuklangan yo‘llar (samыe zagrujennыe dorogi), havo hujumi (vozdushnoe napadenie), kuch pozitsiyasidan gaplashish (razgovarivat s pozitsii silы), Sevastopol ustida Ukraina bayrog‘i (flag Ukrainы nad Sevastopolem), «eng qidiriluvchi» kishi (samыy razыskivaemыy chelovek), katta Jorj Bush (Djordj Bush – starshiy), Vitaliy Denisov «Lokomotiv» bilan Rossiya chempioni bo‘ldi (Vitaliy Denisov vmeste s «Lokomotivom» stal chempionom Rossii), Oq uy oshxonasi texnikadagi so‘nggi so‘zlar bo‘yicha jihozlangan (Kuxnya Belogo doma oborudovana po poslednemu slovu texniki), bir stol atrofida (za odnim stolom), yetarlicha qimmat (dostatochno dorogoy), yumshoq qo‘nishni amalga oshirgan (proizvel myagkuyu posadku), og‘ir qurollar (tyajeloe voorujenie), “tishsiz” “Napoli” (bezzubыy “Napoli”), butsalarini mixga ildi (povesil butsы na gvozd) va boshqalar (“Kun.uz”).

“Yilning eng kuchli ta’sirga ega ayoli”, “1000 daraja issiqqacha qizigan”, “ishonchli, irodali g‘alaba”, “irodali durang”, “eng og‘ir nuqta”, “giyohvandlikni tekshirishga tahlil topshirish” singarilar esa kulgi uyg‘otadi, xolos. Vliyanie ta’sir degani hamdir, ammo vliyatelnaya sifati nufuzli, obro‘li, e’tiborlini anglatadi. Qizigan narsa issiq bo‘lishi tabiiy. Volya irodadan tashqari intilishni ham bildiradi, g‘alabaning ishonchsizi, irodasizi bo‘lmaydi, g‘alabaga uzil-kesil, zo‘rg‘a, katta farq, tor-mor qilish bilan erishish, hisobda orqada qolayotgan tomon qattiq intilib g‘alaba yoki durangga yetishishi mumkin. Nuqta o‘zining nihoyatda kichik o‘lchovi sabab og‘ir bo‘lolmaydi, aftidan, ruschadagi bolevaya tochka ning ko‘r-ko‘rona o‘zbekchalashtirilgan og‘riqli nuqta dagi og‘riq bilan og‘irning farqiga bormaslikdan yasalgan bo‘lsa kerak. Tahlil topshirilmaydi, balki qon yoki shunga o‘xshash biron nimaning namunasi, bo‘lagi tekshirish uchun topshiriladi hamda ular bo‘yicha ma’lumot olingachgina o‘rganiladi-tahlil qilinadi. O‘zbek tiliga xos shirasi yo‘q, kulgiqisqatar bo‘lsa-da, mazkurlardagi ma’noni uqib olish mumkindir, lekin “o‘qotar jarohat” (ognestrelnaya rana), «qaynoq liniya» hayotlarni qutqarmoqda” (“goryachaya liniya” spasaet jizni) nimani anglatishini mutlaq ko‘pchilik tushunmasligi aniq. Negaki jarohatning o‘q otishini hatto telba ham hayoliga keltirolmaydi (ammo o‘q tegib yaralanish mumkinligini biladi). Hayotning qutqarilishini esa katta odam ham hazm qilolmasa kerak (odam qutqariladi, hayot esa saqlanadi).

Bunisiga ham chidash mumkin, biroq “Kun.uz”ning mana bu ishi til va uning egasini haqoratlashdan boshqa narsa emas, desak oshirib yubormagan bo‘lamiz: “Britaniya texnologiyasi asosidagi uchuvchi loyiha”. Xudo haqqi, oldiniga anglamadik, keyin esa, gap tibbiyot yo‘nalishida ketayotgani uchun, tibbiy xizmat uchog‘imikan ham deb o‘yladik. Axborotni to‘liq o‘qib bo‘lgach, topgandek bo‘ldik: “pilotnыy proekt”ni uchuvchi loyiha qabilida o‘girganlar-qo‘yganlar. Yo tavba, shu darajada ham savodsizlik bo‘ladimi. Mazkur sayt milliy ommaviy axborot tarqatish kengligida o‘z o‘rni va obro‘siga egaligi bilan ajralib turadi, demak, tahririyatda ishlovchilar xashakilardanmas. Unda nima? O‘ziga qattiq ishonib ketayotganlik, o‘z ustida ishlamay qo‘yganlik, jamoatchilik nazoratining sustligi! Teskari holda, “pilotnыy” pilot ma’nosidagi uchuvchini emas, sinov, tajriba, vatqinchalik singarilarni anglatishiga kimdir e’tibor qaratgan bo‘lardi (“Xabar.uz”dagi “sivilizatsiya tamadduni”ga nima deb baho berishingni bilmaysan ham).

O‘ttiz – yuz yil burun tilimiz bilan bog‘liq muammolarda mustamlaka rejimini ro‘kach qilardik. Bugun-chi? “Kun.uz”dagi “Xitoy AQShni o‘z suvlariga bostirib kirishda aybladi” sarlavhasi RIA Novostidagi “Kitay vыrazil SShA protest v svyazi s zaxodom korabley v Yujno-Kitayskoe more”dan o‘zgachaligi tabiiy, ammo suvga sho‘ng‘ish, o‘zini tashlash, chayish, qarash, boqish, tuflash, hatto tushni aytish mumkin, biroq suvga bostirib kirib bo‘lmasligi bolakayga ham ayon-ku. “Qush parvozi balandligidan fotoreportaj...” sarlavhali xabarda keltirilgan o‘n oltita suratdan atigi yettitasigina haqiqatan ancha balanddan olingani, qolganlari odam bo‘yi darajasida tushirilgani o‘z yo‘liga, lekin nega aynan “qush parvozi balandligidan”? Mazkur lavhalar Andijondan, mazkur sayt muxbiri tomonidan emas, boshqa bir yurtdan va o‘zga manbadan olib tayyorlanganida ham oqlasa emas, tushunsa bo‘lardi. “S vыsotы ptichego poleta” miyasiga o‘rnashib qolgan (aftidan yosh) eldoshimiz lug‘atida boshqa tuzukroq narsa yo‘qligi achinarlidir.

Bunday “qovun tushirishlar” sababi saviyaning har tomonlama tushib ketgani, xususan, axborot manbayi bilan ishlash bilan bog‘liqdir. Ushbu holat “Kun.uz”ning RIA “Novosti”dagi “Gosdep poobeщal Rossii “posledstviya i bol” za ukrainskix moryakov” xabarini o‘zbekchalashtirib bosganida yaqqol ko‘rinadi. Xabarning aslida – AQSh Davlat Boshqarmasi (Tashqi ishlar vazirligi) bayonotidagi “We want the Russians to absorb the message that they need to release the crews or there will be consequences, and the pain will grow over time” RIA “Novosti” tomonidan «Mы xotim, chtobы rossiyane vosprinyali soobщenie o tom, chto im nujno osvobodit ekipaj, inache budut posledstviya, i bol budet tolko silnee so vremenem” tarzida to‘g‘ri ruslashtirilgan. Biznikilar esa tarjimaning tajimasini quyidagicha “qoyil qilganlar”: «Biz rossiyaliklar ekipajni ozod qilishlari zarurligi to‘g‘risidagi xabarni qabul qilib olishlarini xohlaymiz, aks holda oqibatlar bo‘ladi hamda azob-uqubat vaqt o‘tishi sayin faqat kuchayib boradi». Bu yerda gap oqibat va uqubatning o‘zagi birligidagina emas. Mazkur axborot «Biz rossiyaliklar guruh a’zolarini ozod qilishlari zarurligi borasida xabardor bo‘lishlarini xohlardik, aks holda, buning oqibatini ko‘rishlari turgan gap, bu ish paysalga solinaverilsa, jabr-jafosi kuchaysa kuchayadi, biroq susaymaydi» qabilida taqdim etilsa, shiraliroq, ya’ni o‘zbekcha chiqardi, deb o‘ylaymiz.

Ruslarning mazkur manbasidagi “Sputnik TESS obnarujil tri podtverjdennыe ekzoplanetы za predelami nashey Solnechnoy sistemы”ni ham “TESS sun’iy yo‘ldoshi Quyosh tizimidan tashqarida uchta tasdiqlangan ekzosayyorani aniqladi” deb o‘girganlar-qo‘yganlar. Hech bo‘lmasa, “TESS sun’iy yo‘ldoshi Quyosh tizimidan tashqaridagi uchta sayyorani dalil-isboti bilan aniqladi” deyish to‘g‘riroqdir. Ko‘pchilik singari kunuzchilar ham “zkzosayyora” Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyorani anglatishini bilmasliklari mumkin (eski yunonchada exō sirt, tashqi, o‘zga, begona ma’nolarini bildiradi), ammo podtverjdenie faqat tasdiqni emas, dalil, isbotni ham bildirishi ma’lum, sayyorani tasdiqlab bo‘lmasligi ayon-ku!

TASS axborot manbasiga tayanib berilgan “Rossiya Belarus ko‘rinishida... yagona ittifoqchisini” so‘zlarini ichiga olgan xabarga ko‘zimiz tushganida, “ko‘rinishda”ning hech bir quyushqonga sig‘masligini sezish barobarida asli “v vide” bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik. Biroq adashibmiz, “kak” ekan (Rossiya mojet poteryat Belorusiyu kak soyuznika). Nahot, “ittifoqchisi sifatida”ligini anglash shunchalar qiyin bo‘lsa?

Mazkur saytning The Telegraph dan olgan xabaridagi “kam baho berish” inglizchadagi underestimate ning ruschadagi nedootsenivat dan, “Fitch kutishicha” inglizchadagi Fitch expects ning ruschadagi ojidaet dan o‘girilgani shubhasizdir. Manbaning aslidan foydalanish juda yaxshi (agar “Gugl tarjimon” yordamiga qo‘l cho‘zilmagan bo‘lsa, albatta). Aftidan, jurnalist inglizchani rus tili orqali o‘rgangan va tarjima asnosida shu til vositasida fikrlaydi. Bu bizda keng tarqalgan holatdir. Demak, boshqa tillar bilan “ishlash”da o‘zbekcha fikrlaydiganlarni tarbiyalashimiz kerak. O‘shanda underestimate o‘zbekchada yetarlicha baho bermaslik, nazar-pisand qilmaslik, yerga urish, expect esa kutmoq barobarida hisob-kitob qilmoq, mo‘ljallamoq, ishonmoq, ishonch bildirmoq, taxmin qilmoq, o‘ylamoq singari ma’nolarni anglatishini bilishdan tashqari, katta-kichik turli tadbirlarda chet elliklar chiqishlarini o‘zbekchaga (va aksincha) uyg‘un tarjima qila olish darjasiga erishamiz. “Bekajon”da qo‘llangan vishыvka (aslida vыshivka) bilan bog‘liq misol orqali xulosalasak, jurnalist o‘z tilinigina emas, axborot manbayi tilining qoidalari – tabiatini ham puxta egallagan bo‘lishi lozim! “O‘zbekiston yilni yana oltinni faol sotish bilan boshladi” “Uzbekistan vnov nachal god s aktivnoy prodaji zolota”ning so‘zma-so‘z o‘girilishidir. Aktivno, aktivnыy hamma vaqt ham faol emas, uning keskin, avj, g‘ayrat, qat’iy, qattiq singari qator ma’nolari bor. Ularni to‘g‘ri qo‘llash muharrirning saviyasi va o‘z ishiga munosbatiga bog‘liq.

Elektron ommaviy axborot vositalaridagi matnlarda ammo, lekin, biroq singari zidlovchi bog‘lovchilar gapning boshida kelganida, ulardan keyin vergul qo‘yish odatga aylanib borayotganini sezmaslik mumkinmas. Buning aniq sababini bilmaymiz. Ruschadagi odnako undov vazifasini bajarayotganidagina vergul qo‘yilishidan boshqa barcha holatlarda rus tilida ham bunday tinish belgisi qo‘llanmasligidan xabardor sifatida “ayb”ni yana rus tiliga ag‘darishga vijdon yo‘l qo‘ymaydi.

Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro turizm kuni, Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikni to‘xtatish kuni, Xalqaro bolalar kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni, Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni, Xalqaro nogironligi bo‘lgan insonlar kuni, Butunjahon tuproq kuni, Xalqaro atom energetikasi agentligi singarilarga shu qadar ko‘zimiz o‘rganib ketganki, muddao xalqaro mehnat, xalqaro turizm, xalqaro jurnalistlar, xalqaro bolalar, xalqaro xotin-qizlar, xalqaro nogironligi bo‘lgan insonlar, xalqaro atom energetikasi emas, balki xalqaro tashkilot, xalqaro kun, ya’ni Mehnat xalqaro tashkiloti, Sayyohlik xalqaro kuni, Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikni to‘xtatish xalqaro kuni, Bolalar xalqaro kuni, Xotin-qizlar xalqaro kuni, Saratonga chalingan bolalar xalqaro kuni, Nogironlar xalqaro kuni, Tuproq butunjahon kuni, Atom energetikasi xalqaro agentligi bilan bog‘liqligiga pinagimizni ham buzmaymiz. Ya’ni, masalan, 1 iyunda bolalar kuni xalqaro miqyosda bayram qilinadi, 15 fevralda esa saratonga chalingan bolalar mavzusiga xalqaro darajada diqqat qaratiladi. Mazkur kamchiligimiz asl hujjat bilan tanishmasligimiz va masala mohiyatini anglamasligimizga borib taqaladi (teskari holda, “Kun.uz” “Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni”ni keng nishonlash” deb yozmasdi, chunki og‘ir kasallik bayram emas, cheksiz g‘amdir). Chunonchi, 1979 yili Butunjahon sayyohlik tashkiloti tashabbusi bilan World tourizm day – Sayyohlik butunjahon kuni ta’sis etilgan (ruschada ham urg‘u to‘g‘ri berilgan: Vsemirnыy den turizma), Xalqaro turizm kuni emas (chunki muddao xalqaro turizm haqida emas). Bunday xatoliklar yetarli va ongimizga ham, hujjatlar va kundalik yozuvlarimizga ham singib ketgan. Masalan, ko‘pchilikka tanish UNESCO ((United Nations Educational, Scientific and Cultural Organization) Birlashgan Millatlarning ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha tashkiloti sanaladi. Biz esa uni Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti qabilida yozamiz, ya’ni tashkilotning tashkiloti. Chunki BMTni ruschadagi OON (Organizatsiya Ob’dinennыx Natsiy) dan olganmiz. Holbuki, inglizchada – UN (United Nations). Qizig‘i, ruslar UNESCOni Organizatsiya Ob’dinennыx Natsiy po voprosam obrazovaniya, nauki i kulturы tarzida o‘z tillariga o‘girganlar va juda to‘g‘ri qilganlar. Chunki, Organizatsiya Organizatsii Ob’dinennыx Natsiy po voprosam obrazovaniya, nauki i kulturы kulgili bo‘lardi, albatta (Bundan o‘n yillar burun qonun tashabbuskorligi huquqidan foydalanib amaldagi qonunlardan biriga o‘zgartirishlar kiritish asnosida mana shuni tushuntirolmay tentagimiz chiqib ketgan, qo‘limizdan hech vaqo kelmagandi). Qisqasi, xalqaro nomlanishlarni rus tilidan ko‘chirib emas, o‘z tilimiz ilmiy qoidalaridan kelib chiqib o‘zbekchalashtirishimiz lozim! Shunday qilsak, International Day to End Impunity for Crimes against Journalists ni, hech bo‘lmasa, Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazodan qutulib qolishga chek qo‘yish xalqaro kuni singari o‘zbekchalashga erishamiz. Yo bo‘lmasa, ruschadagi Mejdunarodnыy den kartofelya ni Xalqaro kartoshkachilik kuni qabilida kulgiga qolib emas, Kartoshka (kartoshkachilik) xalqaro kuni deya o‘zlashtirishga farosatimiz yetadigan bo‘ladi. Garchi International Labour Organization ni (ILO) Xalqaro mehnat tashkiloti qabilida noto‘g‘ri tarjima qilib bo‘lsa-da, ILO demasdan XMT yozishni eplayotgan ekanmiz, OPEC ni (The Organization of the Petroleum Exporting Countries) OPEK emas (“Kun.uz”), NEMT (Neft eksportchi mamlakatlari tashkiloti) deb bitishga ham o‘rganamiz.

Umuman olganda esa, kasb-kori til bilan bog‘liqlar tilshunoslik bo‘yicha, hech bo‘lmaganda, asosiy tushunchalarga ega bo‘lishlari shart, deb sanaymiz. Hozircha rus tilidagi manbalardan foydalanish, so‘zlashuv, yozishmalarni mazkur til qoidalari bo‘yicha tuzish bilan bog‘liq “qovun tushirishlar”ni tanqid qilmoqdamiz. Agar bugun “etagimizni yig‘ishtirib” olmasak, oradan ko‘p ham o‘tmay, mazkur jarayon inglizcha manbalar va qoidalar negizida gap tuzish kasalligi bilan bog‘lanib ketishi muqarrardir. Rus, ingliz tillari hind-yevropa tillari, o‘zbek tili esa oltoy tillari guruhlariga tegishliligining o‘ziyoq qoidalar bir xil emasligiga ishoradir. O‘rganib ketganimiz – “hurmatli yig‘ilish qatnashchilari” murojaati ruschadagi “uvajaemыe uchastniki sobraniya”dan ko‘chirilgani aniq. Ruschasida odatdagidek to‘g‘ri: hurmat qatnashchilarga bildirilmoqda, yig‘ilishga emas. Inglizchada ham shunday: dear participants of the meeting. Bizda esa, odmalarga emas, yig‘ilish-tadbirga hurmat bajo qilinmoqda. Yig‘ilish, yig‘ilishning (majlis, gurung, davra, kengashning) hurmatli qatnashchilari, desak birov bizni urishadimi?

Rus tilidagi ne tolko..,no i qo‘sh bog‘lovchisi yordamida murakkab gaplar tuzish qoidasini o‘tgan o‘n yillar ichidagi ko‘r-ko‘rona o‘zbekchalashtirish oqibatida o‘zbek tilida ham gap tuzish qoidasi sifatida ildiz otib bo‘ldi: “nafaqat bolalar maydonchasi, balki baxtli bolalik olamidir”, “nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda”, “nafaqat bank taraqqiyotini yanada rivojlantirish, balki yangi marralarni zabt etish”, “nafaqat xokkkeydan, balki umuman muzdan yiroqlar” va boshqalar. Shu tariqa tilimizdan shira yo‘qola boshlayotganini sezish qiyinmas. “Bolalar maydonchasigina emas, baxtiyor bolalik dunyosi hamdir”, “Toshkentdagina emas, viloyatlarda ham”, “bank taraqqiyotini yanada rivojlantirishdan tashqari, yangi marralarni zabt etish”, “hokeyni qo‘ya turaylik, qor, muz nimaligini bilmaydilar” o‘z til “tandirimiz”da yopilgandekmasmi!? O‘zbek tili qoidalariga qarshi o‘laroq “Venesuelaga ikkita samolyotda rossiyalik harbiylar kelgani ma’lum qilindi” (“Kun.uz”) qabilida gap tuzishlar urchib borayotgani xavotirga solishi lozim! Gap bo‘laklaridan ega odatda birinchi o‘rinda turishi va kesim bilan uyushib kelishi ona tili darslarida rosa uqtirilgan-ku: “rossiyalik harbiylar ikkita samaolyotda Venesuelaga kelganlari ma’lum qilindi” deb yozilsa, to‘g‘riroqmasmi!? Bu borada bugun bosh qotirmasak, ertaga nima bo‘lishini mazkur saytdagi “Venesuela prezidenti...eng ashaddiy zolimlarning eng yomoni hisoblandi, deb aytdi...Mayk Pompeo Venesuelaga gumanitar yordam yetkazishdagi muammolar ortida” xabari ko‘rsatib qo‘ymayapdimi!?

Rus tilidan o‘z paytida ko‘r-ko‘rona, savodsizlarcha o‘zbekchalashtirilgan so‘zlar ongimizga shunchalar singib ketganlarki, do‘ppini yerga qo‘yib o‘ylab ko‘rsak, nega chidab yuribmiz, savoli tug‘ilishi turgan gap. Masalan, xo‘jalik sovuni xozyaystennoe mыlo dan o‘girilgan. Qaysi xo‘jalik? Xalq, qishloq, ishlab chiqarish, baliqchilik xo‘jaliklaridan qay biri? To‘g‘ri, uy xo‘jaligi – ro‘zg‘or! Ammo odatdagidek kir sovun desak bo‘lmaydimi? Falonchi yo‘l-transport hodisasiga uchradi, deb yozamiz. Oqsoqolga, baloga, qahrga, falokatga uchrash mumkin, ammo hodisa, voqeaga (dorojno-transportnoe proishestvie) emas. Negaki mazkur voqea, hodisa uning ishtirokida tasodifan yuz berganining oqibatdir. Bunday paytlarda, falokat-da, deymiz. Bir qaraganda, “noqishloq xo‘jalik ahamiyatidagi yer uchastkalari” ham binoyidek. Biroq chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, “zemelnыe uchastki neselskoxozyaystvennogo naznacheniya”ning o‘girilganidir. Havo yo‘llari chiptalari haqida to‘xtalgan “Bekajon” gazetasi “ekonom klass”ni “iqtisodiy klass” tarzida o‘girib qo‘ya qolgan (Oʹzbekiston 24 kanalida esa biznes klas, ekonom klas deyilyapdi-qo‘yilyapdi). Vaholanki, bu yerda gap ekonomicheskiy emas, ekonomnыy klass haqida ketmoqda. Ya’ni rejali, tejamli, yo‘lovchi uchun foydali chipta turi demoqchi. Bizga qolsa, tejama chipta deb yozgan, aytgan bo‘lardik.

Chet atamalarni o‘z tilimizda ifoda etish bilan bog‘liq yana bir muammo bor. “Kun.uz” misolida davom etadigan bo‘lsak, sayt uchun oblast, rayon, uezd, provinsiya kabilarni qo‘llash odat tusiga kirib bo‘ldi. Vaholanki, mazkurlar tegishli mamlakatlar ma’muriy-hududiy birliklarining nomlanishidir. Bizda – o‘zbek tilida ular viloyat va tumanni anglatadilar. “Wikipedia”da O‘zbekiston davlatiga tegishli ruscha, inglizcha, farangcha, italiyacha, turkcha matnlarda bizdagi ma’muriy-hududiy birliklarning nomlanishi mazkur tillardagi quyidagi atamalar orqali aniqlashtirilgan: oblast, rayon, region, district, province, regioni, distretti, il, ilҫe. Bu, shubhasiz, juda to‘g‘ri yondashuvdir. Ammo biz-chi? Moskva gorodi, Vashington sitisi demaymiz-ku! Qisqasi, Kemerova oblasti, Korday rayoni ni, hech bo‘lmasa, Kemerova viloyati, Korday tumani deb yozishimiz shart. Kurgan atamasi o‘zimizning qo‘rg‘onni bildirishi, Korday turkiyning qozoqchasida Qorday ekanligidan kelib chiqilsa, Qo‘rg‘on viloyati, Qorday tumani qabilida ish tutamiz, bir gal Jambul, bir gal Jambil singari uyatliklarga yo‘l bermaymiz. Chet manbadagi Hormozgan o‘zbekchada Ho‘rmuzgon ekanligini bilmaganimiz sabab, inglizcha matn atamasidagi birinchi o ni o‘, ikkinchi o ni u, g ni esa nimagadir g‘ ga o‘zgartirib, Xormuzg‘on shaklida berib yubormaymiz.

“Farax viloyati gubernatori, Turkiyada 39 viloyat gubernatori” kabilar ham yuqoridagi “kasallik” mevasidir. Afg‘oniston va Turkiyada viloyat boshlig‘i voli (vali) deyiladi. Inglizlar o‘z tillarida uni governor, ruslar gubernator qabilida ifoda etadilar. Bu – ularning ishi. Ammo nega biz ham “gubernator”ga ergashishimiz kerak? Axborot manbayimiz ruscha bo‘lgan taqdirda ham hokim desak, birov bizdan haq so‘raydimi?

Geografiya tilchiligi mavzusini ko‘targanda, chet joylar atamalarining o‘zbek tilida ifodalanishi muammosi qalqib chiqishi tabiiy. Prezidentimizning Alisher Navoiy hayoti va merosini o‘rganish, bilish, targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslari va bu boradagi tashkiliy, rag‘batlantirish ishlarining mag‘zini ko‘pchilik haligacha chaqqani yo‘q, deb o‘ylaymiz. Zero ulug‘ ajdodimiz bilan bog‘liq bilimlar adabiyotnigina emas, millatimiz va davlatchiligimiz rivojining XV asrdagi tarixiy voqeligini ham qamrab oladi. Chunonchi, hozirgi avlod, ayniqsa, yoshlar o‘sha kezlarda Hirot o‘zbek davlatining poytaxti, keyinchalik siyosiy-madaniy markazlaridan biri ekanidan xabar topadi (aholimiz, jumladan, yoshlarimizning juda ko‘pchiligi Alisher Navoiyning tug‘ilish, yashash, ijod qilish, o‘lish va ko‘milish yeri nega Hirot bo‘lganini haligacha bilmaydi, chunki buni tushuntirmaymiz). Yo‘l-yo‘lakay, hech bo‘lmaganda, O‘rta va Yaqin Sharq tarixi va geografiyasi yuzasidan bilimlarini ham boyitadi. Natijada, “Kun.uz” misolida keltirsak, Nangarxor, Farax, Uruzgan, Pul-i-Acha, Puli-Xumri, Qobul, Xaf, Gujarat, Belujiston emas, Nangarhor, Faroh, Uruzgon, Puli Acha, Puli Xumri, Kobul, Xof (Xavof), Gujarot, Balujiston, shuningdek Shirin-Tagab va Davlatobod uezdlari, Jo‘lan tepaliklari, Vavilon, O‘rta Yer dengizi, Everest emas, Shirin Tagob va Davlatobod tumanlari (aslida ulusvoli), Javlan tepaliklari, Bobil, O‘rta dengiz, Jumulanmga deb to‘g‘ri yozishni o‘rganamiz. Bu esa bizni boshqa yo‘nalishlardagi savodimizni ham oshiradi. Masalan, Eronning pul birligini rial emas (“Kun.uz”), riyol deb yoza boshlaymiz. Eronlik jamoa tarkibiga oid ruscha yoki inglizcha ma’lumotdagi Sasan Ansari (Sasan Ansari) yozuvini Soson Ansoriy deb yoza va o‘qiy boshlaymiz (chunki 622 yili Makkadan Madinaga ko‘chib borgan payg‘ambarimiz boshliq muxojirlarga boshpana berib, musulmonchilikni qabul qilgan avs va hazraj urug‘lari a’zolari ansorlar (yordam, ko‘mak beruvchilar) deb atalishi, arablar bosqini arafasida Eronni sosoniylar boshqarganini bilgan bo‘lamiz).

Umuman aytganda esa, geografiya atamachiligimizni tubdan va oqilona ko‘rib chiqish payti keldi, deb ishonamiz. Negaki, birinchidan, mazkur yo‘nalishning hozirgi holati ko‘p jihatdan mustamlaka davrimiz ojizliklari, cheklovlari, taqiqlari shart-sharoiti bilan bog‘liqdir. Ota-bobolarimiz bir umr Gurjiston, Yunoniston deb kelganlari bilan biz Gruziya, Gresiya deb aytish va yozishga majbur edik. Bolgariyani Bulg‘oriston, Vengriyani Majoriston deyolmasdik. Chunki “markaz” rasmiy hujjatlarida shunday yozilgan (yoki o‘zimiz shunga jazm etolmaganmiz). Ammo Armeniyani Armaniston qabilida ishlatganimizning sababi hozircha bizga qorong‘u. Xullas, tashqi dunyo bilan uzilganimiz holatida boshqa sohalar qatori chet geografiya atamalarini ham asosan hukmron til orqali olganmiz. Ikkinchidan, bundan buyon ingliz tilining tabiiy ta’sirining kuchayib borishi va lotin alifboimizning izchil joriy etilishi manzarasida yagona yondashuv va qoidalarning ahamiyati oshgandan-oshib boraveradi. Yuqorida Karabobo bilan bog‘liq misolning o‘zi tushungan odam uchun ko‘p narsaga ishoradir. Mashhur Bora-Bora orolining nomini o‘zbekchada borgan sari ma’nosini beruvchi bora-bora deb o‘qishimiz turgan gap va lozim. Chunki bu – tilimiz qoidasining talabi! Yo bo‘lmasa, 2006 yili tuzilgan Srna Gora davlatining nomini nega Chernogoriya deyishimiz kerak (ularning tilida gora tog‘ni emas, o‘rmonni bildiradi)? Demak, o‘z tilimiz xususiyatlari, tarixiy meros va tajribamiz (Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek asarlaridagi atamalar o‘zbek geografiyachiligi 1865 yildan ancha burun – asrlar, ming yil oldin tug‘ilganining dalil-isbotidir), shuningdek zamonaviy bilimlardan kelib chiqqan holda bugun choramizni ko‘rmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Geografiya atamalari haqida so‘z ketganda “Donyo boylab” telekanali haqida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Mazkur ommaviy axborot vositasi ham til, xususan, geografiya, hayvonlar va o‘simliklar dunyosiga oid atamalar bo‘yicha o‘ziga xos darslikdir. To‘g‘ri, olamda bizda umuman uchramagan, uchramaydigan joylar, hayvon, o‘simliklar va boshqa narsalar bor. Ularning atalishini milliylashtirishga mutlaqo qarshimiz, masalan, “New York”ni Yangi York deyish kamida kulgilidir. Biroq o‘zimizda bo‘lgan, borlarini, masalan, Bolqonni Balkanga (“Uzreport” telekanali) arzon garovga alishtirib yubormasligimiz ham kerak-da axir! Yo bo‘lmasa, qadimgi Boykentga atalgan ko‘rsatuvda temirchilikda shlak ishlatilgan, deyish g‘irt noto‘g‘ridir. Birinchidan, uning o‘zbekchasi bor – toshqol, ikkinchidan, u paytlarda rus xalqi, demak, tilining o‘zi hali yo‘q edi, uchinchidan, tarixni singdiramiz deb tilimizni buzsak, maqsadga erishgan bo‘lamizmi?! Qani mantiq?

Efir nazariyasi fizika fanida o‘n to‘qqizinchi asr oxirlaridayoq inkor etilgani sharoitida “to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir” hech bir quyushqonga sig‘masligi haqida “Toshgandan emas, tomchilagandan qo‘rq” maqolamizda asoslantirilgani uchun masalaning bu jihatiga qaytmaymiz. Sovet imperiyasi sirtmog‘idan chiqqan mustaqil davlatlardan tashqari biron mamlakat teleradio kanallarida bu kabi mantiqsizlik yo‘qligini eslatib o‘tamiz, xolos (“keyingi efirlarga qadar xayr”, “to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efir” ta’kidlarining o‘ziyoq buning isbotidir). Biroq o‘zbek tilidagi ko‘rsatuvlarda live, pryamoy efir belgilariga nima bor?

Ilgari qurilish sohasi vakillarining “og‘zi”da bo‘lib kelgan framuga, fasad, sokol, koziryok, shaxta, kotlovan, fortichka, pogona metr, kollektor, drenaj singarilar endilikda OAV larining to‘rida oyoq cho‘zib o‘tiribdilar. Joylarda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, xususan, korxonalar, obodonlashtirish va boshqalarga oid ko‘ragazmali lavhalardagi yozuvlarning ko‘pchiligi rus tilidaligini ko‘rganingda, uyalib ketasan. Davlat tilida bajarilganlari ham uchrab turishidan kelib chiqilsa, demak, bu ishni uddalasa bo‘ladi! Holbuki, me’morchilik va qurilish biz uchun ota kasb, minglab tarixiy imoratlar esa bunga dalil va isbot. Demak, soha atamachiligi ham bo‘lgan va bor! Ulardan darsliklar, o‘rta va oliy kasb-hunar ta’limi jarayonida, amaliyotda foydalanish darajasi bizga qorong‘udir. Ammo oqibatiga qarab xulosa qilsa bo‘ladi, deb o‘ylaymiz: arxitektor (me’mor), arxitektura (me’morchilik), dizayn (loyiha, chizma, rasm, bezak, ko‘rk, ko‘rinish, joylashtirish), kolonna (ustun), balka (to‘sin), beton (metin), opalubka (qolip), rastvor (qorishma), asbest (toshpaxta), bruschatka (serqirra tosh), kovka (bolg‘alash), klemma (qisqich)...singarilar oddiylik kasb etib bormoqda. “Axborot”da Namanganda ochilgan sport inshooti haqida so‘z ketarkan, mazkur binoning peshonasiga yozib qo‘yilgan “Old fasad tomoni” yozuvlariga ko‘zing tushganda, kulishingni ham yig‘lashingni ham bilmaysan. Farangchadan rus tiliga, so‘ng bizga kirib kelgan bu so‘z – “fasad” o‘zbekchadagi old, yuz, o‘ng tomonni bildirishi kulgini qistatadi. Mazkur yozuvni yozayotganda, yozilib o‘rnatilgandan keyin “chiroy ochib turganida” biron kimning, ayniqsa, yerlik ziyolilar, “tilimiz jonkuyarlarining”, telekanallar orqali millionlab kishilarga taqdim etayotganlarning e’tiborini tortmagani, odamni yig‘latadi...

Sportning inson va xalqlar hayotida tutgan o‘rnini olqishlashga hojat yo‘q. Futbol bo‘yicha eng oldi birinchiliklarning taqvimi, o‘yin kuni va vaqti teleuzatuvchilar bilan kelishilishi, aniqrog‘i, ularning “zug‘umi”ga ko‘ra belgilanishining o‘ziyoq millionlarni o‘ziga sehrlab qo‘ygan mazkur tomoshaning ulkan va tengsiz ahamiyatini ko‘rsatadi. Demak, haftada salkam ikki soatdan necha o‘n marta lak-lak ommani qamchi-kaltaksiz va ko‘ngilli ravishda yalpoq shisha qarshisida “mixlab qo‘yadigan” mazkur tadbir tushungan odam uchun o‘ziga xos til darsligi hamdir. Shu ma’noda, bunday noyob imkoniyatdan unumli foydalanyapmizmi yoki yo‘qmi, haqli savoli tug‘ilishi tabiiy. Attangki, yo‘q!

Ochig‘i, saviya va vaqtni qizg‘anish omillari sabab, futbol o‘yinlarini tanlab ko‘ramiz. Shunda ham ko‘pincha Yevropa kanallari orqali. Negaki, birinchidan, ularning uzatish va ko‘rsatish sifati yuqori, ikkinchidan, chet tili bo‘yicha kamtargina bilimlarimizni oz bo‘lsa-da jonlantirib turish uchun. Buning iloji bo‘lmagan paytlarda NTV-Sport kanallariga murojaat qilamiz, ayniqsa, jonlari jannatda bo‘lgur Nikolay Ozerov, Kote Maxaradze, Vladimir Maslachenko maktabini davom ettirayotgan Aleksandr Yelagin sharhlayotgan bo‘lsa (rus tilida to‘g‘ri so‘zlash va fikrlashni jumladan ulardan ham o‘rganganmiz va o‘rganmoqdamiz). O‘ta kamdan-kam holatlardagina, o‘shanda ham o‘z jamoalarimizni kuzatishga to‘g‘ri kelganda, o‘zbek kanallariga ulanishga majbur bo‘lamiz. To‘g‘risi, sharhlovchilarimizning til madaniyatidan tashqari, sportning sharhlayotgan turi bo‘yicha ham savodsizliklari, ba’zan (hozir ko‘payib bormoqda) bachkanaliklari, tillariga erk berib yuborishlariga chidab ko‘ramiz. Bu futbol sharhlarigagina tegishli emas. Ayrimlaridagi maynavozchilik shunday cho‘qqiga ko‘tarildiki, masalan, “O‘zbek yo‘lbarslari”ning boks bo‘yicha olishuvlarini televizorning tovushini o‘chirib ko‘radigan bo‘ldik...Bizning sharhlovchilarimizning yana bir “ustunliklari” bor. Ularga sportning “yetmish ikkita turi” ham oz. Futbol, kurashning necha xili, badiiy va sport gimnastikasi, tennis, voleybol, atletikaning necha o‘n xil yengiliyu og‘iri, sportning necha o‘n xil qishkisiyu yozgisi, qit’a va mamlakat – farqi yo‘q, tunda uyg‘otib, qo‘liga mikrofon tutqassang bo‘ldi, kelgan joyidan olib ketaveradilar. Bir necha yil burun Fransiya birinchiligini sharhlayotgan kimdirning tomoshabinlar orasida o‘tirgan Loran Blanga ko‘zi tushib, Bakkenbauer ham kelibdi, degani hech esdan chiqmaydi (to‘g‘ri, odam adashishi mumkin, shuning uchun ham, masalan, biznikilar “o‘lib qoladigan” NTV-Sport kanallaridagi muharrir sharhlovchi xatosini shipshitib qo‘yadi va u kechirim so‘rab, kamchiligini to‘g‘rilaydi ham).

Sharhlovchilarimiz lug‘ati uchun kompensatsiya, summa, pas, seyv, dramatik, rotatsiya, fantastik, fakt, faktor, shporlar, tandem, korpus, gradus, sprintir, batareyka, zaryad, gratsiya, temp, ritm, start, forma, kontrakt, kontakt, polis, kontrast, simulatsion, balans, klas, ekstra, pressing, kombinatsiya, motivatsiya, kambek, gradus, vinger, konkret, optimal, fizik, zona, pozitsiya, taym, ekvator, aut, ofsayd, mikroofsayd, laysmen, lateral, korner, super, superseyv, fint, alternativa, simulyatsiya, dribling, intriga, grand, assistent, shturm, passiv, progress, spektakl, shpaga, status-kvo, variant, nostandart, podkat, shlagbaum, ilyuziya, goleador, repertuar, asist, adrenalin, shedevr singari yana qanchadan-qancha “qurt va kuya” so‘zlar oddiylikka aylanib bo‘ldi. Ular ham, hech bir hijolatsiz, aniqrog‘i o‘ylab ham o‘tirmay, ushbu – ma’no-mag‘zini bilimdonlik bilan chaqa olmasliklari aniq “qurt va kuya”lardan yangi so‘zlar, so‘z birikmalari, gaplar tuzmoqdalar: grandlar, sprintirlik poygasi, 180 gradus, konkret gol, navbatdagi seyv, optimal tarkib, uning zonasi, uning pozitsiyasi, fantastik temp, fantastik o‘yin, ikkinchi temp, kompensatsiya bo‘ldi, murabbiyning emotsiyalari, fantastik seyv, gol traektoriyasi, qanday pas, top-toza podkat, qanday seyv, chiroyli atmosfera, o‘ziga xos perfomans, katta summa bu, ekstra klas kombinatsiya, energiyani tejash rejimi, nostandart fikrlaydi, podkat tashladi, korpusda yaxshi o‘ynadi, jamoadoshlarning fizik formasi, birinchi taym ekvatorida, bunday kontaktlar bo‘lib turadi, start berildi, gratsiya bilan o‘ynaydi bu futbolchi, qanday batareykalardan foydalanyapdiki, zaryadi anchaga yetayapti, motivatsiya topish oson bo‘lmaydi, qancha motivatsiya kerak, yaxshi pozitsiyada edi, o‘yin kartinasining ma’nosini o‘qish va boshqalar.

Bunday uyatli holatga ajablanmasa ham bo‘ladi. Negaki sharhlovchilarimiz chet so‘zlarni qo‘llamay, o‘zbekchada “toza” gapirganlari holatlarida ham kishini goh achintirib yoki achchiqlantirib, goh qotib-qotib kuldiradiganlari ham kam emas: deyarli raqibga hech qanday imkon qoldirmagan edi, tanani to‘g‘ri joylashtirish natijasida to‘pni olib qo‘ydi, jarima zarbasidan kim zarba berar ekan, tushkun kayfiyati yanada tushib ketdi, qanday o‘yinda vaziyatni o‘zgartira oldi, yana bir Osiyo chempionati g‘olibi, butun jamoa bo‘lib hujum qilayotgan jamoa, yaxshi to‘p oshirdi, yaxshi to‘p uzatilishini ijro etgandi” (“Kun.uz”dagi mana bunisi ham o‘ziga xos: ijobiy to‘plar nisbati. Qiziq, salbiy to‘plar qanaqa bo‘lar ekan?).

Ko‘r-ko‘rona ergashishning ayanchli oqibati mana bu misolda yaqqollashadi. “Katta ehtimol bilan” (s bolshoy veroyatnostyu) kirish so‘zi ham o‘ziga xos urfga aylangan. “Katta ehtimol bilan to‘pni aniqroq tepishi mumkin edi” ta’rifidan ko‘ra “to‘pni aniq tepishining ehtimoli baland edi” shiraliroq, albatta. Negaki tilimiz qoidalariga ko‘ra tuzilgan. Qolaversa, sharhlovchi o‘zbekcha so‘zlar ma’nosini ham bilmasligi bilinib qolmoqda – ehtimol va mumkin so‘zlari ma’nodoshdir. Xullas, rus hamkasbi sharhida qulog‘iga chalinganni o‘zbekchasiga o‘qlab otib yuboraveradi, masalan, kimning kimga, ammo ni u komu komu, no dan olgani aniq.

Bir paytlar “Mushtum” jurnalida “Bir qaynovi ichida gaplar” rukni bo‘lardi. Sharhlovchilarimiz lug‘ati bu borada o‘ziga xos xazina! Bizga eng “yoqqanlari”dan bir nechasi bilan o‘rtoqlashsak: “po idei on poluzaщitnik” ongostida qotib qolganidan tug‘ilgan “u g‘oya bo‘yicha yarim himoyachi”ni eshitganda, mabodo, futbol bo‘yicha emasmi, deya kulib qo‘ysa bo‘ladi (ideya joyiga qarab g‘oyadan tashqari fikr, maqsad, niyat, rejani ham anglatadi). “O‘yinni o‘ldirmoqdalar” ruschadagi “ubivayut igru”dan ilhomlangani shubhasiz. Ruslar uchun bu to‘g‘ri, ularda “ubivat vremya” ham bor, bizda vaqt o‘ldirilmaydi, behuda o‘tkaziladi. O‘yin hovuri, shiddatini tushirmoqda, desa bo‘ladi-ku.... Ammo “komande nujna novaya krov”dan tug‘dirilgan “jamoamizga yangi qon kerak” qabilidagi dumbullikka o‘zbekning eng savodsizining ham aqli yetmaydi va, tabiiy ravishda, futbolchilarga qon quyish zarur bo‘lib qolibdi-da, borib qon topshirsammikan, deb bezovtalansa, haqqi bor. “Eldorda hudud paydo bo‘lmoqda”, “Shomurodovda hududlar bo‘lardi”, “biznikilarda tanani tiklab olishga vaqt kam qolgandi”, “sog‘lig‘idan ehtiyot bo‘lishimiz kerak”, “qandaydir chizgilar sezilib bormoqda”, “zarbaga bermaslik kerak”, “hech bir klubda bunday baxt bo‘lmagan”, “masofani to‘g‘ri taqsimlay olmadi”, “jarima maydonchasidagi kichik to‘rt burchak nuqtada darvozabonga tegib bo‘lmaydi”, “zich kombinatsiyani bir oz kengaytirishni o‘yladi”, “yomg‘irli bulut suzib yuribdi”, “o‘yinning ikkinchi dinamakasi”, “chuqur orqaga qaytishni ma’qul ko‘rdilar”, “shifokorlar yordamga muhtoj”ni, xudo haqqi, tushunolmadik. Xotiramizda rus, ingliz, fors, turk, po‘lshacha tillardagi eshitganlarimizni tiklashga qancha urinmaylik, bunaqasini topolmadik. Oxiri, tilning suyagi yo‘qligiga yana bir bor inondik.

Bir qarasang, sharhlovchilarimiz gap-so‘zlarini eshitib, choyxonada o‘tirib futbol ko‘rayotgan ulfatlarning munosabati esga tushib ketadi: his-tuyg‘ularni tiyolmaslik, o‘ylamasdan gapirish, barchaga ayon narsalar, maydonda shundoq ham kuzatib turganlaringni ifodalash, sharhni ikki kishi olib borilgan paytlarda esa bir-biriga gal bermaslik va hokazo. Yana bir qarasang, sharhlovchilarimiz ishi rahmatli Hojiboy Tojiboevnikiga o‘xshab ketadi. Qiziqchinikiyu tushunarli va yoqimli, biroq sharhlovchilik har holda boshqa yo‘nalish-ku?! O‘yin yomon chiqsa ham, sharh yuqori saviyada bo‘lsa, vaqtingga achinmaysan. “Hakamning ikki yuzidan o‘pib qo‘yishi mumkin”, “hakamingga ham, boshqalarga ham deya ichidagi borini aytdi” singari o‘ylamay-netmay aytilganlar, sharhlovchi aynib borayotgani, o‘ziga bino qo‘yishni boshlagani, omma qarshisidaligini unutib qo‘yayotganiga ishora, deb bilamiz. O‘yinchimiz yiqitilgan holatda “ozgina sahna ko‘rinishi ham bo‘lishi kerak, axir biz Osiyoda o‘ynayapmiz-ku” deya futbolchini sirtdan g‘irromlikka undash esa sharhlovchining fe’lidan dalolat berishdan tashqari, tahririyat, qolaversa, millat obro‘siga soya tashlaydi, albatta.

Bunday “qovun tushirishlar” sharhlovchilarimiz so‘z boyligining o‘ta qashshoqligi va oqibatda birovlarga ergashishdan o‘zga ilojlari yo‘qligi bilan bog‘liq, desak adashmaymiz. Aks holda, ulardan bittasi ikki daqiqa ichida dastlab, dastlabki so‘zini to‘rt marta ishlatmasdi, ilk, boshdanoq, boshlang‘ich, avvalgi, birinchi, ibtido singarilaridan o‘z o‘rnida foydalangan bo‘lardi. Saviya shunday bo‘lgandan keyin Rossiyaning NTV sport kanallari sharhlovchilaridan eshitgani va miyasiga quyilib-qotib qolganini qo‘llashi turgan gap: murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatildi (treneru ukazali na dver), qanday zarba (kakoy udar), qanday zarbani qabul qilib oldi (kakoy udar prinyal), ochiqchasiga tajriba yetishmadi (a yesli otkrovenno, to ne xvatilo opыta), ana shu fonda sizlar bilan xayrlashamamiz (na etom fone proщaemsya s vami), ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan Bikmaev (perejivayuщiy svoyu vtoruyu molodost Bikmaev), oxirgi cho‘pga ham osilishga harakat qiladi (stremitsya xvatatsya za solominku), tozalovchi vazifasini qoyil-maqom bajarmoqda (otlichno vыpolnyaet rabotu chistilщika) dan eplab-seplangani ayon.

Rus sharhlovchilarining tegishli sport turi bo‘yicha bilimdonligi, o‘z ona tilisi ustaligiga tan beramiz. To‘g‘ri, ularda ham chet atamalarga mukkadan ketish kasali bor va biznikilarning dardi ham aslida shundan, ya’ni ular – ikkinchi qo‘l. Biroq moskvalik sharhlovchilarning yuqori saviyasi, mantiqiy fikrlashi, rus tili qoidalariga amal qilishlari yaqqol bilinib turadi. Ularning sharhida bilim va tatim bor! Dahshatli dramatik ko‘rinish tus oladi (drama – og‘ir baxtsizlik, kulfat, fojia, mojaro, tanglik, jiddiylik); noaniq to‘p uzatilishi (to‘pning aniq-noanig‘i bo‘lmaydi), oyog‘iga zarba qabul qilib oldi (qaror, to‘lqin, taklif, hisobot qabul qilinadi, zarba beriladi, yeyiladi), zarbani kim yo‘llaydi (zarba berib to‘p yo‘llanmaydimi?), ko‘p to‘pni qabul qilmoqda (maydonda to‘p bitta bo‘lmaydimi?), futbolchilar prinsipial harakatlar qilishni xohlashmayapti (harakatning prinsipialsizlari ham bormi?), bu mening shaxsiy subektiv fikrim (ikkovi bir narsa emasmi?) kabi taxirliklar ularda yo‘q. Har holda biz duch kelmaganmiz.

Boshqacha aytganda, sharhlovchilarimiz o‘z ona tilidan tashqari rus tilini ham puxta bilmaydilar. Teskarisi bo‘lganida edi, o‘zbekchada bu kabi sharmandagarchiliklarga yo‘q qo‘ymasdilar. Zero biron tilni puxta egallagan inson boshqasi bo‘yicha ham shunga intiladi. Bilimsizlik esa har ishda pand beradi, ba’zan sharmanda ham qiladi. Sharhlovchi “tezlik inersiyasi” deganida, nimani tushunishimiz kerak? Nyutonni go‘rida ag‘darib yuboradigan bunday “kashfiyot” ham til, ham fizika qonunlarini bilmagan yurtdoshimizning rus sharhlovchisi qo‘llagan po inersii aniqligini o‘zbekchalashtirish yo‘lida qilingani shubhasizdir.

“Bizda shunday o‘yin amaliyoti bor” gapi “u nas yest takaya igrovaya praktika”danligi tayin. Ruschadagi “igrovaya praktika” birikmasi to‘g‘ri, biroq o‘yin harakat, ish, amalni anglatadi. Axir, sharhlash amaliyoti, o‘qitish amaliyoti, davolash amaliyoti demaymiz-ku! Ruschadagi “praktika” bir necha ma’noga ega bo‘lib, tajribani ham bildiradi. Ya’ni “igrovaya praktika” deya NTV sharhlovchilari o‘yin tajribasini ko‘zda tutadilar, amaliyotini emas. Shuningdek, “Milan” igral vtorыm nomerom” deya, ular tashabbusni raqibga topshirib, himoya usulida o‘ynadi, demoqchi bo‘ladilar. Biznikilar esa “Milan” ikkinchi raqam ostida harakat qildi” deb yuboraveradilar. Ruschada “pod 2 nomerom” emas-ku. Rus sharhlovchilarining “kontrolirovat igru, myach, kontrolnaya igra” qabilidagi ta’kidlarini “o‘yin, to‘pni nazorat qilish, nazorat uchrashuvi” tarzida o‘zbekchalashtirish ham noto‘g‘ri, deb o‘ylaymiz.

Avvalo, he yo‘q, be yo‘q podkat so‘zini qo‘llashga sharhlovchiga kim huquq berdi? Biroq “podkat tashladi” deyish xato ustiga xatodir. Negaki mazkur so‘z nimanidir ostiga sirg‘atib tashlash, sirg‘alib tashlanishni bildiradi. Rus sharhlovchilari uni raqib oyoqlari ostiga tashlanib to‘pni olib qo‘yish, chiqarib yuborish holatlarida qo‘llaydilar. O‘zbek tilida esa gap, ko‘lanka, po‘st, urug‘, shox, xandon tashlanadi, “podkat” emas. Shuningdek, ruschadagi shporы atamasini o‘zicha shpor+lar deya o‘zbekchalashtirishga sharhlovchining haqqi bormi? Birinchidan, pix, masalan, xo‘roz pixini bildiruvchi so‘z ruschada shpora deyiladi. Ikkinchidan, inglizlarning “Totinhem Hotspur” jamoasining belgisi xo‘rozligidan tashqari, boshida jamoa nomi Henri Persi Hotspur sharafiga atalgan. Hotspur hot (qiziqqonlik) va spur (tepki, pix) so‘zlarining qo‘shilishidan yasalgan va o‘zini tiyib turolmaydigan, xo‘roz urishtirishga mukkasidan ketgan Henri Persining laqabi sanalgan. Yo bo‘lmasa, “Arsenal”liklarning laqabi the gunners ni ruschadagi kanonirы cingari kanonirlar tarzida emas, o‘zbekchalab to‘pchilar deb yozish, aytish qiyin yoki shunchalik uyatlimi?

Garchi ta’minlash ish, mahsulot, ashyo singarilar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, “pas bilan ta’minaladi”da qandaydir ma’no bo‘lishi mumkindir, ammo “pas uzatmoqda”dagi pas inglizchada uzatish-ku! “Uning harakatini o‘qidi”ning o‘rniga fikrini o‘qidi, desa ham mayli edi, chunki harakat o‘qilmaydi, harakat fikr (miya) ning ijrosidir. Uning qarorini (mo‘ljalini, rejasini) payqadi (sezdi), deyilsa, har jihatdan o‘zbekona va shirali chiqardi, deb ishonamiz.

Davlat va jamiyat turmushining barcha yo‘nalishlari hal qiluvchi, kelgusi davrlar negizini belgilab beruvchi sifat o‘zgarishlari yuz berayotgan endigi pallada har soha o‘z ishini bilib-bilib qilsa, ayniqsa, kamchiliklari ustida bosh qotirsa, oqillikdan bo‘lar edi, deb ishonamiz. Mazkur ishonch futbol, umuman sport turlari bo‘yicha atamalar bo‘yicha jiddiy izlanishlarga ham tegishlidir. Qisqasi, atamalarning aslini obdon o‘rganib, ularni oqilona o‘zbekchalashtirish ishiga kirishmasak, ertaga kech bo‘lishi turgan gap! Masalan, futbol o‘yinida direct free kick, indirect free kick qoidalari bor. Birinchisiga ko‘ra, qoida buzilgan nuqtadan darvozaga kiritilgan to‘p hisobga olinadi, ikkinchisida esa yo‘q – to‘p boshqa futbolchiga tegishi lozim. Ruslar bu ikki atamani shtrafnoy udar va svobodnыy udar deya o‘zgartirganlar, biznikilar esa odatdagidek ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirishdan tashqari “to‘p”ni ham qo‘shib qo‘yganlar: jarima to‘pi va erkin to‘p. Aslida esa erkin zarbaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri va egrisi ko‘zda tutilgan.

Go‘l deya talaffuz qilib, gol yozadiganimiz, inglizcha goal, ya’ni maqsad, vazifa, marra, futbol atamashunosligi nuqtai nazaridan esa darvozani bildiradi. Ya’ni to‘p urilganda darvoza ishg‘ol qilingani, nishonga tekkani tushuniladi. Demak, darvozaga go‘l emas, to‘p urilishi natijasida go‘l yuz beradi (goalkeeper ham shundan: darvoza, nishonni saqlovchi, qo‘riqlovchi – darvozabon). Shu ma’noda, sharhlovchilarimiz ko‘r-ko‘rona rus tilidan o‘zlashtirgan avtogol inglizchadagi own goal ni o‘ziga xos ruslashtirishdan paydo bo‘lgani, shubhasiz. Mazkur atama o‘yinchi o‘z darvozasiga to‘p urilishiga sababchi bo‘lganini bildirishi ham yaxshi ma’lum. Boshqacha aytganda, o‘ziga o‘zi to‘p urib qo‘ygan. Shunday ekan, o‘zgo‘l, desak bir nima bo‘ladimi? Start oldi, start berildi singarilar sharhlovchilar “lug‘ati”dan boshqa OAVlariga ham ko‘chib, o‘rnashib bo‘ldilar. Start o‘zbekchada boshi, boshlanishi, boshlamoqni bildiradi-ku, Tegishliligiga qarab, o‘yin, tadbir boshlandi, olg‘a desak bir nima bo‘ladimi?

Inglizchadagi time umuman vaqtni bildirishi bugun yetti yoshdan yetmish yoshgacha ma’lum, desak oshirib yuborishimiz aniq, lekin sharhlovchi birinchi, ikkinchi taym deganda mutlaq ko‘pchilik to‘qson daqiqa cho‘ziladigan o‘yinning birinchi va ikkinchi bo‘limlarini tushunishiga shubha yo‘q. Taym ning aslidan kelib chiqilganda esa birinchi vaqt, ikkinchi vaqt qabilida tarjima qilishga to‘g‘ri keladi va bu albatta noto‘g‘ridir. Shuning uchun ham inglizlar the first half, the second half deb yozadilar. Ya’ni to‘qson daqiqalik o‘yinning birinchi va ikkinchi yarimlari, bo‘laklari, bo‘limlari. Adolat yuzasidan aytganda, biznikilar “bo‘lim”ni ishlatib turadilar, ammo taglaklarini ko‘chirmachilik ko‘targanidanmi, “taym”, “ekstra taym” nashasi ko‘proq tutib turadi.

Futbol sharhlarida bemalol ishlatilayotgan fransuzcha ricochet ruschaga rikoshet tarzida ko‘chib, undan sport sharhlovchilarimiz “sharofati” bilan o‘zbekchaga ham kirib keldi. Bir jismning ikkinchisiga tegib, urilib yo‘nalishini o‘zgartirishini anglatuvchi holatlar o‘zbek xalqi hayotida yuz bermagan, deb o‘ylaysizmi? Bolaligimizda yalpoq toshni suv yuzasiga qiyalatib otib, uning sakrashlaridan zavq olganmiz, yong‘oq o‘ynaganimizda biri ikkinchisiga tegib yo‘nalishini o‘zgartirganiga necha martalab guvoh bo‘lganmiz-ku? Bobolarimiz chavgon o‘ynaganlarida urilgan to‘p otgami, odamgami, yergami tegib, yo‘nalishini o‘zgartirgani aniq. Demak, holatni anglatuvchi so‘z ham bo‘lgan va bor. Geometriyada to‘g‘ri chiziqning egri chiziq, aylanaga tegib o‘tishini “urinma” atamasi bilan bildirishga qodir, “yerga ursang, ko‘kka sapchiydi” maqolini to‘qigan millat uchun bu qiyin emas-ku!

Standart, standart vaziyat (standartnoe polojenie) ham o‘z vaqtida rus tilidan qanday bo‘lsa, shundayligicha o‘zlashtirilgan-qo‘yilgan. Odatda, mazkur holat har bir bo‘limni, to‘p kiritilgandan keyin o‘yinni markaziy nuqtadan boshlash, darvozabon tomonidan to‘pni o‘yinga kiritish, chet, burchak, erkin, jarima (?), talash to‘pni o‘yinga kiritishni anlatadi. Shu tariqa o‘yinni davom ettirish qoidalari aniq va o‘zgarmas bo‘lgani uchun ham ruschada standart aniqligi qo‘llanadi. Shuni hech bo‘lmasa, o‘zgarmas vaziyat yoki o‘zgarmas desak, birov bizni urishadimi? Shuningdek, dubl ni qo‘sh to‘p, het trik ni uch to‘p, poker ni to‘rt to‘p, penta trik ni besh to‘p, geksa trik ni olti to‘p desak, osmon uzilib yerga tushadimi? Bemalol qo‘llanayotgan desima ispanchada o‘ninchi, undesimo esa o‘n birinchi degani ekanligini bilib qo‘ygan zarar qilmaydi.

Mustamlaka zamonida ham birinchilik, billur sovrin deyilar edi, bugun esa chempionat, kubok atamalari hukmron! Holbuki, champion eng yaxshi, kurashchi, g‘olib ma’nolariga ega bo‘lib, championship birinchilik, olishuv, bellashuvni bildiradi. Musobaqani turnir deya aytish va yozish ham avj olmoqda. Kubok – qadah, jom, ya’ni idish. Sovrin ko‘rinishi jomsimon bo‘lgan uchun inglizlar cup, ruslar kubok deydilar. Biz nega ularga ergashishimiz kerak? Yo bo‘lmasa, sport formasi kiyim-kechakdan tashqari holat, tayyorgarlik darajasini ham bildirishidan kelib chiqib, “qaysi jamoa yaxshi sport formasida bo‘lsa” ta’kidini futbolchilarning ham jismoniy holati va mahorat darajasi, ham kiyimining yaxshi-yomonligi nuqtai nazaridan talqin etilishining oldini olish uchun “qaysi jamoaning tayyorgarligi yaxshi bo‘lsa” deyish shunchalik qiyinmi? Sport kiyimi, desak, hech kim tushunmaydimi? Tatami yaponchada bo‘yrani anglatadi, to‘shak, gilam desak, o‘lib qolamizmi? Ring inglizchada aylana, doira, xalqa ekanligini bugun kim bilmaydi?

“Sport” kanalimizning Riodagi o‘yinlarga bag‘ishlangan axborotida lomka (go‘lf sport turi bo‘yicha) so‘zi ishlatildi. Vaholanki, maqsad ruschadagi lunka (inglizchadagi hole), ya’ni chuqurcha, o‘yiq haqida bo‘lgan! Lomka esa buzish, o‘zgartirish, maydalash barobarida giyohvandning azob-uqubatini ham bildirishi yaxshi ma’lum. Bu kesatiq emas, aslo! Ammo keyingi paytlarda ko‘rsatilayotgan hokey (hockey) o‘yini sharhida “o‘yinchi muzga qaytdi” deb turilsa, g‘irt sharmandagarchilik-da. “Igrok vernulsya na led”da muz usti ko‘zda tutilmoqda va rus tilida to‘g‘ri, ammo o‘zbekchada noto‘g‘ri! Odam uyiga, qishlog‘iga, orqaga, maydonga, sahnaga qaytishi mumkin, lekin muzga, sovuq yoki issiqqa qaytolmaydi.

Chet atamalarni til qo‘rg‘onimizga olib kirishda “insof ko‘rsatayotgan” sharhlovchilarimiz ham bor. Ulardan biri “g‘ildirakli, ya’ni rolikli chang‘i” deyish orqali g‘ildirakni o‘zbek tushunmasligini ko‘zda tutgan chog‘i, biz “bechoralarni” ayab, “g‘ildirakli, ya’ni rolikli chang‘i” jumlasini ikki marta qaytardi va u yog‘iga “rolikli chang‘i”ni ishlata boshladi. Shu tariqa avaylab-asrab “rolik” atamasini o‘zbek lug‘atiga kiritdi-qo‘ydi. O‘yinchilar almashish holatini Din aut (out), Alba in (in) deya sharhlash esa “shamoldan qochib, bo‘ronga tutilish” sari qadamlar boshlanganidan o‘ziga xos ogohlantirishdir!

Maydonda qoida buzilsa, sharhlovchi buni qoralaydi, tanqid qiladi, kezi kelganda adolat talab qiladi, ammo o‘zi-chi? Bir o‘yin sharhi ichida u davlat tili qonunchiligini necha marta buzadi? Qoida buzgani uchun futbolchi jazo oladi, ammo sharhlovchi-chi?

Axborotni yetkazishdan muddao nima? O‘quvchi, ko‘ruvchi, eshituvchini xabardor qilish orqali uning bilimini oshirish, dunyoqarash va tasavvurini boyitish, to‘g‘ri yo‘lga boshlash, egrisidan qaytarish, yaxshilikka undash, yomonlikdan tiyish va hokazo.....Buning uchun esa ma’lumot uni qabul qiluvchi uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Oʹzbekiston 24 kanalida jaranglayotgan plantatsiya, gigant, komponent, modernizatsiya, epos, motivatsiya, rezyume, debat, investor, litografik, spektr, aksiya, piar, imij, media, virtual, monitoring, funksiya, zadvijka, kollektor, inert, brend, tender, framuga, fasad, koziryok, dialog, kulminatsion, balans, poligon, optimal, unitar, stavka, preferensiya, parametr, utilizatsiya, magistral, global, infokiosk, mobil, analitik, stend, pragmatik, argument, flora, fauna, spektr, reyting, xab, transaksiya, roud shou, kapitalizatsiya singari ko‘plab chet so‘zlarning mag‘zini oddiy kishi u yoqda tursin, jurnalchilarimizning barchasi ham asoslab, chaqib berolmasliklariga ishonchimiz komil. O‘zbek tilidagi “Axborot”ning ayrim lavhalaridagi ruscha chiqishlar tarjimasiz berilishi tez-tez uchrab turadi (holbuki, ruscha “Axborot”dagi lavhalarda o‘zbekcha chiqishlar albatta o‘zbekchalashtirib beriladi; “Sport” telekanalida esa butun bir ko‘rsatuv ichida muxbir savollarni o‘zbekcha berib, suhbatdoshi rus tilida javob qaytarishi tez-tez uchrab turadi). Go‘yoki, uni ko‘rib-eshitayotganlarning barchasi rus tilini birdek yaxshi tushunadigandek. Shu o‘rinda, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotida eskidan alohida o‘rin tutib kelgan va, ochig‘ini aytsak, so‘nggi ikki yarim yildagi o‘zgarishlar tufayligina hozircha ham mazkur maqomini yo‘qotmagan ushbu ko‘rsatuv va yangi kanalning ko‘lami, ta’siri juda kattaligi inobatga olinsa, tilga olingan tarzda tarqatilayotgan axborot jamiyatning to‘qson olti foizini tashkil etuvchi o‘zbek tilli aholiga to‘la-to‘kis, til borasidagi bilimi turlicha bo‘lgan har xil qatlam va yoshdagilar hazm qiloladigan sifatda yetib bormoqdami yoki yo‘qmi, savoli tug‘ilishi mantiqlidir! Bizningcha, yo‘q! Bundan chiqdi, mo‘ljalga tegmayapdi – turmushimizning turli yo‘nalishlari bilan bog‘liq siyosatni ommaga (!) yetkazish ishiga ma’lum darajada zarar keltirmoqda. Odamlarning g‘ashi va g‘ururiga tegishini esa gapirmasa ham bo‘ladi.

“Madaniyat va ma’rifat” telekanalida kalligraflar, “Toshkent” telekanalida “Bobur memuarlari” deb turilsa, “piyodalar”dan hafa bo‘lmasa ham bo‘ladi. Xattot, husnixatchi, xushxatchi, husnixat egasi, esdaliklar, yodnoma, xotira singarilar bor-ku! “Mening bog‘im” ko‘rsatuvi boshlovchisi ming yillardan beri bog‘dorchilik qilib kelayotgan ota-bobolarimizdan qolgan ko‘chatzor so‘zi qolib, pitomnik desa, dodingni kimga aytasan?!

Din arboblarimizning oyatlar, hadislarni aslida o‘qib berishlari asnosida qiroat, arab tili qoidalariga rioya qilishlari to‘g‘ridir. Biroq diniy targ‘ibot-tashviqot ishlaridagi o‘zbekcha ifodalarda arab tiliga xos talaffuzlarga mukkadan ketish, masalan “ayn”ga urg‘u berish, yo bo‘lmasa, ko‘pchilikka tanishsiz so‘zlarni qo‘llash pirovardida ma’rifatparvarlikdan muddao unumini susaytirib yubormaydimi? Masalan, “aroziy va samoviy balolar”dagi “balo” tushunarli, ammo “arz” yerni, “samo” ko‘k, osmonni bildirishi barchaga ham ma’lum emas. “Xossatan”ning o‘rniga ayniqsa, xususan, “qiyrot-qiyrot” emas, ko‘pdan-ko‘p, cheksiz deyilsa, nishonga tekkandek bo‘lardi, albatta.

“Test sinovlari, imtihonlari” binoyidek tuyuladi, lekin inglizchadagi test sinov, tekshiruv, imtihonni bildiradi-ku (o‘zi shu test degan atama bizga kerakmi)! “Ko‘tarma kran”dagi kran ko‘targich degani-ku? Ya’ni qulog‘imiz tovushni, ko‘zimiz belgilarni qabul qilmoqda, ammo aqlimiz ularni tekshirishga ojizlik qilmoqda. Mazkur holat telekanallarimizda bemalol qo‘llab kelinayotgan “informatsion dastur”da ham yaqqol ko‘rinadi. Informatsiya axborot, xabar, ma’lumotni anglatadi-ku, deydigan odamning o‘zi yo‘q! Bundan tashqari, dastur yo‘l-yo‘riq, ko‘rsatma, tartib, qonun-qoida, ro‘yxat ma’nolarini berishi ham yaxshi ma’lum. Bizningcha, “dasturi” aniqligi mustamlaka-sovet rejimining sarqiti bo‘lib, o‘sha kezlarda “Axborot” programmasi deyilardi, o‘z o‘rnida bu “Vremya” programmasidan olingan edi. Nega bunday yondashilgani ham ham tushunarli: “Vremya” rejimning eng asosiy siyosiy-mafkuraviy teleko‘rsatuvi bo‘lib, unda aytilgan har so‘z “programmnыy”, ya’ni dasturiy (yo‘l-yo‘riq, ko‘rsatma) ahamiyatga ega bo‘lardi.

“Davr” xabarlaridan birida “AQSh damba plotinasida” qabilidagi yondashuvni ko‘rish mumkin. Ruslar “damba” so‘zini holandlardan olganlar, sun’iy sug‘orish inshootlarini yaratish borasida uch ming yilga yaqin tajriba va ko‘nikmasi bor biz o‘zbeklar uchun bunga hojat yo‘q. O‘zimizning ko‘tarma, to‘g‘on, degan so‘zlarimiz bor!

Tilimizni asrashda kino san’atining ham o‘rni alohidadir. Xoh o‘zbekchalashtirib berilayotgan chet, xoh milliy bo‘lsin, bir necha o‘n daqiqadan bir yarim-ikki soatgacha o‘ziga tortib turadigan asar ona tili va adabiyotigina emas, boshqa fanlar bo‘yicha ham o‘ziga xos o‘qituvchidir, desak oshirib yubormagan bo‘lamiz. Kino asarlarimizning sezilarli bo‘lagi ko‘chaning tilida so‘zlashishini aytmagan odam qolmadi. O‘zbekchalashtirib berilayotganlaridagi xato-kamchiliklar ham, ularning sabablari ham yaxshi ma’lum. Ammo ahvol o‘sha-o‘shaligicha qolmoqda. Shu ketishda ketsa, oqibati nima bo‘lishini mana bu misol orqali chamalasa bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

“Oltin tom” kino asaridagi bir lavhada rus qizi og‘ir oyoq o‘zbek ayolidan “Gde sUM” deb so‘raganida, u amal-taqal qilib tushuntirib beradi. Keyingi lavhada ovsinining ingliz tili bilan shug‘ullanib o‘tirgan o‘g‘lining inglizcha gaplarini eshitib, bunga nima bo‘lgan o‘zi, qabilida hayrat bilan yana bir bor o‘z “savodsizligi”ni ko‘rsatadi. Asar ijodkorlari shu tarzda kulgi uyg‘otmoqchi bo‘lganlari shubhasiz, ammo, bizningcha, tagida o‘zbek ayoli, o‘zbek tilini yerga urib qo‘yganlari, millatimizni kamsitganlarini bilarmikanlar. Har holda mazkur lavhalar kaminaning g‘ururiga qattiq tegdi. Chetdan qaragan odamda, o‘zbek, xususan, uning ayoli ilgari ham rus tilini qoyillatmagan edi, endi ingliz tilini qaydan bilsin, xulosasi tug‘ilishi turgan gap. To‘g‘ri, umuman san’at, xususan, kinosan’ati millatning ijobiy, o‘ziga xos jihatlari qatori muammo va kamchiliklarini ham namoyon etishi lozim. Biroq avvalo o‘zimizning ustimizdan o‘zimiz kulmasligimiz va shu tariqa boshqalarga ham kalaka bo‘lmasligimiz dunyoqarashi, odati, qoidasini esdan chiqarmaslik ham farz, ham qarzdir. Teskari holda, Toshkentda Shtutgart futbol klubi maktabining ochilishini olqishlash barobarida uning Facebook sahifasiga, nega o‘zbek tilida axborot bermaysizlar, savolimizga, lotin alifbosidagi ravon o‘zbek tilida bitilgan “biz asosan rus doirasiga mo‘ljal qilganmiz” ta’nasini eshitib yuraveramiz.

Gapning po‘skallasi, kino va teatr tili, jumladan atamachiligini (eskidan qolgan “postanovkachi-rejissyor, postanovkachi-tasvirchi, ssenariychi, grimchi, epizod”lardan boshlab “prodyusser” singari yangilarigacha) qayta ko‘rib chiqib, oqilona to‘xtamga kelishimiz o‘ta zarur!

Ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy atamalarimizni qo‘llashda puxta ishlab chiqilgan tartib, oqilona yondashuv yo‘q! Chunki o‘tgan ulkan muddat (til islohoti uchun o‘ttiz yil hazilakam vaqt emas) ichida bu borada derli biron-bir ko‘zga ko‘rinarli ish qilingani yo‘q, desak oshirib yubormagan bo‘lamiz.

Prezidentimizning besh tashabbusidan birinchisida yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqtirishni kuchaytirish bejiz olg‘a surilmadi. Negaki ular aslida til bo‘yicha o‘ziga xos saboqlardir va shu tariqa o‘z-o‘zidan til tafakkuri paydo bo‘ladi. Til uning ilmiy qoidalarini rioya qilib yozish va so‘zlashni eplashgina emas, balki millatning o‘tmish va buguni bilan bog‘liq barcha-barchani bilish (bilim, tarbiya), tuyish (sevish, qadrlash, g‘ururlanish, saboq chiqarish, ogoh bo‘lish), qo‘llash (o‘z ustida ishlash, rivojlanish) salohiyatining ifodasidir!

Shaxsning til boyligi, notiqligi lug‘atni to‘liq egallagani bilangina belgilanmaydi. Ustiga-ustak o‘z milliy adabiyoti, jumladan og‘zaki ijodni, san’ati, geografiyasi, dini, tarixini ham yaxshi bilishi lozim. O‘qimishli rossiyaliklarning (siyosatshunoslar, jurnalchilar, olimlar, adabiyot va san’at ahli va boshqalar) so‘zlashuv, yozishmalarda tarixiy, adabiy matal, o‘xshatishlarni bilag‘onlik bilan qo‘llashlarini ko‘p kuzatganmiz va havas ham qilamiz. Bizda esa bunday holatga deyarli yo‘liqmaysiz. Bo‘lsa ham, ruschada o‘qigan, eshitganlarimizni ishga solamiz. Troyanskiy kon; Platon mne drug, no istina doroje; Axillesova pyata; Yexidna; kanut v Letu; damoklov mech; kozel otpuщeniya; dengi ne paxnut; drakonovskie merы; bumaga vse terpit; vse svoe noshu soboy; iz dvux zol vыbirayut menshee; mejdu Ssilloy i Xaribdoy; razrubit gordiev uzel; lebedinaya pesnya; mavr sdelal svoe delo, mojet uxodit; manna nebesnaya; yaщik Pandorы; medvejya usluga; oko za oko, zub za zub; yazыk do Kieva dovedet; Sizifov trud; vosstat, kak Feniks iz pepla; chto dozvoleno Yupiteru; ne dozvoleno bыku.... – bularning bari rus va G‘arb adabiyoti, tarixi, dini bilan bog‘liq voqealar qaymog‘ining badiiy ifodalaridir. Mazkurlarni o‘z o‘rnida ustalik bilan qo‘llash uchun ularning kelib chiqishini bilmoq kerak. Aks holda xabaruzchilarga o‘xshab «qovun tushirib qo‘yish» hech gapmas. I.Sergeevning “Paxtakor”ga qaytishiga bag‘ishlangan axborot «Daydi o‘g‘ilning qaytishi» – Sergeev yana «Paxtakor»da» sarlavhalangani misolida aytadigan bo‘lsak, o‘qigan yoki eshitgan bilan kishi uqqan bo‘lib qololmasligi yana bir bor tasdiqlanadi. Negaki, avvalo, mazkur matal shaklan Rembrandtning “Vozvraщenie bludnogo sыna” asari sabab ommalashgan. Uning mazmuni esa Injildagi hikoya – tavba qilgan bir gunohkorning to‘qson to‘qqiz taqvodordan ustunligi g‘oyasi bilan bog‘liqdir. “Troyan ot”, “troyan oti” kabilar esa kunuzchilarning o‘z hamkasblaridan qolishmasliklariga ishoradir. Negaki mazkur matal bilan bog‘liq voqea Troyan emas, Troya (o‘zbekchasi – Tro‘ya) shahrida yuz bergan, troyan esa uning rus tiliga xos tuslanishdir.

O‘zbek tili ham tarixiy, adabiy, maishiy yo‘sindagi matallardan mosuvo emas. “Bog‘dagi gap”, “enangni Uchqo‘rg‘ondan topasan” kabilarni ishlatganimiz bilan kelib chiqishini ko‘pchiligimiz bilmaymiz. Amir Husaynning sotqinligi sabab boy berilgan “Loy jangi”ni matal o‘rnida qo‘llasang, deyarli hech kim tushunmasligi aniq. Kezi kelganda bir davradagi suhbatga uyg‘unlashtirib, Homidning ishini qilibdi-da, deya munosabat bildirdik (atayin). Gurungdagilardan biri, qaysi Homid, anavini aytyapsizmi, u ham shunday qilgan ekanmi, deganida ajablanmadik. Yo‘q, “O‘tgan kunlar”dagi, Otabek bilan pichoqlashgan Homidni, javobimiz, haqiqatan bu yaramas ham xuddi shunaqa orqavarotdan choh qazigan, aks sadosiga erishdi. Demak, tarix, adabiyotimiz bilan bog‘liq voqea, lavha, ifodalarni matal sifatida qo‘llasak bo‘ladi. Biroq buning uchun, masalan, “Mehrobdan chayon”ni Anvar va Ra’no sevgisiga bag‘ishlangan bir cho‘pchak emas, balki o‘tmishimizning o‘n to‘qqizinchi asr ikkinchi yarmi ijtimoiy-siyosiy voqeligini ko‘z oldimizga keltirish, turli qahramonlar orqali milliy fe’l-atvor, dunyoqarash, saviya holatini anglash, shuningdek til boyligimiz imkonlarini bilish nuqtai nazaridan o‘qishimiz lozim bo‘ladi. Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish yo‘lidagi tashabbus va aniq ishlarining zamirida mazkur o‘ta zarur muddao ham borligiga ishonamiz. Shunday madaniyatga erisholsak, Abdulla Qodiriy asarlari lug‘atidagi “bek bo‘lmasa – bekzoda, mudarris bo‘lmasa – mukarrir”, “kiyimni tog‘ora chiritadi”, “yog‘ qovoqning mazasini buzadi”, “bo‘z to‘n bergandan, bermagan yaxshi”, “qulyog‘a quymoq”, “ammaga bo‘g‘irsoq”, “yosinga yupqa” singarilarni joyida ishlatib, og‘zaki va yozma so‘zlashuvimizga tot kiritamiz. Qolaversa, “O‘tgan kunlar” orqali xalqchillik kasb etgan “Marg‘ilonda shunday kelinimiz bor ekan-ku, bilmay yurgan ekanmiz” iborasini Namangandagi yig‘ilishda o‘z o‘rnida qoyillatib qo‘llash orqali davlatimiz rahbari bu borada ham ibrat ko‘rsatib berdilar.

Til siyosatida kundalik turmushimizning ajralmas zaruriyatlari – elektronika buyumalari, qurilmalarini qo‘llash, boshqarishga oid yozuvlarning o‘rni va ta’siri kishi bilmas yuksakdir. Kishilik, jumladan, biz o‘zbeklarning ham bundan buyongi hayoti turli, ayniqsa, axborot texnologiyalarining rivoji bilan chambarchas bog‘liqlikda kechishi ko‘zda tutilsa, muammoning ko‘lami yanada oydinlashadi. Televizor, kompyuter, telefon, gajet, muzlatgich, sovutgich, isitgich, o‘choq va shu singari o‘nlab narsalardan tashqari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishdagi har xil qurilma, asbob-uskunalarni qo‘llash va boshqarishga tegishli ichki va tashqi yozuvlar ham davlat tilida bo‘lishi shart! Katta, ayniqsa, kichik avlodning ko‘zi ularga har soniyada tushishi, ya’ni mehr – ko‘zdaligi e’tiborga olinsa, masalaning o‘ta jiddiyligi yaqqollashadi-qoladi (esimizni taniganimizdan bozor qiladiganimiz “Eski Jo‘va”dagi avtomobil turar yeri endigina qayta qurilib ishga solinganiga ikki oy bo‘lmadi. Qulay, shinamligi qatorida kirdi-chiqdi, to‘lovlar raqamli xizmat negizida bajarilishini ko‘rib juda quvondik, biroq uskunalar, yo‘nalish ko‘rsatkichlaridagi axborot yozuvlari rus tilida!?). Nemis, ispan, shved, arab, turk, fors, yapon, koreys, xitoylar...o‘z yurtida eplagan ishni nega biz qilolmaymiz? Nega tashqaridan keltirilib, o‘zimizda ishlab chiqarilib sotilayotgan shu kabi buyum, qurilmalarga davlat tili nuqtai nazaridan talab qo‘ymasligimiz kerak? Birgina dasturlash yo‘li bilan bitadigan yumush bo‘lmasa ham mayli edi (shu bilan birga ushbu vazifani shoshma-shosharlik bilan, masalan, dori-darmonlarning yo‘riqnomasini o‘zbekchalashtirishga o‘xshab “xo‘ja ko‘rsin”ga emas, ilmiylik va qulaylik negizidagi tizimli ravishda bajarish lozimligini ham alohida urg‘ulagan bo‘lardik).

Xohishlarimizdan qat’i nazar har lahza ko‘zimiz tushadigan, til bo‘yicha yana bir ulkan ko‘rgazma quroli bor: tashqi yozuvlar!

Qonunda (20-modda) lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi belgilab qo‘yilgani bilan o‘tgan yillarda bu borada ham har kim o‘z bilganidan qolmayapdi. Yuridik shaxslar, xususan, davlat idoralari misolida aytadigan bo‘lsak, ularning nomlanishiga oid lavhalardagi harflar, o‘lchamlar, ranglar, ashyolar, o‘rnatmalarning turlichaligiyu davlat tilidagisidan tashqari rus yoki ingliz tilida qaytarilishining guvohi bo‘lamiz. Nega bu kabilar AQSh, Germaniya, Rossiya yoki Yaponiyada o‘z tillarida beriladiyu, bizda esa yo‘q? Qisqasi, mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday tashkilotga tegishli lavhalar davlat tilida bitilishini ta’minlash barobarida ularning tur va yo‘nalishlari bo‘yicha muayyan andaza va talablarni kiritish lozim, deb o‘ylaymiz. Shu orqali kundan-kunga chiroy ochib borayotgan shaharu qishloqlarimizdagi binolarni har xil “ko‘rkbuzarlar” bosib ketishining oldini ham olishimizga qattiq ishonamiz.

Tilimizni “majaqlashda” reklama tilining o‘rni alohidadir. Asosan ingliz tilidan olinib rus tilida tuzilayotgan matnlarni o‘zbekchalashtirish qoidaga aylanib bo‘lganini hech kim sezayotgani yo‘q. Reklamadagi manzaralarning ma’naviyatimizga zarari alohida bir mavzu bo‘lgani uchun faqat bir misol bilan cheklanamiz: Men O‘zbekistonni, Toshkentni, Uzunni... sevaman qabilidagi tuyg‘ularimizni ingliz tilida yozib qo‘ysak, bir nima bo‘ladi, deb o‘ylagandik. Nima o‘zgardi? Masalan, suyukli O‘zbekistonimizning davlat tiliga hurmatimiz sal bo‘lsa-da oshdimi?

Kuzatish va tahlillarimizga ko‘ra, o‘zbek tiliga ta’siri o‘ziga xos va kuchli tashqi yozuvlarning tili ularni tayyorlovchilarning til borasidagi saviyasiga bog‘liq bo‘lib kelmoqda. Bu boradagi matnlar yo tayyor ruschadan olinadi, yo avval ruscha yozilib, so‘ng o‘zbekchaga tarjima qilinadi. Shu tariqa, masalan, poytaxtni “mы otkrыlis” kabilar bosib yotibdi. Yana bir sabab qachonlardir kimdir o‘zicha tuzgan, o‘zbekcha qoida va tatimdan yiroq bo‘lgan matnlar, masalan, taklifnoma, tabriknomadagi axborotning urchib boraverishidir. Xizmat ko‘rsatish maskanlarining nomlanishida inglizcha atamalar, axborot oshib borayotganini sezmaslik mumkin emas. Ular ko‘p bo‘lgani uchun keltirib o‘tirmaymiz. Juda ulkan, a’lo, kichik sifatlari bilan turlanib o‘zimizning bozorni anglatadigan giper market, super market, mini market, market singarilar turish-turmushimizga o‘rnashib olganlari rost. Agar bu jarayonning oldi olinmasa, shaharlarimiz, ayniqsa ko‘ngilochar va dam olish yerlaridagi tashqi yozuvlarni ko‘rgan kishi O‘zbekistondaligini esdan chiqarib qo‘yishi hech gapmas.....Savdo, ovqatlanish tarmoqlaridagi narxnoma, ovqatnomalarda o‘zbekcha matnni topish anqoning urug‘i bo‘lib bormoqda (har holda o‘zimiz ko‘rgan yerlarda shunday).

19-moddada mulkchilik shaklidan qat’i nazar tashkilotlar muhrlari, tamg‘alari, ish qog‘ozlarining matni davlat tilida bo‘lishi belgilab qo‘yilaniga qaramay, mazkur qoida ishlamayapdi, desak adashmaymiz. Holbuki, bu juda muhim talabdir. Zero, ular davlat tili qo‘llanishining o‘ziga yarasha ko‘rsatkichidir. Hozirda kimdadir faqat o‘zbekcha, kimdadir o‘zbekcha va ruscha, yana kimdadir o‘zbekcha va inglizcha.

Dehqonchilik, aniq va tabiiy fanlar, tibbiyot rivojiga millatimiz qo‘shgan hissalar, harb ishidaga ulkan imkoniyat va mahorat bo‘yicha tinmasdan gapirishga har birimiz tayyormiz. Demak, bizda shu sohalarga oid atamalar bo‘lgan. Bu bilan ularni ko‘r-ko‘rona qo‘llash lozim, demoqchimasmiz. Shu ma’noda, asosli ravishda matematikani riyoziyot, geometriyani handasa demaganimiz holda, faqat ximiyani kimyo tarzida ishlatishimiz, bizda savol tug‘diradi. Biroq, masalan, shishni kista, sanchiqni kolika deyish o‘zimizning ustimizdan kulishdan boshqa narsa emas. Vaholanki, tibbiyot o‘tmishi haqida so‘z ketganda, oldimizga tushadigani yo‘q. Ibn Sinoning bu boradlagi tarixiy va olamshumul xizmatlari haqida g‘ururlanib so‘ylaymiz va bunga haqqimiz bor. Lekin ba’zan, masalan, meditsina atamasi “madadisino”dan paydo bo‘lgan, qabilida ko‘pirib, bilimsizligimizni yalong‘ochlab qo‘yamiz. Vaholanki, medicina g‘irt lotincha so‘z bo‘lib, davolash can’atini anglatadi va uni ulug‘ bobomizdan 1500 yil burun Hipo‘krat ham ishlatgan (uning “tabib davolaydi, tabiat tuzatadi” hikmatining lotinchasini (medicus curat, natura sanat) eslash kifoya). To‘g‘ri, endilikda tibbiyot asosan G‘arb va ma’lum ma’noda ayrim osiyolik mamlakatlarning izlanishlari bilan o‘ta ilg‘orlab ketdi. O‘z-o‘zidan yangi atamalar siyosatini yuritib kelayotganlar ham o‘shalardir va ularni oqilona qabul qilishga majburmiz. Shu bilan birga, eskidan – Ibn Sino zamonidan qo‘llab kelingan, kishilarimiz uchun tushunarli o‘z atamalarimizdan voz kechmasligimiz kerak, deb ishonamiz. Astma, rinit, diabet, furunkul, angina, insult, rak, tarxoma... singari qator kasalliklar va, demak, ularning atalashi bizda bo‘lgan, chunonchi, buyuk ajdodimiz ular bo‘yicha yostiqday-yostiqday asarlar bitgan.

“Dunyo bo՛ylab” kanalida shifobaxsh o‘simliklardan biriga ta’rif berilar ekan, bu rastoropsha ekanligi, uni qushqo‘ndi ham deb atalishi qistirib o‘tildiyu, u yog‘iga shifokorning uch-to‘rt marta qushqo‘ndi, deyishini e’tiborga olmaganda, faqat rastoropsha ketdi. Qizig‘i va uyatlisi, ko‘rsatuv davomida necha marta nomi tilga olingan Ibn Sino shu o‘simlikdan foydalangani aytildi, ammo buyuk tabib ham rastoropsha deganmikan, savol tug‘ilishi mumkinligi hayolga keltirilmadi ham. Boshqa bir lavhadagi olim za’faron, deb turmaganida ham, ko‘rsatuvlar jarchisining “shafran”iga, mayli, bilmaydi-da, desang.

Tibbiyot muassasalarining nomlanishi bo‘yicha ham uzil-kesil to‘xtamga kelish vaqti o‘tib ketgan bo‘lsa-da, biroq hali ham kech emas. Birov klinika desa, yana birov kasalxona, shifoxona. “Dorixona”mi yoki “apteka”? Albatta dorixona! “Arzon apteka” bahona uning “AA” qisqartmasidan tashqari apteka ham ko‘chalarimizni bosib ketganidan kishi, ochig‘i, uyaladi. Dorilarni onlayn qidirish bo‘yicha loyihaning Apptechka deb atalashi esa hafa qiladi. Tibbiy xizmat muassasalaridagi ma’lumotlar yozuvlari rus tilida berilayotgani bilan hech kimning ishi yo‘q. Bu yerda gap qonun buzilayotganidagina emas, u yerga keluvchilarning to‘liq va aniq axborot olishlariga to‘sqinlik tug‘ilayotganida hamdir. Qolaversa, o‘zbek tilidan boshqa tilni bilmaydiganlar ustidan kulishdek tuyuladi, ya’ni bo‘lgani shu, degandek!

Dori-darmonlarni qo‘llashga oid yo‘riqnomalardagi chalkashlik, xatolar o‘sha-o‘shaligicha qolmoqda: harflarning maydaligi, ruschadan ko‘r-ko‘rona, chalakam-chatti tarjima, bir so‘z bilan aytganda, salohiyatsizlik va mas’uliyatsizlik. Birgina misol keltiramiz. Filtrum dorisini qo‘llash tartibining ruschasidagi “vnutr, jelatelno posle predvaritelnogo izmelcheniya, zapivaya vodoy za chas do yedы i priyoma drugix lekarstvennыx sredstv” o‘zbekchaga shunday o‘girilgan: “ichga, oldindan maydalangandan keyin, ovqatlanishdan va boshqa dori preparatlarini qabul qilishdan bir soat oldin suv bilan ichish maqsadga muvofiqdir”. Yuzaki qaraganda, barchasi to‘g‘ridek. Biroq vnutr so‘zini ichga tarzida dag‘al tarjima qilish qanchalik asosli ekan? Keyinroqda suv bilan ichilishi urg‘ulanganini ko‘zda tutsak, o‘zi shu ta’kid kerakmi? Juda lozim bo‘lsa, o‘zbekona va tushunarli ravishda, ichiladi, desak xudo urmas? Sredstv so‘zini preparat deyishning o‘rniga vositalarini qabilida yozishga ko‘p aql kerakmi? Shu yo‘riqnomani tayyorlashdan tasdiqlashgacha bo‘lgan jarayonda biron kimsa ruschadagi jelatelno tavsiyasi dorini maydalab olib ichishga tegishli ekani, o‘zbekchada esa bu tavsiya umuman dorini qo‘llashga tegishli bo‘lib qolganini fahmlab yetmaganini qanday baholash mumkin? “Ovqatlanish va boshqa dori vositalarini qabul qilishdan bir soat oldin suv bilan ichiladi. Ichishdan oldin dorini maydalab olish maqsadga muvofiqdir” deyilsa ham to‘g‘ri va tushunarli, ham o‘zbekcha chiqardi-ku!

Bank-moliya tizimimiz uchun tarif, neustoyka, penya, rastrata, smeta, zaym, ssuda, zaklad, reestr, auksion, schet-faktura, faktura, kassa, stavka, fiskal, oborot, summa, liniya, prognoz, kameral, obligatsiya, kotirovka xuddi o‘zbekcha so‘zlardek qabul qilinadigan bo‘lib qoldilar. Invoys, prays-list, monetar, fiskal, indikator singarilar til qo‘rg‘onimiz eshiklaridan mo‘ralab bo‘ldilar. Holbuki, ularning o‘zbekchasi bo‘lgan, bor va qalovini topsa bo‘ladi (biz ko‘p qo‘llaydigan “ajnabiy” atama chek aslida yupqa bo‘z mato turini anglatgan g‘irt turkiy so‘z bo‘lib (“Devonu lug‘otit turk”ka qarang), ming yil burun savdogarlarimiz yirik miqdordagi mablag‘ni o‘zlari bilan olib yurmaganlar, pul almashtiruvchiga berib, bu haqida tilxat – chak olganlar va borgan yurt, shaharda tegishli almashtiruvchiga berganlar. U urilgan tamg‘a orqali hamkasbini tanib, chakda ko‘rsatilgan mablag‘ni savdogarga topshirgan. Yevropaliklar Sharqqa sayohatlari, bordi-keldilari chog‘ida mazkur yangilikdan xabar topib, atamasi bilan birga o‘zlashtirganlar). Masalan, kassa italiyachada quti, sandiqni bildirgan, kassir esa pul, g‘azna, xazinani saqlovchi deganidir.

Ofis, turizm, press-klub, press-reliz, press-konferensiya, konferensiya, delegatsiya singarilarni ham til maydonimizga o‘z qo‘llarimiz bilan ekib ko‘paytirmoqdamiz. “Patrul-post xizmati”ga ham ko‘z o‘rganib ketgan. Shaharu qishloqlarimizni “bezab” turgan vino-vodka yozuvlari esa oddiylikdan o‘tib, majburiylik kasb etib bo‘lgandek (oqibatini bosqinchi Skobelev nomini “abadiylashtiruvchi” aroq turida ko‘rib turibmiz). Sekund, minut atamalarini yana tiklab qo‘ydik hisob. Shularsiz bir yerimiz kamayib yoki ko‘payib qoladigan bo‘lsa, “1 soat 43 daqiqa 12 soniya” o‘rniga biryo‘la “bir chas qirq uch minut o‘n ikki sekund” yoki “bir auve qirq uch minit o‘n ikki sekends” deb yozaveraylik, zora shoximiz chiqsa!

Kishini o‘y va xavotirgaga soladigan, achintiradigan, qandaydir uyaltiradigan holat: katta-kichik, ayniqsa, toshkentcha davralarda adabiy tilda so‘zlashsang, masalan, minut, sekund emas, daqiqa, soniya desang, eshitganlar og‘zining suvi qochgani, istehzo aralash ensasi qotganini ko‘rasan, til qoidalariga mos gapirsang, atrofingdagilarga erish tuyulayotganini sezib turasan...Sinash uchun dorixonalarda mana bu doridan bir yaproq bering, nok bormi, so‘rashlarimiz tushunmovchilik uyg‘otgani ham bor gap. Yaproq list ekanini ko‘lej bitiruvchilari-sotuvchilaridan bitta-ikkitasi amallab angladilar (chunki bitta yaproq degan edik-da), ammo nokni hech biri tushunmadi: kulimsirab, nok bozorda bo‘ladi, bu yer apteka, deyish bilan uzr aytgandek bo‘ldi. Grusha deyapman, aniqligidan so‘ng, opriskivatil deng, undan bor, javobini eshitdik. Eshitishga eshitdik-ku, yurak siqildi. Sal o‘tib “Kun.uz”dagi bitta matnda “oraliq qurilmalar (balkalar), yopma (naves), bekatlar oralig‘i (peregon), tana (telo), qayta chiqish (oborotniy sezd), halqa (tyubing kolso)” singari o‘ziga xos darslikka ko‘z tushdiyu siqilish faryodga aylandi: nimalar bo‘lyapdi o‘zi, shu darajaga tushib qoldikmi, endi tilimizda bor atamalar nimani bildirishini boshqa til orqali o‘rganamizmi?

Til muhitimizda kishi bilmas chuqur ildiz otib borayotgan yana bir holat “yeldan qochib dovulga uchrash” qoidasini eslatadi. Telekanallarimiz ko‘rsatuvlari nomlaridagi “Tele-market”, “Hi-tech”, “Time out”, “Fitnes sirlari”, “Intellekt shou”, “Anons”, “Kinopro”, “Parter”, “Ornitolog”, “Expedition”, “Mega dunyo”, “Beauty lab”, “Retro hajviya”, “Reportyor-dayjest”, “Illyuziya live”, “Send up shou”, “Comedy kids”, “Duel”, “Plus minus”, “Sketch show”, “Bumerang”, “Agroolam”, “Ambassador”...cingarilarga “Kun.uz”dagi “matchday tushumlar” va ko‘cha-ko‘ylardagi shu tabiatdagi yozuvlarni (masalan, “Mirabad Avenue uy-joy majmuasi”ga o‘xshash “tandirdan yangi uzilayotganlar”ni), eng achinarli va aqlga sig‘dirib bo‘lmasi – milliylik, ma’naviyat, ya’ni o‘zligimiz bilan bog‘liqlarni “milliy maqom chellendj”, “book challenge”, “hasher week” qabilida targ‘ib etilayotganini ham qo‘shib tarozuga solsak, ayniqsa, O‘zbekiston va Hindiston olimpiya termalarining Toshkentdagi futbol bellashuviga oid ko‘rsatuvda yalpoq shisha tepa chap burchagida IND – UZB yozuvi (mezbon oldin yoziladi-ku), O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi matnidagi “jismoniy tarbiya sohasidagi kadrlar Sport Management (sportni boshqarish), Sport Leadership (sportga rahbarlik qilish), Sport Administration (sport ma’muriyatchiligi) yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba orttiradi; SPORTSUZ axborot portali hamda iSPORT cport ilovasi yaratiladi; sportchilar faoliyatini ro‘yxatga olish va hisobga olish bo‘yicha – “Skm-sportsmen”, trenerlarni ma’lumot bazasini ta’minlash bo‘yicha – “Skm-trener”... axborot tizimlari tashkil etiladi” misollaridan kelib chiqsak, o‘zbek tilining ertangi o‘rni va hurmati chindan ham qavs ichidagina bo‘lishini bashorat qilish qiyinmas. Bu hali hammasi emas...

Bugun haqli tarzda rus tilining ta’siri haqida ko‘proq fikr bildirib, ertaga ingliz tilining zug‘umi paydo bo‘lishini faraz qilsak-da, arabcha, forscha so‘zlarni ishlatishda ham me’yor bo‘lishi kerak, deb sanaymiz. Boshqacha aytganda, bu borada yana Anvar mirzolarga ehtiyoj bordek holatlar tug‘ilmoqda. Muloqot so‘zini juda ko‘p va asosan so‘zlashuv ma’nosida qo‘llaymiz. Vaholanki, kelib chiqishi arabcha ushbu so‘z uchrashuvni anglatadi. Shu ma’noda, telefon orqali muloqot, jumlasi hech bir quyushqonga sig‘maydi, albatta. Shuni telefon orqali so‘zlashildi, desa bo‘ladi-ku! Yo bo‘lmasa, kunuzchilar ruscha djungli ni “jungli” qabilida o‘zlashtirib qo‘ya qolganlar. Bu yerda gap ko‘pchilikka ma’lum “changalzor” so‘zimiz borligidagina emas, changal eski sanskritchadagi jangal dan yasalgani va bizga fors tili orqali kirib kelgani, uni Alisher Navoiy ham ko‘p qo‘llagani, ruscha djungli doimgidek inglizchadagi jungle dan yasalgani, oxirgi atamani esa boburiylar saltanatini bosib olgan ulug‘britaniyaliklar hindiy va urdu tillaridan ko‘chirganlarini bilmasliklarida.

Boshqacha aytganda, asrlar ichra so‘z boyligimizga kirib-o‘rnashib ketgan, mutlaq ko‘pchilik ko‘z o‘ngida o‘zbekchadek tuyuladigan arabcha va forscha atamalarning mazmuni va ularni to‘g‘ri qo‘llashni eplashimiz lozim. Teskari holda, yana “Kun.uz”dan misol olsak, “Nobel mukofoti sovrindori” singarilarni urchitaveramiz. G‘irt o‘zbekcha sovrin arabchada mukofot ekanligini, “sovrindor”dagi “dor” qo‘shimchasi forschadagi doshtan fe’lining o‘zagiligi, ya’ni ega bo‘lmoq ma’nosini berishini bilganimizda edi, “No‘bel sovrini egasi” deb yozgan va o‘qigan bo‘lardik. Attangki, bunday qilmaymiz, oqibatda, masalan, “tavallud kuni” “tug‘ilgan kun”ni siqib chiqarib bo‘ldi. Sevimli TV da boshlovchi o‘quvchidan ikki novdani bir-biriga ulash jarayoni nima deyilishini so‘radi, chatishtirish javobi yangradi, yozuvdagi javob esa payvandlash edi. Osh bo‘yicha tanlovda bittasi, namaki yaxshi, dedimi, bu yog‘iga boshqalar – kundalik turmushida, tuzi past-baland, yaxshi-yomon, deb yurganlar ham – unga ergashib ketganlari esimizdan chiqmaydi. Mustamlaka zamonida ham tarona, xonanda, suxandon singarilar ommaviy qo‘llanmagandi. Bugun esa qo‘shiq, ashula atamalari anqoning urug‘i bo‘lib qoldilar. Ishlayotgan ishchi, o‘qitayotgan o‘qituvchi, o‘qiyotgan o‘quvchi, tikayotgan tikuvchi, bichayotgan bichuvchi, suv tarayotgan suvchi deyilganidek, ashula va qo‘shiq aytayotgan ashulachi, qo‘shiqchi, kuy to‘qiyotgan kuychi deb atalishi kerakmi yoki xonanda? Cholg‘u, cholg‘uchi singari eskidan kelayotgan atamalarimizdan nega voz kechmoqdamiz? Iloji bo‘lmasa, boshqa gap. Ammo “eng uzun dandon tishlar” (“Kun.uz”) kabi nodonlik yo‘li bilan emas, albatta (forschada – dandon, o‘zbechada – tish).

E yo‘q, be yo‘q, xudkush ham “o‘zimizniki” bo‘lib qoldi. Ilgari diktor edi, mustaqillik yillarida suxandon ga o‘tdik. So‘zlovchi, o‘qib beruvchini bildiruvchi, asli lotincha dictor dan qochib, bilib-bilmay yana bir – so‘z ustasi, notiq, adib, shoirni bildiruvchi atamani kiritdik va shu bilan go‘yoki o‘zbekchalashtirdik, sharqlashtirdik-qutildik. Chinini aytganda, qiziqchi ham so‘z ustasi emas. U – qiziqchi, xolos. Qisqasi, yangi so‘z yasash, uni til qo‘rg‘onimiz eshigidan ichkari kiritish ishiga har kimning ham haqqi bo‘lmasligi lozim! Masalan, qaysidir o‘zbekcha matnda ko‘zimiz tushgan huquqbon nimaligini bilish maqsadida fors, tojik, arab lug‘atlarini qancha kovlashtirmaylik, o‘xshashini topolmadik...

O‘zbekchadagi Abu Rayhon Beruniy, forschadagi Abu Reyhon Biruni ning arabcha yozuvdagi o‘qilishi Abulreyhan al-Biruniy dir. Ya’ni arabchadagi “al” aniqlik ko‘rsatkichi tufayli al-Biruniy shaklini oladi va o‘qiladi. Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Mansur Moturidiy, Mahmud Koshg‘ariy, Abdurazzoq Samarqandiy singari atoqli otlardagi tug‘ilgan yurti bo‘yicha laqablar (xorazmlik, foroblik, moturidlik, koshg‘arlik, samarqandlik) ham arabchada mazkur ko‘rsatkich yordamida yozilishi va o‘qilishi shart: al-Xarazmiy, al-Farabiy, al-Maturidiy, al-Kashg‘ariy, as-Samarqandiy. Bu bilan biz ham al-Forobiy, al-Moturidiy, al-Koshg‘ariy, as-Samarqandiy tarzida ish tutishimiz kerak, demoqchimasmiz, aslo. Negaki mazkur yondashuv arab tili qoidalarining talabidir. Ammo bizga nima zaril? O‘zbek tilida bunday ko‘rsatkich yo‘q-ku! Lekin Al-Xorazmiy deya yozib, o‘qishni davom ettirmoqdamiz.

O‘zimizda yo‘g‘ini o‘zbekchalashtirishda yengil yo‘lni tutmasligimiz ham lozim. Odatda, go‘yoki ruschasidan qutilishdek “oliyjanob” maqsadda darrov arabcha yoki forscha so‘zlarni qo‘llash, ular yordamida so‘z yasashga mukkadan ketib qolamiz. Masalan, podstansiya, podgruppa kabilardan “qochish” uchun topganimiz – nimstansiya, nimguruh bo‘ldi. Nim forschada yarim degani ekan, istaymizmi-yo‘qmi, yarimguruh, yarimstansiya deya tushunishimiz lozim. Ammo mutlaq ko‘pchiligimiz “podstansiya”ni til nuqtai nazaridan mazmunan anglamaginidek, “nimstansiya”ni ham sharhlay olmaydi: ular uchun podstansiya, endi esa nimstansiya mahallaning falon yerida devorlari temir tunukali, elektr quvvatini taqsimlaydigan kichikroq qurilmadir.

Kimdir, faqat g‘irt o‘zbekcha so‘zlar bilan gap tuzish mumkindir, biroq kattaroq matn, hatto she’r bitish qiyin, bobomiz Alisher Navoiy ham arab, fors atamalaridan foydalanganlar, deyishi tabiiy va ma’lum ma’noda haqlidir. Biz ham bunday nodonlikka qarshimiz. Biroq, kuchi yo‘q o‘yimizcha, tengsiz sanduvojimiz Cho‘lponninggina emas, butun o‘zbek bitikchiligining eng chuqur tushuncha va chiroyga ega, bir yuz qirq to‘rt so‘zdan ko‘z oldirib undirilgan “Go‘zal”ida atigi ikki “chet” so‘z borligi ham kunday oydin: arabcha “shamol” va forscha “zo‘r”!

Til qo‘rg‘onimizni qo‘riqlashda rasmiy hujjatlar tilining o‘rni o‘zgachadir. Negaki bunday hujjatlarda qo‘llangan atamalarning muomalaga kirib ketishi oson va tez yuz beradi. Birinchidan, uncha-muncha odam yurak yutib qarshi fikr bildira olmaydi. Ikkinchidan, boshqalarga “asos” topiladi: falon hujjatda shunday yozib qo‘yibdi-ku, o‘sha yerdan oldik, o‘zgartirishga haqqimiz yo‘q, avval uni to‘g‘rilang singari vaj-korsonlar qalashtirib tashlanadi. Ko‘p yillik kuzatishlarimiz va muammo ildizini o‘rganishlar ikki narsani oydinlashtirib berdi. Birinchidan, rasmiy hujjatlarimiz tili mustamlaka zamonidagi “maktab” merosining ta’siridan hali ham qutulganicha yo‘q. Ikkinchidan esa mustaqillik yillarida umuman til, xususan, rasmiy hujjatlar tilchiligi bo‘yicha o‘z milliy maktabimizni yarata olmadik, desak oshirib yubormagan bo‘lamiz. Oqibatda, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida, ya’ni o‘zbek tilini chindan ham davlat tiliga aylantirish pallasining issig‘ida tilimizning kuni eski odatdagidek rus tilida yozilgan hujjatni o‘zbek tiliga o‘girish bilan shug‘ullanuvchilarning saviyasi va millatsevarligi darajasiga bog‘liq bo‘lib qolgandi.

Ommaviy axborot vositalari tahririyatlarini “oqlaydigan” birdan-bir jihat ham davlat idoralari tomonidan tarqatilayotgan rasmiy hujjat va axborot matnini o‘zgartirishga haqlari yo‘qligiga taqaladi. Masalan, “ijtimoiy moslashuv markazi (shelter)” orqali lug‘atimizga qavsda yaqindagina kiritilgan, inglizchada (shelter) boshpana, manzil, panoh ma’nolarini beruvchi chet atama endi alohida taqdim etilmoqda. “Yoshlar – kelajagimiz davlat dasturi” orqali kovorking atamasi rasmiylashtirildi-qo‘yildi (co-working – birga, hamkorlikda ishlash, sheriklik, shirkat). “Sayxun” davlat buyurtma qo‘riqxonasi”da “Kun.uz”ning aybi yo‘q. Muammo zakaznik ni buyurtma (zakaznoy) deya o‘girib qutilgan “tarjimon”da! Shu bilan birga, rasmiy axborotning bayoni berilayotganda mazkurlarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilab ketish nega mumkinmas? Masalan, Markaziy bank hisobotidagi “mokkilik savdosi” so‘z birikmasi qanday bo‘lsa, shunday ko‘chirib berilgan. Odatdagidek, oldiniga tushunmadik, so‘ng moki atamasi miyaga keldi. Ruschasi – chelnok. Hisobotning ruschasi, aniqrog‘i aslini (adashayotgan bo‘lsak, kechirasiz) topdik: chindan ham chelnochnaya torgovlya ekan. Ya’ni bo‘zchining mokisidek qatnovchi savdogar! Ammo sayt tahririyati rasmiy hujjat loyihasi matnidagi “mini so‘yish korxonasi”dagi mini ni o‘zgartirolmaydi (mini aniqligi so‘yishga tegishlimi yoki korxonagaligi chuqurroq masala bo‘lsa-da, gap qushxona to‘g‘risidaligi tayin). “Otelerlar assotsiatsiyasi”ga o‘xshash nodavlat tashkilotlar nomiga ham qalam tekkiza olmaydi (chunki qonun bilan qo‘riqlanadigan, ko‘pincha o‘zimizning “qora ko‘zlar” tuzayotgan O’zmedimpeks, Korzinka.uz, Integro, Appetito, Aziya-Vektor, Crafers, Bedona Stolovaya, Taxi Stolovaya, Bistro Kafe, Vkusnyashka singari o‘nlab, balki yuzlab, minglab firma nomlari, shuningdek tovar belgilarini o‘zgartirish mumkinmas). O‘z o‘rnida, “O’zmedimpeks” Davlat unitar korxonasi”da “Davlat”ni katta harf bilan yozishga saytning haqqi yo‘q (chunki hukumatning tegishli qarorida to‘g‘ri yozilgan: “O’zmedimpeks” davlat unitar korxonasi).

Gidrometrologiya markazi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bag‘ridan chiqayotgan axborotning yaxshigina bo‘lagi oldiniga rus tilida bitilib, keyin o‘zbekchaga o‘girilayotgani sezilib turadi. Ko‘pdan-ko‘p misollardan bir-ikkitasini keltiramiz: “Kun.uz” FVV matubot xizmatiga suyanib tarqatgan xabardagi “27-28 dekabrda quruq va iliq ob-havo o‘rnashadi” rus tilidagi “27-28 dekabrya ustanovitsya suxaya i teplaya pogoda”ning so‘zma-so‘z o‘zbekchalashtirilganligi aniq. Holbuki, o‘zbekcha tushunchada havo o‘rnashmaydi, balki jo‘nashadi, yaxshilanadi. Yo bo‘lmasa, “havo harorati 10-15 daraja iliqni...tashkil etadi” beozorga o‘xshasa-da, biroq havo iliq yoki sovuqni tashkil etmaydi, etolmaydi ham. U yo issiq, iliq, yo salqin, sovuq bo‘lishi mumkin, xolos. Gidrometrologiya markazi ulashayotgan ma’lumotdan foydalanayotgan tahririyatlar asl matndagi sekundni soniya deb yozsalar, markaz ulardan mualliflikning nomoddiy huquqi buzilgani bo‘yicha da’vogar bo‘lsmasa kerak.

Statistika davlat qo‘mitasining “ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining 57.8% erkaklarni tashkil etdi” ruschadagi “kolichestvo mujchin – grajdan Respubliki Uzbekistan, vыexavshix iz stranы, sostavilo 57.8%”ni mendan ketguncha qabilida o‘girishdan tug‘ilgani shubhasizdir (teskari holda “O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketgan fuqarolarning 57.8 foizi erkaklarni tashkil etdi” deb yozardi). “Madaniy tovarlar”dan muddaoni esa tushunolmadik (tovarning madaniysizi ham bo‘ladimi?). Mazkur idoraning ruscha nomlanishi odatdagidek to‘g‘ri: Gosudarstvennыy komitet Respubliki Uzbekistan po statistike. O‘zbekchasi doimgidek noto‘g‘ri: O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi. Aslida esa O‘zbekiston Respublikasi Statistika davlat qo‘mitasi bo‘lishi lozim! Agar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qabilidagi ko‘pdan-ko‘p turdosh nomlanishlar xuddi shu tarzda tuzilganini eslasak, muammoning ko‘lamiyu tilimizning ilmiy qoidalari tizimli ravishda buzilibgina qolmay, mantiqqa zid ish tutib kelayotganimiz ayonlashadi-qoladi. Ruschasi – bekamu ko‘st (Tashkentskiy gosudarstvennыy universitet uzbekskogo yazыka i literaturы imeni Alishera Navoi). Ko‘zimiz o‘rganib ketgan mazkur nomlanishni tahlil qilsak, Toshkent Alisher Navoiy nomidaligi, universitetda toshkentcha va davlat o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassis tayyorlanishi ma’nosi ham borligi ma’lum bo‘ladi. Bizningcha, “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti Toshkent davlat universiteti” to‘g‘riroq bo‘ladi (mavzuga aloqasi bo‘lmasa-da, yo‘l-yo‘lakay Toshkent aniqligi ortiqcha ko‘rinishini aytib o‘tgan bo‘lardik, qolaversa, poytaxtda faoliyat ko‘rsatuvchi oliy o‘quv yurtlarining barchasida ham bunday yondashuv yo‘q-ku. Shu o‘rinda, mustamlaka zamonidan qolgan qolip an’ana mevasi bo‘lmish “nomidagi” aniqligidan voz kechgan ma’qulmikan, fikri tug‘iladi. Shaxslar bilan bog‘liq Harvard universiteti, Xo‘pkins universiteti, Yel universiteti, Stendfo‘rd universiteti, Diyuk universiteti, Ko‘rnel universiteti, Karnegi-Melo‘n universiteti, Vashingto‘n universiteti, Humbo‘lt universtiteti va boshqalari singari ilg‘or va aqlli tajriba ham bor-ku! Mirzo Ulug‘bek universiteti, Alisher Navoiy universiteti qabilida ish tutsak, ham qisqa va esda qolarli, ham jarangli va o‘ziga xos obro‘! Qolaversa, o‘tmishda qolgan bo‘lsalar-da, Ma’mun akademiyasi, Ulug‘bek akademiyasi deymik-ku!).

Yuqori vakillik va qonunchilik idoramizni Oliy Majlis deb nomladik. Oliy Majlisda majlis, yalpi majlis bo‘lib o‘tdi, qabilidagi gap tuzilishidagi qandaydir o‘ng‘aysizlik, tushunmovchilikka beparvomiz. Shu bilan birga, vakillik hokimiyatining quyi – viloyat, shahar, tuman darajasidagi idoralarini kengash deymiz. To‘g‘ri, ikki atama ham bir ma’noga ega: birinchisi lug‘atimizga arabchadan kirib kelgan, ikkinchisi esa g‘irt o‘zbekcha. Sessiya ham lotinchada yig‘ilish, majlisni bildirishi sir emas.

Kuchsiz fikrimizcha, “Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi” tuzilishini to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Ruschada odatdagidek mixdek: Tashkentskiy gorodskoy Kengash narodnыx deputatov. Aslida esa Toshkent shahar kengashi xalq deputatlari bo‘lishi lozim. “Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati”da ikki marta deputat atamasining kelishi-chi? Xalq deputatlari deputati bo‘lib qolmayapdimi? (garchi biz uchun rus tili namuna bo‘lishi kerak bo‘lmasa-da, bu tilda ham shu kabi: deputat Tashkentskogo gorodskogo Kengasha narodnыx deputatov). Xalq deputatlari Qonunchilik palati deputati demaymiz-ku? Chunki, barcha darajadagi deputatlar mohiyat e’tibori bilan xalq deputatlaridir. Bundan chiqdi, vakillik idoralarining respublika, viloyat, shahar, tuman darajasidagi tuzilmalari, ularning a’zolari bilan bog‘liq atamalar borasida oqilona to‘xtamga kelinsa yomon bo‘lmasdi.

Toshkent shahar hokimiyatimi yoki hokimligi? “Shahar hokimiyati” va “hokimiyat taqsimoti”dagi hokimiyat atamasi bir ma’noni beradimi yohud boshqa-boshqami? Ikkinchisida boshqarish, buyurish huquqi ko‘zda tutilsa (inglizchada power), birinchisida viloyat, shahar, tuman darjasidagi ijro boshqaruvini yurituvchi tuzilmani tushunamiz. Mamlakat darajasida mazkur tuzilmani hukumat deymiz. “Shahar hokimiyati” bilan teng ravishda “shahar hokimligi”ni ham ishlatib kelinishi inobatga olinsa, bu borada ham yagona to‘xtamga ehtiyoj bor (masalan, boshqaruv idorasini anglatuvchi “hukumat” atamasini tuman, shahar, viloyat miqyoslarida ham qo‘llashni o‘ylab ko‘rish mumkin).

“O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” rus tilidagi “O vnesenii izmeneniy i dopolneniy v Zakon Respubliki Uzbekistan “O karantine rasteniy”ni ko‘r-ko‘rona o‘girishdan tug‘ilgani sezilib turibdi (“O‘zbekiston Respublikasi Qonuni” so‘zlar birikmasi “Zakon Respubliki Uzbekistan”dagi so‘zlarning ketma-ketligiga bo‘ysundirilgan). Vaholanki, o‘zbek tili ilmiy qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” bo‘lishi lozim! Sevgi haqidagi shoir she’ri deb yozmaymiz-ku. Shoirning sevgi haqidagi she’ri deb bitamiz. Misol uchun, 1940 yili sovet imperiyasida qabul qilingan hujjatlardan biri “Zakon SSSR ot 14.07.1956 “Ob izmeneniy i dopolneniy v stati 22, 29-b, 77 i 78 Konstitutsii SSSR” tarzida nomlangani e’tiborga olinsa, bu boradagi hozirgi ahvolimizning ildiz va sabablari oydinlashadi-qoladi.

Prezidentimizning qurolli kuchlarimizda milliy ruh yetishmayotganligi, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi turmushi va harbiy mahorati haqida yetarli bilimga ega emasligimiz bilan bog‘liq o‘tkir xulosalari har jihatdan asoslidir. Sohibqiron, Jaloliddin Manguberdi davrlarida bizning milliy qo‘shinimiz, yuksak harbiy san’at maktabimiz va ilg‘or harbiy ishlab chiqarishimiz bo‘lgani yaxshi ma’lum. Tilga olingan ikki buyuk ajdodimizning tarix va dunyo uzra shuhrati, obro‘si jumladan aynan shu sohani tashkil etish salohiyatimiz bilan bog‘liq bo‘lgani manbalarda muhrlangan. Mavzu yuzasidan aytganda, bizning o‘z harbiy atamalarimiz bo‘lgan. Qo‘shin, to‘p, to‘pchi, to‘pchiboshi, bahodir, turo, buljor (tayinlangan muddatda qo‘shin yig‘iladigan yer), qo‘l (markaz), o‘ng qo‘l, chap qo‘l, mang‘lay, ug‘ruq (oboz) va boshqalar. Ko‘pchilik o‘rganib qolgan parol ajdodlarimiz tilida o‘ron deyilgani ham qiziqish uyg‘otish tabiiy. Qisqasi, davlat rahbarimizning O‘zbekiston tarixini puxta egallash borasidagi oqilona va uzoqni ko‘zlangan topshiriqlarini bajarishga qattiq kirishsak, yoshlarimizda ham, yurt himoyachilarida ham tarixiy tafakkur paydo bo‘ladi. Tarixiy tafakkur esa til tafakuri bilan chambarchasdir.

Kishining ismi, otasining ismi, qaysi oilaga tegishliligi masalasida ham to‘g‘rilaydigan ishlarimiz bor, deb o‘ylaymiz. Mustamlaka davrida bu borada yo‘l qo‘yilgan chalkashliklar oqibati bugun ham sezilarlidir. Yurtdoshlarimizning ot tanlash, uni to‘g‘ri yozish bo‘yicha o‘zbilarmonlik va o‘jarliklari ham bor. Xato yozilgan ism, ota ism, familiyani to‘g‘rilashning o‘ziga yarasha tashvishlari ham yo‘q emas. Bu ko‘pincha mulkka egalik, er-xotinlik, ota-ona-bolalik, ish, o‘qish singari yana boshqa qator faoliyat turlari bilan bog‘liq rasmiy hujjatlarni o‘z ichiga olishi ham yaxshi ma’lum. Zamonaviy imkoniyatlar sharoitida bu chigallarni ham bosiqma-bosqich yechib borish mumkinligiga ishonamiz. Ushbu jarayonda familiya atamasini oilasi atamasi bilan almashtirsak yomon bo‘lmasdi. Negaki lotinchadagi familia aynan oila ma’nosini, ya’ni shaxs kelib chiqqan urug‘, nasl-nasabni bildiradi (ilgari ko‘p ishlatilgan pamilchoy ham “familnыy chay”dan o‘zbekchalashtirilgan).

Dunyodagi eng boy tillardan biri arablarniki sanalishining sabablaridan biri ular o‘z tillarining so‘z yasash imkoniyatlaridan oqilona va unumli foydalana bilishlari bilan bog‘lanadi. Rostdan ham shunday. Shu o‘rinda, mashhur arabshunos olim, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino meroslarini o‘rganish va ommalashtirishga tengsiz ulush qo‘shgan P.G.Bulgakovning bir gapi esga tushadi. 1989 yili institutimizda “Davlat tili haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi avjiga chiqqan kezlarda, mazkur intilish asosliligini qo‘llagan holda, joni jannatda bo‘lgur ustoz shunday degandilar: qonunni qabul qilish bilan ish bitmaydi, o‘zbek tilining mavqeyini mustahkamlash uchun uning ichki iqtidorini ishga sola bilishga ham to‘g‘ri keladi, Qohira universiteti binosida arab domlalari bilan suhbatlashib o‘tirganimizda, tashqaridan voleybol o‘ynayotgan yoshlarning shu o‘yinga oid inglizcha atamalarni qo‘llayotganlari eshitilib qoldiyu ular o‘sha zahoti lug‘atlarni ochib, mazmuni ushbu chet so‘zlarga mos arabcha atamalarni yasadilar va qog‘ozga tushirib, olib chiqib o‘quvchilarga berdilar, shu tariqa ham o‘z lug‘atlarini boyitdilar, ham o‘z tillari sofligini amalda saqlashga hissa qo‘shdilar.

Xo‘sh, biz ziyolilar o‘tgan o‘ttiz yilda shu kabi biron xayrli yumushni bajardikmi? Yo‘q! Hali ham marsoxod, lunaxod deb yozib yuribmiz (“yurtkezar”ni eslagan holda marskezar, oykezar desak bo‘ladi-ku!). Ruschadagi nagruzka so‘zini gapdagi ma’nodan qat’i nazar yuk, yuklama qabilida o‘zbekchalashtirib kelmoqdamiz (“harbiy yuk Amerika zimmasida”, “ichki a’zolarga yuklama”, “250 kg yuklamani ko‘tara oladi”, “ushbu hujjat qizg‘in (?) yuklamalarni qoplashga qaratilgan”, “pedagogik yuklama” va boshqalar). Holbuki, u yukdan tashqari og‘irlik, harajat, og‘ir tashvish, ish, vazifa, ish hajmi kabilarni ham bildirishi aniq-ku!

Yuqorida tilgan olingan va asosli muammolar “xamir uchidan patir”ligini bilamiz. Biroq shularning o‘ziyoq quyidagi haqli savolni ko‘ndalang tashlashga izn beradi, deb ishonamiz: 1989 yili qaysi tilni davlat tili qilmoqchi bo‘lgandik, o‘shanda tilimizning ahvoli qanday edi? Bugun qaysi tilni uzil-kesil lotin alifbosiga o‘tkazmoqchimiz yoki, ayrimlar xato istayotganidek, kirilda qoldirmoqchimiz? Qoidalari yemirilib, buzilib borayotgan, tovush-harf uyg‘unligiga rioya etilmayotgan, lug‘ati “bosqinchi” so‘zlarga dosh berolmayotgan, qo‘riqchiyu ustalari bilimsiz va kuchsiz bo‘lgan tilnimi? Ana shunday ayanchli ahvol – “kasal” tilimizga mukammal lotin alifboimizdan to‘n bichib, bu yog‘iga yana karnay-surnaylar tovushi ostida ketaveramizmi?

Barchamizning ko‘z o‘ngimizda yillar ichida qonun buzilishi uzluksiz davom etmoqda, biroq hech kimning ishi yo‘q! Mohiyat e’tibori aytganda, mazkur holatning o‘g‘irlik, bosqinchilik, odam o‘ldirish kabi huquqbuzarliklardan farqi bormi? Yo‘q! Unda gap nimada? Ojiz fikrimizcha, o‘zimizga xos milliy fojiamizda: “tilga e’tibor – elga e’tibor” tenglamasining mag‘zini chaqolmay kelayotganimizda. Ya’ni tiliga e’tiborsiz millat o‘ziga ham e’tiborsiz bo‘ladi – urf-odatlari yaxshi-yomonining farqiga bormaydi, uzoq yillar misqollab topganini to‘y va ma’rakaga sarflaydi, xudoga ishonadi, dinga rioya qilmaydi, ochman, bersang – o‘laman, ursang – o‘laman, deydi, biroq tanoblar yeri hangillab yotaveradi, tahorat qiladi, ammo suvga tuflaydi, tirigida eng yaqinlarining qadriga yetmaydi, o‘lgandan so‘ng ehson qiladi, bo‘sh qo‘ysang, taltayadi, hatto quturadi, insof, tartibga chaqirsang, yomon ko‘radi, yangisini qursang, eskisiga tegma deydi, eskini buzaman desang, unda yangisini ham qurma deydi, kezi kelganda Alisher Navoiyni boshiga qo‘yadi, biroq ijtimoiy tarmoqlardagi savodsiz yozuvlaridan uyalmaydi ...Qisqasi, o‘z ustida ishlash, o‘zini o‘zgartirish, asriy nuqsonlaridan holi bo‘lishni istamaydi! Bu kabi keskin ketishimizning sababi bor, albatta. Negaki milliylikning birinchi belgisi tildir! Tiliga e’tiborsiz odamlar oxir-oqibat avval milliylik, so‘ng u bilan bog‘liq qolganlarini yo‘qotadilar!

“Ommaviy madaniyat” haqida haqli ravishda ko‘p gapiramiz. Ammo bu olamning ishlarini tushungan kishi tashqaridagisidan emas, ichkarisidagidan qo‘rqishi kerak. Til, umuman tarix, madaniyat va ma’naviyatdek o‘ta muhim, o‘ziga xos sohalarda katta-kichik, ko‘pincha ko‘z ilg‘amas kamchiliklarimiz ommaviy tus olib, kuchayib borar ekan, bizga chet g‘animning keragi yo‘q. Dushman ularni qo‘zg‘ash, yanada chuqurlashtirish, kengaytirishdan manfaatdor! O‘z ota-onasi tilining qimmatini bilmaydigan, uni qo‘riqlolmaydigan inson va millat o‘zining ham qadriga yetolmaydi, o‘zini himoya qilolmaydi. Tili, madaniyati, tarixi, an’analari, urf-odatlarini asrarkan, aslida u o‘zini avaylaydi. O‘lgan inson, avlodni tiriltirib bo‘lmasligiyu til, madaniyat, tarix, an’analarni tiklash mumkinligining o‘ziyoq ko‘p narsaga ishora...

Zamonaviy o‘zbek tilining taqdiri undagi ilmiy qoidalar, ta’lim tizimi, adabiyotga emas, OAVlari, ayniqsa, uning elektronlari, turli tadbirlar, hujjatlardagi o‘ziga xos til maktabi – tahririyatlar, tadbirlarni uyushtiruvchi va unda qatnashuvchilar hamda hujjatlarni tuzuvchi va o‘zbekchalashtiruvchilar, tashqi yozuvlarni tayyorlovchilar dunyoqarashi va saviyasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Boshqacha aytganda, til qoidalari ishlamayapdi, ta’lim tizimidan samara chiqmayapdi, adabiyotning ta’siri ko‘kka sovurilmoqda. Shu ketishda, adabiy til tushunarsiz va o‘ng‘aysiz bo‘lib qolishi hech gapmas (buni ijtimoiy tarmoqlardagi o‘ziga xos o‘zbek tili misolida yaqqol ko‘rish mumkin)! Keyin esa navbat mafkura va ma’naviyatga keladi. Bunday ishonch uchun asos yetarlidir: nikoh to‘ylarida ota-qiz, kuyov-kelin raqsga tushmasinlar, bizning urf-odat, dunyoqarashimizga to‘g‘ri kelmaydi, deya haqli tarzda bong urib turilgan bir paytda telekanallar orqali millionlarga qaratilgan dori reklamasida ota qizi bilan raqs tushayotgani berib turilsa! Ya’ni biz so‘zimizda turmaymiz. So‘zda turish uchun esa oldin uni anglash darkor! Teskari holda, “mafkuraviy immunitet”, “milliy mentalitetimiz” singarilar og‘zimizning bir chekkasidan chiqib ketavermasdi. Gap mafkuraviy himoya, qo‘riqlash, muhofaza, asrash, avaylash haqida-ku! “Dunyoqarash”dek barchaga tushunarli va singib ketgan o‘z so‘zimizni nega puf sassiq qildik?! Boshqacha aytganda, yozayotgan, o‘qiyotgan, ko‘rayotgan, eshitayotganlarimizga shunchaki bir belgilar va tovushlardek qaramoqdamiz va, ming afsus va o‘ta xavotirliki, mazkur holatimiz odiylik kasb etib bormoqda. Birgina misol bilan cheklanamiz: “Kun.uz”dagi xabar boshlanishida “Sog‘lom ovqatlanish klinikasi bosh shifokori...Marina Kopitko...ma’lum qildi”ga ko‘zimiz tushib, matnni tugatgunimizgacha, o‘zimizda shunaqa muassasa bor ekan-da, deb o‘yladik. Biroq yuqoridagi “kasallik”ni sezib, kuzatib kelayotganimiz uchun “Gugl”ga boqdik va taxminimiz tasdiqlandi: mazkur shaxs yetakchilik qilayotgan muassasa Moskvada faoliyat ko‘rsatar ekan. Bu ish o‘ttiz yil burun yuz berganida, nima ham qilardik, ko‘rgilik-da, derdik. Ammo bugun mustaqil davlatmiz-ku...

Mustamlaka bosqichi o‘z yo‘liga va tushunarli, ammo mustaqillik davrida ham til va adabiyotni o‘qitish zamon talablari negizida tashkil etilmagani sabab, o‘z tili va adabiyotini zarur darajada egallamagan butun bir avlod va qatlamlarni yetishtirib qo‘ydik. Agar ular endilikda davlat va jamiyat turmushining turli sohalari, jumladan, ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotganlari va ko‘rsatishlarining ehtimoli yuqoriligi inobatga olinsa, til bilan bog‘liq muammolarning tub ildizi nimadaligi ham ayonlashadi-qoladi, ularni bartaraf etishning yo‘llari ham ko‘zga tashlanadi. Shu o‘rinda, so‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida voqeligimizga dadil kirib kelgan va bundan buyon yanada jadallashadigan yangilik bilan bog‘liq mavzuga diqqatni qaratishni burchimiz, deb sanaymiz.

Til millatning o‘ziga xos kalimayi shahodatidir. Sayyoramizning qaysi burchagida tug‘ilishidan qat’i nazar chaqaloq bir xil yig‘laydi. Dunyo yuzini ko‘rishi bilanoq, qulog‘iga azon va takbir aytilishiga hali bir necha kun bor ilk soniyalarda onasining (bugungi sharoitda otasining ham) tovushini eshitadi. U hali kimligi, qaysi millat, yurt, oilaga tegishliligini bilmaydi, biroq ota-onasi – millati tilini eshitadi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib o‘z uyiga keladi, qulog‘iga buva-buvi, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar – o‘zi mansub millat tili kiradi. Bir yilcha o‘tib, u dunyoga kelgan oilada qaysi tilda so‘zlashilinsa, uniki ham o‘shanaqa chiqa boshlaydi. Bolaning til ko‘nikmasiga ko‘chasi, mahallasidagi til muhiti, ta’lim muassasidagi o‘qitish tili ham katta ta’sir ko‘rsatishini dalillab o‘tishga hojat yo‘q, deb o‘ylaymiz. Shu ma’noda, maktabgacha ta’lim nodavlat muassasalarining til siyosatida tutayotgan o‘rniga to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Ulardagi o‘quv jarayoni ko‘proq qaysi tilda? Toshkent misolida aytadigan bo‘lsak, yaqin-yaqingacha davlat tilisidagi juda kam edi! Qizig‘i, o‘quvchilarning mutlaq ko‘pchiligi, ba’zi hollarda to‘la-to‘kis o‘zbekligidadir. Agar barchaning ham to‘lov qobiliyati pullik o‘qishni eplolmasligi, mazkur muassasalarga qatnashga muayyan toifa farzandlari imkon topayotganligi, ulardagi o‘qitish jarayonining sifati nisbatan yuqoriligi, bitiruvchilarning kelgusida davlat va jamiyat hayotining turli yo‘nalishlarida egallashlari mumkin (muqarrar?) bo‘lgan mavqeyi e’tiborga olinsa, balki adashayotgandirmiz va shunday bo‘lsin ham, hozirda davlatimiz va jamiyatimizning bir necha o‘n yilliklar keyingi yetakchi qatlami – kazo-kazolari yetishtirilmoqda. Buni yomonlikka yo‘yish niyatida emasmiz. Aslo! Aksincha, ushbu holat barcha xalqlar va davrlar, jumladan, endigi dunyoga ham xos va tabiiydir. So‘z ketayotgan omil mustamlaka davri sovet rejimi O‘zbekiston voqeligida ham bor edi. O‘zbek tiliga davlat maqomini berish bilan bog‘liq qaynoq pallada ikki tillilik masalasiga ham zo‘r berilgani, keyingi yillarda esa qonun ijrosini ta’minlashdagi “sustkashlik”ning asl sabablaridan biri ham aynan shu bilan bog‘liqligiga ishonamiz. Negaki o‘sha kezlar kazo-kazolar qatlami o‘zbekcha fikrlash, bilish, demak, so‘zlash, yozish – yaratish borasida ojiz bo‘lganlar. Buni ham tabiiy, deb sanaymiz. Imperiyaning qulashi shu darajada tez yuz beradi, deb o‘ylamagan mazkur qatlamlar uchun u mangu tuyulgan va ana shu abadiyat sharoitida yashash, kurashishga o‘zlarini ham, avlodlarini ham tayyorlaganlar. Mohiyat e’tibori bilan, bunday ahvolga tushishimizda hech kimni ayblab bo‘lmaydi! Ammo o‘tmishdan saboq chiqarish lozim!

Shu ma’noda, Prezidentimizning “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ijtimoiy madadga muhtoj oilalardan muayyan miqdordagi tarbiyalanuvchilarni o‘qitish, ular uchun ota-onalar to‘lovining imtiyozli miqdorlarini (mazkur joydagi maktabgacha ta’lim davlat muassasalari uchun belgilanganidan oshmaydigan miqdorlarda) belgilab qo‘yishga urg‘u berilgani juda oqil va uzoqni ko‘zlagan ish bo‘ldi, deb o‘ylaymiz. So‘nggi ikki yarim yil ichida umuman ta’lim tizimining sifatini yuksaltirish, eng ilg‘or mamlakatlar darajasiga yetkazish yo‘lida boshlangan chindan ham zarur, davlat va mamlakatimiz taqdirini hal qiluvchi o‘zgarishlar, ayniqsa, Prezident maktablari, ixtisoslashgan ta’lim muassasalarini ta’sis etilishining mag‘zini chaqsak, muammoning ko‘zga ko‘rinmas jihatlarini ilg‘ay olamiz. U ham bo‘lsa, Yaratgan iste’dod urug‘larini boy-kambag‘al, bor-yo‘q, tosh-tog‘, cho‘l-biyobon, shahar-qishlog‘iga qarab sepmaydi. Ta’lim tizimining muqaddas burchi – bunday urug‘ qaer, qanday muhitga qadalishidan qat’i nazar uni o‘z vaqtida payqab, avaylab-asrash va o‘stirish orqali davlat, jamiyat va odamlar saodatiga shaylashdan iboratdir! Ushbu murakkab jarayondagi muhim qurol esa tildir.

Yoshlarimizning kitob o‘qimay qo‘yganliklarining bosh sababi ham ta’lim jarayonida ularga o‘z tili va adabiyotiga sevgi uyg‘otolmaslikka borib taqaladi, deb ishonamiz. Bu yerda butun aybni o‘qituvchiga to‘nkash noto‘g‘ridir (ona tilini bir sinf bo‘lib, ingliz tilini ikkiga bo‘linib o‘rganish tartibining o‘ziyoq o‘zbek tiliga munosabat boshidan iriy boshlaganiga ishoradir). Negaki endigi tushunchadagi til va adabiyot saboqlari necha yuz, o‘n yillar burungidek madrasa yoki maktabda emas, balki zamonaviy axborot makoni doirasida ham egallanadi. Bugungi bola bizning avlodda bo‘lganidek, og‘zing qani desa, burnini ko‘rsatadigan turidan emas. Hali tili chiqmasdan, “Alifbe” darsligining turqini ko‘rmasdan turib, axborot texnologiyalarining “tili va adabiyoti”ni o‘zlashtirib qo‘ymoqda. Qolaversa, axborot texnologiyalari juda ham tez rivojlanib ketayotgani va o‘z tabiatiga ko‘ra til va adabiyot bunday bellashuvga chidolmasligi sharoitida (yaxshi asar haftalab, oylab, yillab yaratiladi) yosh avlodning tili ommaviy axborot vositalari orqali “chiqishi”ning ehtimoli kundan-kun oshib bormoqda. Odamlarning ijtimoiy-siyosiy, jumladan, diniy qarashlari turlicha bo‘lishi, iqtisodiy (boy va kambag‘al) ahvoli ham farqlanishi mumkin, ammo til masalasida ularning quroli bittadir, ayniqsa, davlat tilini tushunuvchilar mutlaq ko‘pchilikni – to‘rti kam yuz foizni tashkil etadigan biz kabi jamiyatlarda. Qisqasi, agar siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan yo‘nalishlarida til tafakkurini shakllantira olmasak, borib-borib boshqaruvchilar, yetakchilar, g‘oya beruvchilar, olimlar, ommaviy axborot vositalari, targ‘ibotchilar va “oddiy” xalq o‘rtasida o‘ziga xos jarlik paydo bo‘lishining ehtimoli kuchayib boraveradi. Chorasi ko‘rilmasa, pirovardida ular bir-birlarini tushunmay qoladilar. Mazkur o‘zaro anglashilmovchilikning oqibatlarini oldindan tasavvur qilish qiyinmas. Biroq bittasi – nisbatana ancha beozoriga til tekkizib ketamiz. Qon bosimini pasaytiruvchi mahsulotlar haqida so‘z yuritgan va kaliy moddasiga boy oziq-ovqatni yeyishni tavsiya etgan “Kun.uz”, kaliy shirin kartoshka, banan, tomat sousi, apelsin sharbati va tunes balig‘ida ko‘p bo‘lishini eslatib o‘tadi. Bir qaraganda, hech vaqo yo‘qdek, ammo ingliz olimlari o‘z voqeliklaridan kelib chiqib qilgan xulosani ko‘r-ko‘rona o‘zbek voqeligiga “uloqtirib” yuborish qanchalar to‘g‘ri? Bu yerda gap banan har holda arzonmasligi, apelsinni siqib tayyorlangan sharbat, tun balig‘i undan ham tekinmasligi, shirin kartoshka (batatas) anqoning urug‘i ekanligida emas, balki duch kelgan xabarni uzataverilishidadir. Teskari holda, muddao o‘rik, shaftoli, uzum, olma, olxo‘ri, mayiz, turshak, yong‘oq orqali ochib berilgan bo‘lar edi, o‘quvchilarga foyda keltirardi.

Ko‘rinib turganidek, salkam o‘ttiz yildirki e’tibordan chetda qolib kelayotgan til yo‘nalishida qanchadan-qancha muammolarimiz bor. Ularni bartaraf etishimiz suv va havodek zarurdir. Ammo qanday? Boshqa sohalarda bo‘lganidek va milliy yetakchimiz nishonga urgandek yo‘llanma berganlaridek, avvalo, so‘z ketayotgan masalada ham eskicha dunyoqarash, bilim va tizim bilan yashab bo‘lmasligini tan olishimi lozim. Ya’ni tilimizni asrash, boyitish borasida shu paytgacha ish bermagan va uni shunday ayanchli ahvolga solib qo‘ygan qarash va yondashuvlardan voz kechishimiz darkor. Qolaversa, davlat va jamiyat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratish jarayoni ketayotgan hozirga pallada mazkur o‘ta muhim soha muammolari ham o‘z yechimini topishi maqsadga muvofiqdir.

Til qonunchiligini buzganlik uchun jazo qo‘llash masalasi anchadan beri muhokama qilib kelinmoqda. Biz boshdanoq bunga qarshi bo‘lganmiz va bugun ham shu fikrdamiz. Teskari holda, juda ko‘pchilik “juvonmarg” bo‘lib ketadi. Negaki til qoidasi, aytaylik, matematika yoki fizika qoidasi emas. Masalan, yuqoridagi “ijobiy to‘plar nisbati” (to‘g‘risi – to‘plarning ijobiy nisbati) uchun qanday jazo berish mumkin? Yo bo‘lmasa, “smartfon”ni aqlli telefon (tovush) deymizmi yoki “aqlli soat”ni “smartvoch”ga o‘zgartiramizmi? Diqqat qilingan bo‘lsa, jonli chiqishlar jurnalistlarimizning ham, ko‘rsatuvlarga chaqirilganlarning ham til bo‘yicha kamchiliklarini ancha yalang‘ochlab qo‘ydi. Ularni ham jazoga tortamizmi? Savollar juda ko‘p, ularga javoblar esa yanada ko‘p. Chunki ikki tilshunosdan uch xil fikr chiqishi turgan gap (qolganlarni aytmasa ham bo‘ladi). Yo‘li qanday?

Oldiniga o‘tgan asr saksoninichi yillari ikkinchi yarmiga xos inqilobchilik, “cho‘g‘ni ushlab olib qo‘yib yubormaslik” qarashlari va so‘nggi o‘ttiz yilda yaqqollashib kelayotgan menga nimalik kayfiyatidan qutulib, bu og‘ir va sharafli yumushni o‘zimiz eplashimiz lozimligi borasida bir to‘xtamga kelaylik. Til sohasidagi muammo va kamchiliklar bilmasvoyligimizdan ekanini tan olaylik va zamonaviy bilim etagini tutaylik. Ahvolni o‘nglash uchun oqilona va jamoatchilik tizimi yaratish bo‘yicha bosh qotiraylik. Ko‘rsatmaga ko‘ra yashash va ishlash ong-ongimizga singib ketgani sharoitida, qonun, qaror kerak, deguchilar ancha-muncha topilishiga ishonchimiz komil. Biroq biz bu ishni “davlatni aralashtirmasdan” o‘zimiz bajarish tarafdorimiz. Zero, birinchidan, til elniki ekan, bundan chiqdi, uni avaylab-asrash ham avvalo elning ishidir! Til qoidalarini buzish, o‘ylamay-netmay chet so‘zlarni qo‘llash singarilar kimning ishlari? O‘zimizning, har birimizning! Ikkinchidan, Prezidentimizning chet yurtlardagi elchilarimiz bilan uchrashuvdagi tarix, madaniyat, milliy qadriyatlar, adabiyot va ona tili haqidagi kuyunishlari tushungan odam uchun o‘ziga xos ko‘rsatmadir. Kelinglar, hech bo‘lmasa, shu yumushni o‘zimiz qoyillataylik. Qachongacha aravani bir kishi tortib, qolganlar uning ustida yallo qilib ketishlari kerak? Hech bo‘lmasa, til aravamizni o‘zimiz tortaylik! Sal bo‘lsa ham qimirlaylik!

Mazkur jarayonni quyidagi tartibda uyushtirsak. Eng avvalo, har birimiz o‘z oila, o‘qish, ish yerimizda iloji boricha til qoidalariga rioya qilishga astoydil kirishishimiz lozim (zero tilga olingan ko‘p yillik kamchiliklarimiz manzarasida bu yumushni birdaniga risoladagidek eplashimizga ko‘zimiz yetmaydi). Bolalarimiz, jumladan, nabiralarimiz bilan birga ona tili va adabiyot bo‘yicha dars qilaylik, she’r, ertak, hikoya aytib beraylik – ularga ham, o‘zimizga ham foyda! Milliy yetakchimizning har kim o‘zi o‘qigan maktabiga uyidagi kitoblardan o‘ntasini olib borishi bo‘yicha g‘oyalarining zamirida aslida shunday qarash va turmush tarzini singdirish yotganiga qattiq ishonamiz.

Ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar o‘z vazifalariga yanada talabchan, saboq berishda yaratuvchan va topqirroq bo‘lsalar. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ishxonalarda esa har bir xizmatchi o‘z va idorasi faoliyatiga davlat tiliga rioya qilinishi nuqtai nazaridan baho berib borsa. Aslida shu uch yo‘nalishdagi uzluksiz urinishlarning o‘ziyoq ahvolni tubdan o‘nglashi aniq. Lekin...Shuning uchun ham, ikkinchidan, jurnalischilar, yozuvchilar uyushmalari tahririyatlar, olimlar, umuman masalaga farqsizlar qatnashuvida tegishli tadbirlarni tashkil etish, kamchiliklar yuzasidan dastur, rejalar ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Uchinchidan, tilshunos va adabiyotshunoslarimiz muammoni ilmiy jihatdan o‘rganishlari, taklif va yechimlarni jamoachilik muhokamasiga tashlashlari darkor. Bunda kiril alifbosida qolish, aybni rus, ingliz tillaridan qidirish singari mavzularni butunlay istisno etish kerak bo‘ladi. To‘rtinchidan, o‘zbek tilining iloji boricha to‘liq, zamonaviy so‘zligini tayyorlash va aynan uning asosida ish yuritish, ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘quv adabiyotlarini chop etish unumli bo‘lishi shubhasiz. Atamachilik, so‘zlarning kelib chiqishiga oid adabiyotlarni tayyorlash, tarqatish, ta’lim jarayoniga bu boradagi o‘quv soatlarini kiritish maqsadga muvofiqdir. Beshinchidan, o‘tgan yillar tajribasidan kelib chiqib, “Davlat tili to‘g‘risida”gi yangi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonun qabul qilishni ildamlashtirishimiz lozim (bu borada tegishli urinishlar olib borilayotgani haqida yaqinda tarqalgan xabar ijobiydir, albatta). Unda davlat xizmatchisi uchun davlat tilini puxta bilishi, huquqiy-me’riy hujjatlar loyihalarini faqat davlat tilida tayyorlash, e’lon qilish, tashqi yozuvlar singari hal qiluvchi masalalar bo‘yicha ham tegishli qoidalar bo‘lishi shart, deb ishonamiz.

Til va adabiyotimiz o‘z boshidan nimalarni kechirmadi – butun o‘rta asrlar ichida arab, fors tillari ustuvorliklarini yengib o‘tishiga, mustamlaka davrida esa turli taqiqlar, cheklovlar, kamsitishlar, yo‘qotishlar, fojialarga yo‘liqishiga to‘g‘ri keldi. Til va adabiyotimiz uchun ne-ne ulug‘larimiz o‘zlarini bag‘ishladilar, ne-ne buyuklarimiz esa o‘zlarini qurbon qildilar. Aynan til va adabiyotimiz uchun! Cho‘lpon va Abdulla Qodiriyning boshini yegan, Oybekni tildan qoldirgan aslida ularning asarlari – o‘zbek tilida yozilgan adabiyot, uning qo‘ynidagi milliy tafakkurdir! Ularning xotirasini e’zozlash ishi haykallar qo‘yish, merosini o‘rganish, qayta-qayta chop etish, sahnalashtirish barobarida ularning ichidagilari, orzulari, tengsiz iste’dodlarini yuzaga chiqargan qurol – o‘zbek tilini avaylash, asrash, qo‘riqlash bugungi avlod uchun ham farz, ham qarzdir! Zero shunday omillar borki, ularga qarab muayyan elning fe’lini bilib olish mumkin. Ulardan biri, balki eng asosiysi, shubhasiz, tildir. Ya’ni tilimizning ahvoli fe’limizdan darakdir...

Turk seriallari, diniy kiyim-bosh, “Bravo”, majburiy mehnat, eski uylarning buzilishi, guzarlar qurilishi va, mohiyat e’tibori bilan solishtirganda, yana allaqancha mavzular bo‘yicha kuyunib-chiranib yotamiz, qo‘yib bersa, jiqqamusht bo‘lib ketamiz, biroq inson va millat uchun eng ulug‘ va tengsiz zeb-ziynat – o‘z tilimiz haqida zarracha qayg‘urmaymiz. Shular hamda til va adabiyotimizning necha ming yillar ichra ko‘rib kelgan og‘irliklari va, xudo ko‘rsatmasin, shu ketishdagi ertasi haqida o‘ylar ekanmiz, negadir “Kecha va kunduz”ning yakuni esga tushaveradi: “(tolga bog‘langan) Qurvonbibi bir nafas tinmasdan, o‘zicha so‘zlanar, kim yoniga borsa, Zebini maqtab gapirar, uning dutor chalishi (!), ashula aytishi (!), chok tikishi (!), to‘ppi bosishlarini (!) hikoya qilar, yurish-turishlari, qaddi-qomati, bo‘ylari, ko‘zlari va qoshlarining chiroyliligini (!) aytib, har kimdan «Qani, mening Zebim? Qani, Zebonam?» deb so‘rar; shundan so‘ng ho‘ngrak otib, yig‘lab yuborar edi”...

Azamat Ziyo,

tarix fanlari doktori, professor.


O'zA
586