O‘zA O`zbek

14.03.2019 Chop etish versiyasi

Teleauditoriyani oʻrganish mamlakat media bozori va tomoshabinga nima beradi?

Teleauditoriyani oʻrganish mamlakat media bozori va tomoshabinga nima beradi?

Siz nima deysiz?

Telekanallar reyting tizimiga oʻtgani va keskin raqobatga kirishgani haqidagi xabarlar qulogʻimga chalindi. Ammo televideniyeda ishlayotgan hamkasblarimdan va boshqalardan ham bu haqda aniq maʼlumot ololmadim. Uzun-quloq gaplarga qaraganda xususiy kanallar mazkur reytingda yetakchi. Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: bu reytingni qaysi tashkilot qanday mezonlar asosida oʻtkazmoqda? Reytingni oʻtkazishdan maqsad nima?

2017 yilda televideniye va reklama industriyasi ishtirokchilari tomonidan tarmoqni birlashtirishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Milliy media kengashi tashkil etilgan edi. Oʻshanda televizion tadqiqotlar olib borish va televideniye tomoshabinlari nimani afzal koʻrishlarini aniqlash maqsadida televizion oʻlchov tizimi amalga oshirilishi, keyin ikki yil davomida televideniye bozori hajmi ikki barobarga oshishi qayd etilgandi. 

Shundan soʻng Milliy media kengashi tomonidan Oʻzbekistonda televideniye auditoriyasini oʻlchash tizimi tashkil etildi va reyting “Kantar Research” (Kantar Media) kompaniyasi tomonidan olib borilishi belgilandi. Teleauditoriyani oʻrganish mamlakat media bozorini rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatib, davlat, telekanallar va aholi manfaatlarini birlashtirishi rejalashtirilgandi.

Televizion oʻlchov tizimi qanday amalga oshirilayotgani, loyiha ishtirokchilarini tanlash mexanizmi haqidagi savollar bilan “Kantar Research” kompaniyasi direktori Nodirbek BЕKMURATOVga murojaat qildik.

– Televizion oʻlchashlar televideniye bozorining muhim qismi hisoblanib, barcha bozor ishtirokchilari uchun telekanallar va dasturlarning ommabopligi, tomoshabinlar tanlovi, har bir tadbirning tomoshabinlari tarkibi haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlish imkonini beradi, – deydi N.Bekmuratov. – Telekanallar tomoshabinlarning istaklaridan kelib chiqqan holda, ular tomosha qilishi uchun qiziq boʻlgan koʻrsatuvlar tizimini shakllantirishi kerak. Biz Oʻzbekistonda Milliy media kengashi aʼzolariga xizmat koʻrsatamiz. Bu orqali telekanallarning reklama orqali keladigan daromadi oshadi. Telekanallar daromadining oshishi kontent turli-tumanligi va sifatining koʻtarilishiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir oʻtkazadi. Turli media orasida tomoshabinlar eʼtibori uchun raqobat ketayotgan hozirgi davrda bu, ayniqsa, dolzarb masala. Bugungi kunda “Kantar Research” Milliy media kengashi aʼzolari bilan birgalikda Oʻzbekiston televizion kanallarini qoʻllab-quvvatlash, mamlakat reklama bozorini rivojlantirishda ham faol ishtirok etmoqda. Teleauditoriyani oʻrganish uchun televizorlarga “peoplemetr” uskunalari oʻrnatilgan.

– “Reoplemeter” uskunalari qanday vazifani bajaradi?

– Dastlabki ikki yil davomida Kantar Media oʻlchovlar tizimi 1,5 mingga yaqin teletomoshabinni qamrab oldi. Bu aholisi 200 mingdan ziyod boʻlgan 10 ta shahardagi 400 ta oiladir. 2018 yilning noyabr oyida televizion oʻlchovlar ishga tushirilgan va natijasi kunlik taqdim etib borilmoqda. Xonadonda nechta televizor boʻlsa, hammasiga uskuna oʻrnatganmiz. 2019 yilning ilk kunlaridan esa Oʻzbekiston televizion industriyasi reyting boʻyicha sotuvga oʻtdi. Ilgari telekanallarda reklama vaqt boʻyicha hisoblangan. Hozirgi paytda xalqaro standartlarga rioya qilish uchun reyting yaʼni teletomoshabin hisobga olinadi. Reklama beruvchi qaysi paytda, qaysi telekanalda qancha auditoriya oʻtiribdi, shunga eʼtibor qaratadi. Yoki maʼlum vaqtda yoshi, jinsi, millati, muloqot uchun afzal tili va boshqalar turli mezon boʻyicha ajratilgan. Shundan kelib chiqib, qaysi tomoshabin televizor koʻrayotgani hisobga olinib, reklama beriladi. Kanallar va dasturlarni qancha odam koʻradi, televizorni qaysi vaqtda va qancha koʻp koʻradi, teletomoshabinlarning ijtimoiy demografik portreti qanday, brend reklamani qayerda joylashtirgan maʼqul kabi savollarga televizion oʻlchov natijalari javob beradi. Mutaxassislarimiz oilalarning qaysi aʼzosi tomonidan televizor koʻrilayotganini monitoring qilib borishmoqda.

– Oʻsha 400 oila qanday asosga koʻra tanlangan?

– Kompaniya xalqaro standartlarga rioya qiladigan telefon intervyu (CATI – computer assisted telephone interview) orqali televizion oʻlchovda qatnashuvchi xonadonlarni aniqlaydi. Ishtirokchilar ushbu telefon intervyu davomida maxsus anketa savollariga javob beradi. Bunda oʻsha xonadon vakillaridan xar biri televideniye va radio, jurnalistika va SMI, reklama va marketing, televizion kommunikatsiya (kabel, sputnik, efir) sohalarida ishlamasligi shart. Biz, Oʻzbekiston televizion aholisini, yaʼni loyihada ishtirokchi kategoriyalarga boʻlganmiz. Masalan, xonadonda ikkita televizori bor, faqat Oʻzbekiston telekanallarini koʻradigan, kabel, sputnik orqali kanallarni koʻradigan va boshqa kategoriyalarga boʻlingan. Ushbu xonadonlarning aniq soni bor. Ulardan biri loyihadan chiqsa, oʻrniga ishtirokchilar zaxira bazasidan boshqasini kiritaveramiz.

Kim televizor koʻrayotgan boʻlsa, maxsus pultdagi oʻziga tegishli boʻlgan tugmani bosib qoʻyishi kerak. Chunki tomoshabinlarning yoshi, ish bilan bandligi, taʼlim maʼlumoti (oʻrta, oʻrta maxsus, oliy maʼlumotli) va hokazo hamma maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan. Loyiha ishtirokchilari bilan doimiy aloqaga chiqamiz. Agarda biror kishining televizori buzilib qolgan boʻlsa, texniklarimiz borib, ushbu muammoni oʻrganadi va agarda televizori uzoq paytga buzilib, ishlamaydigan holatda boʻlishi aniq boʻlsa, unda ushbu xonadon loyihada qatnashishi toʻxtatiladi va oʻrniga boshqa xonadon kiritiladi. Agarda qaysidir xonadonning barcha aʼzolari uzoq payt safarga, taʼtilga ketsa yoki televizoridan maʼlum vaqt foydalanmasa, oʻsha xonadon ham loyihada qatnashishi toʻxtatiladi. Oʻrniga ishtirokchilar zaxira bazasidagi boshqa xonadonlarni kiritamiz. Bitta ishtirokchi uzluksiz bir telekanalni koʻrsa, bu ham nazoratga olinadi. Ular bilan bir yilga shartnoma tuziladi. Ishtirokchilar vaqt oʻtib qoʻyilgan shartlarni buzmasa, shartnoma yana uzaytiriladi. Oʻz navbatida, loyiha ishtirokchilari ragʻbatlantirilib boriladi.

– Aholi soniga nisbatan olinganda televizion oʻlchovda qatnashayotgan 400 xonadon kam emasmi?

– 2020 yildan boshlab yana 8 ta shaharning 150 ta xonadoni loyihaga jalb etiladi. Televizion oʻlchov orqali telekanallar vakillari raqobatchi kanalning auditoriyasini kuzatib boradi va ular bilan sogʻlom raqobatga kirishib, koʻrsatuvlarining sifatli boʻlishiga harakat qiladi. Darvoqe, “peoplemeter” uskunasi 24 dan ortiq davlatda ishlatilmoqda.

Mutaxassis bilan suhbatlashib amin boʻldimki, televizion oʻlchov tizimi koʻproq telekanallar manfaati uchun xizmat qiladi. Ushbu reytingni mutlaq xulosa deb boʻlmaydi. Chunki 400 xonadon orqali qariyb 33 million aholi nomidan baho berish ham nooʻrin. Darvoqe, mutaxassis telekanallar reytingini berolmasligini maʼlum qildi. Reyting natijalarini faqat Milliy media kengash bera oladi yoki “Kantar Research” kompaniyasiga xat orqali ruxsat berishi kerak. Xullas, oddiy tomoshabin reyting natijalarini olishi dushvor.

*  *  *

Muhtaram oʻquvchi!

Oʻtgan yilning noyabr oyidan boshlab mamlakatimiz telekanallarida ayrim koʻrsatuvlar oʻrniga xorijiy seriallar qoʻyila boshlandi. Tomoshabinni koʻproq ushlab turish maqsadida qilingan bu harakatlar oʻz natijasini berib, ayrim telekanallar tomoshabini nisbatan koʻpaydi. Afsuski, hozir ham telekanallarda reytingda yuqori oʻrinlarni egallash uchun saviyasiz, mentalitetimizga zid boʻlgan koʻrsatuv va seriallar sonini koʻpaytirishga harakat qilinmoqda.

Teleauditoriyani reklama beruvchilar uchun oʻrganish qanchalik toʻgʻri?

Fikr va mulohazalaringizni kutib qolamiz?

3 319
OʻzA muxbiri Xurshid Qodirova suhbatlashdi