O‘zA O`zbek

27.03.2019 Chop etish versiyasi

Teatr tomoshalari haftaligi

Teatr tomoshalari haftaligi
27 mart – Xalqaro teatr kuni

Andijon viloyati musiqali drama teatrida “Butun dunyo – teatr” mavzusida ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda 27 mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida Andijon viloyati musiqali drama teatri, viloyat Yoshlar, Qoʻgʻirchoq teatrlari jamoalari tomonidan turli madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy tadbirlar oʻtkazilmoqda, jamoalar oʻz repertuaridagi turli asarlar namoyishi bilan teatr muxlislariga xush kayfiyat bagʻishlamoqda.

Viloyat musiqali drama teatrida “Butun dunyo – teatr” mavzusida shoir va dramaturg Ziyo Najmiy bilan oʻtkazilgan uchrashuvda aktyorlar, yozuvchi va shoirlar, teatr ixlosmandlari, yoshlar ishtirok etdi.

4.JPG

Tadbirda jamiyat rivoji, inson kamoloti va maʼnaviyati, tafakkuri yuksalishida teatr sanʼatining roli muhim ekani taʼkidlandi. Ishtirokchilarga Xalqaro teatr kunini nishonlash bilan bogʻliq hamda shoir va dramaturg Ziyo Najmiyning ijodiy faoliyati haqida keng maʼlumotlar berildi.

– Teatr insonlarni hamisha ezgulikka chorlagan, sahnada orzu-umidlar bayon etilgan, turli illatlar koʻrsatib berilgan, – deydi Andijon viloyati musiqali drama teatri yetakchi mutaxassisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Zarifaxon Haydarova. – Bugungi kunga kelib teatr sanʼati yana oʻz shuhrati, mavqeini tiklamoqda. Oʻtkazilayotgan tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlarning teatr sanʼatiga qiziqishini oshirish, maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida yozuvchi Oʻtkir Hoshimov asari asosida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Habibullo Yunusov tomonidan sahnalashtirilgan “Toʻylar muborak” spektakli namoyish etildi.

4 290
F.Ubaydullayev, Z.Umurzoqov (surat) OʻzA