O‘zA O`zbek

19.04.2019 Chop etish versiyasi

Tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi

Tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi

Joriy yilning 22-27 aprel kunlari mamlakatimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yiliga bag‘ishlab an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi.

Taniqli rassomlar va hunarmandlar, qo‘li gul ustalar, san’atshunos olimlar, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchilari va mehmonlar ishtirok etadigan Tasviriy va amaliy san’at festivali poytaxtimizning Markaziy ko‘rgazmalar zali, Fotosuratlar uyi, Xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod memorial bog‘-muzeyi, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Yosh tomoshabinlar teatrida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘lib o‘tadi.

Milliy matbuot markazida tashkil etilgan anjumanda shu haqda gap bordi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov san’at festivalining asosiy maqsadi milliy san’atimizning boy merosi, bugungi salohiyati va, eng asosiysi, istiqlol yillarida yetishib kelayotgan ijodkorlarni keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini ta’kidladi. Shu bilan birga bu yo‘nalishda uchrab turgan kamchiliklar borasida ham to‘xtalib o‘tdi.

Festival doirasida turli ko‘rgazmalar, konsertlar, taniqli ijodkorlar ishtirokida mahorat darslari, milliy liboslar namoyishi, turli uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkaziladi. Unda taniqli qalam ustalari bilan birga o‘quvchi-talabalar hamda yosh iqtidorli rassomlarning ishlari ham namoyish etiladi. 

– Festivalda institut talabalari, yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etadi, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘qituvchisi Nigora Qultosheva. – Ayniqsa, “San’at va badiiy ta’lim: innovatsion jarayonlar va XXI asrga doir samarali o‘zaro ta’sir masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi uning ahamiyatini oshiradi. Bu festivalda uch avlod vakillari uchrashadi, fikr almashadi, muloqot qiladi, mahorat saboqlari o‘tkaziladi.

1 955
B.Meliqulova, O‘zA