O‘zA O`zbek

10.08.2020 Chop etish versiyasi

TAFAKKUR TAROZIBONI

TAFAKKUR TAROZIBONI
Bugun Erkin Aʼzam tugʻilgan kun

Shunday insonlar boʻladiki, ular bilan zamondosh boʻlganing bilan bir karra, agar zamindosh ham boʻlsang ikki karra qalbingda gʻurur hissini tuyasan kishi. Oʻzbekistonimizning soʻlim goʻshalaridan biri Boysundan chiqqan Shukur Xolmirzayev, Erkin Aʼzam, Usmon Azimovlarga ishora qilayotganimizni sezgan boʻlsangiz kerak.

Bugungi kunda oʻzbek adabiyotining zalvorli yukini yelkasida koʻtargan va koʻtarayotgan mazkur adiblarning maʼnaviyatimiz taraqqiyotida ulkan hissasi bor. Ular ijodiyotini oʻrganish, asarlarini ommalashtirish va targʻib qilish burchdorlik tuygʻusidir. Qolaversa, maʼnaviy farz, maʼrifiy qarzimizdir. Prezidentimiz iborasi bilan aytganda, adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish, odamlar qalbiga yoʻl topish va ularni ezgu maqsadlar sari ilhomlantirish bugunning ham dolzarb muammolaridandir.

Xuddi shu talab yoʻsinida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimizda ilm-fan, madaniyat va adabiyot rivojiga munosib hissa qoʻshgan atoqli shaxslarning yubileylarini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi farmoyishi ham bejiz emas. Unda adabiyotimiz ravnaqiga muhim ulushini qoʻshgan adiblar qatori yuqorida tilga olingan ijodkorlarning nomlari ham qayd etilgani faxrlidir.

Oʻzlarining iborasi bilan aytganda, “qalamdan boshqa qurolim yoʻq” degan Erkin aka Aʼzamov haqida ikki ogʻiz soʻz aytish qalb ehtiyoji va yurak amri oʻrnidadir.

Ularning tarjimayi holi, ijodiy faoliyati ham boshqa adiblarnikidan keskin farq qilmaydi. 1950-yil 10-avgustda togʻli Boysunda tugʻildi. 1972-yil Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy Universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomladi. Respublika radiosida muharrir, „Guliston“ va „Yoshlik“ jurnallarida boʻlim muharriri, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va Sanʼat nashriyotida, tahririyat mudiri boʻldi. 1992–1994-yillarda Oʻzbekiston milliy axborot agentligida bosh direktori oʻrinbosari. 1995-yildan „Tafakkur“ jurnali bosh muharriri, l, ll chaqiriq Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputati, 2016-yilda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoniga musharraf boʻlganlar.

„Chiroqlar oʻchmagan kecha“ (1977), „Otoyining tugʻilgan yili“ (1981), „Olam yam-yashil“ (1984), „Javob“ (1986), „Bayramdan boshqa kunlar“ (1988), „Mir v svetax“ (1999), „Pakananing oshiq koʻngli“ (2001), „Kechikayotgan odam“ (2002) toʻplamlari muallifi. Yozuvchi asarlari asosida „Chantrimore“, „Piyoda“, „Dilxiroj“ filmlari suratga olingan. Asarlarini ruhan birlashtirib turadigan jihat — insoniy erk, har qanday zoʻravonlikka munosabat masalasidir.

Lekin Erkin aka Aʼzamovdagi sinchkovlik, hassos nazar, teran oʻychanlik, hayotiylik va xalqchillik alohida boʻyoqqa, rang va ohangga ega. Xalqning ijtimoiy ongi va tafakkurini oʻstirish, hayot tarzi va oʻy-kechinmalarini rangin tarzda aks ettirish ilinji uning dardiga aylangan. Hayot va adabiyotning uygʻunlik mohiyati inson dardu alamlarining inʼikosi bilan aslida. Adabiyot insonshunoslik ekan hayot, ijodiyot, taraqqiyot tushunchalarining tag zamirida ham inson taqdiri turadi. Uning turli holat, turli vaziyat va sharoitlarda oʻzligini saqlab qolishi, irodasi va matonati adabiyotning bosh mavzui.

Maʼlumki, dard bilan yozilgan asarlargina qalblarni ishgʻol etadi.Yurakdan chiqqanigina yurakka yetib boradi. Erkin aka qoʻliga qalam olgani hamonoq ana shu aqidaga sodiqligini sezish qiyin emas. Uning ushbu iborasida ham dard atalmish tuygʻuga ishora bor. “Oʻzbek boʻlib tugʻilish mumkin, ammo rostakamiga oʻzbek boʻlib yashamoq oson ish emas”. Xalqimiz tabiati va tiynatidagi ayrim atvorlarga diqqatini qaratib dam achinib, dam kuyunib, goh faxrlanib, goh suyunib yuradigan oʻzbek oʻgʻlonining iqrori bu.

Bevafo olamda hech kim xurrammas
Odamzod nasliga shodlik hamdammas,
Kimki bu olamda boʻlsa gʻussasiz,
Yo bu olamdanmas, yoxud odammas.


Badriddin Hiloliyning ushbu ruboiysi boyning ham - faqirning ham, ochning ham - toʻqning ham oʻz qaygʻusi, gʻami borligini eslatadi. Boylar ham yigʻlashi, oʻz qalbini tigʻlashi mumkinligi haqidagi haqiqatni yodga soladi.

Erkin aka oʻz suhbatlaridan birida shunday degandi: «Kamina chinakam badiiy asarni iztirob mevasi, iztirobnoma deb bilaman. Asarda sirqiragan dard boʻlmasa, iztirob ifodalanmasa, shundan hosil boʻlgusi tayin maqsad-muddao koʻrinmasa, oʻquvchi mardumning boshini qotirib nima kerak?!»

Mana, Erkin Aʼzamovning adabiy qarashi, aniqrogʻi, badiiy oʻlchovi. Erkin aka oʻzbek mumtoz va jahon adabiyoti durdonalarini ixlos bilan oʻqiydiganlardan. Shu tobda uning xotirida Boborahim Mashrabning ushbu misrai jonlangan boʻlsa ajab emas. “Dilda darding boʻlmasa, dardisarimni kavlama!”

Shunga monand fikrlar magʻribzamin adabiyotida ham uchraydi. Ernest Xemingueyning “Boshidan baxtsiz bolalik va rad etilgan muhabbatni kechirmagan inson chin yozuvchi boʻla olmaydi.” Bu ham dard degani. Nemis mutafakkiri Gyotening ushbu fikriga eʼtibor qiling. "Men oʻzimni quvontirgan, qaygʻuga solgan, qiynaydigan narsalarning barini obrazlarga aylantirishga, poeziya bagʻriga joylashga oʻrganganman. Mening hamma asarlarim katta bir iqrornomaning boʻlaklaridir.” Bu ham dard demakdir. «Anna Karenina – aslida mening oʻzim» - degan Lev Tolstoyni ham xuddi shu maʼnoda tushunish mumkin.

Erkin Aʼzamov tafakkuri teran, faylasuf yozuvchilarni ayniqsa, eʼzozlagan, qadrlagan. Hamma soʻzining tagiga chizib qoʻygingiz keladi, deya havas bilan qaraganlaridan biri Asqad Muxtordir. Uning hayot mantigʻi borasidagi“Baxt izlash azobi bilan jazolash” degan shoirona tashbehlarini bot-bot eslab turishdan zavq olishlari aniq. Duch kelgan narsa haqida duch kelgan gapni aytish, yozish bu adabiyot degani emas. Soʻz sanʼatini muqaddas tutish kerak, bu gap sanʼati emas. Bu ham aslida, Erkin akaning adabiy qarashlaridan. Asarning yaralishi muayyan vaqt bilan belgilanmaydi. Uning qogʻozga tushirish jarayoni ikki asosga tayanadi. Biri voqelikni aql chigʻirigʻidan oʻtkazish, ikkinchisi, qalb prizmasidan sizdirish asnosida akslantirish. Erkin aka bu haqda “Adabiy matn bir qaynovda tayyor boʻladigan qiyom emas”, - deyishi bilan toʻla haqlidir. Uning xuddi shu nazariy qarashlari hikoyalarida roʻyi rost oʻz ifodasini topgan.

Sarlavha tanlash ham sanʼat, aslida. Yaxshi nom ollohdan inʼom deganlaridek, asarga qoʻyilgan nom bir tomondan diqqatingizni tortibgina qolmay, ikkinchi tomondan asarda deyilmoqchi boʻlgan maqsadga ishora qiladi. Zeroki, adabiyotning vazifasi ham shu. Oʻzbekistonning birinchi professori Abdurauf Fitrat ham adabiyot bu obrazlar orqali ishorat degan mazmundagi fikrni bejiz keltirmaganlar. Boshqacha aytganda, “Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit” qabilida ish tutish badiiy adabiyotning tasvir taktikasidir.

Erkin aka tomonidan “hayotda ham, ijodda ham oʻziga xos noyob hodisa edi,” - deya taʼriflangan iqtidorli adib Shukur Xolmirzayev bilan bogʻliq xotirotlarga qoʻyilgan nomga eʼtibor bering. “Doʻrmon asiri”. Nomning oʻziyoq, etingizni junjiktiradi va sizni oʻyga toldiradi, mutolaa qilishingiz bilanoq, mushohadaga chorlaydi. Oʻzgani baholash aslida, oʻzingni baholatishdir. Doʻrmon xotiralarini varaqlarkansiz, Erkin akaning Shukur akaga boʻlgan oshkor etilmasdan qalb tubida saqlangan pinhoniy mehru muhabbatini his etasiz. U yozuvchi haqida emas, yozuvchining qalbi haqida yozadi, borini aytadi va oʻz qalbini ham ochib qoʻyadi degan fikr unga begona emas.

"Har gal yangi nimadir yozganingizda bir gaplarni aytdim-ov, deb oʻylaysiz oʻzingizcha. Lekin, bari – dengizdan tomchi. Dildagisini umrning oxirigacha aytib ado qilib boʻlmas! Muhim gapni aytish uchun avvalo, koʻngilda shunday gap boʻlishi kerak», - deydi Erkin aka. Bu qatʼiy xulosa, taʼbir joiz boʻlsa, xotira hukmi. Erkin akaning ushbu mulohazalarini ularning oʻziga ham nisbatan qoʻllash mumkin. “Shukur akaning nazarida, hayotda eng qudratli mohiyat – adabiyot, jamiyatdagi eng zoʻr odam – yozuvchi edi. Adabiyotga gʻayrioddiy bir qizgʻanish bilan qarar, uni baayni norasmiy mulkidek koʻrar, unga daʼvogarlarga munosabatda ham goho oʻta murosasiz edi”. Erkin akaning eʼtirofi zamirida ulugʻ yozuvchimizga boʻlgan ehtirom va eʼzozni ham sezmaslik mumkin emas. Oʻxshatishlarning naqdini topishda Shukur akaga xos usullar Erkin akani ham toʻlqintirganini anglash qiyin emas.

“Yozganlarini hech kim oʻqimasligi”ga, oʻn-oʻn besh yillardan beri bironta ham kitobi chop etilmaganiga qaramay, Shukur aka bolaligida yaxshi koʻrgan qahramoni Robinzon Kruzo misol, kimsasiz Doʻrmon bogʻida oʻtirib, qissayu hikoyalarini yozaveradi. ...nasr maydonida Shukur aka rostdan ham Robinzon Kruzoga oʻxshab yolgʻizlanibroq qolgan edi".

Erkin aka davr dardini, yolgʻizlik iztirobini koʻngil ovunchogʻi, ogʻriq va yaralar malhami boʻlgan adabiyotga sadoqatni Shukur aka timsolida koʻrdi.

Adabiyot hayotning koʻzgusi ekan, uning ijtimoiy hayotdagi oʻrni borasida fidoyilik, jonbozlik zarur. Uning sofligi uchun kurashish, badiiyatning, nafosatning goʻzalligi uchun intilish yozuvchining ijodiy faoliyatida, hayotiy mezonlarida oʻz aksini topmasdan qolmaydi. Erkin aka adabiyotga yondashgan paytda, baho berganda, ushbu soʻzlarni eʼtirof etgani ham ana shu aqidaga sodiqligining nishonasidir. “Umrim adabiyot nashriyotiyu adabiy jurnallarda xizmat bilan oʻtdi, oʻtayotir. Qoʻlyozma saralashda muallifning yosh-qariligi yoki boshqa “imtiyoz”lariga qarab emas, hamisha muayyan nashr talablari, avvalo, adabiyot manfaatini koʻzlab ish tutmoqqa harakat qildim. Beayb Parvardigor, bu borada goho kimgadir yetarlicha mehribonlik qilolmagan yoki talabchanlikni oshirib, koʻnglini qoldirgan boʻlsam – aybi boʻynimda. Shulardan kimki kiroyi bir asar yozib chiqib kaminaning oʻshandagi xatosini isbotlasa, qoʻshilishib quvonmoqqa tayyorman.” Adabiyotning xalqqa xizmat qilishi muqarrar ekan, u ezgulikning bayrogʻi boʻlishi lozim.

Erkin akaning adabiyotga janriy nuqtayi nazardan ham yangilik kiritganini taʼkidlash joiz. Fiqra degan tushuncha bor. U arab tilidan olingan boʻlib “boʻlak, parcha” degan maʼnolarni anglatadi. Bu maqola ham emas, hajviyot ham emas. Uning fiqralari qator maqola va hajviyalarda aytish mumkin boʻlmagan haqiqatni eʼtirof etish nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir. U novator ijodkor sifatida fiqrani adabiy janr sifatida adabiyotga olib kirdi deyishimiz mumkin. Adabiyot demak, tafakkur mevasi, tafakkur hosilasi, ijtimoiy, badiiy tafakkurning mevasi. Shunday ekan, Erkin aka “Tafakkur” jurnalining bosh muharriri sifatida ijtimoiy-badiiy tafakkur mezonlariga masʼul, fidoyi olim sifatida ham qalam tebratmoqdalar. Ular jahon adabiyoti, xususan sharq adabiyoti mutafakkirlarining, mumtoz faylasuflarning fikrlarini aql chigʻirigʻidan oʻtkazishdan huzurlanadi. Taxayyul tasavvurga, tasavvur tafakkurga yoʻl ochar ekan, tabiiyki, uning oʻziga xos mezonlari boʻladi. Buning uchun yetuk salohiyat, yuksak did va taʼb, teran tafakkur sohibi, boshqacha aytganda, tafakkur taroziboni boʻlish zarur.

Bugun muborak 70 yoshlarini nishonlayotgan xalqchil, maʼrifatparvar adib, xokisor inson, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin aka Aʼzamov ana shunday nisbatga, sharafga loyiq isteʼdod egasidir.

Ruzimurot CHORIYEV,
pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.

Rahimboy JUMANIYOZOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

10 755
OʻzA