O‘zA O`zbek

04.04.2019 Chop etish versiyasi

Surxondaryo ulug‘vor shodiyona og‘ushida

Surxondaryo ulug‘vor shodiyona og‘ushida

Ertaga Termizda Xalqaro baxshichilik san’ati festivali boshlanadi.

Turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalq dostonlarida ajdodlarimizning boy va qadimiy an’analari mujassam. Baxshilarning o‘ziga xos ijrosi asrlar davomida xalqimizga zavq-shavq bag‘ishlagan, ma’naviy xazinamizning bebaho qadriyati sifatida e’zozlangan.

photo5273966621557369399.jpg

Ana shu o‘lmas qadriyatlarimiz bois xalqimiz Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorini katta xursandchilik bilan kutib oldi.

Xalqaro baxshichilik san’ati festivali birinchi marta teran ildizlarga hamda boy an’analarga ega Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahrida tashkil etilmoqda. Shuni faxr bilan ta’qidlash kerakki, u endilikda har ikki yilda bir marta an’anaviy tarzda o‘tkazib boriladi.

photo5273966621557369402.jpg

Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini YuNESKO shafeligi ostida o‘tkazish bo‘yicha YuNESKO Bosh direktorining rasmiy rozilik maktubi olingan.

Festivalni 18 davlatdan kelgan ommaviy axborot vositalari xodimlari yoritib boradi.

– Ishtirokchilarning chiqishlari yuqori malakali mutaxassislar, taniqli san’at va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlarning tegishli sohalar namoyandalaridan iborat xalqaro hay’at a’zolari tomonidan baholanadi, – deydi festival matbuot markazi rahbari o‘ribosari Mavluda Asqarxo‘jaeva. – Baholash jarayonida dostonchilik san’ati namoyandalarining asl milliy xususiyatlari, kuy, nag‘ma va termalarning badiiy-estetik jihatlari, o‘ziga xosligi, xalq ijrochiligi usullarini egallaganlik darajasi, kiyinishi, sahna madaniyati, liboslardagi badiiy bezaklarning milliy an’analarga mosligi, an’anaviy musiqa asboblaridan foydalanishga alohida e’tibor beriladi. 

photo5273966621557369403.jpg

Tanlov g‘oliblari diplom, haykalcha va pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Festival ishtirokchilari va mehmonlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Adib Sobir Termiziy nomidagi axborot-resurs markazining yangi binosida matbuot markazi, Termiz arxeologiya muzeyida esa Respublika tashkiliy va ijodiy shtabi tashkil etilgan. Ular zarur jihozlar, kompyuterlar, printer, nusxa ko‘chirish apparatlari, tezkor internet bilan ta’minlangan.

photo5274126372865944070.jpg

Anjuman munosabati bilan viloyatda katta hajmdagi qurilish, rekonstruksiya, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. San’at saroyi hududida yig‘ma va asosiy amfiteatr barpo etildi. Ko‘cha va xiyobonlar, ko‘p qavatli turar joy binolari joriy ta’mirlandi. Festivalga oid panno va reklamalar, suratlar o‘rnatildi. Baxshichilik san’atiga oid turli ko‘rgazmalar tayyorlandi, milliy sozlar, liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari festivalga taxt qilindi.

photo5274126372865944073.jpg

Tadbir ishtirokchilari uchun o‘zbek, ingliz va rus tillarida 37 turdagi turistik maskanlar bukletlari, baxshichilik san’atiga bag‘ishlangan risola va Termiz shahrining sayyohlik xaritasi tayyorlandi. Viloyat tarixi va madaniyatiga oid 2 ta kitob, 6 turdagi buklet, “Ko‘hna Termiz”, “Zamonaviy Termiz” hamda baxshilar to‘g‘risida fotoalbomlar chop etildi. Baxshi Shoberdi Boltaevning “Malla savdogar”, Abdunazar Poyonovning “Oltin qovoq”, Umir shoir va Avliyoqul Mardonaqul o‘g‘lining “Alpomish” dostoni nashr qilindi. Fayoztepa, Kampirtepa, Sulton Saodat va Hakim Termiziy maqbarasi kabi tarixiy obidalar qayta ta’mirlandi.

photo5274126372865944075.jpg

Xullas, Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining yuksak saviyada o‘tishi uchun barcha choralar ko‘rildi.

photo5274126372865944078.jpg

3 104
Ziyodulla Jonibekov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA