O‘zA O`zbek

08.10.2019 Chop etish versiyasi

Sogʻinch torlari

Sogʻinch torlari

1-oktyabr- Oʻqituvchi va murabbiylar kuni

Aziz doʻstlar! Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz maktab oʻqituvchilari shaʼnini yuksak rutbalarga koʻtarib ulugʻladilar. Bu murojaat barchamizni toʻlqinlantirdi. Shunday oliy eʼtibor va sharaf aziz muallimlarimizga muborak boʻlsin!

Boqsam yillarimning sardaftariga

Siz mudom kamtaru xoksor turgansiz.

Mening yuragimning kabutariga

Vatan degan soʻzni xatlab bergan Siz.

Quyoshdan zarrin ham zarhallariga,

Boqsam u yillarning saharlariga:

Mening eng munavvar, goʻzal onlarim –

Ona degan soʻzni yozgan tonglarim.

Biz ketdik – sevinchu quvonchlaringiz,

Fasllar, kechayu kunduzlar boʻlib.

Qolmish ortimizdan koʻzyoshlaringiz

Maktab tomi uzra yulduzlar boʻlib.

Sharhlab bermoq uchun mehnatingizni,

Sizning bir soatlik zahmatingizni –

Qirq ming chirogʻ bilan koʻp shamlar kerak,

Qirq bahor, yana qirq koʻklamlar kerak.

Ilmu ezgulikdan zinalar tiklab,

Har oʻgʻil – bolangiz, har qiz – qumringiz,

Oʻtdingiz daftaru kitob qoʻltiqlab,

Darsu saboqlarda kechdi umringiz.

Boqsam u yillarning sarhadlariga,

Birdan qaytgim kelar saharlariga.

Sogʻinch torlarini chertar dillarim,

Muallimalarim, muallimlarim.

Bugun Yangi avlod maktabga borar,

Mehr chirogʻidir qarogʻlaringiz.

Olamda eng ulugʻ, kamtarin zotlar,

Hech qachon oʻchmasin chirogʻlaringiz.

Muallimlar manzumasi

Bilim bogʻiga bogʻbonsiz, muallimlar,

Sharaf toqiga narvonsiz, muallimlar.

Hayot porloqdir ilmu maʼrifat birlan,

Charogʻsiz ham charogʻbonsiz, muallimlar.

Sinolar kashf etib ketgan sinoatlar,

Bashar dardiga darmon – Siz, muallimlar.

Zakovat kemasiga Beruniyning ham

Oʻzingiz ilk ummonsiz, muallimlar.

Jahon osmoniga Sulton Ulugʻbekni

Uzatgan ilk osmonsiz, muallimlar.

Navoiy qaydin olmish nuktadonlikni?

Zarif ham jonli devon – Siz, muallimlar.

Bilim – mangu xazon boʻlmas ziroatdir,

Oʻzingiz mangu dehqonsiz, muallimlar.

Jaholatdin qutulgay bir kuni olam,

Metin qoʻrgʻonu posbonsiz, muallimlar.

Gulu chechaklaringizdir oʻgʻil-qizlar,

Tunu kun siz nigohbonsiz, muallimlar.

Ulugʻsiz, xoksoru kamtarindirsiz,

Dilu jonsiz, qadrdonsiz, muallimlar.

Buyuk ustoz – Vatandir, ota yurt asli,

Ona yurt, Oʻzbekistonsiz, muallimlar.

Sirojiddin Sayyid,

Oʻzbekiston xalq shoiri


456
O'zA