O‘zA O`zbek

13.03.2019 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda madaniyat va sanʼat kuni oʻtkazildi

Sirdaryoda madaniyat va sanʼat kuni oʻtkazildi

Prezidentimizning joriy yil 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida hudud yoshlarida sanʼat namoyandalarining ijodiy merosiga havas va qiziqish uygʻotish, ularni milliy-maʼnaviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash bilan bogʻliq masalalarda nimalarga koʻproq eʼtibor berish lozimligi haqida ham soʻz yuritgan edi. 

Tashrif davomida bu borada berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, sanʼat ustalari, mutaxassislar va ijodkorlardan iborat ishchi guruh Guliston shahri hamda Sirdaryo tumanidagi bolalar musiqa va sanʼat muassasalarida boʻldi.

“Sirdaryoda madaniyat va sanʼat kuni” loyihasi doirasida yoshlarni madaniyat muassasalariga jalb etishga doir maʼnaviy-tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazildi.

Prezidentimiz koʻrsatmalariga asosan yoshlarning madaniyat va sanʼat muassasalarida tashkil etilgan turli yoʻnalishlardagi badiiy havaskorlik toʻgaraklarida hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan viloyat yoshlarini madaniyat muassasalariga jalb qilish konsepsiyasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotir.

– Mazkur konsepsiyani amalga oshirish mexanizmi 3 bosqichdan iborat, – deydi ishchi guruh rahbari, Madaniyat vazirligi masʼul xodimi Azamat Haydarov. – Birinchi bosqichda viloyatdagi 15 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablarida 56 ta turli yoʻnalishlarda yangi qoʻshimcha ravishda sinflar tashkil etilib, 2018 yilga nisbatan oʻquvchilarni jalb etish 14 foizga oshiriladi. 11 ta madaniyat markazida 95 ta yangi toʻgaraklar tashkil etilib, ularga ming nafar yosh jalb etiladi. Natijada markazlarning yoshlarni qamrab olishi 2018 yilga nisbatan 97 foizga ortadi. Mazkur loyihaga asosan jami 18 ming 424 nafar yoshlar madaniyat muassasalariga qamrab olinadi.

Ikkinchi bosqichda bolalar musiqa va sanʼat maktablaridagi 56 nafar oʻqituvchi yetishmasligi muammosi hal etilib, maktablarga respublika Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan zarur musiqa cholgʻu asboblari xarid qilinib, tuhfa etiladi. Kadrlarga boʻlgan ehtiyojni toʻldirish maqsadida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida 10 nafar, Oʻzbekiston sanʼat va madaniyat institutida 20 nafar, Guliston ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida esa 41 nafar xodimlarni oʻqitish va malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Mirzaobod, Boyovut va Xovos tumanlarining madaniyat markazlari davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan taʼmirlanadi.

Uchinchi bosqichda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya Oliy maktabi, Toshkent ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi kabi muassasalar hamda teatrlar va muzeylar viloyat madaniyat va sanʼat muassasalariga biriktiriladi. Ular masʼulligida taniqli sanʼatkorlar, musiqachilar va yoshlar sevgan xonandalar, milliy raqs va xoreografiya sanʼatining taniqli namoyondalari ishtirokida konsertlar, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar, koʻrik-tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilayotir.

Sirdaryo tumanidagi 12-son bolalar musiqa va sanʼat maktabida “Maqom sanʼati – millat xazinasi” mavzusida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darslari Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litsey direktori Bahrom Qurbonov, litseyning tajribali oʻqituvchilari hamda litsey qoshida tashkil etilgan Bolalar maqom ansambli tomonidan uyushtirildi.

Tadbir yakunida, tumandagi Orzu qishlogʻida joylashgan “Istiqlol” madaniyat markazida poytaxtdan kelgan taniqli estrada xonandalari hamda sirdaryolik yosh ijrochilar ishtirokida “Qalbimda Vatan madhi” deb nomlangan konsert dasturi namoyish etildi.

2 894
Abdujalol Qayumov, OʻzA