O‘zA O`zbek

18.03.2020 Chop etish versiyasi

Shukur Xolmirzayevning 80 yilligi qanday nishonlanadi?

Shukur Xolmirzayevning 80 yilligi qanday nishonlanadi?

Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimizda ilm-fan, madaniyat va adabiyot rivojiga munosib hissa qoʻshgan atoqli shaxslarning yubileylarini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi farmoyishi loyihasi ayniqsa ilm-fan va ijod ahlini cheksiz mamnun qildi.

Prezidentimiz davlat rahbari sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridanoq milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz va sanʼatimiz rivojiga alohida va doimiy eʼtibor qaratib kelmoqda. Yuqorida zikr etilgan hujjat ham fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.

Loyihada Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, ulugʻ adib Shukur Xolmirzayevning ham nomi qayd etilgan. Shukur akani dunyo darajasidagi adib deb bilaman. Yozuvchining 80 yilligi munosabati bilan Termizda Shukur Xolmirzayev nomidagi ijod maktabi ochilsa nur ustiga nur boʻlar edi.

Buyuk yozuvchining uy-muzeyini ochish ham ayni muddao, bu yoshlar uchun, xalqimiz uchun nihoyatda zarur. Shukur akani eʼzozlash, asarlarini oʻqib-oʻrganish, tahsil olgan maktabni u kishining nomi bilan atash, Toshkent va Termiz shaharlarida haykal oʻrnatish, koʻchalarga nomini berish, bu adabiyotni ulugʻlash, xalqimizni kitob oʻqishga undash, maʼnaviyatni yuksaltirishdir.

Shukur Xolmirzayev 100-yilda bir dunyoga keladigan ulugʻ adiblar sirasiga kiradi. Adib har qanday ogʻir pallada ham rost gapni aytishni oʻrgatib ketdi. Mashaqqatli paytlarda ham adabiyotdagi, hayotdagi eʼtiqodi mustahkam edi. Bor gapni, haqiqatni aytishni bugungi avlod Shukur akadan oʻrganishi kerak.

Surxondaryo ahli boshqa viloyatlardagi ijod maktablariga cheksiz hurmat va havas bilan qaragan holda, viloyat markazi Termiz shahrida Shukur Xolmirzayev ijod maktabi barpo etilishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi va chin yurakdan olqishlaydi. Ishonamizki, maktab binosi yuksak zamonaviy loyihalar asosida bunyod etiladi va viloyat ahlining gʻururlanadigan, tom maʼnodagi maʼnaviyat-maʼrifat maskanlaridan biriga aylanadi.

Shukur Xolmirzayev tavalludining 80 yilligi Surxondaryoda adabiyot kunlari doirasida oliy maqomda oʻtkazilsa, voha hayotida joʻshqin adabiy voqelikka aylansa, nur ustiga nur boʻlar edi. Zero, bu aholi, ayniqsa, yoshlarni kitobga oshno etish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirish, eng muhimi, milliy oʻzligini anglagan, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar sirini puxta oʻzlashtirgan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Mengnor OLLOMUROD, 
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Surxondaryo viloyat boʻlimi rahbari.

3 780
OʻzA