Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2017 15:21 Chop etish versiyasi

Shoirlar bog‘idan taralgan navo

Shoirlar bog‘idan taralgan navo Samarqand shahridagi Shoirlar bog‘ida atoqli xalq baxshilari Islom shoir Nazar o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh va Muhammadqul Jomurod o‘g‘li – Po‘lkan shoirning restavratsiya qilingan haykallari ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etgan tadbirda milliy adabiyotimizni rivojlantirish, ijodkorlar uchun munosib mehnat sharoiti yaratish, el suygan adiblar xotirasini abadiylashtirish orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Mustaqillik yillarida baxshi-shoirlar merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, ular asos solgan baxshichilik maktablari an’analarini tiklash va rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan baxshilar haykalining Registon maydoniga tutash ushbu bog‘da o‘rnatilishi xalqimizning ulkan so‘z san’atkorlariga bo‘lgan yuksak ehtiromi ramzi sifatida ularning ijodini bugungi avlodlar tomonidan o‘rganish va davom ettirishga, yosh avlodni vatanparvarlik, mardlik singari insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

– Men Islom shoir va Po‘lkan shoir asarlari ta’sirida ijodga kirib kelganman, – deydi shoira Z.Mo‘minova. – Ularning shogirdlari Otayor va Amirqul Po‘lkandan saboq olib, Islom otaning o‘g‘li O‘zbekiston xalq baxshisi Ziyodulla baxshidan qadimiy doston va termalar eshitganman. Shu bois, she’rlarimda baxshi bobolarimiz an’analarini davom ettirishga harakat qilaman. Dunyoning barcha qit’alaridan san’at ahli tashrif buyuradigan “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivali oldidan Samarqand shahrining ko‘rkam Shoirlar bog‘ida el ardoqlagan oqinlarga haykal o‘rnatilishi biz, ijod ahlini yanada ilhomlantirmoqda.

O‘zbekiston xalq baxshisi Mahmatmurod Rajabov hamda yosh baxshilar Ahror Pardayev va Jahongir Norbekov Islom shoir, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh, Po‘lkan shoir aytgan dostonlardan namunalar ijro etdi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev so‘zga chiqdi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
2 814






Все о погоде - Pogoda.uz