Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 17:54 Chop etish versiyasi

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda

Samarqandda “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov, festival matbuot xizmati rahbari S.Ostonov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari A.Umarov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997-yilda tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbir bugungi kunda jahon miqyosida nufuzli san’at anjumaniga aylanganini ta’kidladi.

Xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini oshirish, boy tariximiz, betakror madaniyatimizni targ‘ib etishni maqsad qilgan festival ishtirokchilari safi yildan-yilga kengayib, yer yuzining barcha qit’alarini qamrab oldi. Ko‘plab davlatlar tadbirning doimiy ishtirokchilariga aylandi.

– Hozirgacha dunyoning yuzdan ortiq davlati vakillari hamda YuNESKO, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Xalqaro folklor san’ati tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki singari yirik tuzilmalar festivalda ishtirok etdi, – deydi “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivali ijrochi direktori T.Xoliqov. – Bu yilgi festivalda ham sayyoramizning turli mintaqalaridan 120 ga yaqin jamoa qatnashishi kutilmoqda. Qozog‘iston, Isroil, Eron, Rossiya, Belgiya, Italiya, Kanada, Braziliya, Gruziyadan bir nechtadan musiqa jamoalari ishtirok etish istagini bildirib, direksiyamizga murojaat qildi. Bugungi kungacha ular orasidan 38 jamoa saralab olindi. O‘n birinchi festivalda ilk bor Yamayka, Malavi, Myanma va Urugvay davlatlaridan vakillar ishtiroki kutilmoqda. Yurtimizdan ham 20 ga yaqin musiqiy jamoadan tanlovda qatnashish istagi bildirilgan bo‘lib, ayni paytda saralash jarayoni davom etmoqda. Umuman, bu yil 56 davlatdan 250 nafar xorijlik san’atkorning Samarqandga kelishi rejalashtirilgan.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali direksiyasi bir qator xorijiy davlatlardagi xalqaro san’at festivallari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Jumladan, Janubiy Koreyaning "Andong" xalqaro festivali, Xitoyning "Shanxay xalqaro san’at" festivali vakillari “Sharq taronalari”ga mehmon sifatida taklif etilgan. YuNESKO, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti mas’ul xodimlari, bir qator davlatlarning rasmiy vakillari faxriy mehmon sifatida kelishi kutilmoqda.

Bu yil festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati milliy an’analarining shakllanishi va rivojlanishi” mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkaziladi. Unda 20 dan ortiq xorijlik taniqli musiqashunos olim, mutaxassis o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadi.

Festivalning ahamiyatini yanada oshirish, dunyo hamjamiyati e’tiborini O‘zbekiston musiqa madaniyatiga qaratish maqsadida xorijlik mutaxassislar ishtirokida 20 dan ortiq maxsus davra suhbati, taqdimot va mahorat darslari o‘tkazish rejalashtirilgan.

Anjumanda festivalga tayyorgarlik bo‘yicha shakllantirilgan ishchi guruhlar faoliyati, Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 518






Все о погоде - Pogoda.uz