O‘zA O`zbek

27.09.2019 Chop etish versiyasi

Sharq bozorlari anʼanasini oʻzida mujassamlashtirgan festival boshlandi

Sharq bozorlari anʼanasini oʻzida mujassamlashtirgan festival boshlandi

Samarqand shahridagi Islom Karimov koʻchasida ikkinchi bor oʻtkazilayotgan va qadim Sharq bozorlari anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan “SILK ROAD BAZAAR” (“Ipak yoʻli bozori”) milliy hunarmandchilik va savdo festivali boshlandi.

Festivalda nafaqat Samarqand balki mamlakatimizning boshqa turli viloyatlaridan kelgan usta-hunarmandlar ham oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Jumladan, sangtaroshlik, kashtadoʻzlik, zargarlik, kulolchilik, qoʻlda gilam toʻqish, miniatyura, rang-tasvir, naqqoshlik va buyoqli naqshlar, kandakorlik, misgarlik, zardoʻzlik buyumlari, oʻyinchoqlar, yogʻochdan tayyorlangan xalq hunarmandchiligi mahsulotlari hamda Samarqand nonlari namoyish etilayotir.

– Festivalda mahalliy xalqimiz bilan birgalikda shahar mehmonlari va xorijdan tashrif buyurgan sayyohlar ham ishtirok etmoqda, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshligʻi Umid Hakimov. – Tadbirda hunarmandlar tomonidan mahorat dasrlari ham oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, saylda qandolat mahsulotlari, poliz ekinlari yarmarkasi tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan ikkinchi bor oʻtkazilayotgan festivalga koʻplab xorijlik sayyohlar ham taklif etilgan.

Tadbir doirasida savdo yarmarkalari qatori folklor-etnografik jamoalarning, dorbozlarning chiqishlari, sahnalashtirilgan tomoshalar va estrada xonandalarining konsert dasturlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda.

1 937
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, OʻzA