O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Savobli amallar koʻpayaversin…

Savobli amallar koʻpayaversin…

“Yaxshi kunlar tez oʻtadi”, deyishadi. Yaqindagina tashrifini orziqib kutganimiz Ramazon oyi yakunlanib, muborak hayit ayyomi arafasida turibmiz. Bu shukuhdan koʻnglimiz masrur boʻlsa, ikkinchi jihatdan, bir oylik barakotli mehmonimizni kuzatganimizdan mahzunlik tuyayotganimiz ham bor gap.

Yaratganga beadad shukurki, jonajon diyorimizning moʻmin-musulmonlari oʻn ikki oyning sultoni boʻlmish Ramazon oyini sinovli kunlarda, ogʻir damlarda ham nihoyatda koʻtarinki ruhda, kechalarini toat-ibodat, kunduzlarini roʻzador holda fayzu futuh bilan oʻtkazib, magʻfirat va rahmat kunlarini solih amallar, Alloh roziligi yoʻlidagi ibodatlar oyiga aylantirdilar. Alhamdulillah, Alloh taolo vaʼda qilgan buyuk mukofotni qabul qilish kuni “Iydi-Fitr”, yaʼni Ramazon hayiti kabi ulkan shodiyonani ham intiqlik ila kutib olmoqdalar.

Alloh taolo Oʻzining muborak Kalomida shunday marhamat qilgan: “Ayting: Allohning fazli va rahmati bilan, bas (albatta) shular sababli (moʻminlar) shodlansinlar! U toʻplagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus surasi, 58-oyat).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, u (madinalik)larning ikki kuni boʻlib, ular oʻsha kunlarida oʻyin-kulgi qilishar edi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bu ikki kun qandoq kun?”, – deb soʻradilar. Ular: “Biz johiliyatda shu kunlarda oʻyin-kulgi qilar edik”, – deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi oʻrniga ulardan koʻra yaxshiroq – Azho (qurbon hayiti) va Fitr (ramazon hayiti) kunlarini berdi”, – dedilar” (“Sunan” egalari rivoyat qilgan).

Xalqimiz Islom dini bilan musharraf boʻlgan kundan boshlab Ramazon hayitini tantanali ravishda bayram sifatida nishonlab kelgan. Iyd namozini oʻqish uchun butun aholi bir namozgohga yigʻilgan.

Afsuski, koronavirus pandemiyasi butun dunyoni tahlikaga solib turgan bir paytda masjidlarda ham jamoat va juma namozlarini ado etish vaqtinchalik toʻxtatildi. Taroveh namozlarini ham uyda, oilamiz bilan ado etdik. Yuqumli kasallik tarqalgan vaqtda va xastalikning odamlar hayotiga xavfi saqlanib turgani sababli hayit namozini ham jamoat boʻlib oʻqishning imkoni yoʻq. Bu borada Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining bayonoti ham qabul qilindi. Shuni eʼtiborga olgan holda, hayit kuni quyosh chiqqandan taxminan yarim soatdan keyin moʻmin-musulmonlarimizga oʻz xonadonlarida toʻrt rakatli nafl namoz oʻqish tavsiya etiladi.

Shuningdek, hayit kunlari beva-bechoralar, yetim-yesirlar, bemorlar holidan xabar olish, faqiru kambagʻallarga moddiy yordam koʻrsatish, saxovat amallarini ado etish, bolalarga hayitlik sovgʻalari ulashish xalqimizda anʼanaga aylangan fazilatligini sira yoddan chiqarmasligimiz lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir moʻminning dunyo qaygʻularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qaygʻularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan (birodari)ning ogʻirini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi ogʻirini yengil qiladi. Kim bir musulmonni aybini berkitsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda satr qiladi. Qaysi bir banda birodarining yordamida boʻlsa, Alloh taolo ham uning yordamida boʻladi”, – deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Shuningdek, hayit arafasida qoʻni-qoʻshnilarga mehr-muruvvat koʻrsatish bilan birga, moddiy yordamga muhtoj kishilar, yaʼni kam taʼminlangan oilalarga xayr-ehson qilinsa, ularning xonadonlariga ham bayram shukuhi kirib kelgan boʻladi. Shuni ham eslatib oʻtish lozimki, pandemiya – yuqumli kasallik tarqalgan vaqtda hamda karantin talablari amalda boʻlib turgan bir jarayonda bu ishlarimizni ham karantin talablariga muvofiq bajarish lozim.

Shu oʻrinda esga olish zarur boʻlgan yana bir jihat shuki, “Fitr sadaqasi” roʻzadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqa hisoblanadi. Bu moliyaviy ibodat shariatimizda roʻzadorning roʻzasi komil boʻlishiga halal beradigan turli behuda gap-soʻz va xatti-harakatlardan poklash, miskinlarga taom ulashish maʼnosida joriy qilingan.

Hanafiy mazhabiga koʻra, Ramazon hayiti kuni tong otishi bilan “sadaqai fitr”ni berish vojib boʻladi. Ammo undan oldin Ramazonning avvalgi kunlarida berish ham joiz hisoblanadi.

Uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan doʻst-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish moʻmin-musulmonchilik fazilatlaridan. Zero, silai rahmni uzgan yoki musulmon birodariga gina qilgan kishilarga fazilatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash, odob-axloq bilan yondashish kerak. Bunday holatlarda hayitliklar berish ham oradagi kudurat koʻtarilishiga sabab boʻladi.

Alloh taolo barchamizga Ramazon hayitini muborak qilsin. Bu kunni barakotidan savobli amallarni koʻpaytirishni Yaratganning oʻzi nasib aylasin. Ixlosli xalqimizning muhabbati, ulugʻ kunlarda qilgan yaxshi amallar ham duolar sabab Alloh butun dunyoni, xususan, Vatanimizni ham tez fursatda koronavirus ofatidan forigʻ qilsin!

Barchamizga Ramazon hayiti muborak boʻlsin!

Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Fargʻona viloyati bosh imom-xatibi.

9 569
O'zA