O‘zA O`zbek

27.03.2020 Chop etish versiyasi

Savdoga qoʻyilmaydigan yagona bisot

Savdoga qoʻyilmaydigan yagona bisot

Mutolaa 

Hech unutolmayman. Qancha kulguli boʻlsa, shuncha noxush. Xayolan eslab, oʻzimcha yoyilib kulayotgan chogʻda “Ey, nodon, sen kimning ustidan kulyapsan?”, degan savol kayfiyatning naq belidan tepadi-qoʻyadi-da...

Toʻrt-besh yil oldin Milliy matbuot markazida ayol qalamkashlardan birining kitobi taqdimoti boʻlgandi. Kitobda zamonamiz qahramonlarining joʻshqin faoliyati faxru iftixorga toʻlib-toshib yozilgan... Oʻzidan sarmast muallif shaʼniga minbardan minbarga, davradan davraga koʻchib yuradigan otashin soʻzlar aytilishi bir odatiy hol, endi. Bunga ajablanishning sira hojati yoʻq. Lekin u yerdagi gʻayriodatiy qiliqlar... Ha- ha, aynan qiliq...

Hamdu sanolar orasida yoʻl-yoʻlakayiga xotinlar sochiqmi-yey, roʻmolmi-yey, sandiqdagi atab qoʻyilgan shoyi matolarmi-yey, yangi kitob muallifi – “qahramon” yelkasiga tashlashar, Toʻmaris momoyu Nodirai Davron izdoshi deb olqangan “qahramon” ham mehri iyib dugonalarini siylayotgan damda “Eb-bi, man oʻlay” degan bir ovoz quloqqa chalingandi. Ajab-ajab nagʻmalarga bildirilgan eng xolis baho chekka qishloqdan kelgan ayolning mana shu taajjubi boʻldi, menimcha. Qay bir maʼnoda jamiyat jilovini tutmoqqa chogʻlangan ayollarda esa mana shu sodda, doʻlvor juvondagi farosat yetishmagandek, goʻyo.

Oʻsha kungi manzara odamdagi ichki madaniyat miqyosini qalam ushlash, nenidir qoralash, burro-burro soʻzlash va “xalq orasida yurgan”lik koʻrsatmaydi, degan toʻxtamga olib kelardi. Oʻtayotgan yillar, tuslanayotgan odamlar atvori esa bu mulohaza shunchaki mushohada toʻxtami emas, ayni haqiqat ekanini taʼkidlayapti.

…Oʻzimcha oʻylayman, (bu ham bir xayolda), agarda, yigʻindagi faol jamoat xonimlari hech qursa Nikolay Gogol, Anton Chexov, Aziz Nesin, Erkin Aʼzam asarlaridagi kinoyani tushunib, zavq bilan oʻqiganida, oʻzining ustidan oʻzi kula olish sanʼatini egallaganida edi, ortiqcha zamzamalarga oʻrin qolmasmidi? Bu yozuvchilar asarlari koʻzgu misol bizga oʻzimizni tanitib, oʻzingni oʻzing tanqid qila olishga imkon beradi. Sirkdagi masxaraboz tomoshasidan miriqqandek, oʻzingni tomosha qilish ham bir imkoniyat-da! …Oyna qarshisida oro uchun xiyol ushlanib qolganingda “aka, menga bir qarang” koʻylagini kiyib olgan juvonning oʻynoqi koʻzlari “yash-shang, kam boʻlmaysiz”, deb qadalib turganday yo jiloving kattalar ixtiyoriga oʻtib, oʻz soʻzingga oʻzing egalik qilolmay qolgan chogʻda Qurbonoyning “Sen ham oʻzimizdan ekansan-ku, dugonajon”, degan istehzosi quloqqa chalinganday boʻladi. Chorshanbijonni-ku eslamay qoʻya qolay, dil yana xira tortadi... Qarang, mutolaaning “xavfli” tomonlari ham bor, javlon urib yashashingga xalal beradi. Lekin tanlov oʻzingizning qoʻlingizda.

Aytishingiz mumkin, xoʻp oʻsha “eb-bi, man oʻlay” ham shu yozuvchilarning asarlarini maroq bilan oʻqiganmikan, bunday holatlarni baholash odamdan alohida zukkolikni yo kitobxoʻrlikni talab qilmaydi, farosat boʻlsa boʻldi-da, deb.

Farosat isteʼdod singari Yaratganning noyob inʼomi. Faqat isteʼdodning oʻziga tayanib boʻlmaganiday, ezgu hislarga, andishayu istiholalarga boy qalbni bu hayot dovonlaridan omon olib oʻtishga yolgʻiz farosatning kuchi hamisha ham yetavermaydi. Turmushning tayinsiz tutumlari ichdan yemiruvchi bir qurt, insondagi neki ajoyib fazilatlar boʻlsa, shularning barini u kemira boshlaydi. Hayotning qiyqiriq hoyu havaslari koʻngilni dagʻallashtirib, tuygʻularni daqqi qilib qoʻyadi. Zero, qozoq xalqi “qizlarning hammasi yaxshi, lekin yomon xotinlar qaydan chiqadi?” maqolini bejiz aytmagan. Yo “yomon qizni kelin qilyapmiz” degan gapni hech bir oʻzbek ogʻzidan ham eshitmaymiz. Lekin... Xullas, ruhimiz qumursqalar yemishiga aylanmasligi uchun fahmu farosat, yaʼni tugʻma idrok nedandir kuch, ozuqa olishi zarur. Qolaversa, aynan boʻsh daraxtni qurt yeyishi haqidagi hikmatni koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz.

Tan olaylik, aksariyat oilalarda kitob oʻqiyotgan odamga bekorchiga qaragandek munosabat odatiy tus olgan. Chunki gʻirt naqdi bilan qaraganda, badiiy asarlar odamning na qornini toʻydiradi, na birini ikki qiladi. Aksincha, savdoyi sarkash qilgani qoladi. U beradigan aql, taassurot hayot uchun ogʻirlik qiladiganday... Hatto, baʼzan, hayot bunga arzimaydi, degan shakkokona fikr ham yilt etib oʻtadi.

Bexijolat aytish mumkinki, xalqimiz orasida oʻzini bamaʼni hisoblaydigan shunday ayollar yetarlicha topiladi. Shaxmat oʻyinimi, kitob oʻqishmi yo qarta oʻyinimi, hammasini bir koʻzda koʻradi. Badiiy kitob yo gazeta ushlagan odamga koʻz qiri tushdi, deguncha: “Toʻvba qildim, toʻvba-yey, piyozginalarning oʻtini yulsa, ketmonmi, oʻroqmi ushlasa, ikki soʻmini toʻrt soʻm qilsa boʻlmaydimi?” deb yuzingizga notavonga qaragandek termuladi. Yo “shaxmat qurgʻurni chiqargan” yalqovning uyginasini “yondirib” yuboradi. Bitta charm toʻp ortidan oʻn bir erkakning loʻk-loʻk yugurib yurishi va unga millionlab bekorchixoʻjalarning tikilib turishi xurmacha qiliqdan, toʻqlikka shoʻxlikdan boshqa narsa emas, ular uchun. Aytarsiz, jonsarak onaxonlarimizning uy-roʻzgʻor ishlariga, turmush tashvishlariga kuyunchakligi-da, bu, deb. Lekin kuyunchak onalarimizni qoʻshninikiga – elakka bir chiqarib yuboring-chi? Yo birgina oldi-berdi tugunlaru asʼasali marosimga aylanib ketgan togʻora tuzatishlarga sarflangan vaqtni hisoblab koʻring-chi? Yangi tugʻilgan bir parcha etdan iborat vujudga havo oʻtkazmas, kuyov-kelinlar libosini eslatuvchi ajabtovur kiyimni kiydirish xayolida oʻtgan kunlar-chi? Ayolini tugʻuruqxonadan limuzinda olib chiqish ilinjida ertadan kechgacha tik oyoqda zir-zir yugurayotgan ota boʻlmish ahvolini koʻz oldingizga keltiring. Yo turmush oʻrtogʻi oʻsha ajnabiy mashinada olib ketmagani uchun oʻzini nihoyatda tahqirlangan deb bilgan ayolning holi-chi? Nomini aytmay qoʻya qolay, qaysi jonivor yigʻlasin? Albatta, kitob oʻqigan odamning hammasi ham dono, ezgu oʻy-xayolli, zakiy deb aytolmaymiz. Shunday desak, yolgʻon gapirgan boʻlamiz.

Kitobxonlarning ham turfa xili bor. Kimlardir, davr shamollariga hamohang tebranib turish, jamiyatning ilgʻor vakillari safida yurish uchun kitob varaqlaydi. Bir poʻrim boʻyinboqqa qaragandek, javon toʻla kitoblarga nufuz ramzi deb biladi. Va qay bir mavzuda boʻlmasin, xoh yubiley kechalariyu rasmiy tadbirlar, xoh sof doʻstona muloqotlar yo xufiyona dil izhori boʻlsin, baribir, nedir qilsaki, suhbatdoshini, ahli davrani mot qilsa. Ular kitobdan koʻra oʻzidagi kitobsevarni, kitobxon boʻlgan OʻZIni sevadi. Aksarining anglashu bilish doirasi “Tafakkur gulshani” darajasida.

Yana kimlar uchundir, badiiy adabiyot ehtiyoj, xolos. Oʻz koʻngli mayliga koʻra, did talabidan kelib chiqib oʻqiydi. Ular orasida sodda kitobxonlar ham bor, xos kitobxonlar ham. Xoh Saida Zunnunovaning hikoyalari boʻlsin, xoh Dostoyevskiy asarlari, baridan oʻz koʻngliga dardkash, suhbatdosh izlaydi. “Urush va tinchlik” romanini oʻqish bahonasida Tolstoy bobosi bilan hasratlashadi, dugonasi Natasha bilan esa siniq oyning shikasta shuʼlasi ostida shivirlashadi. Bunday kitobxonlarda odamovilik xususiyatlari ham seziladi. Xalqona til bilan joʻngina aytganda, “odam isi” koʻp-da yoqavermaydi. Bu gʻayriholni qay maʼnoda tushunish mumkin? Tasavvur qiling: “Nega bizning uyga kelib ketdingiz? Tashlandiq qishloqning bir goʻshasida Sizni hech koʻrmagan boʻlardim, esiz... Achchiq azobnida bilmasdim sira. ... Koʻngilga muvofiq topib bir hamdam, Vafodor bir xotin, shafqatli ona Boʻlardim, totmasdan ishq savdosini. Oʻzga birov bilan?! Yoʻq, men jahonda Bagʻishlamas edim kimsaga qalbim! Taqdirda yozilgan oʻzgarmas aslo, Tangri irodasi: sendamish chekim! ” deya Tatyana bilan tun boʻyi sirlashgan koʻngil Boʻston opaning moshkichiri piyozini kuydirib qoʻyganiyu, Eshmamat bilan Toshmamatning qanday quda boʻlgani haqidagi hangomalari “isi”ga dosh berishi azob-da. Shuning uchun ham ulardagi begonalikni, oʻzgachalikni olomon kibrga, oliftanamo daʼvolarga yoʻyadi. Oʻta sodda, xayolparastlari esa Don Kixot misol ayanchli kulgi uygʻotadi... Nima boʻlganda ham bu kabi kitobxonlarda samimiyat kuchli, ular na dushmanlikni, na hasadni doʻndira oladi.

Yana bot-bot quloqqa chalinadi: yoshlar kitob oʻqimaydi. Kattalar-chi? Adabiyot muallimlari-chi? Jurnalistlar-chi? Yo kitobxonlik yoshlikkagina tegishli boʻlgan mavsumiy pallami? Umrni choyxona palovlaru somsa sanab gurunglarda oʻtkazish ulgʻayish alomatimikan? Adabiyot oʻqituvchilari orasida bir soʻrovnoma oʻtkazing-chi, oxirgi marta mol-holidan, xotinlar yigʻiniyu gap-gashtakdan, bandagarchilikdan (odamgarchilik emas) vaqt orttirib qaysi badiiy asarni mutolaa qilgan ekan? Soʻnggi oʻn yillikdagi, oʻzbek adabiyotining umumiy ahvoli yo yuz yil ichida Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan ijodkorlardan hech qursa oʻntasining nomini sanay olarmikan? Badiiy adabiyot “Gʻiyosiddin kichkina oilasida dunyoga kelgan Navoiy 1441-yil tugʻilib, 1501-yilda oʻlgan”, “Erkin Vohidov va Abdulla Oripov totalitar tuzum davridayoq “Oʻzbegim” va “Oʻzbekiston” sheʼrlarini yozgan”, deyishgina emas, axir. Yoki bayramlarda “Onajonim – mehribonim” deb baqirtirib sheʼr yodlatishning oʻzi adabiyot boʻlolmaydi! Yoshlar kitobxon boʻlishi uchun, avvalo, kattalar, adabiyot oʻqituvchilarining oʻzi kitobsevar, mustaqil mutolaa koʻnikmasiga ega boʻlishlari zarur.

Qiziq, bolaligimda adabiyot oʻqituvchisi, degan-da, toʻyu bazmlarda ohang tortib sheʼr oʻqiydigan, biyron-biyron sayrayotgan notiq kelardi. Chunki, kimki gapining orasiga sheʼrnamo nimarsa tiqsa boʻldi, kallani sarak-sarak qilib: “adabiyotchi-da” deyishardi. Yuqori sinfda oʻqib yurgan kezlarim mana shu joʻn taassurot ortida, ayanchli manzara bekinib yotganini fahmlaganday boʻldim. Chunki oʻsha adabiyot oʻqituvchilari, asosan, allaqandaydir tadbirlar uchun faqat bayramona sheʼrlarni deklamatsiya – yasama ohangda yodlatishdan nariga oʻtmasdilar. Kuzatishimcha, ahvol haliyam shu. Hayronman, “tantanavor ohangda ifodali oʻqish hali sheʼriyatni tanish emas, sen sheʼr oʻqiyotganingda oʻz koʻnglingni tilmochiga aylanishing kerak, shoir sen aytishga qiynalayotgan sirni, haqiqatni soʻzda ifodalaydi. Sen sheʼr orqali yuragingni och! U sening tabibing. Jarohatlaringni davola! Onangni xafa qilib qoʻydingmi? Mana, Yeseninning “Onamga maktubi”ni oʻqi yo Abdulla Oripovning “Onajon” sheʼrini... Zora, ulardagi iztirob yuragingdagi dardni toshga aylantirmasdan eritib yuborsa... Yo shoirni tinglab koʻr-chi, u oʻzi haqida nimalar deyapti. Koʻngil – odamzotning ochiq savdoga qoʻyilmaydigan yagona bisoti”, deb uqtirayotgan adabiyot oʻqituvchilari topilarmikan, oʻzi?! Insho yozdirayotgan muallimlarimiz: “Badiiy adabiyot voqelikka, sizni oʻrab turgan muhitga, atrofingizdagi odamlarga nisbatan sizning koʻnglingiz munosabati. Shuning uchun “Men nechun sevaman, Oʻzbekistonni?”, “Men sevgan qahramon” yo “Mening mahallam” mavzusida insho yozsangiz, kattalardan, televizordan eshitgan gaplaringizni emas, oʻzingizning xayolingizdan oʻtgan fikrlarni, sizga taʼsir qilgan voqealarni yozing, men shunga baho qoʻyaman”, deb tushuntira olishayaptimikan? Agar shunday oʻqituvchilar chiqib qolsa, demak, millatimizning ertasiga ham umid qilsa boʻladi.

Mutolaa nimaga kerak? U bizga nima beradi? Hozircha tushunganlarim: haqiqatni sezish tuygʻusini tarbiyalaydi, eshik ortidagi hayotni koʻrishga undaydi. Siz bir qancha yozuvchilar bilan muloqot qilish asnosida har kimning ham koʻzi tushavermaydigan hayotning qirralarini koʻrasiz. Shu maʼnoda chin kitobxon hech qachon murgʻak qizalogʻining qoʻlidan ushlab, redaksiyama-redaksiya izgʻimaydi. Xoʻmraygan devorlar orasida zurriyodining bor toza xayollarini xazon qilib, yoʻq joydan isteʼdod yasashga urinmaydi. Ichi boʻm-boʻsh nogʻoradan “Choʻli iroq” chiqmasligiga koʻzi yetadi. Garchi farzandida nedir boʻlsa-da, bolaning shaffof olamiga ola-chipor ranglarni olib kirib, uni seniki-meniki degan olishuv maydoniga oʻz qoʻli bilan bu qadar erta uloqtirmaydi. Yaʼni, allaqanday tanlovlaru mukofotlarni deb, bolani bolalik dunyosidan mahrum etmaydi. Bu oʻrinda gʻolib bola ham, magʻlub bola ham yutqazadi. Ikkisining ham ahvoliga havas qilolmaysan. Muvaffaqiyat uni havoyilikka, kibrga, soxtagarchilikka olib borsa, magʻlubiyat alamga, dardi bedavo hasadga yoʻliqtiradi. Oʻz qoʻlingiz bilan bolangizni majruh qilib qoʻyasiz. Asli bu yaltiroq oʻyinlar bola uchun emas, bari siz uchun, qoniqmagan shuhratparast nafsingiz uchun kerak.

Oʻz koʻnglingni oʻqish, oʻzing orqali oʻzgani tanishni ham oʻrgatadi. Ichingizga shoʻngʻiysiz. Baxtni ham, baxtsizlikni ham oʻzingizdan izlaysiz. Oʻzini tanigan oʻzgani taniydi, tushunadi, kechiradi. Bu jarayon odamdagi xudbinlikning oldini oladi. “Ey, birodar, seni soʻqir koʻnglingdan ham boshqa koʻngil, boshqa haqiqat bor. Hayot sening tantiq xohishing uchun bir ermak emas”, degan haqiqat sari yetaklaydi. Va dardni tanitadi. Ehtimol, siz baxtsizlikka duch kelmagandirsiz, lekin baxtsizlik nimaligini bilasiz. Mazlumni xoʻrlamaysiz. Yoki oʻzga dardlar, oʻzga sevinchlar, boshqalar hayotini yashash evaziga oʻz baxtsizligingizni unutganday boʻlasiz.

...Milliy teatrning otaxon aktyorlaridan biri viqor bilan: “Endi oʻzbek hayotini qaynona-kelinsiz tasavvur qilib boʻlmaydi-da” degandi. Mahalla qarichi bilan qaraganda juda toʻgʻri. Lekin qaynona kelin mashmashasi butun bir millatning bosh muammosiga aylanib qolishi ayni tragik-komediyaning oʻzginasi emasmi! Xohlaysanmi-yoʻqmi ich-ichingni Choʻlponning achchiq ustida alam bilan oʻzga millat ayolini afzal bilib aytgan gapi tirnaydi: “Millat bolalarining baxti haqiqiy-madaniy Onalar qoʻlida boʻlmasa, bizning oqibatimiz yomon” (“Kecha va kunduz” romani). Muammo shuki, gap bizning onalarimiz – millat onalari, mushfiq, mushtipar, deb bilganimiz ayollar haqida ketyapti! Bu haqiqatga yon berging kelmaydi, ogʻrinasan, lekin nachora! “Bekorchidan Xudo bezor”. Haqiqat shuki, arzirli korga yaramaydigan, boʻm-boʻsh boshning mahsuli boʻlmish urfnamo dahmazalar tegirmon toshi misoli inson qadrini, umrini toptab tashlayapti. Inson taqdirini yoʻqqa chiqarayotgan ana shu chuchmal oʻy-xayollarning tomoshabini ham, qurboni ham oʻzimiz. Tabiat boʻshliqqa dosh berolmaydi, ruh esa dedi-dedilarga... Agar ruh oziqlantirib turilmasa, bosh band boʻlmasa, shaytonning soziga xirom aylayotgan, qora oʻy-xayollar girdobidagi odamzot holiga yigʻlayvering.

Qaniydi hamma kitobni sevsa... Albatta, bu gʻirt xayoldan oʻzga narsa emas. Lekin siz kulayotgan mana shu xomxayolda barchamizga ayon sof zaminiy armon bor: agarda, hamma kitobxon, asl sanʼatning chin shaydosi boʻlganida edi... qaynona kelin mojarolari bugun oʻzbekning dardiga aylanmagan boʻlarmidi...

Iqbol Qoʻshshayeva,

OʻzRFA Sanʼatshunoslik instituti

tayanch doktoranti, publitsist.


4 442
OʻzA