O‘zA O`zbek

13.08.2019 Chop etish versiyasi

Saudiya Arabistoni Podshohi qabul marosimi oʻtkazdi

Saudiya Arabistoni Podshohi qabul marosimi oʻtkazdi

“Haj – 2019” kundaligi

Kecha, 12-avgust kuni Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud qirollik saroyida ikki muqaddas masjid mehmonlari, hukumat amaldorlari, delegatsiya rahbarlari va ziyoratchilarga xizmat koʻrsatadigan idora rahbarlari uchun qabul marosimini oʻtkazdi.

Mazkur tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi, “Haj – 2019” ishchi guruhi rahbari J.Akramov, Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi U.Maqsudov ishtirok etdi. 
Qabul marosimi Qurʼon tilovati bilan boshlandi.

– Xudo Saudiya Arabistoni Podshohligini ikki muqaddas masjidga va Rahmon mehmonlariga (hojilar) xizmat qilish bilan sharafladi. Qirol Abdulaziz davridan to bugungacha dunyo musulmonlari haj ibodatini qulay sharoitlarda, mukammal ado etishi uchun bor kuch-gʻayratimizni sarflayapmiz. Allohdan amallaringizni qabul boʻlishini, eson-omon oʻz yurtingizga yetib olishingizni soʻrayman, – dedi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud.

Qabul chogʻida Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri doktor Muhammad Solih bin Taher Bintin soʻzga chiqib, ziyoratchilar va butun dunyo musulmonlarini Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

Vazir dunyoning 130 dan ortiq mamlakatidan 170 dan ortiq millat va elat vakillaridan iborat 3 millionga yaqin birodarimiz Arafotda hozir boʻlganini, ularning uchdan bir qismi 70 yoshdan oshgan qariyalar ekanini maʼlumot uchun aytdi. Hojilarning haj amallarini bajarish va xavfsizligini taʼminlash masalasi qirollikning doimiy eʼtiborida ekanini taʼkidladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Matbuot xizmati

3 570
OʻzA