Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 15:58 Chop etish versiyasi

San’atshunos olim bilan uchrashuv

Milliy musiqa san’atimiz dunyo miqyosida e’tirof etilgan. Sharq musiqa ilmining asoschisi sifatida tan olingan vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy, buyuk allomalarimizdan Abu Ali ibn Sino, Abdulqodir Marog‘iy, Alisher Navoiy, Darvish Ali Changiy, Bobur va boshqalar musiqa borasida nazariy va estetik qarashlarni ishlab chiqqan, mumtoz musiqiy asarlarning muallifi sifatida ham jahonga tanilgan...

Toshkent madaniyat kollejida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi To‘xtasin G‘ofurbekov o‘quvchi-yoshlarga shular xususida so‘zlab berdi.

T.G‘ofurbekov ko‘p yillik ilmiy-ijodiy izlanishlari bilan zamonaviy o‘zbek musiqa san’ati rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan olimlardan. San’atshunosning «O‘zbek musiqa adabiyoti», «O‘zbek musiqa tarixi», «O‘zbekiston musiqa madaniyati», «Hozirgi zamon o‘zbek musiqasi», «Musiqiy tanqid va jurnalistikaning ilmiy asoslari» kabi darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari musiqa va san’at maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘qitilmoqda.

Suhbatda Buxoro va Xorazm, Farg‘ona va Toshkent maqomlari, an’anaviy ijrochilik va xalq bastakorlik ijodkorligi, musiqiy dostonchilik san’ati kabi musiqiy madaniyatimizning sarchashmalari minglab yillik tarixga egaligi ta’kidlandi. Boy, rang-barang, ko‘lami keng, usluban xilma-xil, qiymati bebaho bo‘lgan bu meros ma’naviy boyligimizning negizi sifatida juda qadrlidir.

– Uchrashuv biz, yoshlarda katta taassurot qoldirdi, – deydi kollej o‘quvchisi M.Hakimova. – O‘zbek, jahon musiqa ilmiga oid yangiliklardan xabardor bo‘ldik. Alisher Navoiyning musiqa ilmiga oid asarlari tafsiloti bilan ham tanishdik.

Tadbirda kollej o‘quvchilari tomonidan mumtoz kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Malohat Husanova, O‘zA
805






Все о погоде - Pogoda.uz