O‘zA O`zbek

11.09.2020 Chop etish versiyasi

Samarqanddan Peterburgga yuborilgan oltin tangalar: xazinani topganga qancha pul toʻlangan?

Samarqanddan Peterburgga yuborilgan oltin tangalar: xazinani topganga qancha pul toʻlangan?


Oʻzgalar qoʻliga oʻtgan noyob xazina, tarqatib yuborilgan “Yosh buxoroliklar”, oʻz hisobidan maktab qurgan oʻqituvchi va 11-sentyabr sanasi bilan bogʻliq boshqa qiziqarli maʼlumotlar.

1413-yil (bundan 607-yil oldin) – Amir Temurning evarasi Muhammad Jahongir Mirzo Sohibqironning oʻgʻli Shohrux Mirzoning qizi Maryam Sultonbegimga uylandi. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy mazkur nikoh marosimini quyidagicha tasvirlaydi: “…Mohir munajjimlar vaqt toleini tanladilar va sayyidlar, qozilar, akobirlar ham ashraflar Bogʻi Zogʻonga keltirilib, oʻn toʻrtinchi jumod al-oxirda saltanat sadafida parvarish topgan bir durni davlat burjining durri boʻlmish mirzo Muhammad Jahongir nikohiga kiritildi…”

1469-yil (bundan 551-yil oldin) – Sulton Husayn Boyqaro oʻz askarlari bilan temuriylar saltanatining ikkinchi poytaxti Hirotdan chiqib, Mashhad orqali Astrobodga yurdi. Keyinroq Chinoron mavzeida temuriy shahzoda, Boburning qarindoshi Yodgor Muhammad Mirzo qoʻshini bilan toʻqnashib, jang boshlandi. Jang asnosida har ikki tomondan koʻplab qurbonlar berilib, jang Sulton Husayn Boyqaro gʻalabasi bilan intihosiga yetdi.

1873-yil (bundan 147-yil oldin) – toshkentlik etnograf, tilshunos, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Mixail Andreyev tavallud topdi (vafoti 1948-yil). U Toshkentdagi Eshonquli dodho madrasasida oʻqigan. 1897-yilda Moʻgʻuliston va Sharqiy Turkiston ekspeditsiyalarida ishtirok etgan.

1891 yil (bundan 129-yil oldin) – Turkiston general-gubernatori idorasi Arxeologiya hayʼatiga Samarqand uyezdi Ishim-Oqsoy volosti Tutin qishlogʻida Xolmirza Muhammad Solixov topgan qirq yetti dona oltin tangani yetkazib berdi. Bu tangalar Buxoro tangalari boʻlib, 1745–1780-yillarga oid boʻlgan. Hayʼat ularni tekshirib 4 dona noyob oltin tangalarni tanlab oldi va Peterburgdagi Ermitaj muzeyiga topshirdi. Arxeologiya hayʼati olib qolingan tangalar uchun uni topgan odamga 31 soʻm 44 tiyin yubordi.

1920-yil (bundan 100-yil oldin) – Buxoro amirligidagi jadidlar partiyasi (firqasi) – “Yosh buxoroliklar” tarqatib yuborildi, uning koʻpchilik aʼzolari (14 mingdan 9 mingi) Fayzulla Xoʻjayev boshchiligida Buxoro kompartiyasi tarkibiga kirdi. Keyinchalik sobiq “Yosh buxoroliklar” safidagi jadidlarning deyarli hammasi 30-yillarning oʻrtalarida qatagʻon qilingan.

1943-yil (bundan 77 yil oldin) – namanganlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdusattor Rahimov (1920–1992) 11-sentyabrga oʻtar kechasi dushmanning kuchli oʻq yomgʻiri ostida Kiyev viloyatining Vishgorod rayonidagi Borki qishlogʻi yaqinida Dnepr daryosini birinchilardan boʻlib kechib oʻtdi. Unga ushbu jasorati uchun 1944-yil 10-yanvarda Qahramon unvoni berildi.

1943-yil (bundan 77 yil oldin) – Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Kavardon qishlogʻidan boʻlgan Saidusmon Qosimxoʻjayev (1915–1994) Chernigov viloyatining Korop tumanidagi Obolonye qishlogʻi uchun boʻlgan jangda koʻrsatgan jasorati uchun Qahramon unvoni bilan taqdirlandi.

1945-yil (bundan 75 yil oldin) – boysunlik Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi Ramazon Abdullayev tavallud topdi. U 1967-yildan Boysun tumanidagi maktablarda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, maktab direktori vazifalarida ishladi. Faoliyati davomida oʻz shaxsiy jamgʻarmasi hisobidan 180 oʻrinli maktab binosini qurib foydalanishga topshirdi.

2003-yil (bundan 17 yil oldin) – Oʻzbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga qoʻshayotgan munosib hissasi va shaharning 70 yilligi munosabati bilan Nukus shahri “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.

2012-yil (bundan 8 yil oldin) – “Oʻzbekiston Respublikasining “Mardlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

2014-yil (bundan 6 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Tijorat siri toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi


10 330
OʻzA