Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 10:56 Chop etish versiyasi

Samarqandda bayram nafasi

Samarqandda bayram nafasi Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahri Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami va “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik doirasida tobora chiroy ochib, o‘zgacha go‘zallik va tarovat kasb etmoqda.

Bugun shaharni kezgan kishi bu qadimiy kentda katta to‘yga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotganini darrov ilg‘aydi. Ayniqsa, Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Registon, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy ko‘chalari, Universitet xiyoboni, Amir Temur maydoni, Shoirlar bog‘i, Registon maydoni va uning atrofida olib borilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari tufayli yaratilgan ko‘rkam manzara kishi bahri dilini ochadi. Yo‘l bo‘ylaridagi bir-biridan chiroyli va o‘ziga xos dizayn bilan yaratilgan gulxonalar, turli konstruksiyalarga o‘rnatilgan gullar, bayram ruhini beruvchi ko‘rgazmali vositalar tungi chiroq va illuminatsiyalar yog‘dusida yanada maftunkor joziba kasb etadi. Turfa rang chiroqlar bilan bezatilgan favvoralar musiqa ohangiga monand ko‘kka otilib, kishiga bir olam zavq bag‘ishlaydi.

– Viloyat hokimligi tomonidan shakllantirilgan guruhlar festivalga tayyorgarlik yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, – deydi “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivali viloyat shtabi a’zosi B.Saydaliyev. – Har bir guruh mas’uli o‘z faoliyati haqida shtab yig‘ilishlarida doimiy ravishda ma’lumot berib, kelgusi vazifalar belgilab olinayotir. Ayni paytda mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalida kutib olish va kuzatish guruhi tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib, guruhlar shakllantirildi. Ular uchun maxsus liboslar tiktirildi. Mehmonlarga peshvoz chiquvchi qizlar va sozanda yigitlar bilan bir necha marotaba repetitsiya o‘tkazildi.

Festival ishtirokchilari va xorijlik mehmonlarga gid-tarjimonlik qilish uchun Samarqand davlat chet tillar institutining 210 nafar yosh o‘qituvchi va talabasi tanlandi va ular bilan doimiy mashg‘ulot olib borilmoqda. Mehmonlar borishi kutilayotgan tarixiy-madaniy obyektlar, yirik sanoat korxonalari, sport majmualari va ta’lim muassasalarida ham ularga ma’lumot beruvchi ekskursovodlar tayyorlandi. Ular uchun o‘quv-seminarlar tashkil etilib, maxsus kiyimlar bilan ta’minlandi.

5 (3).JPG

Transport xizmati ko‘rsatish guruhi tomonidan bugungi kunda xalqaro festival va ilmiy konferensiya ishtirokchilari, xorijlik mehmonlar hamda yurtimizdagi diplomatik korpus vakillari uchun 50 dan ortiq yengil avtomobil va mikroavtobus, 80 ga yaqin avtobus texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, shay holatga keltirib qo‘yildi. Ushbu transport vositalari haydovchilari uchun seminarlar o‘tkazildi.

Bu yil festivalga keladigan chet ellik mehmonlar uchun “Registon Plaza”, “Aziya Samarqand”, “Bek”, “Zilol Baxt”, “Oriyent Star”, “Arba” mehmonxonalarida 700 ga yaqin joy hozirlanmoqda. Shahardagi 15 ga yaqin restoran qo‘shimcha sanitariya ko‘rigidan o‘tkazilib, yuqori sifatli, zamonaviy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratildi.

Festival ishtirokchilari joylashadigan mehmonxonalar va tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda tibbiy xonalar tashkil etilib, tajribali vrach va hamshiralar biriktiriladi. Ular zamonaviy tez yordam mashinalari va zarur dori-darmon bilan ta’minlanadi.

– Shahar ko‘chalariga xorijdan keltirilgan 1,5 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi, – deydi shaharni bezatish guruhi a’zosi Sh.Yo‘ldoshev. – Ikki million tup gul ko‘chati o‘tqazish ishlari boshlab yuborilgan. Anjuman boshlangunga qadar shaharning yirik chorrahalarida kompozitsiyali gulzorlar barpo qilinadi. Bundan tashqari, turli ko‘rinishdagi konstruksiyalar tayyorlanib, gullar o‘rnatilmoqda. “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan Samarqand shahri ko‘chalari festival ruhiga mos shiorlar, ko‘rgazmali vositalar bilan bezatildi. O‘nga yaqin qo‘shimcha konstruksiyalar o‘rnatilib, yurtimiz tarixi va bugungi kuni, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot beruvchi suratlar, tasviriy vositalar bilan bezatildi. Markaziy ko‘chalar kesishmasida 7 yirik monitor o‘rnatilmoqda. Festival ishtirokchilari va yurtimiz san’atkorlari tanlov dasturidan tashqari konsert namoyish etishi uchun shahardagi bog‘ va xiyobonlarda 5 yig‘ma sahna o‘rnatish rejalashtirilgan.

Registon maydoni atrofida ham keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari bajarilib, majmuada o‘rnatilgan amfiteatr atrofida milliy hunarmandlik va xalq amaliy san’ati asarlari, sharq shirinliklari va zaminimizda yetishtirilgan noz-ne’matlar ko‘rgazmalarini tashkil etishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Festival asosiy sahnasida esa xalqaro san’at bayramining tantanali ochilish marosimi maxsus dasturi repetitsiyasi davom etmoqda.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
4 026






Все о погоде - Pogoda.uz