O‘zA O`zbek

13.03.2019 Chop etish versiyasi

Samarqand universitetiga qachon asos solingan?

Samarqand universitetiga qachon asos solingan?
Munosabat

Oʻzbekiston qadim madaniyat va maʼrifat markazlaridan biri ekanini tasdiqlovchi mezonlardan biri buyuk allomalar taʼlim olgan maskanlar ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissada namoyon boʻlgani bilan asoslanadi. Masalan, xalqimiz faxru iftixori Muso Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, Mirzo Ulugʻbek, Imom Buxoriy kabi buyuk zotlar yurtimizda faoliyat yuritgan oʻquv maskanlarida taʼlim olganlar. Ular qanday zamon va makon boʻlishidan qatʼiy nazar, ilm-fanda erishgan yutuqlari bilan butun insoniyat uchun soʻnmas siymolar darajasida eʼtirof etiladi.

Shoʻrolar davrida Oʻrta Osiyodagi taʼlim tizimiga baho berilganda din va maʼrifat bir-biriga qarama-qarshi qilib koʻrsatilgan va shu sababli koʻp asrlar davomida shakllangan, rivojlangan taʼlim tizimi qattiq tanqidga uchragan edi. Soʻnggi yillarda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi islohotlar strategiyasi taʼlim tarixini oʻrganishga oid yangi talablarni oʻrtaga qoʻymoqda.

Bu borada Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov taklifi oʻzining tarixiy va mantiqiy asosga ega ekani bilan ajralib turadi. U uzoq oʻtmishda taʼlim tizimida boʻlgan oʻzgarishlarni inkor etmay, yurtimizda taʼlim rivojining tarixiy bosqichlarini oʻzaro bogʻliq holda talqin etgan. Maqolada Oʻzbekiston va islom mamlakatlarida faoliyat olib borgan dastlabki taʼlim maskanlari – madrasalar, Yevropa davlatlaridagi universitetlar xizmati hurmat bilan eʼtirof etiladi. Sharq, xususan, Oʻrta Osiyodagi oliy taʼlim instituti – madrasalarning hozirgi davr universitetlari taʼlim tizimidagi oʻzaro oʻxshashlik tomonlarini eʼtirof etgan holda, Samarqand davlat universitet yoshini 1420 yil bilan boshlash, 2020 yilda uning 600 yilligini nishonlashni taklif etadi.

Muallif “Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?” maqolasida ushbu bilim dargohining yoshini Ulugʻbek madrasasida taʼlim jarayoni boshlangan 1420 yildan boshlash kerak, degan taklifni juda toʻgʻri va ilmiy asoslagan. Bu fikrni XX asrdagi siyosiy oʻzgarishlardan keyin Samarqand pedagogika instituti oʻqituvchilari – Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat va boshqalar aynan madrasa oʻquvchi-oʻqituvchilari boʻlgani bilan izohlaydi.

Men aminmanki, oʻzini vatanparvar deb bilgan har bir yurtdoshimiz uzoq yillar kutilgan ushbu taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

R.Abdullayev,
Oʻzbekiston FA Tarix instituti
direktori, tarix fanlari doktori

3 435
OʻzA