O‘zA O`zbek

14.08.2019 Chop etish versiyasi

Samarqand sanʼat va doʻstlik bayramiga tayyormi?

Samarqand sanʼat va doʻstlik bayramiga tayyormi?

Sharq taronalari XII xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik avjida. Samarqand davlat chet tillar institutida Shtab tashkil qilingan. Unda viloyat hokimligi, iqtisodiyot, turizm va kommunal sohalari vakillaridan iborat ishchi guruhi faoliyat koʻrsatmoqda.

Shtabning maʼlum qilishicha, tadbirni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida 18 ta asosiy yoʻnalish va vazifalar boʻyicha kichik ishchi guruhlari tarkibi shakllantirilgan.

Madaniyat vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivaliga ishtirok etish uchun 78 davlatdan 315 nafar xorijiy mehmonlar, diplomatik korpus vakillari va ularga hamrohlik qiluvchi vazirlik idoralari vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, 2019-yilning 25-26-avgust kunlari Samarqand shahrida oʻtkaziladigan “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolari va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro anjumanga hamda “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” meros haftaligiga ishtirok etish uchun 250 nafar mehmonlar va 50 nafar OAV vakillarining tashrifi inobatga olingan.

“YUNESKO” xalqaro tashkiloti shafeligidagi tadbir doirasida keladigan mehmonlar uchun 8 ta, musiqiy festival mehmonlari uchun 14 ta mehmonxona xizmat koʻrsatadi.

Tadbir davomida mehmonlar va ularga hamrohlik qiluvchi vakillar uchun jami 54 ta obyekt belgilanib, hokimlik, kommunal soha, tibbiyot, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar, turizm, madaniyat va DSENM xodimlaridan jami 432 nafar masʼullar taqsimoti ishlab chiqildi.

Mehmonlarga “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan 104 nafar malakali gid-tarjimonlar, shuningdek, tarixiy obidalarda 80 dan ortik ekskursovod va madaniyat xodimlari zaxirasi yaratilgan.

Rasmiy mehmonlar va ularga hamrohlik qiluvchilar uchun 40 ta “MALIBU” va 30 ta “Captiva” rusumli, 20 ta mikroavtobuslar, 15 ta yangi zamonaviy yumshoq 50 oʻrindiqli va 40 ta yangi ISUZU avtobuslari zaxirasi yaratilayotir.

2 523
Abdulaziz Yoʻldoshev, OʻzA muxbiri