O‘zA O`zbek

14.09.2020 Chop etish versiyasi

Samarqand – madrasa taʼlimining yalovbardori

Samarqand – madrasa taʼlimining yalovbardori

XVII asrda Mirzo Ulugʻbek madrasasining mantiqiy davomi sifatida bunyod etilgan Sherdor va Tillakori madrasalari oʻz davrida talabalarga ilm beshigi, maʼrifat maskani sifatida xizmat qilgan. Jumladan, “Tarixi Xumuliy” asarining muallifi yetuk tarixnavis, isteʼdodli shoir Jumaquli Xumuliy ham Tillakori madrasasining bitiruvchilaridan boʻlgan.

“Devoni Xumuliy”, “Risolai Xumuliy”, “Masnaviy-i shoh va gado”, “Manzumoti tarixiya” va “Tarixi Xumuliy” nomli turkiy va forsiy tillarda yozilgan nasriy hamda nazmiy asarlar muallifi boʻlgan Jumaquli ibn Soʻfimuhammad Tagʻoyi at-Turkiy as-Samarqandiy ash-Shavdoriy al-Urgutiy (Mogʻiyun qishlogʻi Shavdor tumaniga qaraganligi uchun Shavdoriy, ular yashagan joy Urgut bekligiga qaraganligi uchun Urgutiy nisbasini olgan) XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida (1777-yilda tugʻilgan, vafoti nomaʼlum) yashagan. Uning tarix sohasiga oid boʻlgan “Tarixi Xumuliy” asari Buxoro amirligi, xususan Samarqand tarixini oʻzida mujassam etgan noyob ilmiy-tarixiy asardir. 

b1cd5eae-81b9-4601-becf-1c3fcfa6ccff.jpg

Asarning bir nechta qoʻlyozma nusxalari mavjud boʻlib, ulardan eng toʻligʻi OʻzR FA Sharqshunoslik instituti koʻlyozmasi hisoblanadi. Shuningdek, qoʻlyozma nusxalardan tashqari, Jumaquli Xumuliyning “Tarixi Xumuliy” asari tanqidiy matni 2013-yilda YUNESKO tashkiloti homiyligida Gʻulom Karimiy va Iroda Qayumova soʻzboshisi bilan nashr etilgan.

Asarda muallifning Kitob, Samarqand, Buxoro madrasalarida tahsil olgani, u yerdagi mudarrislar, ustozlari haqida maʼlumotlar keltiradi. 1790-yilda otasi uni Kesh viloyatiga qarashli Kitob shahri hokimi tomonidan qurdirilgan madrasaga olib boradi. Shahar markazida joylashgan madrasa atrofida yashash uchun hujralar boʻlgan. Xolboy oxund madrasasida Jumaquli Xumuliy avval Mullo Ernazar Namangoniydan tahsil oladi. Keyinchalik ustozi haj safariga ketgach, tahsilni Muhammad Lutfullo Xoja qoʻlida davom ettiradi. Lutfullo Xoja oʻz davrida Amiri maʼsum Shohmurod (1785-1800y) tashabbusi bilan Samarqandning Tillakori madrasasiga mudarris etib tayinlanadi. Bundan tashqari Lutfullo Xojaga yana qator lavozim va vazifalar topshirilganligi xususida muallif oʻz asarida quyidagilarni bayon etadi: “Janob ustozni Buxoro amiri Shohmurod Buxorodan yaxshi sarupolar kiygizib yaxshi otlarga mindirib koʻp izzatu ikromlar koʻrsatib Samarqandga joʻnatdi va u kishini Samarqanddagi Tillakori Yalangtoʻshbiy madrasasiga mudarris, fatvo berish amali va Dahbed ziyoratgohining ishini yurgizuvchi mansablariga mansub qildi. U kishini martabalarini boshqalardan yuqori koʻtardi. Hazrati ustod Amirning farmoniga muvofiq amal qilib, Samarqandga kelib ish boshladilar”.

Yuqorida keltirilgan faktlardan koʻrinib turibdiki Xumuliy yashagan davrda hukmdorlarning ilm ahliga hurmati, ilmga boʻlgan ragʻbati juda baland boʻlgan. Aflotuni zamon, sulton ul-muhaqqiqin, imomlarning ustuni kabi yuksak maqomlar bilan tanilgan ulugʻ zot Lutfullo Xojaning Amir tomonidan izzat-ikrom qilinishi bu tarixiy shaxsning oʻz davrida salohiyatli donishmandlar qatoridan oʻrin olganligidan dalolat beradi. 

Ustoz Lutfulloh xoja Amir Shohmurod davrida Tillokori madrasasida mudarrislik qilish bilan bir qatorda Samarqand shahri fatvo hayʼatini ham boshqaradi. Amir Haydar otasi vafotidan soʻng ustoz –Lutfulloh Xojani Buxoroi sharifga koʻchirib bordi. U kishini tumanlarga qozi va shaharning katta madrasalariga mudarris etib tayinladi. 

Taʼkidlash joizki, Lutfullo Xojaning ukalari Soʻfi Xoja ham koʻp yillar Buxoro madrasalarida tahsil olib, ilmi dinni va suluki yaqinni, mantiq ilmini oʻzlashtirgan. Shu paytlarda xattotlik bilan ham shugʻullangan. Manbalarda keltirilishcha bir hafta ichida “Sharhi Jaloliy” kitobini chiroyli husnixat bilan koʻchirib sotgan va pul bilan besh-olti nafar musofir hujradoshlarini ham taʼminlab turgan. Soʻfi Xojaga ham Amir Haydar bir necha marta amaldorlik lavozimlarini taklif etgan, ammo u kishi rad etib, keyinchalik Urgut qasabasiga, otalari yoniga qaytganlar. 

db31802e-7010-4059-ac9a-e06ac91ff526.jpg

Asar muallifi ustoz Lutfullo Xoja avlodlari haqida maʼlumot keltirar ekan shunday yozadi: “Bu ulugʻ xonadon ahlining hammalari erkagu ayol, kattayu kichiklari zohiriy va botiniy bilimlar bilan ziynatlangan”. Jumladan, asarda Lutfullo xojaning farzandlari Shirin Xoja handasa, ashʼor, aruz, musiqa, advor (musiqani notaga koʻchirish ilmi), insho va imlo kabi bilimlarni, Ofoq Xoja falakiyot ilmlarini kasb etganligi, Soʻfi Xoja avlodidan eshon Muttahar Xoja aynan shu asarni, yaʼni “Tarixi Xumuliy”ni qayta koʻchirganligi, yaʼni xattotlikdan xabardorligi haqida qayd etilgan. 

Shu oʻrinda asarda yana bir qiziqarli maʼlumot berilgan, yaʼni Soʻfi Xoja avlodidan boʻlgan eshon Boqir Xoja va eshon Muttahar Xoja Samarqanddagi “Ruhobod” madrasasida “Sharhi Mullo”dan tahsil olganligi haqida qayd etilgan. Shuningdek, asarda shunday sharh keltirilgan: “Hazrati Ruhobod – aslida ismlari shayx Burhoniddin Qilichdur. Ruhobod – laqab. U kishi oʻn toʻrtinchi qutbning murshidlaridan” . Demak, XIX asrda bugungi kunda biz maqbara sifatida bilgan “Ruhobod” madrasa sifatida ham faoliyat yuritgan. Bundan kelib chiqib taʼkidlashimiz mumkinki, bu davrda Samarqandning deyarli barcha hududlari, qadimiy inshootlarda madrasalar tashkil etilgan va doimiy ravishda tolibi ilmlarga taʼlim tarbiya berilgan.

Xulosa qilib aytganda, Vatanimizda yashab oʻtgan ilm va fazl ahllari tomonidan koʻplab binolar, jumladan, masjid va madrasalar bunyod etilgan. Diqqatga sazovor jihati shundaki, madrasalarda taʼlim bepul amalga oshirilgan hamda talabalarning yashashi va taʼlim olishi uchun zarur barcha sharoitlar madrasa zimmasida boʻlgan. Mazkur masjid va madrasalarda zamonasining taniqli ulamolari, pir maqomiga yetgan zotlarning dars oʻqitishlari bir tomondan tolibi ilmlar uchun maktab vazifasini oʻtagan boʻlsa, boshqa tomondan xalqning maʼnaviy barkamolligiga hissa qoʻshgan. 

Mavzuna Muxiddinova,
SamDU tayanch doktoranti

10 343
O'zA