O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Salom qushlar...

Salom qushlar...
Ijod nafasi 

Salom qushlar, salom qushlar!

Bulutlarni quchmoqdasiz.

Vatan sizga olam qushlar,

Ayting, qayga uchmoqdasiz.

Sizga aytsam gar oʻzimdan,

Men Atoning bolasiman.

Biling yuzim ham koʻzimdan,

Men Havvoning bolasiman.

Biz koʻp edik, toʻp-toʻp edik,

Singillarim, opalarim.

Haybatlari arslon sherdek,

Inilarim, ogʻalarim.

Boʻlsa ham gar rang-u roʻylar,

Qora, sariq, bugʻdoyrang, oq.

Butun bir yer yuzi boʻylab,

Oʻynar edik quvlashmachoq.

Boʻling menga bir dam hamdam,

Tinglang dilda nolam qushlar.

Eh, qachondir bizlarga ham,

Vatan edi olam qushlar.

Ong oʻsdi, lek toraydi dil,

Jon talashdik, non talashdik.

Oʻtdi asr, necha ming yil,

Shon talashdik, nom talashdik.

Izlamasdan oramizdan,

Suyanchiqlar, gʻamxoʻrlarni.

Oʻylab topdik boʻlishib jam,

Chegaralar, simtoʻrlarni.

Oʻrab oldik, uch-toʻrt qavat.

Dengizni ham, osmonni ham.

Mehr, vafo-yu oqibat,

Koʻngilni ham, vijdonni ham.

Biz Atoning bolalari,

Biz Havvoning bolalari,

Telbamiz yo devonamiz.

Koʻzlarimda jolalarim,

Endi yotmiz, begonamiz.

Qorin toʻysa, boʻlmaydi gʻam,

Menda toʻkis har ne, barcha.

Tirikchilik yashayapman,

Baxtga toʻlib xudbinlarcha.

Ammo yurak sanchar, yanchar,

Qaqroq dashtning qay betida.

Bir och inim tuproq chaynar,

Bu dunyoning bir chetida.

Men yashayman baxtga toʻlib,

Ey voh, mening qondosh ogʻam.

Oʻlim bilan qoʻshni boʻlib,

Yashar qayda jondosh ogʻam.

Opam qay bir koʻchalarda,

Toshlarga bosh qoʻyib uxlar.

Qay bir singlim kechalarda,

Bu dam xordir, piq-piq yigʻlar.

Bor vujudim qaqshar, ogʻrir,

Oh, unga dosh berolmayman.

Qanday ogʻa boʻldim axir,

Qanday ini boʻldim axir,

Borolmayman, borolmayman!

Yem boʻlmasdan tuzoqlarga,

Siz qushlarim tezroq yeting.

Uzoqlarga, uzoqlarga,

Soʻzlarimni olib keting.

Qondosh inim-u ogʻamga,

Dildan dalda tilab qoʻying.

Jonon singlim, jon opamning,

Sochlarini silab qoʻying.

Xayr, mening nolam, qushlar,

Jonimdagi tolam qushlar.

Mayli, menga boʻlsin qafas,

Sizga vatan olam qushlar.

Humoyun QUVONDIQOV,

talaba

2 286
OʻzA