O‘zA O`zbek

09.04.2018 13:05 Chop etish versiyasi

Sahnada "oq kema"

  Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi oldidan

Bu spektaklda ma’sum bolakayning pokiza xayollariga, beg‘ubor orzulariga oshno bo‘lasiz, uning iztiroblari, qayg‘usini yurakdan his etib, o‘yga tolasiz. Go‘dak dilini vayron qilgan voqeliklardan ko‘zingizga yosh keladi. Tabiatni, borliqni, yaqinlaringizni avaylash burchingiz ekanini teranroq anglaysiz. O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib Chingiz Aytmatovning "Oq kema" asari asosida sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklning premyerasi hech bir muxlisni befarq qoldirmagani aniq.

Yangi spektakl taqdimotiga mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatik korpus vakillari, sahna san’ati ixlosmandlari, keng jamoatchilik, yoshlar taklif etildi.

Prezidentimizning 2018 yil 2 apreldagi buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori adabiyot, teatr, san’at muxlislari, keng jamoatchilik tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi. Yozuvchining "Oq kema" asari g‘oyaning oddiy, ravon va ta’sirchan tarzda ifoda etilgani, o‘quvchini manqurtlik, yovuzlik, beparvolik kabi illatlardan mudom ogohlantirishi bilan barchamiz uchun qadrlidir.

– "Oq kema" umuminsoniy g‘oyalar tarannumi, bugungi kunda ham dolzarblik kasb etgan, bashoratdek yangragan g‘oyat chuqur tarbiyaviy mazmuni bilan kitobxonlar mehrini qozongan asar, – deydi Qozog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, ushbu spektaklni O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirgan rejissyor Abubakir Rahimov. – Spektakl o‘zbek tomoshabinlariga manzur bo‘lganidan xursandman. Ushbu sahna asari Qozog‘istonda O‘zbekiston yili, deb e’lon qilingan joriy yilda bizning yurtimizda namoyish qilinishi bilan birga, Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro teatr festivalida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Men 1983 yilda mazkur jamoada "Abay" spektaklini sahnalashtirishda ishtirok etgan edim. Bu boradagi barcha sa’y-harakatlar o‘zaro do‘stlik, madaniy-ma’rifiy aloqalarning yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yangi spektaklning inssenirovka muallifi O‘zbekiston san’at arbobi, rejissyor Olimjon Salimov. Sahnalashtiruvchi rejissyor –Abubakir Rahimov. Sahna rassomi Baxtiyor To‘rayev tomonidan tayyorlangan dekoratsiya va bezaklar spektaklga afsonaviy ruh, ta’sirchanlik baxsh etgan. Asosiy rollarni Farhod Abdullayev, Sayyora Yunusova, Lola Eltoyeva, Behzod Muhammadkarimov, Mirolim Qilichev, G‘ayrat Boymirzayev, Feruza Boboyorova kabi aktyorlar ijro etmoqda. Bola roli uchun poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 59-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Bunyod Abdullayev jalb etilgani sahna asarining yanada ishonarli, samimiy bo‘lishini ta’minlagan.

Nazokat Usmonova, O‘zA
19 935