O‘zA O`zbek

08.09.2018 15:25 Chop etish versiyasi

“Sabot“ – bosh sovringa munosib topildi

“Sabot“ – bosh sovringa munosib topildi
“Oʻzbekkino“ milliy agentligi buyurtmasiga asosan rejissyor Rashid Malikov tomonidan suratga olingan “Sabot“ badiiy filmi Rossiyada oʻtgan “Volokolamsk chegarasi“ (“Volokolamskiy rubej“) XV xalqaro harbiy-vatanparvarlik filmlari kinofestivalida bosh sovringa munosib topildi. 

3ecb1c180335.jpg
Mazkur kartina bir qator xorijiy festivallarga taqdim etilgan boʻlib, shu yilning aprel oyida 40-Moskva xalqaro kinofestivalida ham muvaffaqiyat qozongan edi. 

2017-yilning dekabr oyida Toshkentda ushbu filmning premyerasi boʻlib oʻtganidan kino muxlislari yaxshi xabardor. Filmda qoraqalpogʻistonlik sobiq baynalmilal jangchining xotiralari, oʻy-xayollari, kechinmalari haqida hikoya qilinadi. Insonning qatʼiyati, metin irodasi haqida hikoya qiluvchi ushbu kartina xalqaro kinofestival hakamlari hayʼati, tomoshabinlarni befarq qoldirmadi.

Kartinaning ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyori Rashid Malikov. Sahnalashtiruvchi operator Bahodir Yoʻldoshev. sahnalashtiruvchi rassom Doniyor Abdurahmonov. Filmda bosh rollarni Karim Mirhodiyev, Nigora Karimboyeva, Saydulla Moʻldaxonov, Bekzod Hamroyev, Zulxumor Moʻminova kabi aktyorlar ijro etgan. 



N.Usmonova, OʻzA
1 422