O‘zA O`zbek

17.04.2019 Chop etish versiyasi

“Rost chorigʻini kiyguncha yolgʻon dunyoni aylanib chiqadi”

“Rost chorigʻini kiyguncha yolgʻon dunyoni aylanib chiqadi”


Saytimizda eʼlon qilingan “Marsel Brion yozmagan kitob... ” maqolasi yuzasidan turli fikrlar bildirilmoqda. Maʼlum boʻladiki, bu munozara ancha oldin boshlangan ekan. Jumladan, publitsist va yozuvchi Hakim Sattoriy bu mavzuda qator maqolalar eʼlon qilgan. Uning 2016 yil, “Sharq” NMIU da chop etilgan “Sohibqiron abadiyati” kitobiga oʻsha maqolalar ham kiritilgan. Eʼtiboringizga ulardan parchalar eʼlon qilish orqali masalaga yana ham oydinlik kiritmoqchimiz:

“Yaqinda qoʻlimga bir kitob tushib qoldi, u rus tilida boʻlib, Nyu-York (AQSH)da nashr etilgan.Kitobning ustiga oq ot mingan, shohona kiyingan suvoriy surati tushirilgan va u “Ya — Timur, vlastitel Vselennoy.Jizn i deyatelnost Timurlenga, opisannыy im samim”, deb nomlangan. Ustidagi qoʻshimcha yozuvlari bilan mulk sifatida daxl­­­sizligi taʼminlangan: Tuzuvchi — Marsel Brion (Fransiya), Zabihullo Mansuriy (Eron) bilan birga. Kitobni nashr etish boʻyicha barcha huquq Mostaufi kutubxonasi tomonidan amalga oshirilgan va huquqiy jihatdan toʻliq himoyalangan. Noshir — Abdul Jalil Abdurrashid (Eron).

2004 yilda chop etilgan bu kitob yettinchi (!) nashr ekan.

photo5256111480435223180.jpg

Kitob bilan tanishib chiqish imkoni boʻldi.U qariyb 500 sahifadan iborat, nusxa koʻchirish yoʻli bilan koʻpaytirilib, chop etilganga oʻxshaydi.Unda xuddi shunga oʻxshash boshqa kitoblarda boʻlgani kabi bir chimdim haqiqat bor, yaʼni farzandlarning ismi, shahzodalarning tarjimai holiga doir baʼzi unsurlar mos keladi. Biroq kitobdagi ayrim maʼlumotlar haqiqatdan umuman yiroqligi bilan Temurshunoslar gʻazabini keltiradi.Jumladan, unda shunday maʼlumot keltiriladi: “Temurleng Chigʻatoy malikasiga uylandi va malika uch oʻgʻil tugʻib berdi”. Bu dalil butunlay xato. Kitobning haqiqiylik darajasi ham shu balandlikda. Asar diniy-fikhiy maʼlumotga ega (chunki unda Temurlengning olimlar bilan Qurʼon yuzasidan mubohasalari juda chuqur yoritilgan), lekin Sohibqironning haqiqiy hayotidan chala xabardor kishi tomonidan yozilganga oʻxshaydi. Taassufki, u bevosita hazratning oʻz qoʻli bilan yozilgan, deb eʼlon qilinayapti va yillar davomida bir emas, ikki emas, yettinchi marta nashr etilayapti.

Jamoaning bu kitobni chiqarishdan muddaolari nima ekanligi bizga aniq emas-u, bizningcha, u tijorat maqsadida chop etilganga oʻxshaydi. Bu ham oʻziga xos yondashuv . 2006 yil, mart.(34-36 betlar).

Ehtimol, siz ham“Menkim, sohibqiron—jahongir Temur” kitobini oʻqigan chiqarsiz. “Yangi asr avlodi” nashriyoti 2011 yilda chop etgan bu asarni mutolaa qilganlar oʻz hayajonlarini yashira olmayaptilar: “Kitob degani bundoq boʻlibdi!”. Nima ham deymiz, har kimning oʻz didi bor. Garchi bu asar haqida 2006 yil oʻz munosabatimizni bildirgan boʻlsak-da (“Dunyo bilgan “Tamerlan” yoki yolgʻon qachongacha davom etadi?”, “Hurriyat”, 2006 yil, 5 aprel), baʼzi munozarali oʻrinlarni yana qayd etib oʻtish ortiqchalik qilmaydi, deb oʻylaymiz.Negaki, oʻz vaqtida yirik sharqshunos olim V. Bartold taʼkidlaganidek, “bu davr (yaʼni Temur va Temuriylar davri) tadqiqotchilari materiallarning tanqisligidan emas, balki koʻplab kutubxonalarga tarqalib ketgan va, eng avvalo, tanqidiy oʻrganishni, keyin esa tanqidiy nashr etishni taqozo etadigan materiallarning koʻpligidan qiyinchilikka duch keladi” (Socheneniye. T. 11 (2), str. 189). Inchunin, hamma narsani Sohibqiron Amir Temurga nisbat beraverish bir tomondan gʻayriilmiylik boʻlsa, ikkinchidan shusiz ham chalkash va ziddiyatli tarixiy voqelikni battar mavhumlashtirish boʻlib qoladi. Mustaqil yurtimizda bu boradagi urinishlar bitta haqiqatga: hozirgacha turlicha talqin qilingan faxrli ajdodimizning rostakam qiyofasini dunyo ahliga namoyish etishga xizmat qilishi kerak, deb oʻylaymiz.

Xullas, fransuz solnomachisi Marsel Brionga nisbat berilgan asar aslida xalq kitoblaridan biri boʻlib, bunday bitiklar qariyb yetti asrdan buyon fors, arab, turkiy, rus va boshqa tillarda yaratilib kelingan. Oʻzbek kitobxonlari ham Salohiddin Toshkandiy tomonidan oʻtgan asrning boshlarida qogʻozga tushirilgan “Temurnoma”kitobi bilan tanishlar.Bu yumushlar qanday ehtiyojlarni qoplash uchun amalga oshirilgani faqat uning boshida turganlarga ayon. Bir dalil aniqki, ularda vasf etilgan buyuk davlat arbobi, ilm-fan va sanʼat homiysi Amir Temur shaxsi mualliflar iqtidori darajasida, boz ustiga ancha erkin (tarixiylik nuqtai nazaridan), subyektiv talqin qilingan va turli darajadagi nuqson va xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan. Ochigʻi, bu buyuk zotning shaxsiyati shunchalik mahobatliki, uni butun koʻlami bilan qamrab olish ancha mushkul (hatto imkondan tashqari) — bu holni ochiq eʼtirof etish lozim. Shu tufayli mazkur mavzudagi asarlar Sohibqirondan koʻra koʻproq mualliflar – ularning iqtidori, maslagi, eʼtiqodi, ilmiy halolligi, vatanparvarligi haqida maʼlumot beradi. Teran ummonda quloch yozib suzishga kirishgan qalamkash oʻzi xohlaydimi-yoʻqmi, kimligini koʻrsatib qoʻyadi: uning majoli bu maʼnaviyat dengizidan yo bir piyola suv olishga yetadi yoki qoʻliga biror xas-xashakni ilashtirib chiqadi yoxud chuqur suzib, botindagi sinoatni kashf etishga muyassar boʻladi. Ikkinchi tomondan esa oʻsha oʻljasini jamoatchilikka qay yoʻsinda – borligichami, oyogʻini osmondan qilibmi yoki toʻgʻridan-toʻgʻri qora chaplabmi, taqdim etishi maqsad va mohiyatni ifodalaydi. Hozirgacha shunday boʻlib kelgan va shu tufayli bobokalonimiz shaxsiyati juda ziddiyatli hamda qarama-qarshi qiyofa kasb etib qolgan. Endilikda chinni rostdan ajratish uchun hammaning oʻzida oltinni misdan farqlaydigan ahak toshi boʻlishi lozim.

Mulohaza yuritmoqchi boʻlgan xalq kitobi bilan 1991 yilda roʻy bergan voqea koʻpchilikning xotirasida boʻlsa kerak. Undan boblar qaysidir yoʻllar bilan tarjima qilingan va “Sharq yulduzi” jurnalining 1-sonidan“Men — fotih Temur” degan nom bilan chop etishga kirishilgan edi. Bundan xabar topgan chinakam ilm ahli bu nomukammal asar endigina haqiqiy qiyofasi xalqqa maʼlum boʻlib borayotgan zot haqidagi tasavvurlarni yana ham chalkashtirib yuborishidan tashvishga tushib, bu ishga qarshi turgan va jurnalda chop etish toʻxtatilgan edi. Oʻshanda yirik tarixchi olim Boʻriboy Ahmedovning qanchalik jon kuydirganlariga guvohman. Hatto oʻz qarashlarini ham taftish qilib, tariximizning bu yorqin siymosiga chinakam vatanparvarlik nazari bilan yondashayotgan olim sidqidildan “Endi Amir Temurimizni asrashimiz kerak” deb qayta-qayta takrorlagandi.

Bunday bezovtalikka esa asoslar bor edi. Mazkur kitob dastlab fors tilida insho etilgan va keyinchalik rus tiliga tarjima qilingan— bu aniq.Biz tanishishga muvaffaq boʻlgan 2004 yilgi Nyu-York nashrida Marsel Brion (Fransiya) tuzuvchi (Zabihullo Mansuriy bilan birga) deb koʻrsatilgan (bizning bagʻri keng tarjimonlarimiz esa uni e-yoʻq, be-yoʻq muallif deb eʼlon qilishgan va kitob muqovasiga oʻz mehrlarini oʻqloqdek harflar bilan muhrlashgan).Internet maʼlumotlaridan maʼlum boʻladiki, 1895 – 1984 yillarda yashab oʻtgan Marsel Brion haqiqatan Fransiya Milliy akademiyasining aʼzosi qilib saylangan va keng jamoatchilik uni sanʼatning turli sohalarida mashhur boʻlgan kishilar haqidagi “Motsart”, “Dyurer”, “Mikelanjelo” singari biografik xronikalari orqali koʻproq taniydi. Unga mashhurlik tojini kiygizgan asar yoki tadqiqotlar roʻyxatida Sharq tarixi, xususan, Amir Temur yoki Temuriylar davri bilan bogʻliq biror kitob qayd etilmagan. Demak, uni bu mavzuning yirik tadqiqotchilaridan deb eʼtirof etish toʻgʻri emas. Ochigʻi esa mazkur muallifning fansuz tilida oʻzbekchada nashr etilgan kitob hajmidagi asari yoʻq.

Dastlab “Men – fotih Temur” nomi bilan jamoatchiligimizga tanishtirilmoqchi boʻlgan asar oʻz mavqei jihatidan ilmiylikka daʼvo qilolmaydi. Shuningdek, uni Amir Temur solnomalaridan biri, hatto, shu yoʻnalishdagi kitob, deyish ham insofdan emas. Albatta, bu daʼvoni tasdiqlash uchun har bir dalil tarixiy haqiqat bilan solishtirib chiqilishi darkor. Shuningsiz ham fikrimiz quruq boʻlmasligi uchun ayrim nuqtalarga toʻxtalamiz. Kitobga ilova qilingan muqaddimada “Temurleng (kitobning chinakam qiyofasini tasavvur qilish uchun uning bosh qahramoni ismini “tarjima qilib” emas, qanday yozilgan boʻlsa, shundayligicha keltirdik, chunki Tamerlan yoki Temurleng, u – Amir Temur emas) Chigʻatoy malikasiga uylandi va malika uch oʻgʻil tugʻib berdi” degan maʼlumot keltiriladi. Bu maʼlumot biror tarixiy dalilga mos kelmasligini bugun yurtimizda maktab oʻquvchisi ham biladi.

Bunday daliliy xatolarning son-sanogʻi yoʻq. Jumladan, ishtirokchilar qayerdan oʻylab topilgan yoki voqealarni kim toʻqigan, bari oʻydirma. Kitobda Amir Temur “Sohibqiron” deya ulugʻlangan ilohiy zot, keyinchalik buyuk davlatning asoschisi va koʻplab umuminsoniy muammolarga yechim topgan mislsiz islohotchi sifatida emas, arzimagan haq evaziga boylarning qoʻy suruvini yoʻltoʻsarlardan qoʻriqlovchi toʻda boshligʻi yoki maqsadsiz bir shaharga hujum qilib, uning shakkok qavmining taʼzirini berib qoʻyadigan zoʻravon sifatida aks ettirilgan. Jiddiy nuqsonlardan biri shuki, uydirmachilar Amir Temurni muqaddas qadriyatlarga, jumladan, Qurʼon karimdek ilohiy kitobga tahrir kiritishga jurʼat etgan omi qilichbardor sifatida koʻrsatishdan ham tortinmaganlar. Bu, yaʼni muqaddas ilohiy kalomga zarracha til tegizish oʻta shakkoklik ekanini “tuzuvchilar” bilgan, shunday talmovsirash bilan diniy aqidaparastlarning gʻazabini qoʻzgʻashga jahd qilgani maʼlum boʻlib qoladi.

Kitobda keltirilishicha, Amir Temur Halab (Aleppo)da turgan vaqtida bu shaharda toʻplangan diniy allomalarni yigʻib, Qurʼon oyatlarining hozirgi anʼanaviy tartibini “buzib”, ularni vahiy qilingan vaqtiga koʻra tizib chiqishga amr etadi. Holbuki, bu aqlga toʻgʻri kelmaydigan ish edi va oʻz “Tuzuklari”da “Dilimning mashriqidan koʻtarilgan birinchi tuzugim yer yuzida Olloh taoloning dini va Muhammad mustafoning shariatiga rivoj berish boʻldi. Har yerda va har vaqt islom dinini qoʻllab-quvvatladim” deya taʼkidlagan zotning bunday tavakkalchilikka yoʻl qoʻyishi mumkin emas edi. Maʼlumki, muqaddas kitobning tartibini oʻzgartirish emas, undagi bitta belgini buzish ham gunoh hisoblanadi, shunday xatoga yoʻl qoʻyilganda, bunday kitoblar yoʻqotiladi, chunki Ollohning kalomi asil holida bandalariga yetib bormogʻi hukm qilingan. Tartibni oʻzgartirish haqidagi fikr qanchalik xato ekanini Sohibqirondek buyuk zot bilmasligi mumkin emas edi. Qolaversa, bunday xatti-harakat biron diniy yoki dunyoviy adabiyotda tilga olinmagan. Demak, bu ham “tuzuvchi”larning navbatdagi uydirmasi.

Umuman, “Menkim,sohibqiron — jahongir Temur” kitobi Amir Temurga nisbat beriladigan boʻlsa, har bir gapini tushuntirish uchun undan ham koʻra koʻproq sharh yozishga toʻgʻri keladi. Shunga koʻra, kitob tashabbuskorlari bosh qahramonlarini “Yoʻlbarsxon” yoki “Arslonbek” deb nomlaganlarida edi, uni fantastik bir asar deb qabul qilsa boʻlardi.Ammo tashrif qogʻozi sifatida “Amir Temur”ning juda ommabopligini hisobga olib, undan tijorat maqsadida foydalanganlar. Omadi gap shu.

Albatta, mutarjimlar – F. Roʻziyev va F. Tilovatov bu yumushni yaxshi niyatda, xayrli maqsadlarni koʻzlab, bobokalonimiz shaxsiyatiga butunlay tuhmat boʻlgan oʻrinlarni qisqartirib, oʻz didlari darajasida amalga oshirganlari shubhasiz. Uni “Amir Temur haqida kim qanday yozar edi?” qabilidagi ommaviy tanlovda qatnashgan bir insho tarzida qabul qilsa boʻladi. Negaki, baʼzan qanday yozishni oʻz salohiyati bilan qanday yozmaslik kerak boʻlganligini koʻrsatib qoʻygan kitoblardan ham oʻrganadilar-ku. Asarning ziddiyatlarga boyligi, bu mavzuda yetarli maʼlumoti boʻlmagan odamni chalkashtirib qoʻyishini hisobga olib, baʼzi istisno oʻrinlar kitobga yozilgan muqaddimada ochiq aytilishi lozim edi. Shunda ommaviy kitobxonlar hayron qolib yurmasdilar. Negaki, mustaqillik yillarida bu mavzuda turli janrlarda koʻpgina asarlar yaratildi. Ana shu asarlar bilan “mashhur fransuz yozuvchisi Marsel Brion” talqinidagi obraz oʻrtasida ixtiloflar bor. Shunday boʻlgach, kitobxonning boshi qotishi aniq.

Albatta, tariximizning shonli sahifalari, buyuk ajdodlarimiz haqida sevib oʻqiladigan kitoblar qancha koʻp boʻlsa, shuncha oz. Faqat ulardagi badiiy toʻqimalar tarixiy adolat mezonlariga mos kelishi shart. Bilʼaks, bu sharafli ismlarni suiisteʼmol qilmay, istalgan nom va qahramonlarni jonlantirish ijodkorlarning ixtiyorida.

Demak, bu ulkan merosga, avvalo, chuqur hurmat bilan, keyin esa tarixiy adolat va ilmiy haqiqat nuqtai nazaridan qarash har doim dolzarb boʻlib qolaveradi . 2011 yil. (358-364 betlar)”.

Hakim Sattoriy yuqoridagi maqolasida yana shunday dalillarni keltiradi:

Demak, barcha mashhur kishilar hayotiga nisbatan boʻlganidek, hazrat Sohibqiron Amir Temur shaxsiga qiziqish yashab ke­layotgan ekan, endi bu masalaga munosabat­da bir toʻxtamga kelish fursati yetdi.Negaki, afkor omma har doim boʻlganidek, haqiqatni, faqat haqiqatni bilishni xohlaydi. Shunday ekan, bu mavzudagi turli darajadagi bitiklarning hammasini Sohibqiron bobomizga nisbat berish insofdan emas.Negaki, har qanday odamning bit­ta, yagona qiyofasi bor — bu oddiy haqiqat. Pakanani daroz deb boʻlmaganidek, oʻgʻrini toʻgʻri, deb ham boʻlmaydi.

Endi yuz yillar osha shakllangan fikr oqimini elakdan oʻtkazadigan boʻlsak, hozirgacha munosabatlar ikki qutbda jamlandi: 1) uydirma (toʻqima) va 2) rost gaplar.Shunga mos ravishda ikki timsol yuzaga keldi: biz yuqorida iztirob bilan boʻhtonga burkangan “fazilat”lar bilan bezangan “Tamerlan” qiyofasi va endi-endi maʼlum qilina boshlangan Amir Temur, Buyuk Temur qiyofasi. Shunisi aniqki, Tamerlan, bu Keshda tugʻilgan, Oʻtrorda vafot etgan, Samarqandda abadiy qoʻnim topgan zot — Amir Temur emas. Tamerlan turli saviya va eʼtiqoddagi odamlar ijod qilgan toʻqima obraz. Biz endi ana shu ikki haqiqat orasidagi chegarani tan olaylik-da, ke­yingi harakatlarimizda shunga amal qilaylik. Zero, hozirgacha tarix haqiqatiga qora chaplab kelingani ham yetar. Shu dalil ham borki, mavzuga nisbatan odilona yondashgan V. Bartold, G. Vamberi, T. Granovskiy, L. Zimin, M. Ivanin, L. Lyangle, A. Yakubovskiy va boshqa koʻplab tadqiqotchilar oʻz qahramonlarini “Temur” deb ataganlar. Demak, Temur va Tamerlan (Temurlang) atamalarini qorishtirib yuborish (bir shaxs deb talqin qilish) halol olimlar mehnatini kamsitish bilan barobar, uni yoʻqqa chiqarish demakdir.Binobarin, endi ikki tushuncha orasidagi chegara (toʻsiq) qatʼiy boʻlishi shart.

Dunyo turli tillarda hozirgacha Tamerlan haqida yetarlicha hikoya tinglab keldi. Bu hikoyalarning aksari yol­gʻonga asos­­langan edi. Shunga mos ravishda millionlab odamlar shuurida Sohibqiron Amir Temur haqida chalkash tasavvurlar shakllandi. Bu chalkashliklar tufayli koʻp nojoiz harakatlar voqe boʻldi, bu hol hamon davom etayapti. Bu, albatta, maʼrifat­sizlik, bexabarlik alo­ma­ti. Shaxsning chinakam boʻy-bastini tasavvur qila olmaslik yoki tasavvurga sigʻdira olmaslik tufayli ul zotni kimlarga tenglashtirishayapti? Shunday bepisand kimsalar jilla qursa dunyo xaritasini tizzasiga olib, jahongir otda bosib oʻtgan yoʻllarni hisoblab chiqqanda ham uning qudratini his qilgan boʻlardi. Yoki uni kimlardir Don Kixotdek bir suvoriy, deb tasavvur qilar, biroq qariyb olti yuz yil hukmronlik qilgan avlodlarni, yuzlab shahzodalar, malikalarning asʼasayu dabdabasini koʻz oldiga keltirganda, ul zotning joʻn bir shaxs emasligini tushungan boʻlardilar.

Har holda, biz maʼrifatning kuchiga ishonamiz. Buyuk Temur haqida chinakam haqiqat endi baralla aytilmoqda, shu ruh bilan sugʻorilgan kitoblar yaratilayapti. Ular­ning dunyo boʻylab tarqalishi ulugʻ bobokalonimiz chinakam qiyofasini odamzodga namoyon etib koʻrsatgusidir.


2 527
Dilobar Asliddin qizi, OʻzA