O‘zA O`zbek

20.09.2019 Chop etish versiyasi

Respublika komissiyasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi

Respublika komissiyasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi

Toʻy-maʼrakalardagi dabdaba, hashamat, ortiqcha hoyu-havas va yangi oʻylab topilgan udumlar tez tilga tushadi.

Oʻz boyligini koʻz-koʻz qilishga urinishlar, kimoʻzarga qilingan xarajatlardan soʻng muqarrar sodir boʻladigan koʻngilsizliklar, urush-janjallar, ajrimlar va qarzga botishlar tamomila yangi muammolarni keltirib chiqaradi.

Eng ayanchlisi, yaxshigina urf-odatlarimiz, anʼana va qadriyatlarimizga mana shunday dabdabayu asʼasalar ortidan putur yetmoqda.

Toʻy-maʼraka, oilaviy marosimlardagi ortiqcha dabdababozlik mavzusi yuz yillar muqaddam ham xalqimizning jiddiy muammosi oʻlaroq, kun tartibida boʻlgan. Taniqli maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy ushbu mavzuda dolzarb maqola ham yozgan va fikrlarining qaymogʻini xulosa tariqasida sarlavhaga chiqargan: “Bizni kemirguvchi illatlar”. M.Behbudiy ana shunday illatlardan eng yirik ikkitasini – toʻy va azani sanab oʻtgan va ularni “ikki qattol dushman” deya atagan.

Oliy Majlis Senatida Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasining birinchi majlisida bu dolzarb mavzu yana kun tartibiga chiqdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorining ijrosini taʼminlash yuzasidan hududlarda olib boriladigan targʻibot tadbirlarini tashkil etish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Majlisda Respublika komissiyasi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, xalqimizning qadriyatlari, tarixi va orzu-umidlarini aks ettirgan anʼanalarimiz bizga ota-bobolarimizdan meros. Ularni asl holatda saqlash, urf-odatlarimiz zamiridagi sof mazmun va mohiyatni keyingi avlodlarga yetkazish – barchamizning zimmamizdagi masʼuliyatli burch. Biroq, soʻnggi yillarda jamiyatimizda bu masalaga notoʻgʻri yondashuv shakllanayotgani teran fikrlaydigan har bir insonni tashvishga solmay qolmaydi.

Jumladan, har bir oila uchun muhim boʻlgan voqealar bilan bogʻliq tantana va marosimlarda xalqimizga xos ezgu fazilatlar namoyon boʻlishi oʻrniga, manmanlik, isrofgarchilik kabi illatlar koʻzga tashlanayotgani achinarli hol. Albatta, jamiyat va davlat bunday holatga munosabat bildirmay, chetda qola olmaydi. Shu jihatdan toʻylar va oilaviy marosimlarni qatʼiy tartibga solish vaqti kelganligi majlisda alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorining qabul qilingani bu yoʻnalishda qoʻyilgan muhim qadam boʻldi. Uning ijrosini taʼminlash haqida soʻz yuritilar ekan, majlisda, avvalo, “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida”gi nizom talablaridan kelib chiqib, qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, tegishli javobgarlikni belgilash, bu borada zarur normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish lozimligi aytib oʻtildi.

Ushbu Nizom talablari ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhimligi qayd etilib, oʻrnatilgan tartib buzilishi holatlarini mahalliy Kengash sessiyalariga kiritish va uning muhokamasini tashkil qilib borish taklif etildi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari ishtirokida jamoatchilik nazoratini olib borish lozimligi aytib oʻtildi.

Shuningdek, majlisda oilaviy tantana va marosimlarda pullik avtotransport xizmati koʻrsatish faoliyatini litsenziyalashning alohida tartibini ishlab chiqish, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining faoliyatini tashkil etish, fuqarolar yigʻini raislarining bu boradagi faolligini oshirish masalalari ham muhokama etildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasining qarori qabul qilindi.

1 462
Nurillo NASRIYEV, OʻzA