O‘zA O`zbek

05.10.2019 Chop etish versiyasi

Repressiya qatagʻonmi?

Repressiya qatagʻonmi?

Ona tilim - oltin sandigʻim

Tilimizda qattiq soʻziga asos boʻlgan qat oʻzagi bor. Qatqaloq desak qat, qotgan loy desak qot boʻladi. Bu oʻzakning yana bir maʼnosi qavat. Qat-qat, qatlam, qatlama soʻzlari shundan. Qatilmoq soʻzining ildizi ham qat. Qoʻshilmoq, aralashmoq degan mazmunda. Maʼdan qotishmasi shu tushunchadan. Mis bilan qalay eritib aralashtirilsa qotishma boʻladi. Qatning bu maʼnosi hozir koʻproq maqollarda, shevalarda qolgan. Qoʻshiluv, aralashuv, birikuv soʻzlari qatiluvni chetga surib qoʻyganlar.

Ajabki, men qatiqni sutning ivib qattiq holga kelgani, qotgani, deb tushunar ekanman. “Devonu lugʻotit turk”da yozilishicha qatiq― qatiluvchi, yaʼni taomga qoʻshib, aralashtirib tanovul qilinuvchi yemak ekan. Shu oʻrinda bir ilova. Bir qancha Ovrupo tillarida qatiqni yoʻgurt deydilar. Bu sof turkiy oʻzbek soʻzi. Uni dunyoga sovgʻa qilib, oʻzimiz qatiq deymiz. Bamisoli olov, choʻgʻ maʼnosidagi oʻt soʻzidan yasalgan oʻtug soʻzimizni utyug shaklida boshqalarga berib, oʻzimiz dazmol deganimiz yoki qaftanimizni birovga kiydirib, oʻzimiz toʻn, chopon kiyganimiz kabi. Bunday himmat inglizlarda bor. Ular apelsin degan inglizcha soʻzni butun olamga ulashib, oʻzlari oranj deydilar.

Qat bilan qot oʻzagining Qoshgʻariy bobo bitmagan maʼnolari bugun bizda bor. Ishni, gapni qotiramiz, fargʻonacha aytsak, qatirib tashlaymiz. Soʻzamollik bilan boshqalarni lol qilib, qotirib qoʻyamiz. Bunday “qotirish”lar qadimda boʻlmagan chogʻi, eski lugʻatlarga kirmagan.

Qattiq degan soʻzning oʻzi quloqqa qattiq eshitiladi. Goʻyo ohangda maʼno yashiringandek. Arab tilida ham qatʼiy, qatʼiyat soʻzlarining oʻzagi qatʼ. Bu qattiq tovushli soʻz uzish, kesishni anglatadi. Qatʼiy soʻz ― kesib aytilgan soʻz. Qiziqki, ingliz tilida ham kesish, qirqish kat deyiladi. Hech bir qarindoshligi boʻlmagan bu uch tildagi ohangdoshlikka sabab nima? Oʻzbekcha qatning qattiqligi, arabcha qatʼ, inglizcha katning mato kesgandagi tovushga oʻxshashligi ayon. Demak, har bir atama zamirida insonning nozik hissiyoti, qalbi va ongidagi tovushlar, ranglar dunyosi, yana biz anglab yetmagan oltinchi, yettinchi, sakkizinchi tuygʻulari yashirin ekan.

Soʻz orasida soʻz: oʻzbekcha yemak bilan ruscha yest soʻzlarining oʻzagi bitta ― ye! Biz ye, desak, ruslar yesh, deydilar. Yeda, yem, yedim soʻzlari rus tilida yemish, yemoqdaman, yemoqdamiz degan maʼnoni bildirsa, oʻzbekchalab, ye-da, desak, yegin-da, deb qistagan boʻlamiz. Yem, deganda biz molga beriladigan yemishni anglaymiz. Yedim esa yeb tugatdim, deganimiz boʻladi.

Agar bu holni tillarning oʻzaro taʼsiri, desak, turkiy xalqlarning Rusiya bilan aloqasi uzoq ming yillarga borib taqalishi kerak. Chunki har ikki tildagi bu oʻzak soʻzning tarixi xalqlarimiz tarixi qadar koʻhnadir. Mabodo har ikki xalqda ye oʻzagi mustaqil ravishda azaldan bor, biri-biridan olmagan desak, bunday muvofiqlikka hayratlanishimiz kerak.

Mana endi asosiy maqsadga keldik. Oʻzbekcha qat oʻzagidan yasalgan yana bir atama bor. Bu qatagʻon. Ot chopagʻon, it qopagʻon, odam topagʻon boʻlganidek, qattiqlangan narsa qatagʻon deyiladi. Qattiq berkitilgan eshik, qattiq oʻrnatilgan tartib, qattiq manʼ qilingan ishga nisbatan bu soʻz aytiladi. Chor Rossiyasi hukmron boʻlgan vaqtlar oʻzbeklarning Oʻrda koʻprigidan oʻtib rus zodagonlari yashaydigan yangi shaharga kirishi qatagʻon, ruscha aytganda zapret edi. Undan ham avval Toshkentning oʻn ikki darbozasidan biri Qatagʻon deb atalgan. Keyincha Qoʻymas deganlar. Qatagʻon ham, Qoʻymas ham bitta maʼnoni anglatadi. Bu darvoza yopiq.

Qattiq narsa qatagʻon, dedik. Qanday qilib bu soʻz berk maʼnosini oldi? Bu savolga javobni Samarqanddan topdik. Shahar aylanib yurib bir doʻkonga kirdik. Peshtaxta yonida choy ichib oʻtirgan sotuvchilardan biri bizga qarab: ― Mahkam!― dedi. Biz bu soʻzga eʼtibor qilmadik. Biror Mahkam ismli oʻrtogʻini chaqirayapti, mehmonlarga qara, hizmat qil, demoqchi, deya oʻyladik. Kirib kelaverdik. Sotuvchi oʻrnidan turib, jahl bilan soʻzini takrorladi: ― Hoy, men sizga aytayobman: ― Mahkam! ― Shunda angladikki, mahkam soʻzi ― berk, kirish mumkin emas, degani ekan. Bir tilda soʻzlashuvchi odamlar bir-birini tushunmasa qiziq boʻlarkan. Biz uzr aytib doʻkonni tark etdik.

Mahkam degan soʻzni biz qattiq, mustahkam, deb tushunamiz. Bu soʻz berk maʼnosini ham anglatsa, demak qattiq soʻzidan chiqqan qatagʻon ham yopiq, kirish mumkin emas, degan tushunchani anglatishi tabiiy. Mahkam va mustahkam soʻzlariga oʻzakdosh boʻlgan istehkomda ham shu maʼno bor.

Qatagʻonni bugun repressiya oʻrnida ishlatamiz. Soʻzning oʻzagi press boʻlgani uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tarjima qilib, bosim ham deydilar. Darhaqiqat, u mashʼum yillarda bosim ham, taʼqiq ham kuchli boʻlgan. Lekin repressiya biz uchun atamagina emas, ayanchli taqdir, falokatli tarix hamdir. Shu maʼnoda ikkala istiloh ham xalqimiz boshdan kechirgan dahshatni ifoda qilolmaydi. Millionlarning yostigʻini quritgan repressiyani qatagʻon, bosim emas, istibdod desa toʻgʻriroq boʻladi. Istibdod cheklanmagan huquq bilan jabr-zulm oʻtkazish demakdir. Bu soʻzda bosim ham, haqsizlik va shafqatsizlik ham, zindon azoblari ham bor. Istibdod dod soʻziga oʻzakdosh emas. Lekin bu kalimada jabrdiydalarning dodu faryodi eshitilib turadi.

Mustabid tuzumning tutqunligi ― istibdod, mustaqil Vatanning erkinligi ― istiqlol. Istibdodning zavoli, istiqlolning kamoli mangu boʻlsin.

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston xalq shoiri

“Soʻz latofati” kitobidan.


626
O'zA