O‘zA O`zbek

08.10.2019 Chop etish versiyasi

Repni tarbiyaviy o‘zanga yo‘naltirish kerak

Repni tarbiyaviy o‘zanga yo‘naltirish kerak

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi mamlakatimizda nafaqat qo‘shiqchilik san’atiga e’tibor qaratadi, balki qo‘shiqchilikning turli yo‘nalishlarini rivojlantirish va yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga ham mas’ul. Aytish o‘rinliki, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rep va shu kabi yo‘nalishlarda ijod qiluvchi iste’dodli yoshlarni nafaqat qo‘llab-quvvatlamoqda hattoki, ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga ham jiddiy e’tibor qaratayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov: “Tan olishimiz kerak, taqiq qo‘yganimiz sari bu yo‘nalishga qiziqish kuchaygan bo‘lsa, kuchaydi, ammo yo‘qolmadi. Shuning uchun eng avvalo mazkur yo‘nalishga qiziquvchilar bilan muloqotga kirishgan holda ularning qiziqishini, qobiliyatini yuzaga chiqarishga yordam berishimiz lozim. Ammo rep ham dunyoda tan olingan musiqiy janr va uning tarbiyaviy ahamiyatini ham ko‘rsatib bersa bo‘ladi. Shuning uchun biz bugun repperlar bilan muloqotga kirishdik. Niyatimiz, rep yo‘nalishidagi iste’dodlarni milliy qadriyatlarimiz uyg‘unligidagi ijod bilan xalqimizga ko‘rsatish va bu bilan ularga nisbatan shakllangan salbiy fikrlarni o‘zgartirish kerak” degan edi bir intevyusida.

O‘zbekistonda rep yo‘nalishida ijod qiladigan taniqli yoshlar barmoq bilan sanarli. “UzBoom” rep guruhining yakkaxon solisti Shavkat Azimovning ana shu sanoqlilar ichida o‘z o‘rni bor. U deyarli 15 yildan buyon shu yo‘nalishda izlanadi, ijod qiladi. “UzBoom” rep guruhi yurtimizning chekka-chekka go‘shalarida, shuningdek, 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlarda ham yakkaxon konsert dasturlarini namoyish qilgan. 

Biz ham Shavkatning o‘y-fikrlari bilan qiziqdik.

–Rep san’atiga ilk qiziqishingiz qachon va qanday boshlangan?

–Hammasi 14 yoshimda boshlangan. 2003 yilda volidai muhtaramamdan ajralib qolganman. Hali bolalik dunyosidan chiqib ketmagan murg‘ak qalbimni so‘ngsiz ayriliq, chorasizlik, judolik, sog‘inch, alam va anduh to‘rlari chulg‘ab olgan edi. Bu juda ham og‘ir kechgan. Hali 10 yoshga to‘lmasimdan otasiz qolganman. Yolg‘iz suyanchig‘im, quvonchim bo‘lgan onamdan ham ajralib qolish meni chinakam iztirob quliga aylantirgan. O‘shanda ilk marotaba cheksiz alam va anduhlar iskanjasida qolgan qalbimda qattiq kuylash ehtiyojini tuyganman. O‘zimcha xirgoyi qilib kuylaganim sayin, sog‘inch azoblarim tobora yengillashganini his etardim... O‘quvchilik davrimda ota-onamdan ayriliq zardobini she’r shaklida qog‘ozlarga to‘kardim, keyin sinfdoshlarim, yaqin do‘stlarimga kuylab berardim. U paytlar men kuylayotgan yo‘l rep yo‘nalishi ekanligini ham bilmaganman. Faqat meni eshitgan yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashi, dalda berishi menga yanada ruh, qanot bag‘ishlardi. O‘quvchilik, talabalik davrlarim nazarimda juda tez o‘tib ketdi. 2014 yil Plexanov nomidagi Moskva iqtisodiyot universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, Kapital bankka ishga qabul qilindim. Keyinchalik harbiy sohaga ham qiziqishim tufayli O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar vazirligida ham faoliyat yuritdim. Lekin shu o‘tgan yillar mobaynida biror marotaba bo‘lsin kuylashga, aytishga bo‘lgan qiziqishim so‘ngani yo‘q. Ota-onam, sevgan qizimga atab yozgan replarimni kattayu kichik davralarda kuylab berishimni so‘rayverishdi. Shunda o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortib bordi va “UzBoom” degan guruh tashkil qildim. 

–Shavkat, guruhingizni nima uchun “UzBoom” deb nomlagansiz?

–Boom so‘zi inglizcha portlash degan ma’noni bildiradi. Orzu -umidlarimning, armon-afsuslarimning mazmun-mohiyati, chinakam ifodasi sifatida shu nomni tanlaganman. Ya’niki, qalbimning, tuyg‘ularimning “portlashi”...

– Rep yoshlarni, bolalarni ertaroq ulg‘aytirib qo‘ymayaptimi? Bolalar tarbiyasida REPning qaysi jihati ko‘proq: salbiymi yoki ijobiy?

–Rep ning ommalashuvi tabiiy hol ekan, u holda oldimizda bitta yo‘l bor: REPni tarbiyaviy o‘zanga yo‘naltirish kerak. Rep yo‘nalishida ijodni tanladingmi, demak uning qoidasiga ham amal qil! Jonli ijroni epla!

Rep – bu bo‘lar-bo‘lmas qofiyalar to‘plami emas, balki Shimoliy Amerikadagi qora tanlilar tomonidan yaratilgan kuylash san’ati. Xuddi o‘zimizning folklor yo‘nalishiga, aytish joiz bo‘lsa, og‘izda to‘qilib aytiladigan baxshichilikka ham o‘xshab ketadi, nazarimda. XX asrning 10-20-yillarida poezddan hayratlangan odamlar uni “qora ayg‘ir“, paraxodni “suv ayg‘iri“, velosipedni “shayton arava“, traktorni “o‘t omoch“ deb atashgan. Bugun bu narsa biz uchun kulgili holdir. Vaqt o‘tgan sari turli tasavvurlar o‘zgaradi, eskiradi.

Demoqchimanki, Rep o‘zini oqlaydimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.

Repning ijrosiga emas, matnga olinayotgan kliplarga, qo‘shiqchining kiyinish madaniyati va xatti-harakatlarining odob doirasidan chiqmasligiga ko‘proq e’tibor qaratish shart. Yana bir narsani aytib o‘tishim kerakki, keyingi yillarda yurtimizda rep yo‘nalishiga bo‘lgan e’tibor yana-da yaxshilandi. “O‘zbekkonsert“ birlashmasiga alohida rahmat aytaman. Biz oldingi davr bilan emas, hozirgi imkoniyatlar bilan yashamoqdamiz. Va mamlakatimizda iste’dodli yoshlarga yaratilayotgan qator imkoniyatlardan samarali, unumli foydalanishimiz kerak, deb o‘ylayman. San’atkor nimaga qarab intilayotganini, maqsadu orzusini muxlislarining, xalqning oldida namoyon qila olishi zarur.

505
Ozoda BEKMURODOVA suhbatlashdi. O‘zA