O‘zA O`zbek

31.03.2019 Chop etish versiyasi

Rektor oʻqituvchi va talabalarning tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi

Rektor oʻqituvchi va talabalarning tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Kompyuter grafikasi va badiiy foto yoʻnalishi 2-bosqich talabalarining “Tasvirlarda ijod zavqi” nomli ijodiy koʻrgazmasi tashkil etildi.

Koʻrgazmada institut rektori Nodirbek Sayfullayev ijodiy koʻrgazmalarning anʼanaviy ravishda oʻtkazilishi talabalarning ijodiy mahoratini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Institut rahbariyati talabalar va ustozlar tomonidan bildiriladigan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashini alohida qayd etdi.

Institutda ustoz-shogird anʼanalari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bu kabi ijodiy koʻrgazmalarni tashkil etish ham shu asosda tashkil etilmoqda.

Tasviriy sanʼatning eng soʻnggi yoʻnalishlaridan biri boʻlgan fotografiya sanʼati oʻzining keng imkoniyatlari bilan allaqachon oʻz oʻrnini topib ulgurgan. Biz bugun hayotimizni fotografiyasiz umuman tasavvur eta olmaymiz. Hayotimizning unutilmas lahzalarini tarixga muhrlash biz uchun qanchalar zavqli. Ijodkor uchun chinakam zavq uning qalb qoʻri jam boʻlgan ishlarining sanʼat ahli tomonidan baholanishidir.

Koʻrgazmaga qoʻyilgan ishlarda obod va gullab-yashnayotgan vatanimiz, ona tabiatimiz va yoshlik aks etgan. Asosiy ijod namunalarini talabalarning peyzaj, portret yoʻnalishidagi foto asarlari tashkil etdi. Ayniqsa, kundan-kunga chiroy ochib borayotgan goʻzal poytaxtimizning tungi manzaralari tasvirlangan foto asar tomoshabinlarning eʼtiborini tortdi. Bir qarashdan oddiy va sodda koʻringan asarlardagi gʻoya birlamchi ekanligi uni tomosha qilish jarayonida yaqqol koʻzga tashlandi. Ayniqsa, Samarqanddagi tarixiy obidalar tasvirlangan ishlar boshqa badiiy ijod namunalarida takrorlanmaydigan va oʻziga xos uslubni mujassamlashtirgani bilan alohida ahamiyatlidir.

Bu kabi ijodiy koʻrgazmalar talabalarning kelajakdagi ijodiy muvaffaqiyatlarini belgilab beradi.

Tadbir yakunida koʻrgazma ishtirokchilari institut maʼmuriyati tomonidan diplom bilan taqdirlandi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq institut magistranti Dilbek Toʻxtaqulov va 4-kurs bitiruvchisi Quvondiq Shomurodovning “Hayot va Xayol” deb nomlangan koʻrgazmasi ham tashkil etilgan edi.

1 583
OʻzA