O‘zA O`zbek

26.09.2019 Chop etish versiyasi

Rauf Parfi bilan besh uchrashuv va yana bittasi

Rauf Parfi bilan besh uchrashuv va yana bittasi


X o t i r a


Birinchi uchrashuv

(Bunda faqat men shoirni ko‘rganman, u esa yo‘q...)

O‘tgan asrning 80-yillari adog‘i, 90-yillari boshi – Rauf Parfi kabi shoirlarga havas qilib, bir ko‘rish orzusida yurgan serhavas talabalik vaqtimiz. Kunlardan bir kun Talabalar shaharchasida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan yig‘in bo‘larmish, deb qolishdi. Kursdoshlardan to‘rt-besh kishi bo‘lib o‘sha yoqqa otlandik. Universitet binosidan chiqib, yo‘l yoqasidagi uzun yo‘lakka tushishimiz hamona bizdan yigirma-o‘ttiz qadam oldinroqda bir erkagu bir ayolning suhbatlashgan ko‘yi ohista ketayotganiga ko‘zimiz tushdi. Kim birinchi bo‘lib e’tibor berdi, hozir esimda yo‘q, ammo erkak kishining mashhur shoir Rauf Parfi ekanini tanib qolgandik. Nazarimda, uning zohiriy ko‘rinishi (jussasining kichik bo‘lishiga qaramay) xuddi she’riyati, ya’ni botiniy olami yanglig‘ olis-olislardan ham ko‘zga “manaman” deb tashlanib turar edi. Yo‘qsa, biz uni hayotda ilk bor ko‘rib turar edik.

Shoirning soch-soqoli naq yelkasiga tushardi desam, biroz mubolag‘a bo‘lar-u, lekin ular juda o‘sib, bir burda yuzini yanayam kichraytirib qo‘ygani rost edi. Yana bu soch-soqolning qorasidan oqi ko‘proq edi. Egniga ham, adashmasam, oqishga moyil plash kiyib olganidan butun qiyofasi xuddi oqqushni yodga solardi. Biz qadamlarimizni beixtiyor sekinlatdik. Yosh va g‘ayratli edik, bir harakat bilan ulardan o‘tib ketardik, odatda shunday shiddat bilan yurardik ham. Lekin hozir... hozir bunday qilib bo‘lmasdi. Rauf Parfi singari shoir bilan bitta yo‘lakdan bir vaqtning o‘zida odim olish shaxsan men uchun unutilmas lahzalar, kerak bo‘lsa, o‘ziga xos bir omad, hatto baxt bo‘lib tuyulardi...

...Taqdir taqozosi bilan zamonamizning yana bir ulug‘ shoiri Abdulla Oripov bilan bir binoda, bir qavatda yonma-yon xonalarda ishladim. Ustoz shoir balki sezgan, balki sezmagan, men uchun shuning o‘zi bir olam quvonch bag‘ishlagan. Hatto u bilan liftda bitta qavatga ko‘tarilib-tushish ham bir mo‘jizadek tuyulgan menga. Nega? Chunki bolaligimizdan Oybek, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfiyu Halima Xudoyberdieva kabi shoirlarning oltindek she’rlarini o‘qib, yod olib o‘sganmiz. Bu she’rlar bizga osmondan tushgan san’at asarlari yanglig‘ ta’sir qilgan, murg‘ak tasavvur va taxayyulimizni boyitgan, ruhimizni parvozga chorlagan. Biz u paytlar o‘zimiz sevgan ijodkorlarga pastdan tepaga qaragandek qarar, ularga zimdan havas qilar, kitoblarini qo‘ynimiz yo qo‘njimizda (axir qishloq bolalarimiz) olib yurar, o‘zlarini yaqin qarindoshimizdek yaxshi ko‘rar edik. Aslida faqat u paytlar emas, balki hozir ham dunyodagi jamiki zo‘r shoiru yozuvchining, dramaturgu bastakorning san’at asarlari qarshisida xuddi o‘shanday, qahramon haykali qoshida jim qotgan vatandosh yanglig‘ ajib o‘ylarga tolishda davom etayotganimiz chin gap.

Endi o‘zingiz o‘ylang, mana shunday muhabbat bilan o‘sgan yigitcha uchun o‘sha kun Rauf Parfidek shoir bilan, mayli yonma-yon emas, mayli uning izidan bo‘lsin, baribir, bitta yo‘lakdan izma-iz yurishning o‘zi ertakdek shirin, afsonadek sehrli bo‘lmasligi mumkinmi?!..

Ikkinchi uchrashuv

(Bir-birimizni ko‘rganmiz)

Ajoyib kunlarning birida Rauf Parfi o‘zbek filologiyasi fakultetiga talabalar bilan uchrashuvga kelgan edi. O‘shanda biz, yoshlar o‘zimizcha maksimal darajada millatparastu haqiqatparast edik. Davr shunaqa qaynoq edi. Shoir auditoriya minbariga chiqib, kichik bir nutq irod etdi. Adashmasam, ikki-uchta she’r ham o‘qidi. Nihoyat, navbat odatdagidek, “Savollar bormi?”ga yetganda, men o‘rnimdan turib “Nega sizdek shoir ham Lenin haqida she’r yozgansiz? Uning kim ekanini nahotki bilmagansiz?..” deb betgachoparlik qilganman. Rauf aka javobining boshlang‘ich qismi yodimda: “To‘g‘ri, tan olaman, yozganman. Eng yaxshi shogirdlarimdan biri ham shu haqda gapirib, “Siz Lenin haqida she’rlar yozgansiz, menda esa bittayam yo‘q” deb maqtanadi...” Negadir javobning qolganini eslay olmayman. Uydirishni esa istamayman. Ehtimol, umumiy bir ko‘rinishda bo‘lgan chiqar, xotiramda saqlanmagan. Lekin bugungi aqlim bo‘lsa, men o‘sha o‘rinsiz savolni berib, ustoz shoirga – butun ongli umri davomida “Turon – Turkiston – O‘zbekiston!” deya nola chekib o‘tgan ulug‘ vatanparvar ziyoliga sira-sira aziyat yetkazmas edim. Chunki bugun men inson nafaqat ota-onasining, balki o‘z davrining ham farzandi ekanini oz-moz anglab yetganman...

Uchinchi uchrashuv

(Yana bir-birimizni ko‘rganmiz)

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot zinalarida shoirga ro‘baro‘ kelib qoldik, deng. Kamina folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqul bilan birga edim. Rauf aka meni yaxshi tanimas edi nazarimda. Har holda, doimiy salom-aligimiz bo‘lmagan. Jabbor akani esa, yaxshi tanir ekan. Buni undan pul so‘raganida bilib oldim. Jabbor aka kissasidan 200 so‘mlik dastani chiqarib (u paytda katta pul edi), Rauf aka va mendan pana qilib sanay boshlarkan, shoir aylanib Jabbor akaning ro‘parasiga o‘tdi-da: “Shunday chiroyli dastani buzib nima qilasiz? Butunicha berib qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?” deya qistovga oldi. Jabbor aka miyig‘ida kulgancha pulni yana shoirdan pana qilgan ko‘yi sanashda davom etdi. Bu manzara menga juda qiziq tuyuldi. Nihoyat, Jabbor aka dastaning naq yarmini sanab: “Uyda bola-chaqa bor, Rauf aka. Mana, oling, siz bilan teng bo‘lishdik” deya shoirga bir dasta pul uzatdi. Shunda, nima voqea ro‘y berdi deng, Rauf aka pulni cho‘ntagiga solar-solmas: “Yigitlar, qarasam, juda ochiqqan ko‘rinasizlar, rang-ro‘ylaring ham bir ahvolda, yuringlar, sizlarga bir tushlik olib beray” desa bo‘ladimi... Menga rosa nasha qilib ketgan edi bu gap. Mazza qilib, ovozimni qo‘yvorib, xoxolab kulgandim. Axir, aqlning quvliginiyu himmatning balandligini qarang. Hozirgina o‘zi bir miriga muhtoj edi, endi ko‘ring, olamga ziyofat bermoqqa tayyor. Mana shu kichik epizodda, nazarimda, shoirning moddiy dunyo bilan bog‘liq ziddiyatli holi yorqin namoyon edi. Bir tomondan u – muhtoj, ikkinchi yoqdan esa borini borliqqa sochishga hoziru nozir hotamtoy...

To‘rtinchi uchrashuv

(Bunda ham bir-birimizni ko‘rganmiz)

Yana Jabbor aka va men. Adashmasam, "gazetniy korpus"ga maqola olib borgandik. Chiqishda zabardast modernchi shoirga duch keldik. Gaplashib turgandik, Rauf aka kelib qoldi. So‘rashdik. Rauf aka gapni cho‘zmay, ko‘ngil istagini darhol yuzaga chiqardi-qo‘ydi: “Sizlar bilan bir otamlashgim kelayapti. Xorijdan atay yuborishibdi” deya, xuddi “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi” filmining bir epizodini yodga solib, egnidagi kostyumi peshini ochib yopti: Shisha! Lekin allambalosidan. “Boshqachasidan-ku!” xitob qilib yubordi “bu ishlar”ni yaxshi tushunadigan modernchi shoir. “Ha, viski, bu viski!” dedi Rauf aka g‘urur bilan.

Chiqaverishdagi o‘sha mashhur oshxonaga kirdik. Jabbor aka bilan yegulik, gazak buyurdik. Men rulda ekanimni, Jabbor aka ishni bahona qilib ichmadik, ikki katta shoir bir yaxshigina “tashlashdi”. Ammo ko‘p o‘tmay modernchi shoir “bo‘shashib” qoldi-da, boshi-keti yo‘q, bir-biriga bog‘lanmagan xotiralarga berildi. Jabbor aka bilan men odob saqlab, churq etmaymiz. Rauf aka uzun gapning tugashini kutib bezovtalanadi, dam-badam luqma tashlab, modernchining aljirashga o‘xshash monologini dialogga aylantirmoqqa behuda urinib ko‘radi. Yana biroz shu zaylda kechgach, nihoyat, taqdirga tan berdi chog‘i, narigi stolda o‘tirgan bir tanishiga qo‘l ko‘tarib, bizga “hozir” degancha o‘rnidan turdi Rauf aka...

Hammasi tushunarli edi: biz tezdagina hisob-kitob qilib qo‘zg‘aldik. Katta viskining hali uchdan biridan mo‘lrog‘i ichilmay turgan edi. Jabbor aka, adashmasam, gazetgami-paketga o‘rab, shoirga eltib berdi-da, biz uchun ham xayrlashdi. So‘ng ikkalamiz modernchi shoirni ikki qo‘ltig‘idan suyab oshxonadan bazo‘r olib chiqdik. Chamasi, endi unga yo‘l ko‘rsatish kerak edi...

Yodimda qolgani – shoir fe’lining bitta qirrasi bo‘ldi. Nazarimda, Rauf aka odamlarni yaxshi ko‘rar, ularni sog‘inib yashar, mavridini topganda ular bilan birga bo‘lgisi, yonida arzigulik nimasidir bo‘lsa, o‘shalar bilan baham ko‘rgisi kelar va bu uning uchun oddiy holga, ayni damda, kuchli ehtiyojga aylangandi. Viski qurg‘ur o‘sha paytda topilmas matoh edi. (Hozir ham ko‘payib qolganiga qaramay, narxi otning kallasidek). Shoir uni bir o‘zi uyida o‘tirib olib “maydalasa” ham bo‘lardi. Yo‘q, viskini o‘ziga yaqin olgan kimdir bilan bo‘lishgisi kelgan. Bunga shubha yo‘q. Tasodifni qarangki, ro‘parasidan biz chiqib qoldik. Borini boricha baham ko‘radigan, shunday qila oladigan tanti tabiatidan nishona edi bu. Kimdir “qo‘ysangiz-chi, nimalar deyapsiz o‘zi? Bitta viskini baham ko‘rish bilan insonning tantiligi namoyon bo‘lib qolarmidi?” deb e’tiroz bildirishi mumkin. Bahslashish niyatim yo‘q, lekin shoir uchun shunday vaqtlar bo‘lganki, uning o‘sha savil viskidan o‘zga hamdardi ham, viskidan yaqinroq do‘sti ham qolmagan. Shuni hisobga olsak, shoirning men urg‘u berayotgan sifatining zalvori tamomila boshqacha ma’no kasb etadi. Har holda, menga shunday tuyuladi... “Tag‘in bilmadim...” deydiyu G‘afur G‘ulomning Shumbolasi...

Beshinchi uchrashuv

(Bunda ulug‘ shoirni men ko‘rmaganman...)

Rauf aka dunyo almashtirganidan bir muncha vaqt o‘tib, Sulhida Yolg‘iz Rauf aka umrining so‘nggi yillarida yozgan va aksar chop etilmay qolgan bir qancha she’rlarini negadir menga keltirib berdi. Shular va oldin nashr qilingan ayrim she’rlari asosida “So‘nggi vido” kitobchasi dunyo yuzini ko‘rdi. Ulug‘ shoir umrining poyonida qismatlari tutash bo‘lgan aktrisa va shoira Sulhida Yolg‘izning aytishicha, so‘nggi paytlarda Rauf aka kaminaning “Muvozanat” romanini qo‘lidan qo‘ymay o‘qigan ekan. Demak, men shoirni ko‘rmay qo‘ydim, deb yurgan kezlarim u bilan g‘oyibona “uchrashgan” ekanmiz, deyman hozir o‘zimga o‘zim. Va bu uchrashuv men uchun yuqoridagi hamma uchrashuvlarimizdan-da ahamiyatliroq, qadrliroq tuyuladi. Sulhida Yolg‘iz agar yana bitta detalni aytmaganida, men ushbu – beshinchi uchrashuv haqida yozmas edim. Detal shundan iboratki, Rauf aka asarni roman chop etilgan “Jahon adabiyoti” jurnalidan ajratib olib, o‘z qo‘llari bilan undan alohida kitob yasagan ekan. Shoirning yoshligida bosmaxonalarda ishlab, kitob muqovalash hadisini obdon egallagani haqida professor No‘monjon Rahimjonovdan ko‘p eshitgandim. U kishi bu haqda o‘z maqolalarida yozgan ham. Demak, aktrisaning aytganlarida jon bor. Hatto quyidagisida ham: Rauf aka o‘zi yasagan kitobni yo‘qlab kelgan shogirdlaridan biriga “Albatta, o‘qing!” deya yostig‘ining ostidan chiqarib bergan... Rauf akaning tabiatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, darhaqiqat, u, muqaddas o‘gitlarda aytilganidek, berib o‘rgangan zot edi, olib emas...

...Yana bittasi

(Bir-birimizni ko‘rgaymiz...)

Ulug‘ o‘zbek shoiri Rauf Parfi bilan yana qaydadir uchrashgan bo‘lishim mumkin, masalan, u O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutiga, No‘monjon aka kabi do‘stlarining huzuriga o‘qtin-o‘qtin kelib turar, shunda uzun koridorda tik oyoqda salom-alik qilib qolardik. Lekin o‘ylab ko‘rsam, endi bular juda muhim emas ekan. Eng muhim uchrashuv hamisha men bilan birga ekan: bu – shoirning yuksak san’at namunasi o‘laroq yaratilgan o‘lmas she’riyati bilan har doim diydorlashib yashash saodati! Yana shuki, ushbu saodat barcha hassos yurakli o‘quvchida bor. Taskinimiz ham shu yerda, aslida!..

Ulug‘bek HAMDAM,

adabiyotshunos olim.


3 203
O‘zA